QIShLOQ XO'JALIGI MAShINASOZLIGINI RIVOJLANTIRISh – YuQORI HOSILDORLIK VA DAROMAD GAROVI

53

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 12 iyul kuni Toshkent qishloq xo'jaligi texnikasi zavodiga tashrif buyurib, bu yerda amalga oshirilayotgan investisiya loyihalari bilan tanishdi.

Qishloq xo'jaligida texnika parkini mustahkamlamay turib sifat va samaradorlikka erishib bo'lmaydi. Mamlakatimizda yillar mobaynida turli qishloq xo'jaligi texnikasini ishlab chiqarish va chuqur mahalliylashtirishga yetarli e`tibor berilmagani oqibatida texnika parkining yillik yangilanish darajasi 2-3 foizdan oshmas edi.
Ma`lumki, Toshkent qishloq xo'jaligi texnikasi zavodi (sobiq Toshkent traktor zavodi) ham kuchli iqtisodiy raqobatga, zamonaviy bozor talablariga dosh berolmay qolgandi. Oqibatda bir paytlar gurkirab ishlagan korxonaning bino va liniyalari qarovsizlikdan to'kilib borayotgandi.
Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2016-2017 yillarda korxonada raqobatbardoshlikni ta`minlash, traktorlar, tirkama va paxta terish mashinalari tayyorlashni yangi sifat darajasiga ko'tarish maqsadida ishlab chiqarish liniyalarini modernizasiya qilish va texnologik jihatdan qayta jihozlash bo'yi­­cha investisiyaviy loyiha amalga oshirildi. Uning birinchi bosqichida qora va rangli metallarni payvandlash, qayta ishlash, shtamplash, traktor kabinalari yasash va boshqa turdagi ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish, bo'yash liniyalari ishga tushirildi.
Jahondagi ilg'or tajribani o'rganish va kuchli raqobatga chidamli zamonaviy texnika vositalari ishlab chiqarish uchun AQSh, Janubiy Koreya va Belarus Respublikasining qishloq xo'jaligi mashinasozligiga ixtisoslashgan yetakchi kompaniya­lari bilan hamkorlik o'rnatildi.
Qishloq xo'jaligi mashinasozligini rivojlantirish orqali iqtisodiyotning barqarorligini ta`minlash uchun sohadagi islohotlarga yangi sur`at bag'ishlash, tarmoqda rentabellikni oshirish talab etiladi. Shu jihatdan davlatimiz rahbarining ushbu tashrifi zavodga katta o'zgarishlar olib keladi. Korxona negizida yangi zavodlar ishga tushirilib, tom ma`noda qishloq xo'jaligi mashinasozligi sanoati barpo etiladi.
Jumladan, lokalizasiya darajasini oshirib, importni qisqartirish maqsadida bu yerda 5 ta korxona tashkil etish rejalashtirilgan. Ulardan biri umumiy qiymati 42 million dollar bo'lgan metall quyish korxonasidir. Zavodning 3 gektarlik bo'sh turgan binosida tashkil etiladigan korxonada yiliga 47 ming tonna xalqaro standartlarga javob beradigan, yuqori aniqlikdagi metall qismlar quyi­ladi.
Davlatimiz rahbari ushbu korxona uchun mo'ljallangan binoni kirib ko'rdi.
Mashinasozlik korxonalari uchun metall quyish quvvati – eng muhim masala. Buningsiz mahalliylashtirish, mahsulot turlarini ko'paytirish va tannarxini pasaytirishga erishib bo'lmaydi. Bu korxonalarni ishga tushirsak, texnikalarimiz raqobatbardosh bo'ladi, fermerlarimizga hamyonbop mahsulotlar yetkazib beriladi, dedi Shavkat Mirziyoev.
Umumiy qiymati 24 million dollar bo'lgan yana 4 ta loyiha transmissiya vallari, g'ildirak disklari, kabinalar va mahkamlovchi temir buyumlar ishlab chiqarishni o'zlashtirishga qaratilgan. Ushbu loyihalarni ishga tushirish natijasida sohada mahalliylashtirish darajasi 60 foizga yetkaziladi, mahsulot tannarxi 32 foizga va import yiliga 116 million dollarga kamayadi.
Shuningdek, bu yangi quvvatlar nafaqat «O'zagrotexsanoatxolding» korxonalari, balki «O'zavtosanoat» tizimida ishlab chiqarilayotgan avtomobillar, yuk mashinalari va avtobuslar uchun ham butlovchi qismlarni kooperasiya asosida yetkazib berishni ta`minlaydi.
Davlatimiz rahbari mutasaddilarga mazkur loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirib, kelgusi yil ishga tushirish zarurligini qayd etdi.
Shavkat Mirziyoev traktor yig'ish va payvandlash sexlari, «Uz Claas Agro» O'zbekiston – Germaniya qo'shma korxonasidagi ishlab chiqarish jarayonini ko'zdan kechirdi.
«Uz Claas Agro» qo'shma korxonasida 4 ta ishlab chiqarish quvvati mavjud bo'lib, ular Germaniyaning «Claas Central Asia Investment» kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan. Bu yerda ishlab chiqarilayotgan «Dominator 130» kombayni, «Arion 630» haydov traktori va tirkamalar shunday rusumdagi texnika vositalariga qaraganda unumdorligi bilan ajralib turadi. Barcha turdagi texnika vositalari zarur sertifikatlarga ega, xalqaro standartlarga mos.
Prezidentimizga qo'shma korxona tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar, mahsulot turlari va korxonani rivojlantirish istiqbollari haqida ma`lumot berildi. Davlatimiz rahbari lokalizasiya darajasini oshirish, yangi qismlar va mahsulotlar ishlab chiqarishni o'zlashtirish bo'yicha ko'rsatmalar berdi.
Prezidentimiz Toshkent qishloq xo'jaligi texnikasi zavodida agrar soha mashinasozligini rivojlantirish bo'yicha yig'ilish o'tkazdi.
Tarmoqda bozor mexanizmlari joriy etilayotgani, g'alla va paxtaning xarid narxi oshirilgani, meva-sabzavotlar eksporti kengayayotgani natijasida dehqon va fermerlarimizning daromadlari izchil ortib bormoqda. Endi ular yangi-yangi texnikalar olib, ish samaradorligi va mahsulotlar sifatini oshirishga harakat qilmoqda.
2018 yilda fermerlarga 11,5 ming dona texnika yetkazib berilgan. O'tgan yili 10 million dollar, joriy yilning birinchi yarmida esa 15 million dollarlik qishloq xo'jaligi texnikasi eksport qilingan.
Lekin bu mavjud salohiyat va talabga nisbatan juda kam. Bugungi kunda qishloq xo'jaligida yiliga 11 mingdan ziyod texnikaga, jumladan, 4 mingta traktor, 500 ta kombayn va 5 mingdan ziyod osma-tirkama texnikaga ehtiyoj mavjud. Bundan tashqari, 2022 yilgacha 263 ming gektar, 2025 yilgacha yana 1 million gektardan ziyod yerlar qayta foydalanishga kiritilishi bois bu ehtiyoj yanada oshadi.
Hozirgi kunda mavjud texnikalarning 46 foizi ko'p muddatdan buyon foydalanishda bo'lib, yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Fermerlardagi texnikaning 97 foizi paxta va g'alla uchun mo'ljallangan.
Yig'ilishda qishloq xo'jaligi texnikasi ishlab chiqarishni rivojlantirish, mahsulot va xizmatlar turlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Joriy yil 1 oktyabrdan boshlab iqtisodiyotning barcha jabhalari qatori ushbu sohada ham soliq imtiyozlari bekor qilinayotgani tarmoq korxonalaridan yanada faol ishlashni talab qilishi qayd etildi.
Avvalo bozorbop texnikalar ishlab chiqarish, tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirishni chuqurlashtirish korxonalar oldidagi eng muhim vazifalar bo'lishi kerakligi ta`kidlandi.
Kabina, boshqaruv tizimi, g'ildirak, tezlik uzatgich, osma tizimlar kabi asosiy qismlar lokalizasiya darajasini 32 foizdan 56 foizga yetkazib, tannarxni 30 foizgacha arzonlashtirish, shuningdek, mahalliy korxonalar o'rtasida kooperasiyani yo'lga qo'yish orqali yillik importni 20 million dollarga qisqartirish mumkinligi ko'rsatib o'tildi.
Fermerlarni qishloq xo'jaligi texnikasi bilan ta`minlashning barqaror moliyaviy mexanizmlarini yaratish, texnikalarga servis va ta`mirlash xizmati ko'rsatish, ehtiyot qismlar yetkazib berishni yaxshilash bo'yicha topshiriqlar berildi.
Qishloq xo'jaligi texnikasini sertifikatlash tizimini takomillashtirish, tayyor mahsulotlar bilan birga xizmatlar eksportini ham kengaytirish vazifasi qo'yildi. Zamonaviy texnikalar ishlab chiqaruvchi va ularga xizmat ko'rsatuvchi malakali mutaxassislar tayyorlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratildi.
Bizga raqobatbardosh texnika kerak, qo'shimcha qiymat zarur. Tizim korxonalarida minglab odamlar ishlashi lozim. Bugun belgilangan maqsadlarni kim amalga oshiradi? Mutaxassis. Nima amalga oshiradi? Aql, bilim, mehnat, dedi Prezidentimiz.
Yig'ilishda belgilangan vazifalarni amalga oshirish rejalari yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.

Matnazar ELMURODOV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar