5 yil stajga ega bo'lgan xodimlarning sirtqi va kechki ta`lim qabuliga oid yangilik

96

Davlat qabul komissiyasining qarori bilan iqtisodiyot tarmoqlarida kamida 5 yil ish stajiga ega bo'lgan fuqarolarni sirtqi va kechki ta`lim shakliga suhbat natijalariga ko'ra tabaqalashtirilgan to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilish tartibi, shuningdek, tavsiya etish huquqiga ega bo'lgan vazirlik, idora va yirik xo'jalik birlashmalarining ro'yxati tasdiqlandi. Bu haqida Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi xabar bermoqda.

Ro'yxatdagi tashkilotlar 100 nafargacha xodimga tavsiyanoma berishi mumkin.

Sirtqi ta`lim shakli uchun 5 yil, kechki ta`lim shakli uchun 4 yil o'qiladi.

Suhbat asosida talaba bo'lgan xodimlarning to'lov-shartnoma mablag'lari ishlab turgan tashkilot tomonidan to'lab beriladi.

Tavsiyanoma olgan xodimlar 20 iyulgacha (shu kuni ham) quyidagi hujjatlarni topshiradi:

  • ariza;
  • diplom yoki shahodatnoma;
  • pasport nusxasi (originali ko'rsatiladi);
  • 3,5 x 4,5 sm o'lchamdagi 6 dona fotosurat;
  • mehnat daftarchasidan tasdiqlangan ko'chirma;
  • ish joyidan tavsiyanoma;
  • tashkilotning to'lov-shartnoma mablag'larni o'z vaqtida to'lab berish bo'yicha kafolat xati.

Tavsiyanoma olgan xodim-abiturientlar uchun suhbatlar 10 avgustdan 20 avgustga qadar o'tkaziladi.

E`tibor berishlaringizni so'rar edim, 5 yillik ish stajiga ega bo'lgan xodimlarini suhbat bilan o'qishga qabul qilish uchun tavsiyanoma berish vakolati barcha tashkilotlarda ham yo'q.

Bunday huquq faqat ro'yxatda ko'rsatilgan vazirlik, idora va yirik xo'jalik birlashmalarda bor.

Masalan, Xalq ta`limi vazirligi ushbu ro'yxatda yo'q, demak o'qituvchilar tavsiyanoma asosida suhbat bilan qabul qilinmaydi.

Yoki Sog'liqni saqlash vazirligi ham yo'q, demak hamshiralar ham bunday huquqdan foydalana olmaydi. Lekin ro'yxatda keltirilgan tashkilotlarning tarkibida davolash muassasalari bo'lsa, o'sha yerda ishlaydigan hamshiralarga bunday tavsiyanoma berilishi mumkin.

Shuningdek, xususiy firmalarda ham tavsiyanoma berish vakolati yo'q.

RO'YXATDA YO'QLAR NIMA QILADI?

Ro'yxatda yo'qlar shunchaki oddiy abiturientlar singari xohlasa kunduzgi, xohlasa sirtqi yoki kechki ta`limga hujjat topshiradi va test asosida omadini sinab ko'radi. Tavsiyanoma olganlarning ustunligi ular test emas, suhbatdan o'tadi hamda kontraktini tashkilot to'lab beradi (kelgusida ishlab berish sharti bilan).

Xushnudbek Xudoyberdiev

Manba: xabar.uz 

Boshqa xabarlar