“DIREKTORGA MUDIR HAM CHORA KO‘ROLMAYDI!

46

Chunki u viloyat XTB boshlig‘ining ayoli”

 

Bu — bir tomonning fikri, ya’ni shikoyat qilayotganlarning. Mutasaddilarning fikrini esa, afsuski, bilolmadik.

Tahririyatimizga Farg‘ona tumani Xonqiz qishlog‘ida yashovchi nafaqadagi o‘qituvchi Alijon Bakirjonovdan shikoyat kelib tushdi. Unda muallif Farg‘ona tumanidagi Mindon qishlog‘ida joylashgan 9-maktabda yuz berayotgan nohaqliklar, jumladan, ushbu ta’lim muassasasida mehnat qilayotgan jiyani Mahliyo So‘fiyevaning maktab direktori X.Turdimatova tomonidan muntazam haqoratlanishi, nohaq ishdan bo‘shatilgani va maktabda nosog‘lom muhit hukm surayotgani xususida yozgan.

“Jiyanim Mahliyo So‘fiyeva tumandagi 9-maktabda rus tili fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlardi, — deyiladi shikoyat xatida. — 2017-yilning avgust oyida u maktab direktori X.Turdimatova tomonidan haqoratlanib, og‘zaki buyruq bilan nohaq ishdan bo‘shatildi. Qo‘liga hech qanday ogohlantirish xati berilmadi. 3 oylik homilador Mahliyo So‘fiyeva kamsitilgani, sog‘lig‘i yomonlashgani sababli shifokorga murojaat qiladi. Natijada bir hafta davomida uyda davolanadi. Shundan so‘ng viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasiga murojaat qildik. Mutaxassis O.Rahmonov masalani o‘rganib, M.So‘fiyeva nohaq ishdan bo‘shatilganini aniqladi. Mutasaddilar va maktab jamoasi bilan yig‘ilish o‘tkazib, jiyanimni ishga tiklab ketdi. Bu vaqtda maktab direktori malaka oshirishda bo‘lgani uchun kasaba uyushmasi a’zolari yig‘ilishida ishtirok etmadi”.

Bu paytda Mahliyo So‘fiyevaning turmush o‘rtog‘i Elyor So‘fiyev ham shu maktabda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlardi.

Shikoyat ortida inson taqdiri turgani bois muammoga oydinlik kiritish va masalani xolis o‘rganish maqsadida 9-maktabga bordik.

Biz borgan payt maktabda o‘quv yili yakunlanayotgan edi. Direktorning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Elmurod Karimov muddaomizni eshitib, tuman xalq ta’limi bo‘limidan ruxsat olib kelishimizni, aks holda maktabga kiritmasligini bildirdi. Direktor Xolida Turdimatovaga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz esa javobsiz qoldi.

Jurnalistik odob qoidalarini buzmagan holda o‘z haq-huquqlarimizni tushuntirmoqchi bo‘ldik. Ammo Elmurod Karimov bizni eshitishni xohlamadi. Undan maktabda 748 nafar o‘quvchi o‘qishini biloldik, xolos.

Shundan so‘ng tuman xalq ta’limi bo‘limiga bordik. Dastlab mudir Rasuljon Turg‘unovni viloyatda yig‘ilishda deyishdi, so‘ng o‘zi bilan qo‘l telefoni orqali gaplashganimizda tuman markazida tadbirda ekanini aytdi.

Rasuljon Turg‘unovga juda ko‘p savollar berdik. “Nega 9-maktabga kirishimizga rozi bo‘lmayapsiz? Maktabning tumandagi reytingi qanaqa? O‘tgan uch yil davomida maktab bilimlar bellashuvi, fan olimpiadasi, “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” kabi tanlovlarda qanday natija qayd etgan?” kabi savollarimiz javobsiz qoldi.

Aksincha, mudir Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasida ishlovchi Umid ismli xodimga qo‘ng‘iroq qilishimizni tayinladi. U bilan ham gaplashdik. Biroq Umidjon ham maktabga kiritilmayotganimiz sababini izohlay olmadi.

Va nihoyat yana tuman markazidan 35 km yo‘l bosib, Mindon qishlog‘iga qaytdik.

Ismi sir qolishini istagan o‘qituvchi biz bilan suhbatda quyidagilarni aytib berdi:

— O‘quv yili yakunlanishini hech kim menchalik kutmayotgan bo‘lsa kerak. Chunki bu yerda ishlash qahramonlik bo‘lib qoldi. Birinchi navbatda direktorimiz bilan ishlash azobga aylangan. Arzimagan narsaga jahli chiqadi, o‘quvchilar oldida ham bizni behurmat qiladi. Sal narsaga baqirib, ishdan bo‘shatish haqida tahdid qiladi. To‘g‘risi, siz bilan uchrashib, gaplashayotganimni birov ko‘rib qolishidan qo‘rqyapman. Sababi, u bu haqida bilib qolsa, menga yana tahdid qilishni boshlaydi. Kim uning ustidan shikoyat qilsa, oxir-oqibat o‘zi aybdor deb topiladi. Agar direktorning jahli chiqib turgan bo‘lsa, o‘sha xodim ishdan bo‘shatiladi. Maktabda guruhbozlik avj olgan. Direktor bu illatni yo‘qotib, maktabda sog‘lom muhitni vujudga keltirish o‘rniga o‘zi bosh-qosh bo‘lib sog‘lom muhitni izdan chiqarib qo‘ydi. Yig‘ilishlarda hech kimni ayab o‘tirmaydi. O‘qituvchining zig‘irdek aybini topsa, uni barcha hamkasblari oldida izza qiladi. Qishloq joyda ayollarga boshqa ish yo‘qligi, boshqa maktablar uzoqlik qilgani uchun noiloj shu yerda ishlashga majburmiz. Agar oilamizdagi moddiy sharoit yaxshi bo‘lganida bir daqiqa ham bu ayol rahbarlik qilayotgan maktabda ishlamasdik.

— Men bu dunyoda adolat, haqiqat yo‘qligiga yana bir karra ishondim, — dedi jabr ko‘rganlardan yana biri. — Bu maktabda hamshira bo‘lib ishlardim. 2017-yili paxta terimi payti bir-ikki kun sababli paxtaga chiqmaganim, ayrim noqonuniy talabini bajarmaganim uchun direktor menga tazyiq o‘tkaza boshladi. Shunday qilib, hech kun bermagach, boshqa maktabga ishga o‘tib ketishga majbur bo‘ldim. Hozir uyimdan 35 km uzoqdagi maktabda ishlayapman.

Nega shuncha muammo va kamchiliklar bo‘laturib bu haqida maktab jamoasi emas, nafaqadagi o‘qituvchi yuqori tashkilotlarga shikoyat yozmoqda? Nega o‘qituvchilar o‘z ism-familiyasini bu qadar sir tutishni, “Bizga hech narsa qilmaydimi?” deya qayta-qayta so‘ramoqda?

— O‘qituvchilarning dardi ichida, — deydi shikoyat muallifi Alijon Bakirjonov biz bilan suhbatda. — Sababi, ular tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiriga shikoyat qilsa, mudir direktorga hech qanday chora ko‘rolmaydi. Chunki Xolida Turdimatova Farg‘ona viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Ma’rufjon Turdimatovning turmush o‘rtog‘i!

Mehnat kodeksining 79-moddasi(qarindosh-urug‘larning davlat korxonasida birga xizmat qilishlarini cheklash)da o‘zaro yaqin qarindosh yoki quda-anda bo‘lgan shaxslarning (ota-onalar, aka-ukalar, opa-singillar, o‘g‘il va qizlar, er-xotinlar, shuningdek, er-xotinlarning ota-onalari, aka-ukalari, opa-singillari va bolalari), basharti ulardan biri ikkinchisiga bevosita bo‘ysunib yoki uning nazorati ostida xizmat qiladigan bo‘lsa, bir davlat korxonasida birga xizmat qilishlari taqiqlanadi, deb belgilangan.

Bu qoidadan istisnolar O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan belgilanishi mumkin.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi — Xolida Turdimatova turmush o‘rtog‘i Ma’rufjon Turdimatov boshqarma boshlig‘i lavozimiga tayinlangandan keyin maktab direktorligiga tayinlanganmi? Yoki avvaldan bu vazifada ishlab kelganmidi?

Ma’lum bo‘lishicha, X.Turdimatova 2018-yilgacha, ya’ni turmush o‘rtog‘i boshqarma boshlig‘i bo‘lguniga qadar ham maktab direktori vazifasida ishlagan. Viloyat prokuraturasi taqdimnomasiga asosan, XTB boshqarma boshlig‘ining 2018-yil 10-yanvardagi 14k-sonli buyrug‘i bilan vazifasidan bo‘shatilgan. Keyinchalik yana lavozimiga tiklangan. Uni kim, qanday asos bilan lavozimiga tikladi? — degan savolga esa, afsuski, javob ololmadik.

Mahliyo So‘fiyeva masalasiga qaytsak. Mahliyoning turmush o‘rtog‘i Elyorjon So‘fiyev bo‘layotgan ishlarga dastlab e’tibor bermadi, so‘ngra ayoli va boshlig‘i o‘rtasidagi tortishuvga chidamadimi yoki boshqa sabablar ham bor edimi, hayyo-huyt deb Rossiyaga ketvordi. Mana bir yildan buyon u chet elda oshpazlik qilmoqda.

— 2016-2017-o‘quv yilida maktabning sakkiz nafar o‘qituvchisi boshqa maktablarga ishga o‘tib ketdi, — deydi yana bir o‘qituvchi. — Direktorimiz juda qasoskor ayol. Kimdir unga gap qaytarsa yoki fikri va qilayotgan xatti-harakatlari noto‘g‘ri ekanini aytsa, boshi baloga qoladi. Direktor ana shu o‘qituvchini ishdan bo‘shatmaguncha tinchimaydi. Har qanaqasiga ayb topib, boshqa hamkasblarimiz oldida izza qilaveradi.

Direktor Xolida Turdimatova bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi. Maktabdan topolmadik, telefon raqami esa doimo band rejimida turibdi.

Shuningdek, A.Bakirjonovning arizasida maktab hisobraqamidagi budjetdan tashqari topilgan mablag‘lar noqonuniy o‘zlashtirib yuborilgani, o‘qituvchilar va yuqori sinf o‘quvchilariga majburan kitob sotilgani, yuqori sinf o‘quvchisi noo‘rin xatti-harakatlari sabab boshqa maktabga majburiy ravishda o‘tkazib yuborilgani kabi holatlar ham keltirilgan bo‘lib, biz masalaga adolatli yondashgan holda xolis surishtiruv o‘tkazish niyatida edik. Afsuski, direktorning qarshiligi bois bu maqsadimizga yetolmadik.

Shu bois, ushbu shikoyatda keltirilgan ayblovlarga ikkinchi tomonning ham munosabatini kutib qolamiz.

O‘z navbatida, maktab direktori, tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutasaddilarining jurnalistning xizmat vazifasini bajarishiga qarshilik qilib, ta’lim muassasasiga kirishini taqiqlashiga doir holat bo‘yicha Xalq ta’limi vazirligidan munosabat kutib qolamiz.

Sharifa MADRAHIMOVA

 

Manba: “M a’rifat” gazetasi

Бошқа хабарлар