«O'ZMILLIYBANK» xizmat doirasini kengaytirmoqda

32

«O'zmilliybank» aholiga xizmat ko'rsatish doirasini kengaytirish maqsadida yangi markazlarini ishga tushirmoqda. Yaqinda Toshkent shahrining Chorsu hamda Algoritm dahasida xizmat ko'rsatish markazlari soni yana ikkitaga ortdi.

Ayni paytda Toshkent shahri hududida «O'zmilliybank»ning 16 ta filiali, 4 ta xizmat ko'rsatish markazi, 15 ta maxsus kassa va 21 ta valyuta ayirboshlash shoxobchasi aholiga xizmat ko'rsatmoqda.
– Bank filiallarining umumiy soni respublika bo'yicha 90 tani tashkil etsa, bu kabi xizmat ko'rsatish markazlari 41 tani tashkil etadi, – deydi «O'zmilliybank»ning bo'lim va filiallarini muvofiqlashtirish boshqarmasi ­boshlig'i Shonazar Raimberganov. – Ushbu xizmat ko'rsatish markazlari aholiga va tadbirkorga yuqori sifatli bank xizmatlarini ko'rsatish, qo'shimcha qulayliklar yaratish hamda yangi turdagi bank mahsulotlarini taqdim qilishni maqsad qilgan. Markazlarda o'z-o'ziga xizmat ko'rsatuvchi avtomatlashtirilgan zamonaviy bank uskunalarini o'rnatish orqali kecha-yu kunduz xizmat ko'rsatishni amalga oshirish niyatidamiz.
Mamlakatimizda banklar o'rtasida oshib borayotgan raqobat sharoitida qulay joylarda xizmat ko'rsatish markazlari tashkil etish va mijozlarga yuqori sifatli bank xizmatlarini ko'rsatish tijorat banklar rivojlanishining eng muhim yo'nalishlaridan biri hisob­lanadi.
– Ikkita yangi ochilgan markaz ayni aholi gavjum joyda ochildi, – deydi «O'zmilliybank»ning Toshkent shahar bosh boshqarmasi pul muomalasi hamda kassa operasiyalari nazorat qilish boshqarmasi boshlig'i Shamshod Otajonov. – Bundan ko'zlangan maqsad – aholiga yanada yaqin bo'lish, ularning bankning bosh filialiga borish uchun sarflanadigan vaqt va pulini tejashdan iborat. Xususan, shaharning Algoritm dahasida 20 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Minibankda bank xizmatlarining barcha turlari amalga oshiriladi. Kommunal to'lovlari, omonat operasiyalari, tezkor pul o'tkazmalari, kredit rasmiylashtirish, valyuta ayirboshlash va bosh­­qa operasiyalar shular jumlasidan.
Minibank kuniga 300 nafargacha mijozga xizmat ko'rsatish imkoniyatiga ega. Xullas, mijozlar uchun katta banklarda amalga oshirilayotgan barcha xizmatlar endilikda minibanklar orqali ham amalga oshiriladi.
Bugungi kunda «O'zmilliybank» tizimida 41 ta xizmat ko'rsatish markazlari (minibank) samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Ta`kidlash joizki, joriy yil yakuniga qadar Qoraqalpog'iston Res­publikasi va viloyatlar hududlarida yana 19 ta, Toshkent shahar hududida esa 6 ta yangi xizmat ko'rsatish markazlari ochilishi rejalashtirilgan.

Ozoda RO'ZIQULOVA,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar