Oliy va o'rta maxsus ta`lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida

35

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

So'nggi yillarda oliy va o'rta maxsus ta`lim tizimini modernizasiya qilish, ilm-fanni rivojlantirish, o'qitishning zamonaviy shakl va texnologiyalarini joriy etish bo'yicha keng ko'lamli ishlar olib borilmoqda.

O'tgan davr mobaynida iqtisodiyotning real sektori va ijtimoiy soha ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda hududlarda yangi, shu jumladan, yetakchi xorijiy oliy ta`lim muassasalari tashkil etildi, zamonaviy o'quv bosqichlari joriy etilib, talab yuqori bo'lgan bakalavriat ta`lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha kadrlar tayyorlash yo'lga qo'yildi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda jadal sur`atlar bilan amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa sohalardagi islohotlar Vatanimiz istiqboli uchun mas`uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir bo'lgan, yurt ravnaqi yo'lida munosib hissa qo'shuvchi malakali kadrlar tayyorlashni ustuvor vazifalardan biri etib belgilamoqda.

Oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimini tubdan takomillashtirish, sohada davlat boshqaruvi samaradorligini yanada oshirish, tizimdagi muassasalarning sifatli faoliyat yuritishini ta`minlash orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni tashkil etish maqsadida, shuningdek, 2017-2021yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasi hamda O'zbekiston Respublikasida Ma`muriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq:

1. Quyidagilar oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimini tubdan takomillashtirishning asosiy yo'nalishlari etib belgilansin:

oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi sohasida zamonaviy va mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma`naviy-axloqiy fazilatlarga ega, bilimli hamda yuqori malakali kadrlar tayyorlash;

oliy ta`lim muassasalarida kasbiy faoliyat yo'nalishida zamonaviy bilim va malakaga ega, axborot-kommunikasiya texnologiyalari hamda chet tillarini o'zlashtirgan kadrlar tayyorlash sifatini ta`minlash;

barcha oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarini o'quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy, shuningdek, ularda mutaxassislar tayyorlash sifati, ta`lim mazmuni va darajasining davlat ta`lim standartlari hamda malaka talablariga muvofiqligini ta`minlash;

zamonaviy pedagogik texnologiyalar va o'qitish uslublaridan keng foydalanish asosida o'quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, ta`lim jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish hamda o'qitishning ilg'or shakllari, axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish;

ta`limda ma`naviy-axloqiy mazmunni kuchaytirish, yoshlarni, mustaqillik g'oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak ma`naviy g'oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlarini tashkil etish;

oliy ta`lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish, ularning samaradorligini oshirish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta`lim, fan va ishlab chiqarishning o'zaro mustahkam integrasiyasini ta`minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni jalb qilish va har tomonlama qo'llab-quvvatlash;

zimmasiga yuklangan vazifalarni samarali va yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlarni tanlash hamda oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarini bunday mutaxassislar bilan ta`minlash, tizimli rag'batlantirish ishlarini olib borish;

rahbar va pedagog kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish, takomillashtirib borish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini oshirish uchun sharoitlar yaratish, jumladan, xorijiy davlatlarda malaka oshirish va stajirovka o'tashni tashkil etish, o'quv jarayonlariga xorijlik olimlar, o'qituvchilar va yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish;

talabalar, o'qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning jahon ta`lim resurslari, ilmiy adabiyotlar elektron katalogi va ma`lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

ilg'or xalqaro tajribalar asosida ta`lim tizimini takomillashtirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, hamkorlikdagi qo'shma oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi dasturlarini amalga oshirish, ta`lim sohasida erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;

ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflaridan hamda xorijiy tajribadan kelib chiqib, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o'zgarishlarni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarida mehnat bozorida talab etiladigan mutaxassislarni tayyorlash uchun o'quv rejalari va dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish.

2. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi (keyingi o'rinlarda – Markaz) tugatilsin hamda Markazning bo'shayotgan shtat birliklari ushbu vazirlikka o'tkazilsin.

Belgilansinki, O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi Markazning barcha huquq va majburiyatlari hamda shartnomalari bo'yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.

3. Quyidagilar O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining idoraviy bo'ysunuviga o'tkazilsin:

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi huzuridagi Kasb-hunar ta`limi tizimini innovasion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi huzuridagi Metrologik nazorat xizmati;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazining Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasb-hunar ta`limi hududiy boshqarmalari va ular tizimidagi kasb-hunar ta`lim muassasalari.

4. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi (keyingi o'rinlarda – Vazirlik) oliy, o'rta maxsus va kasb-hunar ta`limi bo'yicha yagona davlat siyosatini, shuningdek, oliy, o'rta maxsus va kasb-hunar ta`limi muassasalarida bo'ysunuviga ko'ra vazirlik va idoralar bilan birgalikda o'quv-tarbiya jarayoniga tashkiliy va metodik rahbarlikni amalga oshirish yuzasidan vakolatli davlat organi etib belgilansin.

5. Vazirlik hamda O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019 yil 1 avgustdan boshlab quyidagilarni amalga oshirish to'g'risidagi takliflariga rozilik berilsin:

a) yagona tarif setkasi bo'yicha mehnatga haq to'lashning tasdiqlangan razryadlariga ko'ra vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffisientlarini bir yarim baravar miqdorida qo'llash hamda bu bilan bog'liq qo'shimcha xarajatlarni O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan qoplash;

b) O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag'lari hisobidan Vazirlik markaziy apparatining:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 30 foiz;

fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga – 35 foizustamalar belgilash;

v) O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi mablag'lari hisobidan Vazirlikning markaziy apparati xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha – 10 foiz5 yildan 10 yilgacha –20 foiz10 yildan 20 yilgacha – 30 foiz20 yildan ortiq – 40 foiz oylik ustamalar to'lash;

6. Respublika oliy va kasb-hunar ta`limi muassasalarida o'qish uchun xorijiy fuqarolarni keng jalb qilish maqsadidashunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq 2019/2020 o'quv yilidan boshlab oliy ta`lim muassasalari rektorlari (filiallar direktorlari), kasb-hunar ta`limi muassasalari direktorlariga bo'ysunuvi bo'yicha vazirlik va idoralar bilan kelishilgan holda:

xorijiy fuqarolarni o'qitish uchun oliy va kasb-hunar ta`limi muassasalaridaalohida bakalavriat ta`lim yo'nalishlari, magistratura mutaxassisliklari, kasblar va mutaxassisliklar ochishularni o'qitish tili hamda akademik guruh shakllantirish uchun zarur talabalar (o'quvchilar) sonini belgilash;

kasb-hunar ta`limi muassasalarida kasblar va mutaxassisliklar bo'yicha ta`lim olish istagida bo'lganxorijiy fuqarolarni o'qitish muddati, davomiyligi va ularni to'lov-kontrakt asosida o'qitish qiymatini belgilash huquqi beriladi.

7. O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Vazirlik bilan birgalikda ikki oy muddatda tugatilayotgan Markaz xodimlarini ish bilan ta`minlash choralarini ko'rsin.

8. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Oliy va o'rta maxsus ta`lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini belgilangan tartibda kiritsin.

9. Vazirlik ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                               Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 11 iyul

 

O'zA
Boshqa xabarlar