“O‘zbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida

102

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Vatanimizning qadimiy va boy tarixini chuqur o'rganish, ushbu yo'nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlarini faollashtirish, yosh avlodni milliy qadriyatlar va ajdodlarimizning bebaho merosi asosida tarbiyalash, jamiyatda vatanparvarlik va o'z xalqi bilan g'ururlanish tuyg'usini shakllantirish asosida milliy o'zlikni anglash hissini mustahkamlash va vatandoshlarimiz dunyoqarashini kengaytirish maqsadida:

1. O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (keyingi o'rinlarda – O'zbekiston MTRK), O'zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Moliya vazirligi, Fanlar akademiyasi, Respublika “Ma`naviyat va ma`rifat” markazi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O'zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasining 2019 yil 1 sentyabrdan “O‘zbekiston tarixi” telekanalini tashkil etish to'g'risida respublikaning keng jamoatchiligi tomonidan qo'llab-quvvatlangan taklifi ma`qullansin.

2. Quyidagilar “O‘zbekiston tarixi” telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yo'nalishlari deb hisoblansin:

ming yillar qa`riga ildiz otgan O'zbekistonning ko'hna va boy tarixi, xalqimizning jahon sivilizasiyasi rivojiga qo'shgan g'oyat katta ilmiy, madaniy va ma`naviy hissasi haqida mamlakatimiz aholisini, shuningdek, chet el jamoatchiliginikeng ko'lamda xabardor qilish;

har bir voqeaning mazmun-mohiyatini izchil va tizimli ochib berish orqali buyuk tariximizning barcha davrlarini chuqur ilmiy tadqiqotlarning xolisona natijalari asosida ko'rsatib beruvchi axborot-tahliliy va mavzuli teleko'rsatuvlar, tok-shou, “davra suhbatlari”ni yuqori professional va g'oyaviy-badiiy saviyada tayyorlashni tashkillashtirish;

buyuk vatandoshlarimiz – olimlar, mutafakkirlar va aziz-avliyolar, shoir va yozuvchilar, sarkardalar, davlat arboblarining bebaho merosini keng ko'lamda o'rganish va ommalashtirish maqsadida ularning hayot yo'li va qahramonligi to'g'risida, shuningdek, dunyo ahamiyatiga ega bo'lgan O'zbekiston eng yangi tarixining g'oyat yorqin va unutilmas sahifalari haqida hikoya qiluvchi ilmiy-ommabop dasturlar va hujjatli filmlar turkumlarini yaratish;

doimiy ishlab turuvchi televizion studiya – “munozara maydonchasi” faoliyatini ta`minlash, O'zbekiston tarixi bo'yicha ilmiy tadqiqotlar natijalarini, madaniy va ko'hna yodgorliklarni saqlash bilan bog'liq muammolarni, shuningdek, xalqimiz tarixiga taalluqli va umummilliy ahamiyatga ega bo'lgan boshqa g'oyat muhim masalalarni ochiq muhokama qilish uchun olimlar, tarixchilar, tadqiqotchilar, o'quvchi-yoshlar hamda keng jamoatchilik vakillarini taklif qilish;

chet ellarga ijodiy safarlar davomida xalqimizning moddiy va nomoddiy merosi, O'zbekiston tarixi bilan bog'liq bo'lgan nodir qo'lyozmalar, kitoblarni izlash, amaliy san`at buyumlari hamda muzeylar kolleksiyalarida, xorijiy davlatlarning ilmiy markazlarida, shuningdek, jahon tarixiy merosini o'rganayotgan jamg'armalarda saqlanayotganqimmatli topilmalarni o'rganish natijalari bo'yicha maxsus teleko'rsatuvlar tayyorlash;

xorijiy telekanallar, ilmiy-tadqiqot markazlari va jamg'armalar tomonidan tayyorlangan, jahon tarixining ahamiyatli lavhalarini aks ettiruvchi, shuningdek, O'zbekiston hududida ming yillar davomida sodir bo'lgan tarixiy jarayonlar bilan bog'liq bo'lgan voqealar va shaxslar to'g'risida hikoya qiluvchi ko'rsatuvlarni sotib olish, o'zbek tiliga tarjima qilishni tashkillashtirish va milliy teleradiokanallar efirlarida joylashtirishga ko'maklashish;

O'zbekiston tarixi va jahon tarixida yorqin iz qoldirgan voqealar
va shaxslarga bag'ishlangan mahalliy va xorijiy badiiy filmlarni muntazam namoyish qilish, shuningdek, ushbu mavzu bo'yicha mamlakatimiz kino san`ati ustalari bilan badiiy filmlar va teleseriallar yaratishda ishtirok etish.

3. O'zbekiston MTRK tarkibiga kiruvchi tashkilotlar xodimlari sonini optimallashtirish hisobiga shakllantiriladigan, xodimlarining cheklangan umumiy soni 116 nafardan iborat bo'lgan, “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Belgilansinki, “O‘zbekiston tarixi” telekanali:

O'zbekiston MTRKning “O‘zbekiston” teleradiokanali” davlat unitar korxonasi qoshidagi “UzHD” telekanali negizida yuridik shaxs tashkil etmasdan HD formatida tashkil etiladi;

respublikaning butun hududi bo'ylab tarqatiladigan raqamli ko'rsatuvning hammabop ijtimoiy paketi tarkibiga kiritiladi;

efirni sifatli hujjatli va badiiy filmlar bilan, shu jumladan, tayyor telemahsulotga buyurtma berish shartlari asosida to'ldirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi huzuridagi O'zbekistonning eng yangi tarixi bo'yicha jamoatchilik kengashi, ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, “O'zbekkino” Milliy agentligi, shuningdek, boshqa kino va video suratga olish studiyalari bilan mustahkam hamkorlik qiladi.

5. O'zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi doimiy asosda “O‘zbekiston tarixi” telekanaliga efirga uzatish uchun materiallar tayyorlashda, jumladan, ularning ishonchliligi hamda tarixiy voqea va faktlarga mos kelishi nuqtai nazaridan ko'rib chiqilishida amaliy yordam ko'rsatsin, shuningdek, olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalarini telekanal orqali yoritish uchun taqdim etib borsin.

6. “O'zbekkino” Milliy agentligi va O'zbekiston MTRK ikki oy muddatda O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag'lar hisobiga “O'zbekkino” Milliy agentligi tomonidan tasvirga olinadigan tarixiy shaxslar to'g'risida, milliy qadriyatlar, an`analar, O'zbekistonning qaror topishi va davlat sifatida rivojlanishining tarixiy bosqichlarini aks ettiruvchi badiiy, badiiy-publisistik, hujjatli filmlar, seriallarni hamda animasion filmlarni hamkorlikda ishlab chiqarish formatlarini tasdiqlasin.

7. O'zbekiston MTRK bir oy muddatda:

“O‘zbekiston tarixi” telekanalining shtatlar jadvali va xarajatlar smetasini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda tasdiqlashni;

“O‘zbekiston tarixi” telekanali har tomonlama tayyorlangan, shu jumladan, Vatanimiz hamda jahon sivilizasiyasining qadimiy va boy tarixini yuqori professional darajada biladigan malakali mutaxassislar bilan to'ldirilishini ta`minlasin.

8. “O‘zbekiston tarixi” telekanali Toshkent shahar, Olmazor ko'chasi, 2-uy manzili bo'yicha O'zbekiston MTRK binosida joylashtirilsin va doimiy ishlaydigan “munozara maydonchasi”ni tashkil etish uchun studiyalardan biri telekanalga biriktirib qo'yilsin.

9. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

2019 yilda yangi tashkil etilayotgan “O‘zbekiston tarixi” telekanali ta`minotiga, shu jumladan, jahondagi va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlarini namoyish etishning lisenziya huquqlarini sotib olishga, shuningdek, respublika hududi bo'ylab teledasturlarni tarqatish uchun O'zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi tashkilotlariga haq to'lashni kiritgan holda, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining joriy yilgi parametrlari doirasida mablag' izlab topsin va O'zbekiston MTRKga ajratsin, 2020 yildan boshlab har yilgi O'zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti parametrlarida zarur moliyalashtirishni nazarda tutsin;

O'zbekiston MTRKning asoslantirilgan hisob-kitoblari bo'yicha “O‘zbekiston tarixi” telekanali studiyalarini jihozlash va dekorasiyalar tayyorlash uchun zarur bo'lgan 1,5 milliard so'mgacha miqdordagi mablag' O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg'armasidan ajratib berilishini ta`minlasin.

10. O'zbekiston MTRK raisiga:

sifatli kontentni shakllantirish bo'yicha ishlarni tashkil etish va samarali ijodiy jarayonni yo'lga qo'yish maqsadida “O‘zbekiston tarixi” telekanalining Ekspert (maslahat) kengashini shakllantirish va uning tarkibini tasdiqlash;

yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni shartnoma asosida jalb etish va ishga qabul qilish hamda ajratilgan byudjet mablag'lari doirasida ularga xorijiy valyutada ish haqi va boshqa to'lovlar miqdorini belgilash huquqi berilsin.

11. O'zbekiston MTRK:

O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangi tashkil etilayotgan “O‘zbekiston tarixi” telekanalini zamonaviy televizion uskunalar kompleksi bilan jihozlash;

ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o'zgartish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

12. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining o'rinbosari F.Sh.Mahmudov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                              Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 11 iyul

 

O'zA
Boshqa xabarlar