Maydayobudagi muammolar

78

Maydayobu – Koson tumanining chekka qish­loqlaridan biri. Tuman markazidan salkam oltmish chaqirim olisda joylashgan. Olti ming nafarga yaqin aholi yashaydigan qishloqda uchta maktab bor. Quvonarlisi, ushbu qish­loq «Obod qishloq» dasturiga tushgan. Dastur bo'yicha 58-umumta`lim maktabida ta`mirlash ishlari olib borilgan. Vaqtida hatto uch navbatlab o'qish tashkil etilgan 16-umumta`lim maktabi uchun yangi bino qurish belgilangan. Buning uchun joy tanlangan, bunyodkorlar tili bilan ayt­ganda, «qoziqlari qoqilgan». Biroq yil yarimlagan bo'lsa-da, qurilish hamon bosh­langanicha yo'q…

Hududda  2014 yilgacha  qishloq vrachlik punkti faoliyat olib borgan. Biroq QVPlar sonining qisqarishi natijasida 25 o'rinli shifoxona yopilib, bugungi kunda uning o'rnida «Tez yordam» va emlash shoxobchasi ishlab turibdi.– Bu shoxobcha Surxon qishlog'idagi oilaviy poliklinikaga biriktirilgan, – deydi shu hududda yashovchi Shukrullo Turdiqulov. –  Bemor biror tibbiy tekshiruvdan o'tishi lozim bo'lsa, 25 kilometr yo'l bosishiga to'g'ri keladi. Bitta ma`lumotnoma uchun ham shu yoqqa boramiz.  «Obod qishloq» dasturiga ko'ra, Maydayobudagi mavjud shifo maskani zamonaviy tarzda ta`mirlandi. Biroq unda hech qanday maqom yo'q. Viloyat sog'liqni saqlash boshqarmasi mutasaddilari qish­log'imizga kelib, bugungi holatni o'z ko'zlari bilan ko'rsalar yomon bo'lmasdi. Jilla qursa, tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli maqomida bo'lsa ham qish­loqdagi shifoxonani ishga tushirish zarur.Ming xil kasallik bor. Og'irroq bemorlar tuman markaziga yuborilsa ham, qolganlari shu yerda davolansa koshki edi. Homilador ayollarni «Tez yordam» mashinasida, ya`ni «Damas»da  55 kilometr uzoqlikdagi tuman tibbiyot birlashmasining tug'uruq majmuasiga olib borishga hojat qolmasdi…Dastur sharofati bilan Maydayobuning eski, chirib tamom bo'lgan ­simyog'ochlari o'rnida temir beton ustunlar o'rnatilayotganidan xalq xursand. Yangi transformator punktlari olib kelinib, elektr ta`minoti yaxshilanadigan bo'ldi.Barcha qishloqlarga xos bo'lgan yo'l muammosi Maydayobuda ham mavjud. Yozda tizza bo'yi tuproq, qishda esa bilch-bilch loy kishining ta`bini xira qiladi. Qishloq kayvonilari qarab turishgani yo'q. «Birlik», «Gulshanto'q», «Galaso'fi» mahallalari nuroniylari yoshlarning boshini qovushtirib, hashar yo'li bilan qishloq yo'llariga ­tuproq va tosh to'kishdi. Birlikda 2,5 kilometr, Gulshanto'qda 1 km, Galaso'fida 800 metr yo'l epaqaga keltirildi. Biroq das­turga ko'ra belgilangan 43 kilometrlik asosiy yo'lni tekislash, shag'al to'kish ishlarini oddiy hashar bilan bajarish mushkul ish. Bunga tuman yo'l quruvchilarining texnikalari va mehnati bilan erishish mumkin…Maydayobuda maktabgacha ta`lim muassasasi ishlamaydi. Ikki qavatli bolalar bog'chasi binosi ancha to'kilib qolgan. Uni ta`mirlab, ishga tushiradigan tadbirkor esa chiqmayapti. Qishloq aylanib, tadbirkor Olimjon Ergashev tashlandiq, avariya holiga kelib qolgan do'konni  ta`mirlayotganiga ko'zimiz tushdi.– Mustaqilligimizning 28 yillik bayrami arafasida oziq-ovqat va xo'jalik mollari sotishga mo'ljallangan do'konlarni ishga tushiramiz, – dedi tadbirkor.– Qishlog'imiz hududidan shifobaxsh issiq suv qaynab chiqadi, – dedi biz bilan suhbatda «Maydayobu» MFY «Nuroniylar» kengashi raisi Ziyodulla Zulfiev. – Aholi shu suvdan iste`mol qiladi. Atrofdagi qishloqlardan kelib, ushbu suvdan dardiga shifo topayotganlar ham bor. Bu suvni maxsus avtomashina bilan qishloq oralab, hovuzlarimizga quyib berishadi. 30-40 ming so'm pul beramiz. Ichamiz, yuvin-chayinga ishlatamiz. Samarqandlik ishbilarmonlar bu yerda sihatgoh ishga tushirmoqchi bo'lib, harakat boshlashdi. O'tgan yillari qurilish ishlari qilindi. Biroq bu yil ular negadir jimib ketishdi. Mablag'ida qiyinchilik tug'ildimi, bilmadik. «Obod qishloq» dasturiga ko'ra, qish­loqda ikkita artezian qudug'i qazish belgilangan. Aholi ularning ishga tushirilishini intizorlik bilan kutmoqda. Yil esa yarimladi…
Xullas, Maydayobuning obod qish­loqqa aylanishi uchun ko'pgina zarur chora-tadbirlar belgilangan. Ishlar ketyapti. Ammo qilinajak ishlar ham kam emas.Ta`kidlashni istardikki, hayotga tatbiq etilayotgan «Obod qish­loq»  dasturini o'lda-jo'lda yoki chalakam-chatti bajarishga hech kimning haqi yo'q. Chunki bu ishlar bo'yicha hisob xalq oldida beriladi, uning bahosini ham xalq qo'yadi…

Akmal ABDIEV, 

  «Ishonch»

Boshqa xabarlar