MAJBURIY MEHNAT TUGMAChASI: UNI KIM BOSMOQDA?

111

 

YoXUD KOSONSOY VOQEASIGA YaNA BIR NAZAR

Har narsaning o'z nomi bo'lgani yaxshi. Biror voqelik asliyatdan boshqacha nomlana boshlandimi, o'sha jamiyatda taraqqiyot g'ildiragi loyga botdi, deyavering. Yaqin 15-20 yillik tariximizda “hashar” degan qadriyat ma`nosi “azob” darajasiga ko'tarildiki, uning yukini asosan “byudjetchilar” ko'tarishdi. Dastavval, o'qituvchi va tibbiyotchilarga davlatdan oylik olyapti-ku, degan pisanda bilan ko'cha supurtirdik, yo'l yoqasiga gul ektirdik, paxtani chopiq qilishdan to g'o'zapoyani yig'ishtirgunga qadar ishlataverdik. Eng yomoni, fermerga mahalliy o'g'itni ham o'qituvchilar yig'ishtirib berishardi. Nomi hashar bo'lgani uchun qilingan mehnatiga bir tiyin ham to'lanmaydigan, oliy ma`lumotli mardikorlar qatlamini shakllantirishga ulgurdik. Biror kim o'qituvchi obodonlashtirish, fermerning ishi bilan band bo'lsa, ta`limni kim beradi, kelajakda bu bolalar kim bo'lib voyaga yetadi, degan savolni tiliga chiqara olmadi.

Hayriyatki, XMT bilan olib borilayotgan hamkorlik, qator Konvensiyalarning ratifikasiya qilinishi mamlakatimizda majburiy mehnatga qarshi kurashga yo'l ochib berdi. Oliy Majlis Senatining “O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta`minlashga doir chora tadbirlarni kuchaytirish to'g'risida” 2017 yil 4 oktyabrdagi SQ-231-III-son qarori bilan bolalar mehnati va majburiy mehnatdan biron-bir shaklda foydalanishning oldini olish va bunga yo'l qo'ymaslik bo'yicha ushbu yo'nalishda kompleks tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan parlament nazorati instituti joriy etildi. Bir muddat majburiy mehnatning hamma elementlariga qarshi kurash shitob bilan davom etdi. Biroq ayrim rahbarlar bu masalaning kun tartibidan biroz chetga surilishini kutgandek.

Birgina misol “kun.uz”da “Namanganda o'qituvchilar beton quyishdi. Har bir maktab uchun alohida joy ajratilgan” sarlavhali maqolada 29 iyun kuni maktabda ishlovchi xodimlar majburiy mehnatga jalb etilayotgani haqida bong urildi. Dastavval, mutasaddilar tomonidan hasharga jalb etilganlar o'qituvchilar emas, texnik xodimlar bo'lganligi vaj sifatida keltirildi. Har holda xalq ta`limi vaziri Sherzod Shermatov 3 iyul kuni jurnalistlar bilan bo'lib o'tgan ochiq muloqotda: “Namangandagi holat haqida so'rasam, “texnik xodimlar jalb etilgan”, deyishdi. Bu bahona emas. Ular ham xalq ta`limi tizimi xodimi. Mehnat kodeksi hamma uchun bir xil… Bu – texnik xodim, bunisi – o'qituvchi, deb ajratishga va xalq ta`limi tizimi xodimini o'zboshimchalik bilan boshqa joyda majburiy ishlatishga hech kimning haqi yo'q”, degandi.

Endilikda, turli OAVlarda beton quyishda ishtirok etganlar texnik xodimlar emas, obodonlashtirish bo'limi xodimlari edi, “kun.uz” vaziyatni bo'rttirib ko'rsatgan, degan ma`lumotlar sizib chiqmoqda. Aslida, u yerda ishlovchilar kim bo'lishidan, qaysi kasb boshini tutgan bo'lishidan qat`i nazar, o'z vazifasidan tashqari ishni qilishga yo'naltirildimi, bu holatning nomi aylansangiz ham, o'rgilsangiz ham MAJBURIY MEHNAT bo'lib qolaveradi. Alohida ta`kidlashni istardikki, O'zbekistonda majburiy mehnatga barham berish deganda, tibbiyotchilar yoki o'qituvchilarni emas, barcha fuqarolarning, ishlovchi xodimlarning manfaati nazarda tutilgan.

Voqealar zanjirining boshidan tahlilni boshlasak, ko'p narsa kaftdagi chiziqdek oydinlashadi.

2019 yilni 31 may kuni Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi raisi Alijon Siddiqov tuman xalq ta`limi bo'limi mudiri v.b. F.No'`monovga majburiy mehnatga jalb etish holatlarini oldini olish yuzasidan nazorat o'rnatish uchun ogohlantirish xati (№18) chiqariladi. Unda “mahalliy hokimliklar tomonidan ta`lim… boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini… turli ishlarga majburiy jalb qilish holatlari kuzatilayotgani”ni inobatga olish alohida ta`kidlanadi.

2019 yil 2 iyul kuni “kun.uz”da “Namanganda o'qituvchilar beton quyishdi. Har bir maktab uchun alohida joy ajratilgan” sarlavhali maqola chop etiladi va arining iniga cho'p suqilgandek holatni eslatuvchi “tomosha”lar boshlanib ketadi.

 2019 yil 3 iyul kuni viloyat adliya boshqarmasi bo'lim boshlig'i S.Qodirov, Kosonsoy tumani adliya bo'limi xodimi J.Jo'ramirzaev, Namangan viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'lim mudiri B.Rahimberdiev, viloyat bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi boshliq o'rinbosari A.Redjapov, Kosonsoy tuman bandlikka ko'maklashish markazi direktori Z.Ahmedov, markazning davlat mehnat huquq inspektori I.Saidovlar tomonidan o'rganish o'tkazildi. O'rganish davomida quyidagi holatlar aniqlandi: 2019 yil 27 iyun kuni Kosonsoy tumani XTB boshlig'i v.b. F.No'`monov tomonidan tumandagi mavjud 52 ta umumta`lim maktablari direktorlariga 28 iyun kuni soat 07.00 da “Obod markaz” dasturi bo'yicha “Majnuntol” va “Maxdumi A`zam” MFY hududida qurilayotgan “Yashil xiyobon”da yig'ilish o'tkazilishi va barcha direktorlar unda ishtirok etishi shartligi to'g'risida ko'rsatma berilgan. 2019 yil 28 iyun kuni “Yashil xiyobon”da tuman hokimligi tomonidan yig'ilish o'tkazilib, 29 iyun kuni “Majnuntol” va “Maxdumi A`zam” MFY hududida qurilayotgan “Yashil xiyobon”da hashar o'tkazilishi, hasharda maktab o'qituvchilari ishtirok etmasliklari, faqat maktablarning texnik xodimlari ishtirok etishlariga topshiriq berilgan (Bu tafsilot F.No'`monovning tushuntirish xatida keltirilgan).

Ayrim direktorlar bilan o'tkazilgan suhbat jarayonida 28-sonli maktab direktori Sh.Sharipov, 10-maktab direktori o'rinbosari G'.Nazarov, 18-maktab direktori N.Xudoyberdiev, 17-maktab direktori S.Eshonova,37-maktab direktori N.Masumov, 27-maktab direktori A.Hamidov, 51-maktab direktori Sh.Do'stmatovlar haqiqatdan ham maktab texnik xodimlari 29 iyun kungi hasharda o'z xohishlari bilan qatnashishgani ta`kidlangan.

Mantiqan o'ylab qaralsa, havo 35-40 daraja issiqda, qolaversa, yozni g'animat kunlarida, asosiy kasbi dehqonchilik bo'lgan tuman aholisi (dehqonga esa yozning bir soati qishning 10 kunidek gap) beton quyish uchun “ixtiyoriy” ravishda hasharga chiqishi ham, bu “ixtiyor” esa hokimiyat vakillarining yig'ilishidan so'ng paydo bo'lgani ham jumboqli. Vaholanki, bunday ishlarga jalb etiluvchi va haq oluvchi jamoat ishlari jamg'armasidagilar borligini unutishdimikan? “Hashar – ming yillik qadriyatlarimizga hamohang” deguvchi mutasaddilar bu borada tegishli buyruq tayyorlashni nega o'zlariga ep ko'rishmadi ekan? Vaholanki, “Falokat qosh bilan qovoq o'rtasidagi” degan naql bor. Maktab hududidan tashqariga borayotgan xodimning xavfsizligi, salomatligini kim kafolatlaydi? Vaholanki, Samarqand viloyatidagi marhuma Diana Yenekeeva bilan bog'liq mash`um hodisa va uning oqibatlari hali hammaning yodida. U ham shu kabi beparvolik qurboni bo'lmagan edimi?!

Namangan viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi Sh.Musaev tomonidan viloyat xalq ta`limi boshlig'i V.Rajapovga qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan taqdimnoma kiritildi. Unda, xususan, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 10 may kungi “O'zbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 349-sonli qarori, Mehnat kodeksi talablari hamda XMTning majburiy mehnatga doir konvensiyalari talablari buzilgani, bu holatga yo'l qo'ygan mutasaddilarga qonuniy chora ko'rish so'ralgan.

Shu o'rinda muayyan tashkilotda rahbarlik qilayotgan mutasaddilarga murojaat qilishni o'rinli deb bildik: qo'l ostingizda 10, 20, ehtimol 50 nafar xodim bordir. Bu shuncha oila, shuncha taqdir degani. Ya`ni sizning vazifangiz xodimni ishlatib, maoshini berishdangina iborat emas, uning mehnat xavfsizligi, salomatligiga soya soluvchi omillardan himoyalash ham sizning gardaningizda. U o'qituvchimi, qorovulmi, farroshmi, ayni shu tashkilotdagi faoliyati uchun maosh oladi. Hokimiyatning xohishidagi ishni bajargani uchun emas. Bu borada qarshilik qilishga qurbingiz yetmayaptimi: kasaba uyushmasiga murojaat qiling. Haqiqat qo'ng'irog'i chalinganda hamma, shubhasiz, sergak tortadi. Qonunlardagi imtiyoz esa, kasaba uyushmalariga shu kuchni tortiq etmoqda.

Birgina misol: g'alla o'rimi boshlanishida viloyatning ayrim hududlarida o'rim-yig'im otryadlariga rahbarlik uchun ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmalari tuman kengashlari raislari jalb etiladigan bo'ldi. Bu holat majburiy mehnatning bir ko'rinishi, qolaversa, mazkur masalada ular parlament nazoratini ta`minlovchi shaxs  ekanligi ham hokim buvalarimizni o'ylantirmadi. Mingbuloq, Norin, Namangan tumani hokimiyatidagi mutasaddilar bilan tarmoq kasaba uyushmasining viloyatdagi mas`ul tashkilotchisi Lutfiddin G'anievning bu boradagi muzokaralari ijobiy yakun topib, tuman kengashlari raislari majburiy mehnatdan ozod etilishiga erishildi.

Hokimiyatning kayfiyatiga, hukmiga, qarab reja belgilaydigan kunlar ortda qoldi. Zero, hamma o'z vazifasini qilgandagina rivojlanish sur`ati oshadi. O'qituvchi o'qitsin, shifokor davolasin, beton quyishni esa ustalariga qoldiraylik…

Aslida, ta`lim yoki boshqa byudjet tashkilotlar rahbarlari ham o'z xodimlarining xizmat vazifalari chetda qolib ularni majburiy mehnat bilan azoblagisi kelmaydi. Afsuski, ayrim joylarda hali ham ayni bu boradagi ixtiyor va vakolat soha rahbarlarida emas. Bugun, eshitgan quloqqa yoqmaydigan, ter to'kkanidan rozi bo'lmagan fuqaroning majburiy mehnatini hududning egasi sifatida tanilgan ayrim mutasaddilarning chegaradan chiqib ulgurgan topshirig'i, ko'rsatmasi asosida majburan tashkil etilayotganini yashirish, tan olmaslik, oyni etak bilan yopishga urinish kabidir. Ammo, fuqarolar majburiy mehnat bo'yicha “xalq qahramonlari”ni tanib ulgurgani hech kimga sir emas.

Deyarli barcha hollarda xodimlarni majburiy mehnat – qishloq xo'jaligi, qurilish-obodonlashtirish ishlariga jalb etish, oylik ish haqilaridan turli to'lovlar uchun ushlanmalarni tashkil etish va boshqa shu kabi holatlar kuzatilsa, muassasa yoki uning yuqori turuvchi rahbarini ishdan bo'shatish, jarimaga tortish kabi intizomiy jazolar qo'llanildi deya, go'yo adolat qaror topgani namoyishkorona ko'rsatiladi, hamma o'zini oqlaydi. Aslida, yuqorida aytganimizdek, haligacha mahalliy hokimiyat zanjiridan qutula olmayotgan ijrochilarimiz hokim buvalarimiz tomonidan zo'rlik bilan, majburan, bilvosita ishlatilayotganiga e`tibor qaratishimiz lozim. Agar kalavani yechmoqchi bo'lsak, tizim – kalava bizga butunligicha kerak bo'lsa, tugulib qolgan qismini kesib tashlamasdan uning uchini topishimiz, ishni, lozim bo'lsa jazolashni kalavaning uchini ushlab turgan buyruqbozlardan boshlab, o'rtadagi ijrochilar – soha rahbarlarini ham himoya qilishimiz yoddan chiqmasligi kerak.

Darhaqiqat, o'qituvchilarga, muayyan mas`uliyat va javobgarlik yuklangan xodimlarga “soddalik”, “yuzxotirlik” ham evi bilan-da deging keladi. “Ko'pga kelgan to'y” naqlini dastak qilib olgan mutasaddilarga noqonuniy topshiriq va ko'rsatmalari uchun rad javobini berish shunchalar qiyinmi? Sizlarning har bir hatti-harakatingiz keyingi avlod uchun o'rnak bo'lishini unutmang.

Dildora RAHMONOVA,

ishonch.uz

Boshqa xabarlar