“SUVOQOVA”NING HAVODAN OLGAN SUMMALARI

76

 

yoxud korxonaga bunday qilish uchun qanday zarurat tug'ildi?

 

Iste`molchidan to'lov qabul qilish, albatta, korxona yoki davlat foydasiga xizmat qiladi. Ammo iste`molchi bilan shartnoma bekor qilingan bo'lsa-yu, iste`molchi istemolni to'xtatgan bo'lsa ham tashkilot uni qarzdor qilishi mumkinmi? “Qashqadaryo” gazetasi shunday mavzuda Qarshi tumanidagi ishlardan boxabar qiladi.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

 

SARSON QILIShNING “SUVOQOVA”ChA” USLUBI

Sarson qilishning yo'llari ko'p, ayniqsa, u qog'oz bilan bog'liq bo'lsa. Chunki qog'ozning tili yo'qki, odamlarning tashvishini sariq chaqaga olmaydigan mas`ulga qarata “Ey, noinsof, unday emas, bunday” deb tursa.

Chamasi buni Qarshi tumani “Suvoqova” korxonasidagilar yaxshi angla(ma)ydi chog'i, yo'q joydan odamlarni qarzdor qilib qo'yishning turfa yo'llarini o'ylab topibdi. 2-3 yil oldin ichimlik suvi tarmog'idan uzilib, “Suvoqova” korxonasi bilan rasamadiga ko'ra xayr-xo'shlashgan iste`molchiga bir million so'mlab qarzdorlik yozib, “to'lab qo'y” degan mazmunda Majburiy ijro byurosi orqali talabnomalar yuborayapti.

Tilimizdan “xalq bilan muloqot”, “inson manfaati” degan so'zlar tushmay qolgan, ko'p katta idoralar ham odamlar bilan kelishib, kengashib ish tutishga harakat qilayotgan bir chog'da suv korxonasining bu qilig'i biroz tushunarsizday.

Ko'p qatori bir necha kun oldin shunday talabnomalardan biri o'zim yashaydigan xonadonga ham keldi (qaysi qishloq va aynan kimlarga ekanini atay yozmayapman, chunki tuman “Suvoqova” korxonasi mutasaddilari qaysi hudud aholisiga “qarz” yozganini juda yaxshi biladi. Boz ustiga keyingi paytlarda ko'plab mutasaddilar OAVdagi chiqishlarga munosabat bildirarkan, muammo qolib, intervyu bergan yoki dardini aytgan kishilarga “yopishib” olayotgani sir emas. Qolaversa, jurnalist ham hamma qatori iste`molchi bo'lishi mumkin).

Majburiy ijro byurosi Qarshi tuman bo'limi boshlig'i X.Gulmanov imzosi qo'yilgan xatda aytilishicha, suv korxonasi tomonidan taqdim etilgan ma`lumotga asosan ichimlik suvidan oz emas, ko'p emas naq 842 ming so'm qarzdorlik bo'lib, shu qarzni 5 kun ichida to'lasangiz to'ladingiz, bo'lmasa, suv tarmog'idan uzib qo'yilganingiz yetmaganday eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdoridagi jarimani qurutday sanashga to'g'ri kelarkan. Xullas, turgan-bitgani boshog'riq.

Vaholanki tuman “Suvoqova” korxonasining ishidan ko'nglimiz to'lmagani, bir kun suv berib, to'rt kun jo'mraklarni quritib qo'ygani, ustiga ustak ichilmagan suvga tinmay qarz yozavergani, pul to'lasang, avji kelib yana qarzdor qilib qo'yishdan o'zini to'xtata olmagani sabab 2015 yilning noyabrida quduq kavlab, “kran”dan uzilganmiz. Boshqalar ham shunday qarorga kelgani, tarmoqdan ko'ra quduqni afzal bilgani oqibatida 2016 yildan beri bu yerga ichimlik suvi quvur orqali bormaydi. Buni bosh muhandisu boshqa xodimlar – dalolatnoma tuzib, hudud nazoratchisi – ko'zi bilan ko'rib, imzosi bilan tasdiqlagan. Korxona boshlig'i ham tanishib chiqib, qo'lini qo'ygan.

Mana, uch yarim yildirki, hamma tinch, yo'q qarzni hech kim so'rab kelmayotgandi. Ammo bir necha kun avvalgi “osmondan tushgan qarz” ifoda etilgan butkul vahimali alfozdagi xatlar hammaning tinchini buzgani va butun qishloq ahli “Suvoqova” korxonasiga yopirilib borgani bor gap. Birov quduqqa o'tgani to'g'risidagi arizani, boshqasi korxona mas`ullari ishtirokida tuzilgan dalolatnomani qidirgan, birov topgan, birov topolmay sarson, yana kimdir pul to'lagan, bir qarashda arining uyiday g'uvillayotgan bir manzara hosil bo'lgan.

Aftidan tuman “Suvoqova” korxonasi mas`ullari arizayu dalolatnoma bizda yo'q, desak, hamma qarzini to'lab ketaveradi, deb xomtama bo'lganga o'xshaydi. Ammo hozirgi odamlar anoyi emas, og'zi ko'p kuygan emasmi, qatiqni ham puflab ichishga o'rgangan. Korxonada yo'q bo'lsa yo'qdir, lekin zarur hujjatlarni asrab qo'yishgan. Shuning uchun ko'plar yarim-bir kun vaqt sarflab, hech qanday qarzi yo'qligini, bir necha yildan beri tarmoqdan suv ichmasligini, quduqqa o'tayotganda, hisob-kitob qilganini kvitansiyalar bilan isbotlab berishdi.

Bir qarashda aytarli muammo ham yo'qday: suv idorasi qarzsan, dedi, iste`molchi esa bu korxonadan bir tomchi suv ham qarz emasligini isbotlab berdi, muammo hal bo'ldi. Ammo buzilgan asablar, yo'qotilgan vaqt, suv idorasidagilarning qog'ozga, allaqanday “spravka”lariga deb “biror narsa tashlab ket”ilgani-chi? Qachongacha yuzlab odamlar “Suvoqova”chilarning pul tushirishga qaratilgan urinishining mavsumiy xurujiga qarab sarson bo'ladi? Odamlarning ulardan boshqa ishi, tashvishi yo'qmi?

Xo'sh, odamlarning qarzi yo'q ekan, buning uchun asoslar ham yetarli ekan, tuman “Suvoqova” korxonasiga havodan olib summa ko'rsatishga qanday zarurat tug'ildi? Bunga izoh so'raganda, korxona mutasaddilari aytarli sababni ro'kach qila olmadi. Korxona bosh muhandisi Elmirza Inatov “Balki anglashilmovchiliklar ham bo'lgan bo'lishi mumkin” deyishdan nariga o'tmadi.

Qiziq, anglashilmovchilik bir-ikki odamga nisbatan bo'lar, bir necha o'nlab (balki yuzlab) xonadonga ichimlik suvi quvur orqali bormasligini nahotki bilishmasa? Bilmaslik mumkinmi o'zi?

Ma`lumotlarga ko'ra, tuman aholisining 62 foiziga ichimlik suvi korxona tomonidan yetkazib beriladi. Suv olish nuqtasidan aholi punktigacha bo'lgan o'rtacha masofa esa 6-7 kilometrni tashkil qiladi (bu masofa Nishon, G'uzor, Dehqonobod va Kasbi tumanlarida 33 kilometrga teng).

Ko'rinib turibdiki, tumanda ichimlik suvi bilan bog'liq aytarli jiddiy muammo yo'q. Qolaversa, hudud ham tarqoq emas. Demak, xatlov va hisob-kitobni olib borish korxona mas`ullari oldida u qadar mushkullik tug'dirmaydi. Ammo bor mushkulotni ular aholi zarariga sun`iy ravishda o'ylab topayotganday.

