O'ZBEKISTONDA KORRUPSIYa: XALQARO TAJRIBANI QO'LLAY OLAMIZMI?

284

Mamlakatimizda korrupsiya illati hamon barham topgani yo'q. Bunga qarshi kurashishda turli davlatlarda turlicha usullar qo'llaniladi. Karim Bahrievning maqolasida bu boradagi xalqaro tajriba o'z aksini topgan. Undan unumli foydalanib, qonunchiligimizda aks ettirsak, mamlakatimizdagi mazkur salbiy illatning oldi olingan bo'larmidi?!
Maqolani to'liq quyida o'qing.

«MOL-MULKNI PORAGA OLMAGAN BO'LSANG, ISBOTLA!»

yoxud korrupsiyani jilovlash bo'yicha xalqaro tajriba

 

Suyukli shoirimiz Abdulla Oripov suhbatlarimizdan birida poraxo'rlik kabi illatlarni odamning tirnoqlariga o'xshatgan edilar, ya`ni u tugamaydi, o'sib chiqaveradi, faqat vaqti-vaqti bilan muntazam qirqib turish kerak. Korrupsiyani batamom yenga olgan mamlakat yo'q. Xalqaro reytingda birinchi o'rinda turadigan Yangi Zelyandiya 100 balldan 89 ball olgan, xolos. Ammo korrupsiyani samarali jilovlay olgan mamlakatlar bor. Ularning tajribasi bizga foydalidir. Shunday qilib…

Olmoniya

Germaniya jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida tizimli, shaffof va ochiq mexanizmlarni yaratgan mamlakat. Transparency International tashkilotining oxirgi hisobotiga ko'ra, Germaniya 180 ta mamlakat orasida 81 ball bilan 12-o'rinni egallagan. Ommaviy axborot vositalari bu yerda korrupsiya holatlari haqida keskin materiallar havola etadi.

Korrupsiyaga moyillik yuqori bo'lgan har bir sohada o'ziga xos kurash usullari tatbiq etilgan. Masalan, Davlat xaridlari shaffoflashgan — tenderlar haqida ma`lumotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi, uning har bir bosqichiga (tayyorgarlik, saralash, tender va hisobga olish) turli kishilar javob beradi. Olmoniyada korrupsiyalashgan tashkilotlarning «qora ro'yxati» yuritiladi va har bir tender o'tkazilganda yoki shartnoma tuzilganda shu ro'yxatga nazar solinadi.

Nemis amaldorlarini pora evaziga og'dirib olish deyarli imkonsiz, chunki ular bir lahzada barcha narsadan – mansabidan, imtiyozlardan, jumladan, kafolatlangan pensiyadan quruq qolishdan qo'rqadi.

Germaniyadagi sezilarli o'zgarish­larga polisiya va prokuraturada korrupsiyaga qarshi bo'linmalar kuchaygani, anonim xabarlar uchun «ishonch telefonlari» yo'lga qo'yilgani, jinoyat va soliq polisiyasining yaqin hamkorlik qilganligi sabab bo'lmoqda. Ilm-fan: olimlar korrupsiyaga sabab bo'luvchi barcha omillarni chuqur tadqiq qilmoqda. Ayon bo'lishicha, amaldorning pora olishga tayyorgarligi ushbu lavozimda ikki yildan ortiq ishlaganidan so'ng o'sib borar ekan. Shuning uchun hokimiyat yirik buyurtmalar taqsimoti yoki zarur ruxsatnoma berish bilan shug'ullanadigan xodimlarni tez-tez almashtirish choralarini ko'radi. Amaldor bu mansabda uzoq qolmasligini yaxshi biladi va keyingi ishini egallashi uchun halol ishlashi lozimligini tushunadi.

Olmoniyada xizmat va sovg'alarni olishga oid qat`iy qoidalar joriy etilgan. Amaldor yoki davlat xizmatchisi yoxud vakolatli shaxs tomonidan olingan har qanday sovg'a, xizmat yoki boshqa qandaydir naf pora hisoblanishi mumkin. Masalan, talaba tomonidan domla tavsiya­noma yozib bergani uchun minnatdorlik sifatida shokolad sovg'a qilinsa ham «ortiqcha e`tibor» hisoblanadi. U hech qanaqa sovg'a olishga haqli emas.

