MAKARON NON O'RNINI BOSGANDA…

107

 

Yoxud blogerlar va bosma nashrlarning “oyog'idan chalayotgan” bloglar haqida

 

Texnika taraqqiyotining jadallashishi “blog” va “bloger” so'zlarini lug'atimizga olib kirdi. Kompyuter va qo'l telefonlarining zamon va makon qarshiliklarini parchalay olish imkoniyati bloglarning tezkorligini oshirdi. Bugun bosma nashrlarning “oyog'idan chalayotgan” bloglarning nima afzalligi bor? Nega aksariyat jurnalistlar va bu sohaga kirib kelayotgan yoshlar aynan shu faoliyat turini tanlamoqda? Jurnalist Mukarram Otamurodovaning maqolasi yuqoridagi savollarga javob topishga yordam beradi.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

NEGA BLOGERLARNING “KETMONI” UChMOQDA?

Bugun kundalik lug'atimizdan faol o'rin egallagan “blog” va “bloger” so'zlari hayotimiz va tafakkurimizni ham o'z domiga tortmoqda. Ko'pchilik esa jurnalist so'zini bloger atamasi bilan almashtirib ham ulgurdi.

Avvalo, bu tushunchaning paydo bo'lish tarixi va rivojlanish bosqichlariga nazar solsak. Yaqin tarixda birinchi blog sifatida tilga olinadigan “Links.net” 1994 yil amerikalik erkin jurnalist Jastin Holl tomonidan yaratilgan. Asosan yaratuvchining shaxsiy qaydlaridan iborat bo'lgan bu sahifa hozirgi ko'rinishdagilaridan mutlaqo farq qilardi. Asoschi unda kun tartibidan o'rin olgan voqealar, rejalari va o'y-fikrlarini bayon qilib borgan. Bir so'z bilan aytganda, ilk bloglarning ijtimoiy qamrovi zamonaviy avlodlariniki kabi keng bo'lmagan.

“Weblog” atamasi va blogerlik faoliyati bevosita Jorn Bejer nomi bilan bog'liq. 1997 yilning 17 dekabrida u mazkur so'zni va o'z blogini ommaga taqdim etdi. Ayni shu yilda Sharlotte Observer ham o'z blogi bilan kuzatuvchilar diqqatini torta boshladi. Jurnalist Jonatan Dabb esa blogerlik faoliyatiga o'ziga xos, ya`ni jurnalistik yondashuv bilan kirib keldi. Uning har bir posti dolzarbligi, hali hech kim xabar topmagan yangiliklardan iboratligi bilan barchaning e`tiborini tortdi.

Ko'rib turganingizdek, jurnalistika kabi u qadar olis o'tmishga ega bo'lmagan blogerlik faoliyati 2000-2004 yillarda tezlik bilan rivojlana bordi. 2005-2010 yillarda muvaffaqiyat cho'qqisini zabt etdi. Texnika taraqqiyotining jadallashishi uning rivojiga rahnamolik qildi, desak to'g'ri bo'ladi. Chunki kompyuter va qo'l telefonlarining zamon va makon qarshiliklarini parchalay olish imkoniyati bloglarning tezkorligiga xizmat qildi. Bugun OAV muxbiri eshitgan yoki guvoh bo'lgan yangiligini tahririyatga kelib, yozib, tahrir qilib va o'quvchiga yetkazaman degunicha, bu ma`lumot blogerlarning voqea joyidan qilgan postlari sabab, darrov eskirib qoladi.

Bugun bosma nashrlarning “oyog'idan chalayotgan” bloglarning nima afzalligi bor? Nega aksariyat jurnalistlar va bu sohaga kirib kelayotgan yoshlar aynan shu faoliyat turini tanlamoqda?

Birinchi savol bilan ayrimlarga yuzlansangiz: “Axir biz XXI asrda yashayapmiz-ku. Internet turganda, qog'oz varaqlab o'tiramanmi?”, degan javobni olasiz. O'ylanib qoladi kishi, faqat o'zbekistonliklar yigirma birinchi asrda yashayaptimi? Agar butun dunyo shu asrni boshidan kechirayotgan bo'lsa, nega unda texnika taraqqiyotida bizdan ancha ilgarilab ketgan davlatlarda hali ham gazeta o'qishyapti? Yoki ular bizdan taraqqiyotda ortdami?..

Javoblar turlicha. Kimdir bu holatni xalqning ma`naviy darajasi bilan bog'lasa, yana kimdir nashrlarning salohiyat ko'rsatkichlarini vaj qiladi. Aslida noshirda ham, mushtariyda ham ayb bor. Biri ancha yillardan buyon eshitganini xonadan chiqmay, o'tirib yozishga o'rganib qolgandi. Ikkinchisi esa vaqt tig'izligini ro'kach qilib, qisqa xabarlarga usta bo'lgan blogerlar tomonga “o'tib oldi”.

Bugun jurnalistika sohasiga qadam qo'yayotgan yoshlarning aksariyati o'z blogini yaratishga intilmoqda. Hatto shu yo'nalishdagi universitetlarda o'qisa ham dars qolib, ayrim blogerlar treningida ishtirok etishni ma`qul ko'rmoqda. Ular qanday qilib ko'p o'quvchi yig'ish, qanday qilib qiziqarli yozish sirlarini o'rgatarmish.

Qiziqarli yozishning siri aslida ko'p o'qish va tinimsiz mashq qilishda ekanligini ularga kim tushuntiradi? O'sha blogerlarning o'zi qanday bilim darajasiga ega? Ko'p foizini jurnalistikaga aloqasi bo'lmagan kishilar qiziqarli yozishni kimdan o'rganishgan? Yaqinda, www.blogging.org sayti joriy yilning eng omadli va ko'p daromadli blogerlari ro'yxatini e`lon qildi. O'n besh mashhurni o'z ichiga olgan mazkur ro'yxatdagilarning aksariyati jamiyatga axborot yetkazish sohasida maxsus ta`lim ko'rmagan kishilardir. Hatto “SparkToro” blogining muallifi Rend Fishkin bu faoliyat bilan shug'ullanish uchun kollej diplomining ham keragi yo'q, deb hisoblaydi. Balki uning o'zi kollejdan haydalgani uchun shunday o'ylar, biroq ommaga axborot beruvchi kishi ma`lumotsiz bo'lishi mumkinmi? Axir axborot yozishdan maqsad faqat o'quvchini xabardor qilish emas, o'quvchining tafakkurini kengaytirish, ma`lumot xavfsizligiga javob berish ham demakdir.

Aslida chuqur bilim va tafakkurga ega bo'lgan kishigina qiziqarli yoza oladi. Qalami o'tkir jurnalistlarning etagidan mahkam tutib, ularning tajribasini o'zlashtirish esa muvaffaqiyatning kalitidir. Boringki, bugun mamlakatimizda amalda natijaga erishayotgan blogerlar tarallabedod qilib yurganidan emas, yozmoqchi bo'lgan sohasiga jiddiy yondashayotganidan, tinimsiz izlanayotganidan, deb hisoblash mumkin. Ya`ni, har qanday sohada ham yo'lning yengilini izlagan odam xato qiladi. Masalan, blogerlikni shunchaki piar, deb tushunish, bu yo'lda g'irrom yo'ldan borish, “beldan pastiga” urish nomard odamning ishi. Bunday “bloger”dan jamiyatga naf yo'q.

– Yaxshi yozishning kaliti – tinimsiz ijodiy mashq qilishda, – deydi O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikasiyalar universiteti rektori Sherzodxon Qudratxo'jaev. – Talaba qancha ko'p yozib, o'chirib va yana yozishda davom etsa, shundagina qiziqarli maqola tayyorlay oladi. Bunda hech qanday blogerning darsiga borish shart emas. Undan ko'ra, ustozlarning amaliy tajribasini o'zlashtirgan ma`qul. Ularni o'rni kelganda, savollarga ko'mib tashlab bo'lsa ham boy bilim manbalaridan nimanidir olishga erishgan talaba yaxshi va qiziqarli yoza oladi. Hozirgi talabalarimizda qiziquvchanlik yetishmaydi. Darsga kirgan o'qituvchini savollar bilan “toshbo'ron” qilib, undan hech qaysi bloger bera olmaydigan bilimni olishlari kerak.

Bir so'z bilan aytganda, blogerlik faoliyatining vaqt bilan hamqadamligini rad etish maqsadga muvofiq emas. Sohaga professional yondashayotganlar, maqsadni to'g'ri qo'yganlarning xizmatini e`tirof etmoq joiz. Demoqchimizki, makaron non o'rnini bosa olmaydi. Tezkor, ammo tafakkurni to'ydira olmaydigan maqola, sohaga noprofessionallarcha yondashish kun kelib ong bilan bog'liq muammolarga sabab bo'lishi mumkin.

 

Mukarram OTAMURODOVA

2019 yil 10 iyul, 27-son

“Oila va jamiyat” gazetasi

Boshqa xabarlar