MAJBURIY IJRO BYuROSI IShTIXON TUMAN BO'LIMIDAGILAR DAVLAT SIYoSATIGA QARShIMI?

115

Fermerlarning halol mehnati bilan yetishtirilgan mahsulotlar tufayli el dasturxoniga fayz kiradi. Ammo bugungi kunda ularning rivojlanishiga xalal berayotganlar ham kam emas. Xususan, Ishtixon tumani Amir Temur xo'jaligi hududidagi «Saida dalalari» fermer xo'jaligi vakillari ana shunday ko'ngilsizliklardan aziyat chekayotir. Fermer xo'jaligi ish yurituvchisi Otamurod Bo'rievning maqolasida mazkur holatning to'liq tafsilotlari bilan tanishasiz.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

SUDNING HAL QILUV QARORINI BAJARISh «MAJBURIY IJRO» UChUN MAJBURIY EMASMI?

 

Mamlakatimizda fermerlik harakatining yo'lga qo'yilishi aynan mustaqilligimiz bilan bog'liq ekanini bugun barcha fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshi ulug'roqlar yaxshi biladi. Ilgarigi kolxoz-sovxozlar o'rnida ko'plab fermer xo'jaliklari tashkil topdi. Yer, mol-mulk ular ixtiyoriga o'tdi. Bizda ham shunday bo'ldi. Fermerlarimiz yildan-yilga ko'paya bordi. Bundan to'rt yil avval farzandlarim bilan gapni bir joyga qo'yib, tumanimizdagi sobiq Amir Temur xo'jaligi hududida «Saida dalalari» fermer xo'jaligini tashkil etdik.

Fermer xo'jaligida avval o'g'lim Olimjon Bo'riev raislik qildi. Keyinchalik boshqa o'g'lim  Anvar boshqara boshladi. «Saida dalalari» fermer xo'jaligini tashkil etish uchun 22,5 gektar yer maydoni ajratish to'g'risida 2015 yil 15 iyunda Ishtixon tumani hokimining qarori chiqqan edi.  2016 yilning 28 martida «Saida dalalari» fermer xo'jaligi bilan  tuman hokimining o'rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini qaytadan tuzish to'g'risida»  hokim qarori qabul qilindi.

Biz esa o'tgan to'rt yil mobaynida fermer xo'jaligini rivojlantirish maqsadida artezian qudug'i kovladik, transformator o'rnatdik, dala shiyponi qurdik. Yangi ish o'rinlari barpo qildik. Ammo ishimiz endi yurisha boshlagan bir paytda bizga xalaqit beruvchilar, yerimizga ega chiquvchilar paydo bo'ldi.

Oqibatda yerimizning bir qismi o'zgalar tomonidan o'zboshimchalik bilan egallab olinib,  katta mablag' hisobiga qazdirgan artezian qudug'i, o'rnatilgan transformator, qurilgan dala shiyponi boshqalar yerida qolib ketdi.  Nabijon Bo'taev va Bahriddin Norboev degan kishilar fermer xo'jaligimizga tegishli joyda noqonuniy ravishda uy-joy qurib olishdi. Oybek Hayitov ismli  fuqaroning harakati bundan-da oshib tushdi.   U tegishli idoralar ruxsatisiz xo'jaligimizga olib boradigan yo'lni egallab, shu yerdan uy-joy qurishni boshladi. Hozir taxminan 25 kilometr ortiqcha yo'l bosib,  dalamizga aylanma yo'llardan borishga majbur bo'lyapmiz.

Endi o'ylab ko'raylik. Ilgari ekin maydonimizga boradigan yo'limiz  bir kilometrga yetib-etmasdi. Endi esa u 25-30 baravarga oshdi. Shunday bo'lgach, fermerning xarajatlari ham shunga monand bo'ladimi?  Ana shu 25-30 baravar qilinadigan ortiqcha xarajatni fermer qaerdan qoplaydi? Bu voqeadan tuman hokimi va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar xabardor. Ammo negadir ular jim.

Yillar mobaynida haqiqat izlab juda ko'p idoralarda, rahbarlar qabulida bo'ldik. Hokimlik, prokuratura va boshqa nufuzli idoralarga qilgan murojaatlarimizning foydasi bo'lmayapti.

