Ta`sir choralari qo'llangan…

45

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi «Ishonch» gazetasining shu yil 25 may kungi sonidagi «Hayot – qimor… emas!», 28 may sonidagi «Qopqoq ostidagi «qopqon» yoxud turli aksiyalar va lotereya shoularining zarari» sarlavhali maqolalarga quyidagicha munosabat bildirdi:

Mazkur maqolalarda bugunning dolzarb mavzularidan biri – telekanallarda yutuqli aksiyalar va lotereya shoulari namoyish etilayotgani ortidagi salbiy holatlar bayon etilgan. Tegishli savdo shoxobchalaridan biron-bir buyum (pul to'lab) yoki turli salqin ichimliklarni sotib olish orqali o'yin ishtirokchisiga aylanish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan holatlar, ayniqsa, bu jarayonning yoshlar tarbiyasiga ta`siri chuqur tahlil qilingan.
Ma`lumot o'rnida qayd etish lozimki, bugungi kunda «Zo’r TV» telekanali orqali «Boriga baraka», «Mening yurtim» telekanali orqali «Omad shou», «Milliy TV» telekanali orqali «Millioner shou», «Oltin kalit» dasturlari, shuning­dek, odamlarning yutuqli aksiyalarda ishtirokini ta`minlaydigan «WF», «Tizer», «Sitro», «OK», «Jesco» ichimliklari rek­lamasi namoyish etilmoqda.
Mazkur dasturlar hamda mahsulotlar reklamalari Agentlik tomonidan doimiy ravishda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarining himoyasini ta`minlashga qaratilgan qonun hujjatlari talablariga muvofiqligi tizimli asosda tahlil etib borilmoqda.
Misol uchun, o'tgan davr mobaynida efirga uzatilayotgan ushbu ichimliklar reklamalari namoyishida axborot mahsulotining yoshga oid tasnifi qayd etilmagani, ushbu holatlarda «Bolalarni ularning sog'ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni ularning sog'ligiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi 2018 yil 22 oktyabrdagi 848-son qarori bilan tasdiqlangan «Axborot mahsulotining yoshga oid tasniflarini aniqlash mezonlari hamda uni ekspertizadan o'tkazish tartibi to'g'risida»gi nizomning 12-bandi talablari buzilgani uchun Agentlik tomonidan o'z vakolatlari doirasida telekanallarga tegishli ta`sir choralari qo'llangani ma`lum qilinadi.

Direktorning birinchi
o'rinbosari A. Xodjimetov

Boshqa xabarlar