ISh HAQI, PENSIYaLAR, STIPENDIYaLAR VA NAFAQALAR MIQDORINI OShIRISh TO'G'RISIDA

171

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i

 

Aholi daromadlari va turmush darajasini qat`iy oshirib borish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini, shu jumladan, nogironligi bo'lgan shaxslarni yanada ijtimoiy qo'llab-quvvatlash uchun qulay shart-sharoit­larni yaratish hamda respub­lika fuqarolarini ijtimoiy qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida:
1. 2019 yilning 1 avgustidan boshlab byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshirilsin.
2. 2019 yilning 1 avgustidan boshlab O'zbekiston Res­publikasi hududida eng kam:
ish haqi – oyiga 223 000 so'm;
yoshga doir pensiyalar – oyi­­ga 436 150 so'm;
bolalikdan nogironligi bo'lgan shaxslarga beriladigan nafaqa – oyiga 436 150 so'm;
zarur ish stajiga ega bo'lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyi­­ga 267 650 so'm miqdorida belgilansin.
3. Belgilansinki, 2019 yil 1 avgustdan boshlab:
II guruh nogironligi bo'lgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi;
II guruh nogironligi bo'lgan yolg'iz shaxslar – pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori eng kam ish haqining 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi;
boquvchisini yo'qotganlik nafaqasi miqdori mehnatga layoqatsiz oila a`zolari soniga amaldagi foizlar nisbati saqlangan holda yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.
4. 2019 yilning 1 avgustidan I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga har oyda eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida qo'shimcha to'lov joriy qilinsin.
5. Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar, Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan tashkilotlar va muassasalar bilan birgalikda byudjet muassasalari va tashkilotlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorlarining mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda o'z vaqtida qayta hisob­lab chiqilishini ta`minlasin.
6. Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, nafaqalar va stipendiyalarning oshirilishi bilan bog'liq xarajatlar O'zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg'armasi hisobidan amalga oshirilsin.
Ish beruvchilarga ish haqi miqdorlarini qonun hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan kam bo'lmagan holda to'lashni ta`minlab, ish haqi miqdorlarini eng kam ish haqiga muvofiq oshirish tavsiya etilsin.
7. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 maydagi «Mehnatga haq to'lash, pensiyalar va bosh­­qa to'lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to'g'risida»gi PF–5723-son Farmoniga muvofiq 2019 yilning 1 sentyabridan eng kam ish haqi miqdori o'rniga mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori, bazaviy hisoblash miqdori va pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori kiritilayotganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.
8. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 maydagi «Mehnatga haq to'lash, pensiyalar va bosh­­qa to'lovlar miqdorlarini aniqlash tartibini takomillashtirish to'g'risida»gi PF–5723-son Farmoni 1-bandida:
ikkinchi xatboshidagi «577 170» raqami «634 880» raqami bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi «202 730» raqami «223 000» raqami bilan almashtirilsin;
to'rtinchi xatboshidagi «202 730» raqami «223 000» raqami bilan almashtirilsin.
9. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 13 oktyabrdagi «Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to'g'risida»gi PF–5553-son Farmoni uning 4 va 8-bandlari istisno qilingan holda 2019 yilning 1 avgustidan o'z kuchini yo'qotgan deb hisoblansin.
10. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirish va qo'shimchalar to'g'risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

Prezidenti                                                                                                 Sh. Mirziyoev

Toshkent shahri,
2019 yil 12 iyul

Boshqa xabarlar