O'zbekiston – Turkiya: HAMKORLIKNING OYDIN ISTIQBOLLARI

86

Davud gazi Benli:
Turkiyaning O'zbekistondagi elchixonasi matbuot maslahatchisi

 

– O'zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo'lib Turkiya tan olgan edi. Dastlab munosabatlar har tomonlama qalinlashib, barcha sohalarda hamkorlik rivojlandi. Ammo keyinchalik, ta`bir joiz bo'lsa, ushbu munosabatlar «muzladi». Buning sabablari nimada edi?

– Biz qardosh xalqlarmiz. Tariximiz, an`analarimiz bir. O'zbekiston biz uchun ota yurt. Yurtingiz mustaqil bo'lgach, ya`ni 1991 yildan 2000 yillargacha ikki davlat o'rtasida barcha yo'nalishdagi aloqalar yaxshi bo'ldi.
Ammo orada bu munosabatlar, aytganingizdek, «muzladi». Buning asosiy sababi sirli va ayyor tashkilotning amalga oshirgan harakatlari edi. Bu tashkilot yigirma yil davomida sirli tarzda islom dunyosining ishonchini qozonishga urindi. O'zbekis­tonda ham faoliyat yuritdi. Ta`lim tizimida shuhrat ­topdi, boylik orttirdi.
1999 yilda O'zbekistonning Birinchi Prezidenti bu tashkilotni mamlakatdan chiqarib yubordi. Turkiyaliklar bu holatni u paytda idrok etmadi. O'zaro aloqalarga raxna, deb hisobladi. Faqat 2013 yildagina mazkur holatning mohiyatini tushunib yetdikki, aslida, davlatingiz to'g'ri ish tutgan ekan, biz o'shanda xatoga yo'l qo'ygan ekanmiz.
2016 yil 15 iyunda ushbu tashkilot tomonidan davlat to'ntarishiga urinish bo'ldi. Mazkur holatda 251 nafar kishi shahid ketdi, 2700 nafardan ortiq fuqaro jarohat oldi. Men ham o'shanda jarohat olganman. Bu voqea­lar biz uchun saboq bo'lib qoldi.

– 2016 yil iyul voqealarida Turkiya xalqining jipsligi va Prezident Rejep Tayyip Erdo'g'on siyosatini yakdil qo'llab-quvvatlashiga guvoh bo'ldik. Ayting-chi, bu yakdillikning asosiy sabablari nimada edi?

– O'shanda Turkiya xalq qahramonligini ko'rdi. Agar xalq, o'z uyidan kech bo'lsa-da, ko'chalarga chiqmaganda edi, bugungi zafarlar bo'lmas edi. Xalq va davlat o'sha kecha bir kuchga aylandi.
Turkiyada 1961,1980, 1997 yillarda ham xuddi shunday harbiy kuchlar xurujlari bo'lgan. Ular barchasida maqsadiga yetgan. Lekin bu gal 7 yoshdan 70 yoshgacha bo'lgan insonlar ko'chaga chiqdi. Tanklar yo'lini to'sdilar. Amaldagi davlatni asrab qolish uchun, tinchlik va barqarorlik uchun. Bu xalq irodasi demokratiyaning yorqin ko'rinishi sifatida dunyo tarixiga yozilajak. Bunga ishonchim komil.

– Demokratiya haqida so'z ketganda, yaqinda Istanbul shahri hokimligi uchun bo'lib o'tgan saylovlar haqida so'z yuritish o'rinli. Ushbu siyosiy jarayonlar dunyo jamoatchiligining e`tiboriga tushdi. Ayni paytda vaziyatni siyosatchilar turlicha baholamoqda. Siz bunga qanday izoh berasiz?
– Aytganimdek, Turkiyada demokratiya kuchli. Turli siyosiy kuchlar, partiyalar o'z qarash va tarafdorlariga ega. Huquqlari qonun bo'yicha kafolatlangan.

Dastlab Istanbul hokimligi uchun bo'lgan saylovlar yakuniy natijasi 31 mart kuni e`lon qilindi. Ikki nomzod deyarli bir xil ovoz to'pladi. Oliy saylov kengashi qayta saylov o'tkazdi.
Keyingi saylovda Xalq respublikasi partiyasi vakili Akrom Imomo'g'li g'olib chiqdi. Unga sobiq bosh vazir Binoli Yildirim raqiblik qilgan edi. Akrom Imomo'g'lini birinchilardan bo'lib Prezident Rejep Tayyip Erdo'g'on tabrikladi. Qolaversa, uni Binoli Yildirim ham g'alaba bilan muborakbod etdi. Bu – demokratiya. Xalq irodasi. Unga hech kim qarshilik qila olmaydi.
Men dunyoning 70 tadan ortiq davlatida bo'lganman. Ularning har birini o'z davlatim bilan solishtirganman. Xulosam shuki, Turkiya demokratiyasi o'ziga xos institut. Biz bu bilan faxrlanamiz.

– So'nggi yillarda ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Bunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoev va Rejep Tayyip Erdo'g'onning siyosiy irodasi, qat`iyati hal qiluvchi vazifani o'tadi. Ya`ni ikki mamlakat rahbarlari o'rtasidagi do'stona aloqalar, samimiy muloqotlar o'zaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda. Mana shu a`lo darajadagi munosabatlar natijalari bugun nimalarda yaqqol ko'rinmoqda?

