TRANSPORT INFRATUZILMASINI QAYTA KO'RIB ChIQISh VAQTI KELMADIMI?

165
Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida turizm infratuzilmasini yaxshilash masalasi atroflicha muhokama qilinib, uning bir qator asosiy sabablari o'rganildi. Bu o'rinda bevosita turizm bilan bog'liq bo'lgan transport sohasi ham e`tibordan chetda emas. Jurnalist Yunus Bo'ronov tomonidan mutasaddilar, mutaxassislar, oddiy odamlar va sayyohlar fikrlari asosida transport infratuzilmasidagi nuqsonlar hamda kamchiliklar misolida buning sabablari tahlil etildi. Quyida ana shu tahlillarni e`tiboringizga havola etamiz.
Maqolani to'liq quyida o'qing.

SOG'LOM RAQOBATGA NIMA TO'SQINLIK QILYaPTI?

 

 

O'tgan yili Saudiya Arabistonidan Gruziyaga 74 ming, Ozarbayjonga 54 ming va Malayziyaga 33 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi. O'zbekistonga esa ushbu mamlakatdan bor-yo'g'i 821 nafar mehmon ziyoratga kelgan. 2018 yil mobaynida saudiyaliklar birgina Malayziyada 916 million (salkam 1 milliard!) dollar sarflashgan. Bu bitta davlat sayohatchilaridan kelgan daromad.

Shu o'rinda tabiiy savol tug'iladi. Imom Buxoriy, At-Termiziy, Al-Farg'oniy kabi islom olamining butun dunyoga mashhur olimu allomalari yurti — O'zbekistonga nega xorijlik mehmonlar oqimi sust? Keling, mutasaddilar, mutaxassislar, oddiy odamlar va sayyohlar fikrlari asosida transport infratuzilmasidagi nuqsonlar hamda kamchiliklar misolida buning sabablarini tahlil etishga harakat qilsak.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrdagi Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida turizmni jadal taraqqiy ettirish orqali 2025 yilgacha yurtimizga tashrif buyuradigan xorijlik sayyohlar sonini 7 million nafarga, undan keladigan yillik daromadni esa 2 milliard dollarga yetkazish lozimligini ta`kidlagandi. Bugun turizm infratuzilmasini yaxshilash maqsadida amalga oshirilayotgan islohotlar qanchalik samara beradi? Bunga nimalar xalaqit bermoqda?

Yaqinda Oliy Majlis Senatining yigirmanchi yalpi majlisida ushbu masala atroflicha muhokama qilinib, uning bir qator asosiy sabablari o'rganilgan. Ushbu omillar qatorida sayyohlarning mamlakatimiz bo'ylab erkin harakatlanishi uchun transport xizmati ko'ngildagidek yo'lga qo'yilmagan, degan noto'g'ri tasavvur mavjudligi ham alohida ta`kidlab o'tilgan.

Aslida ham bu noto'g'ri tasavvurmi? Maqolamiz avvalida faqat Saudiya Arabistoni sayyohlari eng ko'p tashrif buyuradigan davlatlar ro'yxatini bejiz keltirmadik. Jidda (Saudiya Arabistoni)dan Kuala Lumpur (Malayziya)gacha bo'lgan masofa 7000 kilometrni tashkil etadi. Buning uchun 8 soatu 40 daqiqa parvoz qilinadi. Chipta narxi esa 509 dollardan boshlanadi. Saudiya Arabistonining mazkur shahridan Toshkentgacha bo'lgan masofa 3500 kilometrni tashkil qilgani barobarida, 4 soatu 40 daqiqa uchiladi. O'zbekiston Milliy aviakompaniyasi chipta narxlari 870 dollardan boshlanadi. Masofalar teng yarmiga farq qilishiga qaramay, narxdagi tafovut deyarli 35 — 40 foizni tashkil qilmoqda.

Demak, mamlakatimizda transport tizimida saqlanib qolayotgan monopol tizim birgina sayyohlik rivojidagi eng katta to'siq, deyish mumkin. Xulosamizni dalillar bilan boyitsak.

“Bir yilda ikki barobar qimmatlashdi”

— Almati shahriga borish uchun Toshkentdan poezd chiptalarini qidirdim, — deydi ziyo.uz sayti asoschisi va bloger Davronbek Tojialiev. — Bugunga bor ekan (2019 yil 19 iyun). Tezyurar “Talgo” poezdi. “O'zbekiston temir yo'llari” AJ saytiga kirib, narxini bildim: eng arzon bilet 328 824 so'm. Kupe — 756 931 so'm, lyuks — 1 091 103 so'm. Saytda yozilishicha, chipta narxi bilan birga vositachilik yig'imi ham olinarkan. MDH davlatlariga qatnaydigan poezdlar uchun 70 000 so'm. Jami 400 000 so'mga yaqin bo'larkan. Qimmatlik qildi.

Bor-e, dedim-da Chernyaevkadan Chimkentga yo'lga chiqdim. Taksida 1500 tenge (33000 so'm) bilan Chimkent temir yo'l vokzaliga yetib oldim. Shu yerdan ayni Toshkent — Almati poezdiga Chimkentdan Almatigacha chipta oldim: 3800 tenge (83600 so'm). Toshkentda 400000 so'm bo'lgan chipta Chimkent orqali menga 116600 so'mga tushdi. O'sha reys, o'sha poezd, o'sha vagonlar, o'sha yo'l. Toshkent — Chimkent oralig'idagi masofa 130 km. xolos. Chipta narxi esa kamida 3 baravar arzon.

— O'tgan yili iyul oyida Toshkent — Parij — Toshkent reysining chiptasini 3 600 000 so'mga sotib olgan edim, — deya so'zini davom ettiradi bloger Feruz Allaev. — Nimadir chegirmalar berishgandi. Chiptaning o'rtacha narxi adashmasam, 4 200 000 so'm edi. Bu yil ham iyul oyiga Parijga chipta olmoqchi bo'ldim. Chipta narxi 6 150 000 so'm. Narx chegirmadagi qiymatdan 2 550 000 so'm, ya`ni 300 dollarga oshgan. Shuning uchun ham Istanbul orqali uchishga qaror qildim.

“O'zbekiston temir yo'llari” AJ xizmatida ham muammolar bisyor:

— Temir yo'l kassalaridagi muammolarga, sansalorliklarga ham qachondir chek qo'yilarmikin, — deydi Xo'jayli tumanilik Davronbek Yusupov. — O'zim tadbirkorman, tijorat ishlari tufayli qo'shni mamlakatlarda ham juda ko'p safarda bo'laman. Muammoning tub mohiyati shundaki, bizda temir yo'l chiptalari juda qimmat. Boz ustiga, bor chiptani ham bron qilingan, chipta yo'q, deya sarson qilishadi. Ishonmasangiz, Xorazm va Qoraqalpog'istonga bo'm-bo'sh qatnayotgan poezd vagonlariga chiqib ko'ring. Bundan ko'zlangan maqsad nima?

Mutaxassis fikri: 
“Imkoniyatlarimizdan oqilona foydalana olmayapmiz”

— Aviaqatnovlar kam, chiptalar narxi esa osmonda. Bugun dunyoda transport harakatlarining 80 foizi suvda amalga oshiriladi. Atigi 20 foizigina avia, temir yo'l va avtomobil transporti hissasiga to'g'ri keladi, — deydi samarqandlik oliy darajali gid-tarjimon O'ktam Rajabov. — Bizda suv transporti yo'q. Shunday ekan, mavjud imkoniyatlarimizdan ham oqilona foydalana olmayapmiz. Bizga murojaat qilayotgan sayyohlarning aksariyati aviachiptalarning qimmat ekanligidan shikoyat qilishyapti. Bu, o'z navbatida, yurtimizga xorijlik mehmonlar oqimining kengayishiga asosiy to'siq bo'lmoqda. Ular jon deb bizning qadim shaharlarimizni ko'rishni, osoriatiqalarimiz bilan yaqindan tanishishni xohlashadi. Mana, masalan, Turkiya davlatini oling. Barcha qatnovlarga aviachipta narxlari arzon qilib belgilangan. Nega? Chunki qancha sayyoh ko'p kelsa, mamlakat shuncha rivojlanadi. Savdo, umumiy ovqatlanish va mehmonxona xizmatlari tizimi yuksaladi. Turizmni rivojlantirish uchun biz, avvalo, shu jihatlarga jiddiy e`tibor qaratishimiz zarur.