1998 yilda Olmoniyaga borganimizda Bosh prokuratura, Oliy Sud, Bundestag (parlament) kabi turli idoralarda bo'ldik. O'zbekchilik – chopon, do'ppi, pichoq kabi sovg'alar olib borganmiz. Qaysi idoraga kirib rahbariyatiga sovg'a qilsak, avval rad etadi, juda qo'ymasak, xodimini chaqirib, qancha turishini so'rab, kirim qilib, hujjatlashtirib qo'yadi. Chunki 5-7 dollardan qimmat narsa sovg'aga olish mumkin emas ekan.

Biz o'zbek musavviri Isfandiyorning «Oltin kuz» asari Luvr muzeyida saqlanadigan Osiyolik zamonaviy rassomning yagona asari ekanidan faxrlanamiz. U qanday Luvrga olingan? Bu O'zbekiston rahbari Fransiya Prezidenti Mitteranga sovg'a qilgan asardir. U o'ziga olishi mumkin bo'lmaganidan, muzeyga topshirgan.

O'zbekistonda dori ishlab chiqaruvchilar yoki sotuvchilarning shifokorlar bilan til biriktirishi kuzatiladi. Arzon dori turganda shifokor qimmat, kuchli dorilarni yozib beradi… Germaniyada kardiostimulyator ishlab chiqaruvchilar va shifokorlar o'zaro til biriktirib, noqonuniy ish olib borganligi aniqlanib, qattiq choralar ko'rilgan. Siemens va Daimler kompaniya­lari dunyoning turli mamlakatlarida mansabdor shaxslarini pora evaziga og'dirib olib, o'zlari uchun foydali bitimlarni qo'lga kiritishgani keng qamrovli sud ishlari, qamoq jazolari, siyosatchilarning iste`foga chiqishiga, bir necha million yevrolik jarimalarga olib keldi.

Olmoniyada nodavlat notijorat tashkilotlari korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim o'rin tutadi. Ular aholining xabardorligini oshirish, poraxo'rlik va korrupsiyani qoralash, jamoatchilik muhokamasini tashkil qilish, mazkur qabih illatga qarshi islohotlarni ilgari surish borasida o'z so'zi va ovoziga ega.

Estoniya

Bu mamlakat korrupsiyaga qarshi kurash borasida muvaffaqiyatga erishgan mo'`jaz mamlakatlardan biri. 1990-yillarda Estoniyada korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik chuqur ildiz otgan edi. Ushbu mamlakatda korrupsiya­ga qarshi kurashishning asosiy prinsip­laridan biri axborot texnologiyalari xizmatlarining boshqaruvga va davlat xizmatlariga faol jalb qilingani bo'ldi. Bugungi kunda Estoniya Yevropa ittifoqida IT-texnologiya sohasidagi ilg'or mamlakat hisoblanadi. Mamlakat to'liq bepul Wi-Fi bilan, 98 foiz hududi esa simsiz internet bilan qamrab olingan.

Axborot texnologiyalari rivojlanishi korrupsiya muammosini tubdan hal qilish imkonini berdi. Birinchi galda bunga «elektron hukumat»ni joriy qilish orqali erishildi. 2000—2005 yillarda mamlakatdagi hamma hujjatlar aylanishi elektron shaklga o'tkazilgan va barcha estoniyaliklar yagona ma`lumotlar bazasiga ulangan. Amaldorlarga kerak bo'ladigan barcha ma`lumotlar — iqtisodiy statistika, sud, arxiv hujjatlari, tibbiyot kartochkasi va fuqarolar shikoyatlari davlat ma`lumotlar bazasida joylashgan. Tizim shunday yaratilganki, har qanday amaldor ma`lumotlar bazasiga kirib, fuqaroning ma`lumotlariga nazar tashlasa, unga o'zgartish kiritish yoki kiritmaslikdan qat`iy nazar iz qoldiradi. Ya`ni g'arazli davlat xizmatchisining qilmishini bir bahyada aniqlash mumkin.

Men aynan «elektron hukumat» tizimini o'rganish uchun 2015 yilda  Estoniyada bo'lganman. Ko'rganmanki, hatto, quvuridan suv oqqan kishi santexnikka ham internetdan buyurtma beradi, tishi og'rigan kishi stomotolog qabuliga ham uyidan turib yoziladi, firma ochmoqchi bo'lgan kishi ham uyidan chiqmay, tegishli shaklni to'ldirgan holda hujjat topshiradi va tez muddatda oladi, chunki u shaklda o'z ismi-sharifini yo kartasi raqamini yozishi bilan tizim o'zi qayda yashashi, sog'lig'i va hokazo ma`lumotlarni davlat tizimidan oladi va arizani to'ldiradi. Biror yerga borish, mahalladan, soliqdan va boshqa bir yerdan spravka to'plash shart emas.

E`tiborli jihati shundaki, amaldorlar va fuqarolar qariyb muloqot qilmaydi yoki bir-birini juda kamdan-kam hollarda ko'radi. Estoniyaliklar soliq dek­larasiyasini elektron tarzda topshiradi. Masalan, 2010 yildayoq 97 foiz deklarasiya internet orqali yuborilgandi. Yuridik shaxsni ro'yxatga olish 15 minutda hal bo'ladi, bunda tadbirkor kabinetma-kabinet sarson bo'lmaydi. Estoniya 2007 yilda dunyoda birinchi bo'lib o'z fuqarolarining saylovda elektron tarzda ovoz berish imkoniyatini yaratdi.

Tegishli hujjatlarni olish uchun fuqaro joyida suratga tushib, elektron skanerda imzo qo'yishi, barmoq izlarini topshirib, davlat bojini to'lashi kifoya. Barcha zarur hujjatlar avtomatlashtirilgan rejimda tizimga kelib tushadi. Barcha harakatlarga bor-yo'g'i 10 daqiqa ketadi. Hujjat tayyor bo'lgach, fuqaroga elektron pochta yoki mobil aloqa orqali xabar keladi. Ana shu tartibda ye-maktab, ye-polisiya, ye-tibbiyot tizimlari ishlaydi. Ota-onalar farzandi mashg'ulotga qatnashgan-qatnashmaganini bilib oladi, uning uy vazifalari va baholarini kuzatib boradi. Estoniyada davlat idoralarida uzundan-uzoq navbatlarga barham berildi.

Estoniyada xavfsizlik polisiyasi oliy darajadagi mansabdor shaxslarni (vazirlar), davlat prokuraturasi esa huquqni muhofaza qilish organlaridagi korrupsiya holatlarini tergov qilish bilan shug'ullanadi.

Barcha hukumat hujjatlari uch kun ichida ommaviy axborot vositalarida e`lon qilinishi lozim. Shu sababli amaldorlar hujjatdagi har bir qoidani isbotlab, tushuntirishga tayyor turishi kerak. Har yili yuqori martabali amaldorlar o'z mol-mulki haqida deklarasiya topshirishi kerak. Bu ma`lumot keng jamoatchilik uchun ochiq manbada joylashtiriladi.

Singapur

Mustaqillikka erishgan vaqtda Singapurda korrupsiya nihoyatda avj olgan edi. Li Kuan Yu bu davrni shunday ifodalaydi: «Korrupsiya – Osiyo hayotining o'ziga xos xususiyatlaridan biridir. Odamlar «mukofot»ni ochiqdan-ochiq qabul qilishadi, bu ular hayotining bir qismi edi. Uni yo'qotishda ishni o'z do'stlaringizdan uchtasini panjara ortiga o'tqazishdan boshlang. Nima uchunligini siz ham, ular ham yaxshi bilasizlar. Jazoning muqarrarligi korrupsiyani jilovlab turuvchi birinchi omildir. Ikkinchi omil – bozor darajasiga mos keluvchi maoshdir. Biz eng ko'p maosh to'lanadigan o'n foiz kishilarning daromadiga diqqatimizni yo'naltirganmiz. Modomiki, mansabdorlarimiz eng ko'p haq olmas ekan, ularning hukumatga nima keragi bor?»

Korrupsiyaga qarshi kurashishda Singapur qanday qilib, muayyan natijalarga erishdi? Singapur bosh vaziri Li Syanlunning qayd etishicha, bunga sabab to'rtta omilni ko'rsatib o'tish mumkin. Birinchidan,  Singapur Buyuk Britaniya mustakamlaka hukumatidan toza va ishlaydigan tizimni meros qilib oladi. Ikkinchidan, mamlakat yetakchilari tizimni halol va toza ushlashga harakat qilishadi. Li Kuan Yu hokimiyatga kelgach, o'zi va partiyadoshlari oq kuylak va oq shim kiyishdi. Bu ularning hukumatni toza va korrupsiyadan xoli tutish niyatining ramzi edi. Bu o'shandan beri Singapur hukumati uchun asosiy tamoyil bo'lib keladi. Uchinchidan, kuchli siyosiy xohish ortidan Singapurda korrupsiyaga qarshi ishonchli, institusional va kompleks tizim yaratildi. Bu tizim mustahkam qonunlar, huquqni qo'llash amaliyoti, davlat xizmati hamda jamoatchilik nazoratini qamrab oldi. Singapurning Korrupsiya amaliyotlarini tergov qilish byurosi mustaqil davlat organi bo'lib, har qanday fuqaroni, polisiya xodimini, vazirlarni tergov qilishga haqli hisoblanadi. Mamlakatda davlat xizmatchilariga xususiy sektorda topish mumkin bo'lgandan kam bo'lmagan miqdorda oylik maosh to'lanadi va shunga yarasha mezon hamda talab qo'yiladi.To'rtinchidan, Singapur korrupsiyadan xoli jamiyat va madaniyat yaratdiki, xalq hukumatdan toza va halol tizimni kutadi hamda talab qiladi. Bugun biror bir singapurlik muammoni pora evaziga hal qilmaydi, poraga duch kelsa, davlat idorasini xabardor qiladi.

 Xitoy

Buni Sharq deydilar. Xitoyda bosh­qaruv tizimi asrlar davomida korrupsiyaning turli ko'rinishlarini odatga aylantirgan, pora qariyb qonuniylashgan bo'lgan. Masalan, Sin dinastiyasi davrida davlat amaldori sovg'a bilan kelmagan murojaatchini qabul qilmaslik huquqiga ega bo'lgan. Maydaroq amaldorga g'oz, kattaroq lavozimli amaldorga esa butun boshli to'ng'izni sovg'a qilish kerak bo'lgan.

Xitoyda korrupsiyaga qarshi olib borilayotgan chora-tadbirlarga yakdil baho berish oson emas. Bu yerda korrupsiyaga qarshi dunyodagi eng qattiq qonunlar hayotga tatbiq etilgan, katta miqdorda korrupsiya jinoyatini sodir etganlar umrbod ozodlikdan mahrum etilishi yoki o'lim jazosiga hukm qilinishi mumkin.

…Ofiser kaskada va qora ko'zoynakda turibdi. Cho'kkalab olgan aybdorlarning ko'zlari bog'langan. Jallod to'pponchasini chiqaradi va aybdorlarni gardaniga o'q uzadi. Xuddiki oddiy ishini qilgandek. Syujet taxminan besh soniya davom etadi. So'ng diktor nim tabassum va rasmiy ovozda shunday deydi: «Hurmatli o'rtoqlar, siz hozirgina korrupsioner-amaldorlarning qatlini tomosha qildingiz. Endi esa ertangi ob-havo ma`lumotlari bilan tanishing»…

1978 yilda Xitoyda Den Syaopin tomonidan «islohotlar va ochiqlik siyo­sati» e`lon qilinadi. Shundan so'ng mamlakatda «ijtimoiy yo'naltirilgan bozor iqtisodiyoti» hayotga tatbiq etila boshlandi. Xususiy sektorning taraqqiy etishi, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi bilan korrupsiya ko'lami ham kengayib bordi va Xitoyning xalqaro obro'siga, iqtisodiy maqsadlariga to'sqinlik qila boshladi. Xitoylik ekspertlarning hisob-kitobiga ko'ra, XXRning korrupsiya tufayli iqtisodiy yo'qotishlari mamlakat yalpi ichki mahsulotining 13 – 17 foizini tashkil qiladi. Davlat mablag'larining 20 foizga yaqini nohalol amaldorlarning cho'ntagiga borib tushgan. Xitoy oliy milliy auditori ma`lumotlariga ko'ra, maqsadsiz ishlatilgan byudjet mablag'larining umumiy miqdori 8,5 milliard dollardan oshadi. Har yili aynan korrupsio­nerlarning ko'magida jinoyatchilar tomonidan 25 milliard dollardan ortiq mablag' legallashtirilgan.

2000 yilning boshiga kelib, Xitoyda «korrupsiyaga qarshi urush» strategiyasi e`lon qilindi. Bu strategiya o'zining qattiqligi, keng ko'lamliligi va «tarbiyaviy maqsadni ko'zlagani» bilan ham dunyo hamjamiyatini larzaga solib keladi.

2008 yilgi Olimpiada arafasida chet ellik mehmonlarning kayfiyati va asabini buzmaslik uchun qatl namoyish­lar vaqtinchalik to'xtatilgan edi. Ke­yinchalik Olimpiada tugashi bilan jarayon davom etmoqda.

2000 yildan beri Xitoyda sudlar tomonidan 10 ming amaldor otuvga hukm qilingan, yana 120 ming nafari esa 10 yildan 20 yilgacha bo'lgan muddatga qamoq jazosiga tortilgan. Xitoyda korrupsionerlarning mol-mulki musodara qilinib, ularning oilasiga qatl paytida ishlatilgan ikki dona o'q uchun 8 yuan miqdorida hisob ham yuboriladi.

Xitoyda korrupsiyaga qarshi samarali choralardan yana biri barcha bo'g'indagi davlat organlarida kadrlar rotasiyasidir. Xitoy kommunistik partiyasi Markaziy qo'mitasi va Siyosiy byurosi tegishlicha 51,5 va 36 foizga yangilandi. Markaziy intizom komissiyasi tarkibi esa qariyb 80 foizga yangilandi.

2012 yilda hokimiyatga kelgan Si Szinpin mamlakatda korrupsiyaga qarshi tom ma`noda urush e`lon qildi. Uning fikricha, mamlakatning asosiy muammolaridan biri aynan korrupsiyadir.

So'nggi 30 yil davomida Xitoydan 4 mingdan ortiq partiya amaldorlari qochib ketgan. Ular o'zlari bilan 7,1 milliard dollardan ortiq mablag'ni olib ketishgan.

Gongkong

Korrupsiya Gongkong uchun ham begona odat emas edi, ammo bugun bu yerda juda katta tajriba va muvaffaqiyatga erishilgan. Zero, davlat rahbariyati kuchli xohish, qat`iyat va izchillik namoyish etgan.

Gongkong 1974 yildan korrupsiyaga qarshi choralarni amalga oshirishga kirishdi. Korrupsiyaga qarshi uchta ta`sirchan chora qo'llandi:

Birinchi chora. Amaldorlar uchun aybsizlik prezumpsiyasi bekor qilindi. Uning o'rniga, agar mol-mulkni poraga olmagan bo'lsang, isbotla degan tamo­yil joriy qilindi. Gongkong qonunchiligiga ko'ra, agar amaldor chet eldagi hisob-raqamidagi mablag'lar yoki mol-mulki qonuniy yo'l bilan olinganini isbotlab bera olmasa, 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.

Ikkinchi chora. 1974 yili Korrupsiya­ga qarshi kurashish bo'yicha mustaqil komissiya tuzilgan. Na ichki ishlar vazirligi, na xavfsizlik idoralari komissiya ishiga aralasha oladi. Komissiya a`zolarining oylik maoshi huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarinikiga qaraganda 20-30 foiz yuqori. Komissiya nafaqat poraxo'rlarni aniqlaydi, ayni paytda profilaktika ishlari bilan ham shug'ullanadi, ya`ni korrupsiyaga moyillik yuqori bo'lgan organlarda, xizmatlarda faol ish olib boradi. Komissiya doimiy ravishda poraxo'rlar tomonidan yangi sxemalar o'ylab topilayotgani yoki qo'llanilayotganini o'rganib, ularga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirib boradi. Komissiya har qanday vazirlik yoki idorada, agar zig'irchalik shubha bo'lsa ham, tekshiruv o'tkazishga haqli.

Uchinchi chora. Oddiy odamlar va jurnalistlarga poraxo'rlar haqida ma`lumot berish imkoniyati berilgan. Odamlar mus­taqil komissiyaning qaysidir ma`noda yordamchisiga aylangan. Jurnalistlar esa har qanday amaldorning ishi bilan to'laqonli tanishib chiqish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, Gongkongda pora beruvchilarni jazolash bekor qilingan. Amaldor har doim aybdor.

Eng muhimi, korrupsionerlarni qo'lga olish, qidirish bilan bog'liq barcha tadbirlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritiladi. Odamlar yuqori martabali amaldorlar jazo olayotganini ko'rib, his qilib turadi. Odamlarda korrupsiyaga qarshi kurashishga nisbatan ishonch ortgan. Ular hukumatning bu boradagi sa`y-harakatlarini to'laqonli qo'llab-quvvatlaydi.

Yuqoridagi kabi tajribalar O'zbekiston uchun o'rganilishi zarur va ular xalqimizga umid beradi.

Karim BAHRIEV

 2019 yil, 12 iyul, 26-son

“Jamiyat” gazetasi

 

Boshqa xabarlar