Oliy va o'rta maxsus ta`lim tizimiga boshqaruvning yangi tamoyillarini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida

39

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 11 iyuldagi PF-5763-son “Oliy va o'rta maxsus ta`lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmoni ijrosini ta`minlash maqsadida:

1. Quyidagilar O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining asosiy vazifalari etib belgilansin:

oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi sohasida zamonaviy bilim va yuksak ma`naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari va chet tillarini chuqur o'zlashtirgan kadrlarni tayyorlashning yuqori darajasi va sifatini ta`minlash;

idoraviy mansubligidan qat`iy nazar barcha oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish, o'quv-pedagogik va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirish, mutaxassislar tayyorlash sifati, ta`lim mazmuni va darajasining davlat ta`lim standartlari va malaka talablariga mosligini ta`minlash;

ta`limning yangi pedagogik texnologiyalari va o'qitish uslublarini joriy etishning xalqaro amaliyotga muvofiq ta`lim jarayonini tashkil etish, o'quv rejalari va fan dasturlarini takomillashtirish, o'qitishning zamonaviy shakllari va axborot-kommunikasiya texnologiya vositalarini joriy etgan holda o'quv jarayonini sifat jihatidan yangilash;

iqtisodiyot tarmoqlari, fan va ijtimoiy sohani rivojlantirish ehtiyojlarini hisobga olgan holda ta`lim yo'nalishlari va mutaxassisliklarini optimallashtirish, ishlab chiqarish va boshqa korxonalarda talabalar amaliyotini tashkil etish;

oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limining ma`naviy-axloqiy mazmunini kuchaytirish, yoshlarni mustaqillik g'oyalariga sadoqat, milliy qadriyatlarga hurmat, insonparvarlik va yuksak ma`naviy g'oyalar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, yot g'oya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlash;

oliy ta`lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlarini samarali tashkil etish, tadqiqot natijalarini amaliyotga keng joriy etish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, oliy ta`lim, fan va ishlab chiqarishning o'zaro mustahkam integrasiyasini ta`minlash, ilmiy-tadqiqot ishlariga iqtidorli yoshlarni keng jalb etish hamda ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash;

ta`lim muassasalarini zimmasiga yuklangan vazifalarni yuqori professional darajada bajarishga qodir rahbar va pedagog kadrlar bilan ta`minlash, ularni tizimli rag'batlantirish choralarini ko'rish;

oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarining rahbar va pedagog kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uzluksiz tizimini tashkil etish va takomillashtirish, ularning kasbiy mahorati sifati va darajasini muntazam oshirib borishi uchun sharoitlar yaratish, xorijiy davlatlarda malaka oshirish va stajirovka o'tashni tashkil etish;

zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish orqali talabalar, o'qituvchilar va yosh tadqiqotchilarning jahon ta`lim resurslari, ilmiy adabiyotlar elektron katalogi va ma`lumotlar bazasidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;

xalqaro aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash, hamkorlikdagi qo'shma oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi dasturlarini amalga oshirish, sohada erishilgan yutuqlarni xalqaro miqyosda keng yoritish;

ish beruvchilarning ehtiyojlari va takliflari, ilg'or xorijiy tajriba, iqtisodiyotning real sektoridagi tarkibiy o'zgarishlarni hisobga olgan holda kasb-hunar kollejlarida mehnat bozorida talab yuqori bo'lgan mutaxassislarni tayyorlash uchun o'quv rejalari va dasturlar ishlab chiqilishini tashkil etish;

o'quv va ilmiy laboratoriya bazalarini modernizasiya qilish, zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash, sport-sog'lomlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish.

2. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi (keyingi o'rinlarda – Markaz) tugatilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Quyidagilar:

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi huzuridagi Kasb-hunar ta`limi tizimini innovasion rivojlantirish, pedagog kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti negizida O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Pedagogik innovasiyalar, kasb-hunar ta`limi boshqaruv hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazi huzuridagi Metrologik nazorat xizmati negizida O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi O'quv ustaxonalari, texnik reglamentlar va metrologik nazorat xizmati;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasb-hunar ta`limi markazining Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar kasb-hunar ta`limi hududiy boshqarmalari negizidaO'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy ta`limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limini rivojlantirish markazi negizida O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Oliy ta`limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazitashkil etilsin.

4. O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi (keyingi o'rinlarda – Vazirlik) markaziy apparati tuzilmasiga oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirining yoshlar, ma`naviyat va ma`rifat masalalari bo'yicha o'rinbosarilavozimi kiritilsin.

5. Quyidagilar:

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari umumiy cheklangan soni 119 nafardan iborat bo'lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy ta`limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmasining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

Oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi sifatinioshirish bo'yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. O'zbekiston Respublikasi oliy va o'rta maxsus ta`lim vaziriga:

Vazirlik markaziy apparati, Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kasbiy ta`limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari, shuningdek, idoraviy bo'ysunuvidagi tashkilotlar tuzilmasiga belgilangan shtatlar soni doirasida o'zgartirishlar kiritish;

O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Oliy ta`lim muassasalarini rivojlantirish jamg'armasi yoki qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan davlat organlari va tashkilotlari, loyiha institutlari, ta`lim muassasalari, ishlab chiqarish tashkilotlari, shuningdek, xalqaro va xorijiy kompaniyalar yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarini konsultant sifatida ishga jalb etish, ularning mehnatiga haq to'lash va boshqa to'lovlari miqdorlarini shartnoma asosida mustaqil belgilash huquqi berilsin.

7. Shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq:

a) oliy ta`lim muassasalarining tuzilmalari tegishli oliy ta`lim muassasalari rektorlari (mahalliy oliy ta`lim muassasalari filiallari direktorlari) tomonidan oliy ta`lim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi;

b) davlat va davlat ulushi mavjud bo'lgan oliy ta`lim muassasasining rektori(xorijiy oliy ta`lim muassasasi filialining mahalliy rektori yoki direktori, ijrochi direktori) bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora rahbarining tavsiyasiga ko'ra O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi bilan kelishilgan holdaVazirlar Mahkamasi tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

v) davlat va davlat ulushi mavjud bo'lgan oliy ta`lim muassasasining prorektorlari (mahalliy oliy ta`lim muassasasining filiali direktori, uning o'rinbosarlari, xorijiy oliy ta`lim muassasasi direktori o'rinbosarlari) oliy ta`lim muassasasi rektorining tavsiyasiga asosan bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi, bunda:

o'quv ishlari bo'yicha prorektor (filial direktori o'rinbosari) lavozimiga nomzod O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi;

yoshlar bilan ishlash bo'yicha prorektor (filial direktori o'rinbosari) lavozimiga nomzod O'zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi;

ilmiy ishlar va innovasiyalar bo'yicha prorektor (filial direktori o'rinbosari) lavozimiga nomzod O'zbekiston Respublikasi Innovasion rivojlanish vazirligi bilan kelishiladi;

g) oliy ta`lim muassasalari:

huzuridagi ilmiy-tadqiqot muassasalarimalaka oshirish va qayta tayyorlash muassasalari rahbarlari, akademik liseylar direktorlari, bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda oliy ta`lim muassasasiningrektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

fakultet dekanlari oliy ta`lim muassasasining rektori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

d) O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligining Kasbiy ta`limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish hududiy boshqarmalari boshliqlari, shuningdek, Vazirlikka idoraviy mansub tashkilotlar va muassasalar rahbarlari oliy va o'rta maxsus ta`lim vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

e) kasb-hunar ta`limi muassasalari:

direktorlari bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi;

direktorining o'rinbosarlari bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda kasb-hunar ta`limi muassasalari direktori tomonidan, shuningdek, akademik lisey direktori o'rinbosarlari oliy ta`lim muassasasi rektori bilan kelishilgan holda akademik lisey direktori tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimidan ozod etiladi.

8. Vazirlik, O'zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining 2020 yildan boshlab ta`lim xizmatlari bozorida oliy ta`lim muassasalarining ayrim bakalavriat ta`lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga talab yuqoriligi va moliyaviy barqarorligini inobatga olib, ularni bosqichma-bosqich o'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tkazish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

Vazirlik O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, tasarrufida oliy ta`lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda oliy ta`lim muassasalarini bosqichma-bosqich o'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tkazish tartibini 2019 yil 1 sentyabrga qadar ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

9. O'zini o'zi moliyalashtirish tizimiga o'tayotgan oliy ta`lim muassasalariga quyidagi huquqlar berilsin:

a) yuqori malakali mutaxassislarni jalb etish, ko'rsatiladigan ta`lim xizmatlari sifatini oshirish maqsadida xodimlarga ustamalar va moddiy rag'batlantirishning boshqa turlari miqdorlarini mustaqil belgilash;

b) iqtidorli, shuningdek, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlaridan bo'lgan talabalarni moddiy rag'batlantirish va qo'llab-quvvatlash;

v) saqlash xarajatlari, vazifa va majburiyatlarni bajarish, o'qitishning innovasion shakl va uslublarini joriy etish hamda xodimlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, dasturiy ta`minotlar, zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari, o'quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallarini (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa ob`ektlar), shu jumladan, kitoblar, jurnallar, o'quv adabiyotlari xarid qilish va chop ettirish uchun mablag'larni mustaqil sarflash;

g) oliy ta`lim muassasasi infratuzilmasiga servis xizmatlari ko'rsatishning alohida turlari, jumladan, bino va inshootlar, talabalar turar joylari, sport ob`ektlaridan foydalanish, ularni tozalash, ta`mirlash, kompyuter texnikasi va telekommunikasiya tarmoqlarini saqlash va yuridik xizmatlar ko'rsatishni autsorsing shartlarida tashkil etish;

d) bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora bilan kelishilgan holda:

oliy ta`lim muassasasining ilmiy-pedagogik salohiyati, uning moddiy-texnik bazasi imkoniyatlarini inobatga olib, talabalarni to'lov-kontrakt asosida o'qishga qabul qilish parametrlarini belgilash, yangi bakalavriat ta`lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochish;

oliy ta`lim muassasasini o'zini o'zi to'liq moliyaviy ta`minlash miqdoridan kelib chiqib, to'lov-kontrakt asosida o'qitish qiymatini belgilash.

10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi, Vazirlik hamda tasarrufida oliy ta`lim muassasalari bo'lgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda har bir oliy ta`lim muassasasining yo'nalishi va xususiyatidan kelib chiqqan holda ularning jihozlanishi alohida yondashuvni talab etayotganligini inobatga olib, Investisiya dasturlari doirasida o'quv-laboratoriya uskunalari, axborot-kommunikasiya vositalari va boshqa texnikalar bilan jihozlash uchun ajratiladigan mablag'larni to'g'ridan-to'g'ri oliy ta`lim muassasalariga moliyalashtirish orqali ular tomonidan o'rnatilgan tartibda xaridlar amalga oshirilishini ta`minlasin.

11. Belgilansinki:

a) to'lov-kontrakt asosida ta`lim olayotgan talabalar uchun kontrakt to'lovlarini amalga oshirish muddatlari oliy ta`lim muassasasi rektori (mahalliy oliy ta`lim muassasasining filiali direktori) tomonidan uzaytiriladi;

b) mahalliy va xorijiy oliy ta`lim muassasalarining o'zaro kelishuvi doirasida amalga oshirilayotgan qo'shma ta`lim dasturlari, jumladan, qo'shma fakultetlarda:

talabalarni qabul qilish tartibi, to'lov-kontrakt asosida o'qitish qiymati hamda mahalliy va xorijiy professor-o'qituvchilar mehnatiga haq to'lash miqdorlari hamkor xorijiy oliy ta`lim muassasalari bilan kelishuv asosida;

o'qishga qabul qilish parametrlari, ta`lim yo'nalishlari va mutaxassisliklarini tasdiqlash hamkor xorijiy oliy ta`lim muassasalari, bo'ysunuvi bo'yicha tegishli vazirlik va idora hamda O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi bilan kelishilgan holda oliy ta`lim muassasasi tomonidan amalga oshiriladi;

v) talaba-yoshlar o'rtasida sport musobaqalarini keng ommalashtirish va rivojlantirish maqsadida oliy ta`lim muassasalari sport klublarini saqlash, sport musobaqalari va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarini o'tkazish hamda ishtirokchilarni kiyim-kechak bilan ta`minlashni moliyalashtirish oliy ta`lim muassasalarining to'lov-kontrakt asosida o'qitishdan tushadigan mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

12. 2022 yil 1 yanvarga qadar:

oliy ta`lim muassasalari tomonidan o'rnatilgan tartibda shakllantiriladigan ro'yxat bo'yicha o'qitishning to'lov-kontrakt shaklidan tushgan mablag'lar doirasida oliy ta`lim muassasalari va ular huzuridagi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini ta`minlash uchun olib kelinadigan kitoblar, jurnallar, o'quv adabiyotlari, dasturiy ta`minotlar, zamonaviy axborot-kommunikasiya vositalari, o'quv va ilmiy laboratoriyalar hamda sarflanadigan laboratoriya materiallari (reaktivlar, kimyoviy idish, butlovchi, biologik materiallar va boshqa ob`ektlar) bojxona to'lovlarini to'lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig'imlaridan tashqari);

O'zbekiston Respublikasidagi oliy ta`lim muassasalari bilan o'zaro kelishuv bo'yicha qo'shma dasturlar (fakultetlar va akademik dasturlar) hamda filiallar (markazlar) shaklida kadrlar tayyorlashni yo'lga qo'ygan chet el oliy ta`lim muassasalari ularning O'zbekiston Respublikasida amalga oshirayotgan oliy ta`lim faoliyati doirasida olingan daromadlari bo'yicha barcha turdagi soliqlar, shuningdek, chet ellik xodimlarning mehnatiga haq to'lash fondi qismi bo'yicha yagona ijtimoiy to'lov to'lashdan ozod etilsin.

13. Vazirlik:

bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi to'g'risidagi nizomni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin;

manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                               Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 11 iyul

 

O'zA
Boshqa xabarlar