Avtomobildan saqlaning: ulov chambaragi kimning qo'lida?

42

 

Shu yilning 10 may kuni soat 7:40 larda A`zam (ism-sharifi o'zgartirilgan) nonushtaga yegulik olib kelish niyatida do'konga otlandi. Biroq… uyda avtomashina turganda, piyoda yurish nimasi? Tezda borib-kelishini aytib, onasidan «Neksiya»ning kalitini so'radi. Ona ona-da, hali zamon o'g'lining maktabga borishi, kechgacha charchab qolishini o'ylab, uning haydovchilik guvohnomasi yo'qligi, avtomaktabda o'qib-o'rganmaganini hisobga olib o'tirmadi. Ruxsat berdi. Qolaversa, bu birinchi marta emas edi…

A`zam ko'chada, yo'lning chetida turgan besh yoshli Tursunalini ko'rmay qoldi. Bir zumda qiy-chuv boshlanib, bolakayni «tez yordam» kasalxonaga olib ketdi.
Voqeadan xabar topgan Ikrom aka va Maqsuda opa mingdan-ming pushaymon yeyishdi. Biroq vaqt o'tgan, uni ortga qaytarib bo'lmas edi.
O'z-o'zidan savol tug'iladi: 10-sinf o'quvchisi A`zam, uning ota-­onasi nahot avtomashina haydash uchun maxsus bilimlar kerak emas, «gaz bilan tormoz»ni bosishni bilsa, shuning o'zi yetarli, deb o'ylashsa? Axir, ko'p yillardan buyon transport vositasini boshqarayotganlar ham yo'l-transport hodisasi sababchisiga aylanayotganini ko'rib turibmiz-ku! Ozgina ehtiyotsizlik, bir lahzalik chalg'ish kifoya axir!..
Shu yilning 7 aprelida Chilonzor tumanida 1980 yildan buyon transport vositasini boshqarib kelayotgan «Kaptiva» avtomashinasi haydovchisi S.E. piyodani urib yuborgan. Yoki 1985 yildan, ya`ni 34 yildan beri avtomashina chambaragini tutib kelayotgan yashnobodlik U.N. 10 aprel kuni, Olmazor tumanilik Q.Y. esa 11 aprel kuni o'z shaxsiy avtomashinasida piyodani urib yuborishgan. Jabrlanuvchilar tan jarohatlari bilan kasalxonaga yotqizilgan.
Nima demoqchi ekanligimizni tushunib yetdingiz, albatta. Shu bois, ota-onalar farzandlari xohish-istaklariga izn berishdan avval, mushohada qilib ko'rishsa, foydadan xoli bo'lmaydi.
Har bir harakat ishtirokchisi yo'lga chiqar ekan, diqqat-e`tiborini o'zi va o'zganing xavfsizligini ta`minlashga qaratmog'i, qoidalar, yo'l belgilari, svetofor, yo'l chiziqlari ishoralariga qat`iy amal qilishlari lozim.
Aziz yurtdoshlar, harakat oqimiga qo'shildingizmi, marhamat, mavjud qoidalarga rioya qiling. Unutmangki, siz o'zingiz va bosh­qalarning hayoti, salomatligi uchun javobgardirsiz.

Sh.SAFAROV,
Toshkent shahar IIBB YHXB
Matbuot xizmati katta inspektori, mayor

Boshqa xabarlar