Tuman fermerlar kengashi tasarrufimizdagi noqonuniy egallab olingan yerni qaytarib olish maqsadida fuqarolik ishlari bo'yicha Ishtixon tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritdi. 2017 yilning 19 yanvarida mazkur  sudning ochiq  majlisida javobgarlar – Bo'taev Nabijon va Norboev Bahriddinning noqonuniy qurilgan binolarini buzdirish va yer maydonini fermer xo'jaligiga qaytarib berish masalasi ko'rib chiqildi. Sud bizning foydamizga qaror chiqardi. Jumladan, unda shunday deyiladi:

«Da`vogar Ishtixon tuman fermerlar kengashining «Saida dalalari»  fermer xo'jaligi manfaatlarini ko'zlab, javobgarlar Bo'taev Nabijon Ortiqovich va Norboev Bahriddin Po'latovichlarga nisbatan noqonuniy qurilgan qurilishni buzdirish va yer maydonini qaytarib olib berish to'g'risidagi da`vo arizasi  qanoatlantirilsin.

Javobgar Bo'taev Nabijon Ortiqovich tomonidan «Saida dalalari» fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan 244-konturdan  noqonuniy ravishda  o'zboshimchalik bilan egallab olingan  1 gektar  yer maydonining 170 kv.metrdan iborat qismida noqonuniy qurilgan qurilish  javobgarning hisobidan majburiy tartibda buzdirilsin.

Javobgar Norboev Bahriddin Po'latovich tomonidan «Saida dalalari» fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan 244-konturdan  noqonuniy ravishda  o'zboshimchalik bilan egallab olingan  1 gektar  yer maydonining 200  kv.metrdan iborat qismida noqonuniy qurilgan qurilish javobgarning hisobidan majburiy tartibda buzdirilsin.

Javobgarlar Bo'taev Nabijon Ortiqovich va Norboev Bahriddin Po'latovichlar tomonidan «Saida dalalari» fermer xo'jaligiga tegishli bo'lgan 244-konturdan  noqonuniy ravishda  o'zboshimchalik bilan 1 gektardan  egallab olingan jami 2 gektar yer maydoni javobgarlar Bo'taev Nabijon Ortiqovich va Norboev Bahriddin Po'latovichlardan «Saida dalalari» fermer xo'jaligiga olib berilsin».

Bu ish yana bir necha bor sudlar tomonidan apelyasiya va kassasiya tartibida ko'rib chiqildi.  Har gal bizning foydamizga qaror chiqarildi, ajrim qilindi. Xususan, 2017 yilning 16 mart kuni fuqarolik ishlari bo'yicha Samarqand viloyat sudi kassasiya instansiyasining ochiq sud majlisi shunday ajrim chiqardi:

«Da`vogar Ishtixon tuman fermerlar kengashining «Saida dalalari» fermer xo'jaligi manfaatini ko'zlab javobgarlar Bo'taev Nabijon Ortiqovich va Norboev Bahriddin Po'latovichlarga nisbatan noqonuniy qurilgan qurilishni buzdirish va yer maydonini qaytarib olib berish haqidagi da`vo arizasi bo'yicha yuritilgan fuqarolik ishlari bo'yicha Ishtixon tumanlararo sudining 2017 yil 19 yanvardagi hal qiluv qarori o'zgarishsiz, keltirilgan kassasiya shikoyati qanoatlantirilmasdan qoldirilsin».

Ammo ijro hamon amalga oshirilmayapti. Negadir  Majburiy ijro byurosi ishga kirishmayapti. Bu idoradagilar adolatli sud tomonidan qilingan hukmni tan olishmayotganga o'xshaydi. Hatto, bu idoradagilar sud qarori bajarilish muddatini ortga surishga ham harakat qilishdi.

Ana shu o'rinda yana bir xatga e`tibor qarataylik:

Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo'limi davlat ijrochisi B.Hojieva.

Fuqarolik ishlari bo'yicha Ishtixon tumanlararo sudi Sizning FIB Ishtixon tumanlararo sudining 2017 yil 19 yanvar kungi hal qiluv  qarorini  ijro hujjati  ijrosini  bir martalik umumdavlat aksiyasini amal qilish muddati tugaguniga qadar to'xtatib turish haqida yozgan xatingizni o'rganib chiqdi. Ushbu yuzasidan  Sizga quyidagilarni tushuntiraman.

O'zbekiston Respublikasi FPKning 263-moddasi 1-2-qismiga ko'ra hal qiluv qarori noaniq bo'lsa, ishni hal qilgan sud o'z tashabbusi yoki  ishda ishtirok etuvchi  shaxslarning arizasiga, shuningdek, hal qiluv qarorini  ijro etish zimmasiga yuklatilgan organlar  va davlat ijrochisining arizasiga ko'ra  hal qiluv qarorini uning  mazmunini o'zgartirmagan holda  tushuntirishga haqli.

O'zbekiston Respublikasi sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarni ijro etish  to'g'risidagi qonunning  31-moddasi 1-qismiga ko'ra ijroga topshirilgan ijro hujjatidagi talablar noaniq bo'lgan taqdirda  sud ijrochisi ijro hujjatini berish uchun  asos bo'lgan sud hujjati  yoki boshqa organ  hujjatini, shuningdek, qonunga ko'ra  ijro hujjati hisoblanadigan  hujjatni tushuntirib berishni so'rab, ijro hujjatini bergan sud yoki boshqa organga  ariza bilan murojaat qilishga haqli.

Mazkur qonun talabi asosida davlat ijrosi hal qiluv qarori  noaniq bo'lsa, tushuntirish berish haqida ariza bilan murojaat qilishi mumkinligi bois davlat ijrosi hal qiluv qarorini to'xtatib turish yuzasidan tushuntirish berish haqida xat bilan chiqishga haqli emas, bu haqda  O'zbekiston Respublikasi FPKda va O'zbekiston R yespublikasi sud hujjatlarida  boshqa organlar  hujjatlarni ijro etish to'g'risidagi qonunida nazarda tutilmagan.

Shu boisdan yuqoridagi qonun talab­laridan kelib chiqib, Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo'limi davlat ijrochisi B.Hojievni ijro hujjati ijrosini muddati tugagunga qadar to'xtatib turish yuzasidan tushuntirish berish haqidagi xatini sud  majlisida muhokama qilmasdan, oqibatsiz qoldirildi.

Fuqarolik ishlari bo'yicha Ishtixon tumanlararo sudining sudyasi V.Q.Asqarov.

Qarangki, Majburiy ijro byurosi xodimining sud ijrosini kechiktirib turish to'g'risidagi taklifi sud tomonidan rad etildi,  uning amaldagi qonunlarga zid ekanligi ko'rsatilib berildi. Ammo shunday bo'lsa-da, majburiy ijro byurosi tomonidan   sud qarorini bajarish hamon kechiktirilmoqda.

Qisqasi, «Saida dalalari» fermer xo'jaligi bugun hisobot uchun qilinadigan barcha hujjatlarda mavjud. Ammo ajratilgan yerda ishlash uchun imkoniyat yo'q. Ochiqrog'i, bunday imkoniyatni sun`iy ravishda yo'qotish kimlargadir kerak bo'layapti. Ana o'sha «kimlar» fermer xo'jaligimizga tegishli yerlarga qaysidir yo'llar bilan ega chiqishga harakat qilmoqda. O'z manfaatlarini ko'zlab,  rahbarlarni chalg'ityapti. Yerlarimizni noqonuniy ravishda egallab olganlardan yerni qaytarib olish va o'zboshimchalik bilan qurilish qilinganligi uchun binolarni buzish haqida sud qarori bo'lsa-da, uning ijrosi Ishtixon tuman majburiy ijro byurosi tomonidan paysalga solinmoqda.

Biz esa  har so'zimizni isbotlovchi hujjatlarga, dalillarga egamiz. Yerga egalik haqidagi tuman hokimining qarori, yerni qaytarib olish haqidagi sud qarorlari va boshqa hujjatlar qo'limizda. Ularni tan olmayotganlar mamlakatimizning amaldagi qonunlariga, Prezidentimiz siyosatlariga  zid ish tutishmayaptimikan?

Shu o'rinda yana bir muhim masala haqida gapirmoqchiman.  Bir paytlar oilamizdan bir emas, to'rt kishi Checheniston Respublikasida ishlab kelardi. Sababi, oilamiz katta bo'lib, ro'zg'or boqishning boshqa yo'lini topolmaganmiz. O'sha paytlarda u mamlakatda turli jinoiy to'dalar mavjudligidan ommaviy axborot vositalari orqali xabardor edik. Men farzandlarimning ana shunday xavfli oqimlarga qo'shilib qolishidan jiddiy tashvishlanardim.

O'ylab ko'rsam, eng tinchi farzandlarimning o'z yurtimda, yonimda bo'lishi ekan. Agar yer bo'lsa, hammamiz bir joyda, o'z Vatanimizda ishlaymiz, degan xulosaga keldik. Tenderda g'olib bo'lib, fermer xo'jaligi tashkil etganimizda bunday xavflardan qutilganimizga, bundan buyon tinch, bexavotir, farovon yashashimizni his etib, qanchalar xursand bo'lgandik. Bugun esa har qadamda ishimizga to'sqinlik qiluvchilar uchramoqda.

Xullas, Ishtixonda borib turgan mas`u­liyatsizlik holatlari yuz bermoqda, sud qarorlariga nisbatan bepisandlik qilinmoqda. Bizning arzu dodimizga yuqori idoralardagi rahbarlar quloq tutishar degan umiddamiz!

Otamurod BO'RIEV,

 Ishtixon tumanidagi

 «Saida  dalalari»

fermer xo'jaligi

 ish yurituvchisi

2019 yil 5 iyul, 25-son

“Jamiyat” gazetasi

 

Boshqa xabarlar