“Aholiga qarzdorligi bo'yicha qaysi asosga ko'ra xat jo'natildi?”, degan savolga korxona moliya-iqtisodchisi Shuhrat Ro'ziev “Asos – ichgan suviga ko'ra” deb javob berdi. Qiziq, qudug'ini gusakdan to'ldiradigan odam korxonadan bir tomchi ham suv olmay qarzdor bo'lib qolaverar ekan-da… “Suvoqova” korxonasining “ish uslubi” g'alati tuyulmayaptimi sizga?

– Kompyuterda eski ma`lumotlar qolib ketgan bo'lsa, shu bo'yicha Majburiy ijro byurosiga ma`lumot berilgandir, – deydi Shuhrat Ro'ziev. – Hozir programmalar yangilanayapti, ma`lumotlar qaytadan kiritib chiqiladi.

Ayon bo'lishicha, yangilangan programma, ma`lumotlar bazasi korxonadagi yagona (!) kompyuterda ekan. Qarzingiz bo'lmasa ham shuni isbotlash uchun o'z-o'zidan kunlab vaqt yo'qotishingizga to'g'ri keladi. Chunki kompyuter bitta! Ushbu suratlarda ko'rib turganingiz esa o'tgan asrdan qolib ketgan katalaklar emas, tuman “Suvoqova” korxonasi binosi. Bu yerga istagan odam istagan vaqtda kelib, qog'ozlar uyumini yo'qotib yuborishi, korxonadagilarga yangi “qarzdorlik”larga asos yaratishi uchun “imkon” mo'l. Shuning uchun, korxonadagilarning beparvoligi, loqaydligi sabab boshqalar qiynalishga, vaqt yo'qotishga, qachonlardir ishonib topshirgan zarur hujjatni topolmay sarson bo'lishga majbur.

– Tuman “Suvoqova” korxonasi tomonidan 1 milliard so'm debitor qarzdorlik mavjud deb  ro'yxat berilgan, – deydi Majburiy ijro byurosi Qarshi tumani bo'limi tezkor shu`ba kriminalisti Alisher Mahamadiev. – Lekin aholining buncha qarzi yo'qligini korxonadagilar ham, biz ham bilib turibmiz. Shuning uchun ayni paytda korxona xodimlari bilan birgalikda qayta xatlovdan o'tkazish ishlari olib borilmoqda.

Ma`lum bo'lishicha, Uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish vazirligining 2019 yil 26 iyundagi buyrug'iga asosan 1 iyuldan boshlab respublikadagi ichimlik suvi va kanalizasiya xizmatlaridan foydalanuvchi barcha turdagi iste`molchilar to'liq xatlovdan o'tkaziladi.

Bilamizki, qayta xatlovdan o'tkazishning eng samarali uslubi – hamma ishni odamlarning o'ziga qildirish. Ya`ni “Suvoqova” korxonasining yolg'on ma`lumotlari asosida MIB odamlarga yoppasiga talabnomalar jo'natsa, iste`molchilarning o'zi hamma zarur hujjatlarni yig'ib keltirib beradi. Kerak bo'lsa, qudug'ini rasmga tushirib, suratlarigacha tikib keladi (bundan oldingi “qarzdorlik” shu tarzda yopildi!).

Shunday ekan, shu kecha-kunduzda kimningdir uyiga falon ming-million so'mlik qarzdorlik borib qolsa, hech hayron bo'lmaslik kerak: xatlov o'tkazishayapti va xatlovni o'zingiz qilib berishingizni istashayapti. Holbuki viloyat “Suvoqova” DUK direktori Sh.Murodov shu yil 27 iyunda imzolagan buyruqda xatlov o'tkazadigan mutaxassislar ro'yxati tasdiqlangan, dam olish va bayram kunlarida ishlagan xodimlarga ishiga qarab 2 baravar haq to'lash belgilangan.

Ko'ramiz, buyog'i qanday kechadi? Yuzlab odamlarni yo'q joydan qarzdor qilib qo'yib, “anglashilmovchilik bo'lgandir” deb beparvo turadigan mutasaddilar aholi manfaati uchun nimanidir qoyil qilishiga hech ishonging kelmaydi…

B.O'KTAM

 2019 yil 9 iyul, 54-son.

“Qashqadaryo” gazetasi

 

Boshqa xabarlar