– Darhaqiqat, keyingi yillarda ikki davlat o'rtasidagi munosabatlar tubdan yaxshilandi. Bordi-keldimiz kuchaydi, o'zaro rishtalar yanada mustahkamlandi. Birgina misol keltirmoqchiman: bugungi kunda ikki davlat o'rtasidagi savdo aylanmasi 2 milliard AQSh dollaridan oshdi. Hali bu yetarli emas. Prezidentlarimiz o'rtasidagi uchrashuvda uni 5 milliard AQSh dollariga yetkazishga kelishilgan. Ayni vaqtda O'zbekistonda 500 nafardan ortiq tadbirkorlarimiz faoliyat ko'rsatmoqda. Biroq biz buni ham yetarli, deb hisoblamaymiz. Ularning soni yanada ortsa, eng muhimi, Turkiyada ham O'zbekiston tadbirkorlari ish bosh­lasa, ana shundagina ko'zlangan maqsad sari muhim qadam tashlagan bo'lamiz. Ishonchim komilki, bunga, albatta, erishamiz.

– Xabaringiz bor, O'zbekistonda bu yil «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» deb nomlangan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev barcha sohalarda investisiya masalasini o'rtaga qo'ymoqda. Turkiyada bu yo'nalishdagi ishlar qanday darajada? O'zbekistonda qaysi sohalar investisiya kiritish uchun istiqbolli, deb hisoblaysiz?

– O'zbekiston Turkiya uchun eng qulay iqtisodiy hamkor hisoblanadi. Birinchidan, O'zbekiston iqtisodiyoti eng tez rivojlanayotgan davlatlardan biri. Ikkinchidan, bu zaminda tabiiy boyliklar juda ko'p. O'zbekistonning eng katta boyligi – 33 millionlik aholisi. Ishchi kuchi yetarli. Investisiya kiritish uchun eng qulay davlatlardan biri. Shu sababdan Turkiyadagi ishbilarmonlarga O'zbekistonga kelish va sarmoya kiritishga da`vat etyapman.
O'zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Fikrimcha, bunda ziyorat turizmining o'rni katta. Nafaqat Turkiya, balki Malayziya, Indoneziya, Arab davlatlari, umuman, islom olami uchun O'zbekiston eng muhim ziyorat maskani hisoblanadi.

– O'z vaqtida Mahmud Koshg'ariy shunday degan: «Uma kelsa, qut kelar» («Mehmon kelsa, qut kelar»). Turkiya – turizm rivojlangan davlatlardan biri. O'z tajribalaringiz bilan o'rtoqlashsangiz. O'zbekistonda turizm­ni rivojlantirish uchun yana nimalar qilish kerak, deb hisoblaysiz?

– Bundan 30 yil oldin Turkiyada ham turizm sohasi rivojlanmagan edi. O'shanda Turkiya ikki jihatga e`tibor qaratdi: birinchisi, turizm sohasida maktablar ochdi. Bunda ta`lim oluvchilarga mehmonlarga xizmat ko'rsatish, qabul qilish, kuzatish kabi sohalar o'rgatildi. Ikkinchisi, xususiy sektorga, ya`ni ishbilarmonlar va inves­torlarga keng imkoniyat yaratdi. Diqqatga sazovor joylarga mehmonxonalar qurdi. Turizmning barcha yo'nalish­lari – dengiz turizmi, ziyorat turizmi, qish turizmini rivojlantirdi. Yangi yo'nalishlar ochdi. Har bir yo'nalishda xizmat ko'rsatuvchi mutaxassislarni tayyorladi.
Men bir yildan ortiq vaqt mobaynida O'zbekistonda faoliyat yuritib, ko'p narsalarni kuzatish imkoniga ega bo'ldim. Ularga asos­lanib ayta olamanki, turizm rivojida bir qancha muammolar bor. Masalan, mehmonxonalar soni yetarli emas. Xizmat ko'rsatuvchi mutaxassislarning malakasi haqida ijobiy fikr bildirib bo'lmaydi. Mana shu omillarga e`tibor qaratilsa, sayyohlar soni yanada ortadi.

– Ma`lumki, Turkiya ta`lim sohasida katta yutuqlarga erishgan. Siz O'zbekistondagi ta`lim sohasidagi islohotlarni kuzatib borayotgan bo'lsangiz, xolis kuzatuvchi sifatida ularga qanday baho berasiz?

– Turkiyada bugungi kunda 200 tadan ortiq universitet bor. Ularning yarmi vaqf (fond), yarmi xususiy hisob­lanadi. Ya`ni ularning 100 dan ortig'i xususiy universitetlardir. Turkiyadagi barcha universitetlar Turkiyaning o'ziga tegish­li, boshqa davlat oliygohlarini Turkiyada ochish mumkin emas. Hozirda jahonning 500 ta universiteti reytingida Turkiyaning 12 ta universiteti yuqori o'rinlarda turadi. Dunyodagi eng yaxshi 1000 ta universitet orasida esa 26 ta universitetimiz bor.
Yana bir muhim jihat: Turkiyada Oliy ta`lim vazirligi yo'q. