MA`NAVIYaT UMMONIDAN DURLAR

95

«Ma`naviy hayot» jurnalining ushbu yildagi 2-soni nashrdan chiqdi

Jurnalning ilk sahifasidan Asqad Muxtorning «Hayotga muhabbat» she`ri joy olgan. Alloh in`omi – haqiqiy iste`dod va aql kuchi bilan bitilgan she`r, hayotning asl maqsadidan so'zlab, ko'ngil torlarini chertadi. Insonni fikr qilishga undaydi:

…Hissiyot hayotning
asliga to'g'ri,
Idrok goho yaqin,
goho yiroqdir.
Hayotga muhabbat va
yashashning o'zi
Hayot ma`nosidan
ulug'roqdir.
«Zamon va jarayon» ruknida O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, publisist Saydi Umirovning «Ma`naviyat otlig' bir dengiz…» sarlavhali maqolasida mamlakatimizdagi ma`naviy-ma`rifiy sohalarda olib borilayotgan ishlar haqida so'z yuritiladi. Prezidentimizning joriy yilning 3 maydagi «Ma`naviy-ma`rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorida belgilab berilgan vazifalarning naqadar dolzarb­ligi, yosh avlod kamoli uchun nechog'lik muhimligi ta`kidlanadi.
Hazrat Alisher Navoiy hayoti va ijodi ko'plab adabiyotshunoslar tomonidan o'rganilgan bo'lsa-da, bu «ma`naviyat ummoni» hali-hunuz tadqiq etilmoqda. «Tarixning noma`lum sahifalari» ruknida Shuhrat Sirojiddinov «Navoiy Hirotda tug'ilgan…mi?» tadqiqotida yangi durlarni top­ganiga yana bir karra shohid bo'lasiz.
«Qaltis davrdagi qaltis qadamlar», «Tuxum ichkaridan sindirilsa», «Yuz yillik yozuvlar», «Matonat madhiya­­si», «Tushlarimda keling, onajon», «Bosqinchilikmi, bosmachilik?», «Taqdir tandirining «issiq non»lari» kabi maqolalarda ham inson, uning ko'ngil kechinmalari, xayoli-yu hayoti, ba`zan ravon, goh chigal so'qmoqlardagi quvonchli-yu iztirobli odimlar turfa lavhalar, suhbat va tarixiy manbalar misolida aks etadi. Barchasi o'zining zalvori, bugun va erta uchun birdek dolzarbligi bilan ajralib turadi.
Musulmon Namozning «Shax­­siy «men»ni anglash iztirobi» maqolasida ko'nglidagi evrilish­lar sabab insonning «o'z»ini topishga intilishi, bu yo'ldagi «azob» musavvirning qalami yanglig' o'quvchi qalbida ham o'z suratini chizadi. Yosh avlodga boylik ezgu maqsad yo'lida bir vositagina bo'lishi, yetuk inson bo'lib jamiyatga nafi tegsa, bu eng katta saodat ekanligini uqtirayotgan, «o'z» va «o'zlik» o'rtasidagi ikki o't orasida qovrilgan ijodkor xayolidan o'tayotgan haqiqatlarni ifodalar ekan, shunday xulosaga keladi: «Bir yaxshi yo'l borki, bu – insonlardagi «o'zlik»dan «o'z»ga qaytish, o'zining yorqin «men»ini namoyon etish jarayonini tezlashtirishga qobil bo'lgan har qanday harakatga yordam berish. Navoiy bobomiz aytganlariday:
El netib topkay menikim, men o'zimni topmasam».
Xullas, jurnalni qo'lga olgan borki, o'qiy turib, uning ichiga qanday singib ketganini bilmay qoladi. Ba`zi maqolalar qahramonlari bilan yonma-yon bo'ladi, ular bilan yashaydi, quvonsa quvonadi, dard cheksa iztirobiga sherik bo'ladi.

Salim ABDURAHMONOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar