Sherzodxon Qudratxo'jaev: “Media olamdagi “axlat jangi” qachon tugaydi?”

143
Jamiyatimizning og'riqli nuqtalari haqidagi muhokamalar borgan sari ularning yechimlarini topishga emas, yangi bo'lmag'ur muammolarni keltirib chiqarishga asos bo'lmoqda. Oqibatda esa asosiy muammolar qolib, kimningdir shaxsiyatiga, oilasi, biznesi umuman barchasiga tosh ota boshlayapmiz…
Ushbu postni yozishimning sababi – jamiyatimizda tobora rivojlanib borayotgan agressiya alomatlari. E`tibor berganmisiz, oddiy bir ishni bitirish uchun muomala bilan yondashuv o'rniga keskin talab yoki shart qo'yamiz, yo'lda haydovchilar bir-birlariga jahl qiladilar, piyodaning hatto yo'lakdan sekinroq o'tishi ham ayrimlarning jig'iga tegadi va uni ustidan bosib o'tishdan toymaydilar. Do'konlar, oshxonalar va kommunal to'lovlar uchun navbatda turgan odamlar o'rtasida u yoki bu arzimas sabab katta janjal chiqadi.
Nega bunday? Bu kabi negativ muhitning paydo bo'lishi va tarqalishining sababi nimada?
Mening kuzatuvlarim shuni ko'rsatmoqdaki, bugun jamiyatda bir-birimizga nisbatan agressiya kayfiyati hukmronlik qilmoqda.
Bular nimada namoyon bo'lmoqda?
Holatning zamirida ba`zi omillar yotibdiki, ularni o'rganish lozim. Biz bir-birimizdan norozimiz, qo'shnimizdan norozimiz, jigarlarimizdan norozimiz, yana ba`zilar jamiyatdan norozi. Bunday fuqarolar ongida jamiyat unga nisbatan adolatsizlik qilayotgandek tuyulmoqda. Ya`ni, kimdir uni qadrlamagan, yana kimnidir yaxshi davolashmagan, yana kimgadir yaxshi dars berishmagan, kimnidir esa yaxshi ishga olishmagan, kimdir esa oddiy mehr shaydosi, xullas, oddiy qilib aytganda “boshqalar osh yeb, u quruq qolgandek”.
Bu jarayonlar ilgari internet yo'q paytda ham bo'lgan. Faqat bu haqida hamma ham bilavermagan. Ammo hozirga kelib bu negativ holatlarning bariga ommaviy guvoh bo'lishmoqda. Bu endi choyxonadagi o'zaro gurunglardan ijtimoiy tarmoqlarga ko'chib o'tdi. Bu masala ilmiy yondashuvni talab etgani bois men hamkasblarim Nozima Muratova, Navbahor Imomova, Kamola Yusupova va Laylo To'raevalar bilan birgalikda uning sabablarini ochishga harakat qildik. Ojizona tashxisimiz shuki, bu masala kecha yoki bugun paydo bo'lmagan, bu jarayon o'tgan asrning 80 yillar oxirida SSSR parchalanib, yangi tuzumga o'tish jarayoni boshlanganidan buyon aks-sado bermoqda. Lekin biz bugun 27 yildan buyon bu masala yuzasidan biror ishni amalga oshira olganimizcha yo'q. Ko'pchilik uchun SSSR parchalanishi va yangi davlat yuzaga kelishi og'ir kechdi, ayniqsa, ijtimoiy soha vakillarining daromadlariga bu jarayon qattiq salbiy ta`sir qildi. Biz bozor munosabatlariga ham to'liq o'ta olmadik, transformasiya jarayoni ham cho'zilib ketdi. Ammo ana shu o'tish jarayoni bizning mamlakatda qo'shnilarimizdan ko'ra ancha cho'zilib ketganini ham aytish joiz.
Ilgari qator sabablarga ko'ra ijtimoiy tarmoqlarga olib chiqishga jur`at qilinmagan mavzular bugun ommaviy muhokama etilmoqda. Bu yaxshi yoki yomon? Yaxshi shekilli. Chunki muhokamalar jarayonida ushbu muammolarning keskinlik darajasi pasayishi, ularning xalq orasida erkin muhokama qilinib, muammolar o'tkirligi olib tashlanayotgani quvonarli hol, albatta. Va yana bir muhim jihati shundaki, bu jarayonni barcha demokratik mamlakatlar boshdan o'tkazgan va biz ham bu jarayondan xuddi tumov bilan og'rigan bemor o'zida kasallikka nisbatan immunitet hosil qilib o'tganidek sog'lom, chidamli immunitet bilan o'tib olishimiz lozim. So'z erkinligining bahosi ham, jazosi ham – shu. Chidash kerak, toblanish kerak. O'tkinchidir bu. Yodimga Sulaymon (a.s)ning mashhur uzugi tushdi. Bunisi ham o'tib ketadi.
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinmaydigan taqiq mavzu qolgani yo'q. Albatta, har bir inson o'z fikriga ega, erkin fikrlash va fikrni ommaviy bildirish barchaning huquqiga kiradi. Ammo shunday nozik pardalar borki, har kim istaganicha fikr bildira olmaydi. Bular shaxsiy hayotga aralashuv, kimnidir haqorat qilish, kimgadir tahdid qilish, kimgadir urush e`lon qilish. Bu uchun javobgarlik ham bor ekanini bilib olishimiz shart. Ana shunday holatlar: insonlarning shaxsiy hayotiga daxl qilish, kimnidir ig'vo qilish, tahqirlash, qadr-qiymatini toptash, mavzuni yuzaki chaynash, “dedi-dedi”larning ko'payib borishi bir paytlar AQSh tajribasida “Trash War” ya`ni OAVdagi “axlatlar jangi” deb ta`riflangan. Demak, “axlat urushlari” bizga ham yetib kelibdi-da. Nimagadir yomon narsalar tezda yetib keladi, yaxshilaridan ko'ra.
Ammo muhokama qiluvchi insonlar ana shunday holatlarni shaxsan boshdan kechirmagunlaricha, jarayon qurboni bo'lish qanday ekanini bila olmaydilar.
“Xo'sh davomi nima bo'ladi”, deb so'rashingiz mumkin? Bu ketishda ma`muriy sudlarga yangi presedentlar paydo bo'ladi.
Buni ham ulg'ayayotgan organizm og'riqlari singari barcha demokratik davlatlar boshdan kechirgan. Savol tug'iladi, biz bu sharoitda nima qilishimiz kerak? Nazarimda, o'zimizni tuta bilishimiz, shaxsiyatga tegmasligimiz, shaxsiy va jamiyatga oid masalalar o'rtasidagi farqni ajrata bilishimiz, nima bo'lgan taqdirda ham o'zaro hurmatni, bag'rikeng munosabatni saqlay bilishimiz muhim.
Shunda biz bu “tumov”dan tezroq tuzalamiz va jamiyatda bunga nisbatan immunitet hosil qilib, rivojlanishning keyingi bosqichiga ko'tarilamiz.
Sherzodxon Qudratxo'jaev,
“Xalqaro press-klub” raisi
O'zA
Boshqa xabarlar