YuZAKI «TADBIR»LAR NATIJASI…MI?

40

 

Yoshlar kelajagimiz deb ko'p bora takrorlaymiz. Bugungi kunda ularning tarbiyasi jiddiy yondashuvni talab etadigan masalalardan biri sanalib qolmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib borar ekanmiz har kuni biror bir yoshning xurmacha qilig'iga guvoh bo'lamiz. Bu safar kun qaxramonlari Samarqand viloyati yoshlari. Yormamat Rustamovning maqolasidan o'rin olgan mavzuda jamoatchilikning fikrlari jamlangan. O'ylaymizki, ushbu fikrlar sizni  ham befarq qoldirmaydi.

 

Maqolani to'liq quyida o'qing.

ZAMONAMIZ YoShLARI KIMDAN O'RNAK OLYaPTI?

 

Yoshlarning bu xatti-harakatini har birimiz qoralaymiz, ularning bunday ishlarga qo'l urishini ta`lim-tarbiyasidagi kamchilik deymiz, lekin ko'pchiligimiz shu paytgacha bunday yoshlar bilan suhbatlashib, orzu-niyating nima, qanday maqsading bor, deb so'ramaganmiz

Avvalroq boshiga chiqindi chelagini kiydirib, buvisi tengi onaxonni kalaka qilgan o'spirinlarning xurmacha qilig'i, keyinchalik Sohibqiron Amir Temur bobomiz haykali ustiga, hattoki, uning boshiga o'tirib olgan yoshlar, endi esa tramvaydagi yo'lovchilarning yuziga aerozol suyuqligini sepib qochayotgan maktab o'quvchilari…

Xo'sh, so'nggi bir yil nari-berisida Samarqand viloyatida yoshlar, ayniqsa, o'spirinlar ishtirokida ro'y bergan hamda ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan bu voqealarning tag-zamirida nima yotibdi? Aslida bu voqelar ko'pchilikka ma`lum bo'lganlari. Ma`lum bo'lmaganlari yana qancha? Umuman, yoshlar tarbiyasi, ularni «har tomonlama kamol toptirish» borasida amalga oshirilayotgan yuzaki «tadbir»larimizning natijasi emasmikan bu?

 

«To'qlikka sho'xlik» deganlari shumi?

E`tibor qilgan bo'lsangiz, yuqoridagi voqealarning ishtirokchilari, asosan, shahar maktablarining o'quvchilari. Haqli savol tug'iladi: nima uchun yoshlar orasida yuz berayotgan huquqbuzarligu jinoyatlarning aksariyati yashash sharoiti nisbatan yaxshi bo'lgan shaharlarning hissasiga to'g'ri kelmoqda? Nima bu, to'qlikka sho'xlikmi?

Aslida qishloq bolasida bunaqa ishlar uchun vaqt ham, sharoit ham yo'q. Hozir ularning ko'pchiligi dalada, ota-oasining yonida mehnat bilan band. Har kuni ishdan qaytayotib, saratonning jazirama oftobida kuyib paxta chopiq qilayotgan yoki g'alladan bo'shagan maydonda tizzasidan tuproq kechib, ota-onasi yonida ekin ekayotgan, yozgi ta`tilni oromgohlarda emas, ariq bo'ylari, yaylovlarda mol boqib o'tkazayotgan qishloq bolalarini ko'raman. Ular shahar yoshlaridek go'zal istirohat bog'lariyu oromgohlar, tungi klublaru teatrlar, konsert zallariga borolmaydi. Chunki bu bolalar boqayotgan qo'yi tezroq semirsa, ertaga maktabga borishi uchun kiyim-bosh, daftaru kitob bo'lishini, bugun tuproqqa qadayotgan kartoshka yoki loviyasi ertaga uning dasturxoniga non bo'lib kelishini yaxshi biladi. Sababi, uydagi tarbiya, oiladagi muhit shunga qaratilgan.

— To'rt o'g'il, ikki qizim bor, qishloqdagi fermer dalasida oilamiz bilan ishlaymiz, — deydi ishtixonlik Shavkat Turdiev. — Qilgan mehnatimiz evaziga fermer bizga g'alla, g'alladan bo'shagan maydonga ikkinchi ekin ekish uchun yer ajratib beradi. Rizqimiz, bir burda nonimizni peshona teri bilan topamiz. Menimcha, bolalarni yoshligidan mehnatga o'rgatish kerak. Yoshlar qaerda mehnat bilan band bo'lsa, o'sha yerda bunaqa voqealar bo'lmaydi. Xo'sh, shaharda-chi? Uyda dasturxon to'kin, qaerga borsa tagida mashina, ota-onasi qo'liga pul berib turibdi. Uydagilar ishga ketishadi. Ayni o'tish jarayonida turgan o'spirin uyda, katta hovlida g'irt bekorchi. Sal aqli ishlasa, kitob o'qisa, biror to'garakka qatnasa-ku, yaxshi. Ammo bunday bo'lmasa-chi? Televizor qarshisiga yotib olib, kuni bilan serial yoki ur-surdan iborat kino ko'radi, internetdagi tuturuqsiz saytlarga kiradi. Buning natijasida ko'chaga chiqib, yuqoridagidek xurmacha qiliqlar qiladi.

Yoshlar hayotiga qiziqmayotganimizga ancha bo'ldi…

Xo'sh, yoshlarning miyasini zaharlayotgan g'alati «ermak»lar qaerdan paydo bo'lyapti? Nahotki, ular shu qilig'i bilan huzurlansa? Bu harakatlarini qahramonlik hisoblashsa? Boshqa ermak topilmayaptimi?

— Bizningcha, ularning qo'liga berib qo'yganimiz — qimmatbaho telefonu smartfonlar yoshlarning ongini, miyasini zaharlayotgan o'rgimchak to'rlaridir, — deydi Samarqand davlat universiteti professori Farhod Nabiev. — Ro'y berayotgan jinoyatlar, huquqbuzarliklarning asosiy ildizi ham ana shunda. Yana bir gap. Oilada farzand tarbiyasi uchun, eng avvalo, ota-ona mas`ul bo'lmog'i lozim. Maktab ham, qolgan jamoat tashkilotlari ham bu borada ota-onadan ancha keyinda turadi.

Yuziga tibbiy niqob taqqan o'smir tramvayga chiqib, yo'lovchilarning yuziga suyuqlik sepgan. Nega? Nima uchun? Axir, o'sha suyuqlik… xudo ko'rsatmasin, kislota bo'lishi ham mumkin edi-ku! Bu «qahramonlar» sakkiz nafar. Hammasi maktab o'quvchisi. Eng yomoni, ularning orasida qizlar ham bor!

Bu nimani anglatadi? Demak, o'spirinlar bilan hech kim jiddiy shug'ullanmayapti. Soatlab tadbirbozlik, majlisbozlik qilgandan ko'ra, yoshlar hayotiga tiyrak ko'z bilan e`tibor qaratish ma`qul emasmi? Taassufki, kelajagimiz bo'lgan yoshlar hayotiga qiziqmayotganimizga ancha bo'ldi. Biz ko'proq o'z halovatimizni o'ylaymiz, boshqalarga nisbatan beparvomiz. Bu loqaydligimiz yoshlarni tobora dangasa, bekorchi, boqimanda va shafqatsiz qilib qo'ymoqda.

«Samarqand uchun yarashmagan ish bo'ldi»

Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasi ma`lumotiga ko'ra, yuqoridagi voqea «Temiryo'l vokzali — Sartepa» yo'nalishidagi 1-tramvay «Choy qadoqlash fabrikasi» bekatida to'xtab turgan vaqtida sodir etilgan. Shu kuni soat 19:40 atrofida 2003 yilda tug'ilgan D.T. tramvayga chiqib, yo'lovchilarning yuziga noma`lum suyuqlik sepadi. Yo'lovchilar orasida bo'lgan, uning oldindan kelishgan «sheriklari» esa atayin o'zlarini hushini yo'qotganlikka solishadi. Tramvaydagi boshqa yo'lovchilar esa voqeadan qo'rquvga tushib, qochib ketishadi.

Olib borilgan tezkor surishtiruv harakatlari natijasida «sahnalashtirilgan» «prank» Samarqand shahrida yashovchi, o'zaro tanish bo'lgan 8 nafar voyaga yetmagan shaxs — 5 nafar o'g'il bola, 3 nafar qiz tomonidan tashkil etilgani va ular o'rtasida ushbu «sahna»dagi rollar o'zaro taqsimlangani aniqlandi. Ular hududdagi 33-, 42-, 43-umumta`lim maktablarida tahsil olishadi.

Xo'sh, o'quvchilar nega bu ishga qo'l urdi, ular kimning farzandi, qaysi mahallada yashaydi?

— Ushbu holat haqida ma`lumot olganimizdan so'ng viloyat ichki ishlar, xalq ta`limi boshqarmalari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo'limi mas`ullari bilan birgalikda o'quvchilar ta`lim olayotgan muassasalarda bo'ldik, ota-onalar, mahalla ahli bilan uchrashdik, — deydi O'zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi bo'lim boshlig'i G'ofur Bobobekov. — Voqeaning kelib chiqish omillari muhokama etildi. Hech kim bu yoshlardan bunday harakatni kutmaganini ma`lum qildi. Albatta, bu barcha uchun kutilmagan holat bo'lsa-da, avvalo, Samarqand uchun yarashmagan ish bo'ldi. Buning uchun ota-onalar ham, ta`lim muassasalari o'qituvchilari ham, mahalla va yoshlar tashkiloti ham aybdor.

