YaNGI UYLARGA NEGA KO'ChIB O'TIShMAYaPTI?

39

Davlatimiz tomonidan turar joyga muhtoj imkoniyati cheklangan fuqarolar, kam ta`minlangan oilalarni qo'llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratilmoqda. Davlat dasturlari doirasida ular uchun joylarda uylar qurilayotir. Ammo mazkur turar joylarda yashash uchun yetarli sharoit yaratilganmi, aslida ular haqiqiy egalariga berilyaptimi? Xorazm viloyatining Yangibozor tumanida qurilgan kottejlar ahvoli bilan tanishish jarayonida shunday savollar tug'ildi. Boltaboy Matqurbonovning maqolasida so'z yuritilgan ushbu holat mutasaddilarning e`tiboridan chetda qolmasa kerak, albatta.

Maqolaning to'liq matni bilan quyida tanishing.

 

MUHTOJLARGA BERILGAN,  AMMO BO'M-BO'Sh…

yoxud yana namunaviy uylar atrofidagi «namunali» muammolar haqida

 

Mamlakatimizda kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni, imkoniyati cheklangan fuqarolarni qo'llab-quvvatlash borasida davlat tomonidan alohida e`tibor va imtiyozlar berilmoqda.

 

Hech kimga sir emas, davlat dasturlari doirasida joylarda qurilayotgan uylarga ehtiyoj kattaligi bois talabgorlar soni taklif etilayotgan uylardan anchagina ko'p. Shu boisdan ham har bir tumanda faoliyat ko'rsatayotgan maxsus komissiya talabgorlar sharoitini batafsil o'rganib, uy-joylarni taqdim etishda manzillilik, shaffoflik va ijtimoiy adolatni ta`minlash tamoyillarini inobatga olgan holda asosiy e`tiborni haqiqatdan ham uy-joyga muhtoj oilalar ehtiyojini qondirishga qaratadi. Biz ushbu sohadagi haqiqiy ahvolni o'rganish uchun Xorazm viloyati qishloqlarini kezdik.

Dastlabki manzilimiz Yangibozor tumani bo'ldi.

Aholining og'ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan uy-joyga muhtoj qatlami haqiqatda ham muhtojmi? Namunaviy uy-joylar bugungi kun talabiga to'liq javob beradimi? U yerda yashayotgan oilalarning yashash sharoitlari qanday?

Ana shu kabi savollarga javob axtarib namunaviy uylarni ko'zdan kechirdik.

2018 yili Yangibozor tumanidagi «Qipchoqlar» mahallasida «Qishloq qurilish invest» IK mas`uliyati cheklangan jamiyatining buyurtmasi asosida turli loyihalardagi 60 ta turar joy topshirildi. Ushbu yangi uylar qurilgan hududga «Qipchoqlar» mahalla fuqarolar yig'ini faoli Rohatoy Sobirova hamrohligida bordik.

«Urganch – Gurlan» katta avtomobil yo'lning chekkasida joylashgan hududning oldi qatoridagi ikki qavatli kottejlar orqasidagi 200 kvadrat metrli turar joylar joylashgan ko'chalarning abgor ahvoli ta`bimizni xira qildi. Aytish kerakki, bizning kuzatuvlarimizga ko'ra ushbu yangi turar joylarning qurilib foydalanishga topshirilganiga olti oydan oshgan bo'lishiga qaramay uylarning ko'pchiligida hali hech kim yashamasligini anglab olish qiyinchilik uyg'otmadi. Chunki uylarga ko'chib kelgan odamlarning eshigi oldi gulzor, tomiga antennalar o'rnatilgan. Ko'chib kelmaganlar uyining oldi qarovsiz, tikanzor, derazalar oynasiga eski mato tortib qo'yilgan.

Uyi oldidagi mo'`jazgina gulzorda yer chopayotgan kishi o'zini Qadamboy deb tanishtirdi:

– Ikkinchi guruh nogironiman. Turmush o'rtog'im hamda ikki nafar farzandim bilan turli joylarda ijarada yashab kelayotgan edik. Mana shu yangi uylarga birinchi bo'lib, o'tgan yilning dekabr oyida ko'chib kelganman. Ko'chamizda ko'rayotganingizdek 18 xonadon bor. Shularda faqatgina 3 oila ko'chib kelib doimiy ravishda yashamoqda. Yana bir-ikki oila onda-sonda kelib ketadi xolos. 60 ta uyning yarmiga hali hech kim ko'chib kelgani yo'q. Ko'chalarimizning ahvolini ko'rib turibsiz, haligacha chang, tuproq bo'lib yotibdi. Ikki-uch oy oldin yo'lchilar kelib, ko'chalarni betonlashtirib boshlagan edi, biroq negadir bir-ikki kun ishlab, barchasini chala tashlab ketishdi.

Aniqlanishicha, ushbu ko'chada qurilgan 18 ta uyning 10 tasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi qarori bilan tasdiqlangan «Og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo'lgan, kam ta`minlangan, far­zandlarini to'liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to'g'risidagi nizom»ga asosan 10 nafar ayolga berilgan ekan. Biroq uy-joyga muhtoj deb, boshlang'ich badali Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi, talabgor ishlayotgan tashkilot hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to'lab berilganiga qaramasdan ushbu o'n nafar ayolning barcha sharoitlar muhayyo bo'lgan turar joylarga haligacha ko'chib o'tmagani juda qiziq. Shu joyda haqli savol tug'iladi:

 

qurib bitkazilgan bu uylarga olti oydan ortiq muddatda ko'chib o'tmaganlar chindan ham uy-joyga muhtojmi? Yoki yashashga uyim yo'q deb qilingan barcha ayyuhannoslar shunchaki fonogramma edimi?

Ushbu savolimizga javob izlab Yangibozor tuman hokimi o'rinbosari Feruza Ro'zmetovaga murojaat qilib, aniq va to'liq izoh ololmadik…

Baribir juda ajablanarli holat!

Yana bir qiziq tomoni, bu masalalarga javobgar mutasaddi tashkilot rahbarlari nega monitoring o'tkazib turmaydi? Axir chin muhtojlarga atab qurilayotgan bu uylar uchun davlat byudjetidan ozmuncha mablag' ketyaptimi? Qancha imtiyozlar, yengilliklar… hatto boshlang'ich to'lovi ham davlatning zimmasida bo'lsa. Bir paytlari viloyat va tuman hokimlarining sayyor qabullarida «uyim yo'q, menga uy bering» deb kelgan nogiron, uy-joyga muhtoj insonlar qani? Nega ular yangi uylarga ko'chib o'tmayapti? Yoki bu uylarda yashash uchun sharoit yo'qmi?

Tashqaridan qarasang bino­yiday uy-joylarni ko'rib ko'zing quvnaydi, havasing keladi. Ammo… hududlarda gazning yo'qligi, ichimlik suvning ham cheklovlar bilan berilayotgani bunga sabab bo'lsa, ajab emas.

Keyingi manzilimiz Shovot tumani «Oq ko'l» mahallasidagi 2018 yili qurilgan 200 kvadrat metrli uy-joylar bo'ldi. Taassufki, bu yerda ham xuddi shunday ahvolga duch keldik. Qurilib bitkazilgan uy-joylarning yarmidan ko'pi huvillab bo'sh yotibdi, ko'chalar asfaltlashtirilmagan, uylarning sifati haminqadar. Ushbu uylarning birida yashovchi 2-guruh nogironi To'lg'anoy Ishchanovaning aytishicha, uylarning sifati yaxshimasligi, tabiiy gazning yo'qligi ko'pchilikning bu yerlarga ko'chib kelmasligiga sabab bo'layotgan ekan.

– Mana, qarang, uyimni yangidan ta`mirlatyapman. Ustalar sifatsiz qilib qurib ketishgan. Xonalar nam olib, suvoqlar «gullab» – mog'orlab ketgan, – deydi xonadon sohibasi To'lg'anoy Ishchanova. – Yoshullilariga dardimni aytib, uyimni o'sha ustalarga qaytadan ta`mirlatyapman.

O'tgan yili Mustaqillik bayrami arafasida bu hududda ish shunday qaynoq ediki, asti qo'yaverasiz. Ishlar «ura-ura» bilan boshlanib, qo'l uchida foydalanishga topshirilgan bu hududda bugun deyarli hech kim yo'q. Hamma ish o'z holicha qolib ketavergan. Na bolalar maydonchalari, na bir ijtimoiy ob`ektlar qurilgan. Uylar oldilariga o'tqazilgan archa ko'chatlari suvsizlikdan qovjirab yotibdi.

Ana, sizga haqiqiy ahvol. Bu uylarga ko'chib keluvchilarda ham ozmi-ko'pmi ayb bor aslida. Nogironman, imkoniyati cheklangan, deb joyni nomiga rasmiylash­tirib, bugungi kunda akasimi, ukasimi, singlisimi, kuyovimi yashab kelayotgan oilalar borligini ham yashirib bo'lmaydi. Bu ahvolni mutasaddilar monitoring qilishsa, vaziyat yaqqol oydinlashadi. Boz ustiga, yozning issig'ida, qishning sovug'ida bu uylarda yashashning qiyinligi ko'chib keluvchilarning ozchilik bo'lishiga sabab bo'lmoqda, deb aytish mumkin.

Unutmaslik kerakki, bu insonlarga boshlang'ich badalini davlat to'lab bergani bilan kreditini har oyda o'zlari to'lashadi. Shunday ekan, tegishli mutasaddilar ularning haqli e`tirozlarini o'rganib chiqib, yashash uchun shart-sharoitlar yaratib berishi hamda ijtimoiy adolat tamoyillariga to'la amal qilinayotgani (ya`ni uylar faqatgina haqdorlarga berilishi)ni nazoratga olishi zarur emasmi?

 

Boltaboy MATQURBONOV,

Xorazm viloyati

2019 yil 4 iyul, 27-son

 “Oila davrasida” gazetasi

Boshqa xabarlar