Mehrni oqlash kerak!

75

Afv etilgan ayollarga maktub

Muhtaram Prezidentimiz adashib jinoyatga qo'l urgan ayollarni kechirdi, afv etdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Xotin-qizlar qo'mitasi o'rtasida tuzilgan Memorandum asosida joriy yil 99 nafar mahkuma ayol afv etildi.
Ayting, qancha mehr kerak?
Qancha shafqat lozim, so'rang?
Endi siz ham hayo kiying,
Insof ganjinasin o'rang.

 

O'tgan oyda Zangiota tumani hududidagi xotin-qizlar jazoni ijro etish muassasasida sudlov hay`atining sayyor sud majlisi bo'lib, 6 nafar ayolning o'z qilmishidan pushaymonligi, jazoning asosiy qismini o'tagani hisobga olinib, jazodan ozod etilgani to'g'risidagi qaror o'qib eshittirildi.
O'sha kuni jinoyat ishlari bo'yicha tuman sudining sayyor sud majlisida 1 nafar ayolning ozodlikdan mahrum qilish jazosi axloq tuzatish ishiga almashtirildi.
Xotin-qizlar qo'mitasi raisi Elmira Bositxonova ushbu ayollar uchun kafolat berib, bundan keyin ularni o'z nazoratiga olishini ta`kidladi.
Afv etilganlarning so'zlariga quloq tutamiz: «Bilmay qilganman», «Adashib aralashib qolganman», «Soddalik qildim», «Meni aldab shu yo'lga boshlashdi».
Qarab turib rahming keladi. Allaqachon umriga kuz oralab qolgan, ko'zlaridan nur qochgan ayollar ham bor ular orasida.
Biri pensiya yoshida, qilmishidan ming pushaymon bo'lib shunday dey­di: «Giyohvand modda savdosi bilan shug'ullanganim uchun 14 yilga qamaldim. Jazoning 13 yilini shu yerda o'tadim. Afv tufayli muddatdan oldin bu yerdan chiqmoqdaman. Qaytib bu ishga qo'l urmayman».
13 yil ichida O'zbekiston go'zal kelinchakdek orolandi. Oqil, orif kuyovdek saodat qasri tomon otlandi. 13 yil ichida olam 13 ming xil jilolandi, o'zgardi. 13 yil ichida 10 yoshli farzanding 23 yoshga kirdi. Sen ayol bo'lib, ona bo'lib unga nima o'rnak ko'rsata olding? Baxtli bolalarning onalari ularning ortidan turli ko'rik-tanlovlarga bordi. Bolang esa seni ko'rish uchun temir panjara yoniga kelib, mayus-mayus boqdi. Atrofda hamma ham shirinso'z emas. «Uning onasi qamoqda», «Jinoyatchining bolasi kim bo'lardi?» kabi shivir-shivirlar uni yeb qo'ygan.
Sen sotmoqchi bo'lgan zaharning asosiy xaridorlari g'o'r yoshlar bo'lishini bilar eding. U sabab 10 ta yigit yoki 10 ta o'spirin qiz qurbon bo'lsa, uning ortidan o'nta ona, 10 ta ota tirik murdaga aylanishini bilar eding. Bir tomchi zahar bilan o'nlab, yuzlab begunohlarni kafanga o'rading. Vaholanki, bu og'uni iste`mol qilgan otalardan tug'ilgan zurriyodlar mayib-majruh bo'lib, qaysisi olamni ko'rish, qaysisi tovushlarni eshitish baxtidan mahrum bo'lib tug'ilishini ham bilarding…
Bugun kurrai zaminda «Asr vabosi» deb atalgan OIV va OITS illatlari 25 milliondan ortiq odamning umriga zomin bo'lgan, 40 milliondan ortiq odam kasallik iskanjasida. Bu xastaliklar asosan sen kabilar pullagan giyohvand moddalar orqali yuqishi esa hech kimga si emas. Demak, ularning gunohi sen kabilar bo'ynida.
Maxsus maktab-internatlarga borsang, ko'rasan: o'ng tomondan chap tomonga hamshira-yu tarbiyachi opalarining yordamisiz qayrilib qaray olmaydigan go'dak­lar bor.
Bu bolalarning yarmi narkotik og'ular – psixotrop moddalar iste`mol qilganlarning bolalari. Yomonning ­kasriga uchragan murg'aklar.
Balki bu bolalar ichida sen sotgan og'udan iste`mol qilganlarning ham farzandlari bordir. Yo'q, deb ko'r-chi?
Agar huquq organlari hushyor bo'lmaganda nima bo'lardi?
Yana qancha yostiqlar qurir edi!
Dunyoning ko'p mamlakatlarida og'ufurushlar jinoyat aybi aniq bo'lishi bilan qaysi davlat fuqarosi bo'lishidan, kim bo'lishidan qat`i nazar, otuvga hukum qilinadi.
Ammo bizning davlatimiz kechirdi. Kechirish ulug'larning ishi. Endi siz ishonch yo'g'rilgan kechirimga loyiq bo'ling! Bu bag'rikenglik qoshida tiz cho'king!
Og'u tufayli mayib-majruhlar bo'lganlar, yetimlar – uyasi buzilayotgan polaponlarning chirqirashi, uqubatlar, motamlar haqi TAVBA qiling! TAZARRU qiling!

Muhtaram Prezidentimiz kechirimidan to'g'ri xulosa qiling. Ko'r ham hassasini bir marta yo'qotishini unutmang. Ushbu afvlar siz kabilarning millat oldida, odamzod oldida qarzingiz, ayol ekaningiz yodingizga kelishi uchun eslatmadir.

Zulfiya MO'MINOVA,
shoira

Boshqa xabarlar