“O‘QUV DASTURLARIMIZ ISLOHGA MUHTOJ”

92

“Ma’rifat” gazetasining shu yil 29-may sonida “Nomukammal darslik va eski dasturlardan qachon voz kechamiz?” sarlavhali davra suhbati chop etilgan edi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari ishtirokida kechgan suhbat chog‘ida bugungi kunda ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan qator omillar sanalgan, maktab o‘quv dasturining zamon talabiga mos emasligi, fanlarni optimallashtirish va darsliklardagi mavzularni kompetensiyaviy yondashuv asosida olib borish zarurligi ta’kidlangan, o‘quvchi fiziologik, psixologik jihatdan kundalik darslarda charchamasligi, zerikmasligi uchun qanday choralar ko‘rilishi professor-o‘qituvchilar tomonidan muhokama qilingan edi. Bu mavzudagi muhokamalar gazetamizning “Telegram” ijtimoiy tarmog‘idagi “Ma’rifat” mushtariylar” guruhiga ko‘chdi.

Dilfuza Suvonova:

— Haqiqatan ham, hozirgi kunda o‘quv dasturlarimiz isloh qilinishga muhtoj. Maktabda o‘quvchilarga hayot uchun kerakli fanlarni o‘qitish zarur. Ona tili fani o‘qituvchisi sifatida ushbu fandagi murakkab ilmiy mavzularni darslikdan olib tashlash tarafdoriman. Adabiyot darsliklarida shoir va yozuvchilarning hayot yo‘li haqida ozroq ma’lumot berilib, asosan asarlari o‘qitilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bundan tashqari, asarlarning tayyor tahlili ham shartmas. Sababi, bolalar bu tahlillarni o‘qib, qayta gapirib berishga odatlangan. Buning natijasida ular fikrini erkin ifodalay olmaydi. Misol uchun, biror asar yuzasidan insho yozdirsak, kitobdagi tahlildan ko‘chirib qo‘ya qoladi. Bu esa mustaqil xulosa chiqarishga to‘sqinlik qiladi. Davra suhbati davomida sinfdagi o‘quvchi sonining me’yordan ortiqligi ham aytilgan. Bu xalq ta’limidagi eng og‘riqli nuqta. Ayniqsa, ona tili darslari ikki guruhga bo‘lib o‘qitilmas ekan, imloviy savodxonlik oqsayveradi. Savodi haminqadar o‘quvchi kitobni tez o‘qiy olmaydi, boshqa fanlarni ham o‘zlashtirishga qiynaladi.

Sardor Ro‘ziyev:

— Aslida ona tili ta’limining asosiy maqsadi ijodiy fikrlaydigan, o‘z fikrini mustaqil og‘zaki va yozma bayon eta oladigan o‘quvchini tarbiyalashdan iborat. Amaldagi darsliklar bu maqsadni anglab yetmagan holda bolaning shaxsiy hayotida u qadar muhim bo‘lmagan ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan. Darsliklardagi mavjud kamchiliklar, xatoliklar haqida ko‘p gapiriladi, tahlil qilinadi, ammo ming taassufki, yangi darsliklar yildan yilga yanada ko‘p xato bilan chop etilmoqda. O‘quvchi uchun yengillik sezilmaydi. Faqat yili va nashri o‘zgaradi, xolos. Hatto kitoblarning dizayni ham o‘n yil oldingi ko‘rinishda. Bir darslikdan ikkinchi darslikka ko‘chib o‘tgan ikkilamchi fikr, qoida u yoqda tursin, bir kitobning o‘zidayoq oldingi betda aytilgan ta’rifni keyingi betdagi nazariy ma’lumot inkor etadi. “Bilib oling!” ruknida berilgan qoida bilan unga asos sifatida keltirilgan misollar bir-biriga zid. Yangi darsliklar malakali, tajribali maktab o‘qituvchilari bilan hamkorlikda tayyorlanishi kerak. Olim faqat nazariyani yaratadi, amaliyot esa o‘qituvchi zimmasidagi burch.

Dildor Nurmuhammedova:

— Ko‘tarilgan muammo kecha yoki bugun paydo bo‘lgan emas. Bu bir necha besh yildan beri (darsliklar besh yilda almashishini hisobga olsak) davom etib keladi. Psixologlarning fikricha, o‘quvchining dunyoqarashi, fikrlashi sinflar kesimida o‘sib boradi. Birinchi navbatda, mana shu o‘sish darajasi o‘zgaruvchan yoshlarni o‘qitish metodikasi mukammal ishlab chiqilsa, maktablarga metodik yordam sifatida berilsa, yaxshi bo‘lardi. Shuningdek, pedagogik ta’lim texnologiyalari asosan bir xil yoshdagi o‘quvchi (talabalar) uchun tatbiq etiladi. Maktab ta’limi uchun sanoqli texnologiyalar bor. Mutaxassislar jarayonda buni ham inobatga olib, masalaga nafaqat ilmiy, balki amaliy yondashishsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Fikrimcha, jahon ta’lim standartiga mos ravishda kompetensiyaviy yondashuvga asoslangan DTS va o‘quv dasturi (2017) hali eskirib ulgurmadi. Aksincha, ta’limni to‘liq qamrab ololgani yo‘q. Bosqichma-bosqich darsliklar yangilanishi bilan yangi o‘quv dasturi amalda bo‘lmoqda. Meni bir savol qiynaydi: nega katta doiradagi pedagogika fanlari doktorlari tahriri ostida tasdiqlangan o‘quv dasturini yana isloh qilishga ehtiyoj sezilyapti? Mayli, bu biz uchun imkoniyatdir. Aslida ona tili va adabiyot darsligi misolida olsak, 6-sinf ona tili darsligi murakkab boshlangani bilan bolani toliqtiradi. 7-sinf adabiyot darsligidagi mavzular hajmi ajratilgan dars soatiga nisbatan ko‘p. Bu esa o‘quvchiga ham, o‘qituvchiga ham og‘irlik qiladi. Tabiiyki, mavzularni o‘zlashtirishda ham biroz qiyinchilik tug‘diradi.

Xato­lar o‘quvchini chalg‘itib, aldab qo‘ymoqda. Chunki bola faqat darslikka ishonadi. Shunday o‘quv dasturi bo‘lsaki, ko‘p yillar xizmat qilsa. Bir vaqtlar to‘g‘ri deb berilgan xulosa vaqt o‘tib, noto‘g‘ri ekanini targ‘ib etmaylik.

Muzaffar:

— Bugungi demokratik jamiyat va globallashuv jarayoni huquq fanini o‘rganishga bo‘lgan talabni oshirmoqda. O‘quvchilarga huquqiy savodxonlik darslarini ular tushunadigan tarzda chuqur o‘rgatish lozim. Oddiy misol, o‘z haq-huquqlarini, mavjud qonunchilikni yaxshi bilmagan qanchadan-qancha yoshlarimiz tashqi migratsiya jarayonida aldanib qolyapti. Yoki bilmay jinoyat sodir etyapti. Kundalik turmushimizda ham o‘z haq-huquqlarini bilmay, sarson yurgan, hayotda o‘z o‘rnini topa olmayotgan odamlar qancha. Qonunchilik tizimini, qonunlarni o‘rganish jamiyatning har bir a’zosiga juda ham zarur. Shuning uchun davlat va huquq asoslari fanini o‘qitish va darslikka talabni oshirish kerak. Birinchidan, dars soatlarini ko‘paytirish, ikkinchidan, mavzularni sodda va tushunarli qilib shakllantirish va nihoyat OTMga kirish uchun huquq fanidan test joriy qilish lozim.

Shohrux Abdiraimov:

— Davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturini, shu dastur asosida chop etilgan darsliklarni kom-pe­tensiyaviy yondashuvga asoslangan, deya olmayman. Mutaxassislarimiz, avvalo, kompetensiya tushunchasi mohiyatini yaxshi anglab yetishlari kerak. Ona tili darsliklari va o‘quv dasturi shu nuqtayi nazardan qaraganda anchagina bahsli. Menimcha, 2010-yili amalda bo‘lgan o‘quv dasturi bundan mukammalroq edi. Bilim, ko‘nikma va malaka aniq edi. Ammo u ham zamon talabi darajasida emasdi.

Zilola MADATOVA tayyorladi.

 Manba: “M a’rifat” gazetasi

 

 

 

Бошқа хабарлар