“TOMORQA XIZMATI” MChJLARI NEGA JIM?

37

 

Hovlida yashovchilarning ko'pchiligida ekinzoridan unumli foydalanib, oilasi daromadini oshirish imkoni mavjud. Ammo ayrim kishilar shunday imkoniyatlardan foydalanishmaydi. Oqibatda, qancha-qancha nozu ne`matlarni yetishtirsa bo'ladigan tomorqalar qaqrab yotibdi. O'z navbatida, shunday noxush holatlarga qarshi kurashish, aholini bog'dorchilik va dehqonchilikka keng jalb etish, tomorqa egalariga har tomonlama yordam berish mas`uliyati yuklangan ba`zi mutasaddilar o'z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarayotgani ham qanchalar achinarli. Jurnalist Akbar Rustamov “Erda qolgan xazina” nomli maqolasida yuqorida tilga olingan salbiy holatlarni Buxoro viloyatining ayrim hududlari misolida tahlil qiladi.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

 

ERDA QOLGAN XAZINA

 

Xor bo'lgan zamin

Qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi har bir oila tasarrufida tomorqa ekinlari maydoni mavjudligi ushbu xonadonlar uchun qo'shimcha daromad manbai bo'lib xizmat qilmoqda. Ammo yana bir narsani taassuf bilan ta`kidlash joizki, ba`zi o'rinlarda aholining tomorqaga xo'jasizlarcha yondashuvi natijasida tom ma`nodagi xazina, boylik yer qa`rida qolib ketmoqda.

Qorovulbozor tumani Bo'zachi mahallasida istiqomat qiluvchi Nurmuhammad Yorovning ikki sotixdan ortiq tomorqa ekin maydonining 1,5 sotixi qarovsiz yotibdi. Fuqaroning aytishicha, cho'l hududidagi ushbu maydonlarda dehqonchilik qilish o'zini oqlamas ekan. Yer sho'r, hattoki ekilgan urug'likning ham pulini chiqara olmas ekansiz.

Ushbu xonadonga tutash tomorqalarni ko'rganimizda esa, N. Yorovning so'zlari shunchaki bahona ekanligiga amin bo'ldik. Negaki, o'sha iqlim, o'sha tuproqda qo'shni xonadonlarda ajoyib ko'kalamzor manzarani kuzatish mumkin edi.

Tumandagi “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi Nurullo Madinov ham oqar suv doimiy emasligini ro'kach qilgan holda tomorqasini ekmasdan kelmoqda. Holbuki uning qo'shnilari Samad G'aybullaev, G'olib Jabborov singari mirishkorlar yerga artezian quduq o'rnatib bo'lsa ham tomorqa ekinlarini suvga qondirishmoqda.

Kogon tumanidagi “Geofiziklar” qo'rg'oni hududida istiqomat qiluvchi Nigora Rashidova kunda bo'lmasa ham kunora kam ta`minlanganlik vajidan turli idoralarga moddiy yordam so'rab murojaat qiladi.

Fuqarolar yig'ini, tuman Mahallalar kengashi va boshqa tashkilotlar tomonidan fuqaroga bir necha bor ish taklif etilgan bo'lsa-da, u hali bola qarovi, hali ish taklif qilingan joyga – tuman markaziga borish uchun yo'l kira qimmatligi vajidan buni muntazam rad etib kelgan.

Xonadon oldidagi tomorqaning abgor holatini ko'rib, oilaning kam ta`minlanganlik sababini tushungandek bo'ldik.

Xonadon sohibasiga davlat mablag'i hisobli, shundoq ham foydalanuvidagi maydon davlat tomonidan yaratib berilgan yaxshigina daromad manbai ekanligini, agar qarovsiz yotgan joyda issiqxona tashkil etganida yoki sabzavot-ko'kat yetishtirganida durustgina foyda ko'rishi mumkinligini tushuntirdik.

– Uyda hamma kasal bo'lsa, tomorqada kim ham ishlaydi, – deydi xonadon sohibasi. – Shu yerdan olingan daromad miqdori beriladigan moddiy yordamdan o'n baravar ortiq bo'ladi, deysizmi? Bo'lishi mumkin. Ammo o'sha issiqxona va sabzavotning mehnati qancha bo'lishini bilasizmi, o'zi? Shahardan kelib o'rgatish oson-da. Biz tomorqani ekish uchun maslahat emas, moddiy yordam so'rab murojaat qilganmiz..!

Tomorqani xazinaga qiyoslaymiz. Ammo ko'p hollarda yuqoridagi singari kishilar ana shu xazinani egilib olishga-da erinishganini kuzatamiz.

 

Yana kampaniyabozlikmi?

Joriy yil ekish mavsumi avvalida fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha kengashi hamda Fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan aholiga murojaatnoma yo'llanib, unda tomorqaning oila byudjetini shakllantirishdagi afzal jihatlari, sohani rivojlantirishdagi imtiyozlar batafsil bayon etilgan edi.

Bu borada mahallalarda xonadonma xonadon yurilib, aholiga tomorqadan unumli foydalanish borasida targ'ibot ishlari amalga oshirilgandi.

Ammo ekish mavsumi tugab, viloyatdan ushbu jarayon haqida hisobotlar so'ralishi to'xtatilgan zahoti barcha ishlar yerga singgan suvdek g'oyib bo'ldi. Ushbu vaziyatda Mahallalar kengashi holatini tushunish mumkin. Negaki, may oyidagi saylovlarni tashkil etish, keyin o'tkazish, endilikda yangi saylangan raislarni o'qitish, qolaversa, ularning faoliyatiga oid boshqa masalalar…

Ammo ushbu sohaga bevosita daxldor bo'lgan Fermer, dehqon xo'jaliklari  va tomorqa yer egalari kengashi, “Tomorqa xizmati” MChJlarining quyi bo'linmalari nega yaqingacha jim qolishdi. Faqatgina Fermer, dehqon xo'jaliklari  va tomorqa yer egalari kengashi respublika boshqaruvi raisi viloyatlarda safarda bo'lib, yig'ilishlar o'tkazganidan so'ng yana biroz jonlanish ko'zga tashlangandek bo'ldi.

– Ekish mavsumi avvalida mahallalarda tomorqa bo'yicha targ'ibot ishlari olib borilayotganda “Tomorqa xizmati” MChJ xodimlari ham xonadonlarga kirib, o'zlarining xizmatlarini taklif etishdi, – deydi Shofirkon tumani Talisafed mahallasida yashovchi Elyor Nazarov. – Ammo keyinchalik ushbu xizmat vakillarini hech kim ko'rmadi. Ulardan daraxt, urug'lik sotib olganlar yangi mahsulot parvarishi yo'l-yo'rig'ini so'rash maqsadida mutasaddilarni qidirishdi. Ammo foydasi bo'lmadi. Endi shu bilan kelgusi mavsumda kelishsa kerak…

Tomorqa – xazina, barqaror daromad manbai deymiz. Ammo ba`zi o'rinlarda tomorqa yer egalarining o'z tasarrufidagi maydonlardan xo'jasizlarcha foydalanilishiga ayrim mutassaddi tashkilotlar tomonidan yetarlicha e`tibor berilmayapti. Xususan, foydalanilmagan tomorqa maydonlari uchun yer solig'ini uch barobarga ko'paytirish orqali aholini hushyorlikka chaqirish mumkin edi-ku. Holbuki Buxoro viloyati bo'yicha bunday amaliyot nari borsa yigirmatani ham tashkil etmaydi.

Tomorqadan unumli foydalanish faqatgina tomorqa egasining emas, balki butun jamiyatning manfaati. Unumli foydalanilgan tomorqa – bozorlarimiz to'kinligi, mahsulotlar arzonligi kafolati. Qolaversa, tomorqasidan yetarli foyda ko'rgan xonadon ahli “kam ta`minlangan” bo'lmaydi. Tomorqa mavzusida fikr yuritishdan oldin avvalo ana shu jihatlarni o'ylaylik.

Akbar RUSTAMOV,

jurnalist

 2019 yil 6 iyul, 54-son

“Buxoronoma” gazetasi

Boshqa xabarlar