Mutasaddilarning javobi aniq: “Biz monopolist emasmiz”

Joriy yil 20 iyun kuni poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida “O'zbekiston havo yo'llari” MAK mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani o'tkazilgandi. Unda ijtimoiy tarmoqlarda so'nggi paytlarda Milliy aviakompaniyaga nisbatan ko'p qo'llanilayotgan monopoliya masalasi ko'tarilgandi.

“O'zbekiston havo yo'llari” MAK Bosh direktori birinchi o'rinbosari Umid Husanov bu savolga quyidagicha javob qaytardi:

— Negadir shu masala ko'p ko'tariladi. To'g'ri, biz respublika hududidagi yagona aviatashuvchimiz. Lekin monopol tashkilot emasmiz! Bizning hech kimga qarshiligimiz yo'q, aviakompaniya ochsin, marhamat — ishlasin. Aksincha, sog'lom raqobatda rivojlanish bo'ladi. Samolyot sotib olsin, uchuvchi topsin, zarur tashkilotlar bilan kelishsin, ishlayversin.

Ma`lumot o'rnida ta`kidlashni istardimki, bugungi kunda “O'zbekiston havo yo'llari” MAK aeroportlaridan 63 ta xalqaro yo'nalish bo'yicha muntazam qatnovlar yo'lga qo'yilgan. 2017 yilda ularning soni 58 ta edi. O'tgan yildan boshlab hozirgi kunga qadar to'rtta yangi yo'nalish ochildi — Mumbay (haftasiga 3 qatnov), Vladivostok (haftasiga 1 qatnov), Jidda (haftasiga 3 qatnov) va Jakarta (haftasiga 2 qatnov).

2018 yil yakuniga ko'ra, Milliy aviakompaniya o'z tarixida ilk marotaba uch millionlik bosqichni bosib o'tib, 3 million 173 ming yo'lovchini tashidi. Bu esa 2017 yil ko'rsatkichiga nisbatan 117 foiz ko'p deganidir. Bundan 1 million 91 ming yo'lovchi uzoq xorij mamlakatlariga, 1 million 477 ming — MDH yo'nalishlarida va 606 ming yo'lovchi ichki yo'nalishlarda tashildi. Ushbu yo'lovchilarning 800 mingdan ortig'i xorijiy fuqarolar, shu jumladan, 56 ming nafari Qozog'iston, 16 ming nafari Tojikiston va 12 ming nafari Qirg'iziston fuqarolaridir. Rossiya Federasiyasi, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Qozog'iston Respublikasi, Koreya Respublikasi Milliy aviakompaniya uchun asosiy yo'lovchi tashuvlari bozori hisoblanadi.

Aviakompaniyamiz tomonidan 2018 yilda chegirmalar taqdim etildi — vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Rossiya Federasiyasiga safarga chiqqan shaxslarga iqtisodiy klass minimal tarifidan 20 foiz miqdorida (48,9 mlrd. so'mlik 33 450 dona chipta sotilgan bo'lib, ushbu toifadagi jismoniy shaxslarga berilgan chegirma 9,9 mlrd. so'mni tashkil etdi). Qoraqalpog'iston Respublikasi va Xorazm viloyati aholisiga — 50 foiz miqdorida. Shuningdek, chet ellik sayyohlar uchun xalqaro qatnovlarda tariflar 30 foizgacha pasaytirildi.

U.Husanovning so'zlariga MAK moliyaviy iqtisodiy departamenti direktori Alisher Sattorov qo'shimcha qildi:

— Loukoster, monopoliya bo'yicha ko'pchilikni bitta masala qiziqtiradi. Arzon narxlar, qulay xizmat. Mana, masalan, o'tgan yili qish mavsumida biz eng ko'p qatnov uyushtiriladigan Moskva yo'nalishidagi narxlarni 80 yevrogacha tushirdik. Mana shuni loukoster alomatlari, monopoliya susaygani sifatida baholash mumkin. Qolaversa, Rossiyadan turistik oqim oshib bormoqda va ko'pchilik bizning xizmatlardan foydalanmoqda. Holbuki, Rossiyadan bizga uchib kelishda 9 ta aviakompaniya xizmat ko'rsatadi. Demak, bizni tanlashlari bejiz emas.

“Ochiq osmon” siyosati

BMTning Turizm bo'yicha xalqaro agentligi ma`lumotlariga ko'ra, bugungi kunda butun Yaqin Sharqdagi xalqaro turizmdan keladigan daromadning uchdan bir qismi aynan Dubay hissasiga to'g'ri keladi. Uning sayyohlikdan oladigan daromadi 2017 yilda 31 foiz oshib, 77 milliard dirham (21 milliard AQSh dollari)ni tashkil etdi. 2017 yilda mazkur shaharga o'rtacha 16 million nafar sayyoh tashrif buyurdi, 2020 yilda esa ushbu ko'rsatkichni 20 million nafargacha yetkazishga harakat qilinmoqda.

So'nggi o'ttiz yil davomida mutlaqo cho'lda dunyoning eng yirik megapolislaridan biriga aylantirilgan Dubayga bugun sayyohlar nima uchun intilmoqda?

Mutaxassislarning fikricha, eng so'nggi me`morchilik yutuqlari asosida qad rostlagan osmono'par binolari bilan butun dunyoni hayratga solayotgan mazkur shaharga boshqa ko'plab omillar qatori yo'l xarajatlarining nisbatan arzonligi ham chet elliklar oqimi muttasil o'sishini ta`minlamoqda.

Dubay amiri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum o'z kundaliklarida shunday yozadi:

“1970-yillar oxirida biz Dubayda “Ochiq osmon” siyosatini yurita boshladik.

Aeroport ko'proq aviakompaniyalarni jalb qilish maqsadida qurildi. Biz dunyodagi har qaysi aviakompaniya Dubay aeroportida istalgan miqdorda qo'nish sonini bron qilish huquqiga ega, deb e`lon qildik.

“Ochiq osmon” siyosatining maqsadi bizning raqobatbardoshligimizni oshirish va iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirishdan iborat edi…

…1985 yil 25 oktyabr kuni ukam, shayx Maktum bilan birga endigina tashkil qilingan “Emireyts Eyrlayn” aviakompaniyasining birinchi reysi bilan Karachiga yo'l oldik. Yangi aviakompaniyani ekspluatasiyaga kiritish jarayonidagi asabbuzarliklardan horigan bo'lsak-da, juda zavq-shavqqa to'la edik. Bu hali uzoq va murakkab yo'lning boshlanishi ekanligini bilardim.

Bugun “Emireyts Eyrlayn” eng yaxshi aviatashuvchi sifatida ko'plab xalqaro mukofotlarga sazovor bo'ldi. U 30 yildan ortiqroq davrni qamrab olgan uzoq va samarali tarixga ega. 2018 yilda uning umumiy daromadi 28 milliard dollarni tashkil qildi. 100000 kishilik jamoa va 260 ta keng fyuzelyajli samolyot parkiga ega aviakompaniya butun dunyo bo'ylab yiliga 60 million yo'lovchiga xizmat ko'rsata oladi”.

Xalqaro tajribadan olingan saboq shuki, nafaqat sayyohlik, balki milliy iqtisodiyotni rivojlantirishimiz uchun ham mamlakatimizda transport infratuzilmasini qayta ko'rib chiqish vaqti keldi. Tizimda halol raqobat va shaffoflik ta`minlanmas ekan, muammo esa muammoligicha qolib ketaveradi. Mohiyat o'zgarmaydi.

Yunus BO'RONOV, 

“Xalq so'zi”.

2019 yil 9 iyul, 139-son

“Xalq so'zi” gazetasi

 

Boshqa xabarlar