— Nabiramning tarbiyasiga hozircha men mas`ulman va uning bu ishga aralashib qolgani uchun barchadan uzr so'rayman, — deydi voqea ishtirokchilaridan biri bo'lgan R.B. ning buvisi Lola Muhammadieva. — E`tiborsizligim, uning kim bilan do'stlashgani, nima ish bilan mashg'ulligidan bexabarligim tufayli bu voqea sodir bo'ldi. Endi nabiram ta`lim-tarbiyasi bilan jiddiy shug'ullanaman.

— Bu o'quvchilarimiz maktabda yaxshi o'qiydi, o'tkaziladigan ommaviy va madaniy tadbirlarda ham faol ishtirok etar edi, — deydi Samarqand shahridagi 33-umumta`lim maktabi direktori o'rinbosari Gulnoza Xudoyqulova. — Shu bois mazkur xunuk holat haqida eshitganimizda avvaliga ishonmadik. O'quvchilar ayni paytda ta`tilda bo'lsa-da, ularning bunday nomaqbul ishlarga qo'l urishiga biz ham o'zimizni aybdor deb bilamiz.

Mahalla faollari nima deydi?

Mazkur o'quvchilar yashaydigan Samarqand shahridagi «Kattaariq» va «Yulduz» mahalla fuqarolar yig'inlarining oqsoqollari, faollari ham holat yuzasidan o'z munosabatlarini bildirishdi.

— Voyaga yetmagan yoshlarning bu xatti-harakatini har birimiz qoralaymiz, ularning bunday ishlarga qo'l urishini ta`lim-tarbiyasidagi kamchilik deymiz, lekin ko'pchiligimiz shu paytgacha bunday yoshlar bilan suhbatlashib, orzu-niyating nima, qanday maqsading bor, deb so'ramaganmiz, — deydi «Kattaariq» yig'ini raisi Mehriddin Oripov. — Bugun ta`til paytida bolalar vaqtini qaerda, qanday mashg'ulot bilan o'tkazyapti — buni nafaqat ota-onalar, aslida mahalla-ko'y ham so'rashi kerak. Afsuski, mahallalarimizda bolalarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishi uchun imkoniyat yo'q. O'zimizning hudud misolida aytadigan bo'lsam, bolalar maydonchasi shu kunlarda avtoturargohga aylanib qolgan. Shunday bo'lgach, bolalar qaerda o'ynasin, vaqtini qaerda o'tkazsin? Internet-kafega boradi, telefonida turli o'yinlarni o'ynaydi va oxir-oqibat mana shunday holatlar kelib chiqadi. Bugun mas`uliyatni bir-birimizga tashlamasdan oila ham, maktab va mahalla, qo'ni-qo'shni ham har bir bola tarbiyasi, kelajagi uchun javobgar ekanini his qilishi kerak. Bu bolalar bilan sodir etgan vaziyat barchamizga saboq bo'lishi lozim.

Voqea yuzasidan bildirilgan mulohazalardan anglashilgan asosiy fikr shu bo'ldiki, ko'pchilik ota-onalar farzandlarini bobo va buvilari yoki boshqa shaxslar ixtiyoriga topshirib, xorijga ishga ketayotgani ular tarbiyasiga salbiy ta`sir qilmoqda. Har bir ota-ona farzandining bekamu ko'st ulg'ayishini istaydi, ammo unga birinchi navbatda, ularning tarbiyasi, o'giti, shaxsiy ibrati zarur. Hech narsadan zoriqmay o'sgan farzandning tarbiyasida kemtiklik bo'lsa, uni ko'cha muhiti tarbiyalasa, ota-onaning bugun chekayotgan shuncha zahmati ertaga bir pul bo'lishi, barcha orzu-umidlari sarobga aylanishi hech gap emas.

Mulohazalarimizni atoqli adib Abdulla Avloniyning qancha vaqt o'tsa-da, o'z qadrini va ahamiyatini yo'qotmaydigan quyidagi so'zlari bilan yakunlamoqchimiz: «Tarbiya biz uchun yo hayot, yo mamot, yo najot, yo falokat… masalasidir».

 Yormamat RUSTAMOV,

«Mahalla»

2019 yil 11-18 iyul, 31-son

«Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar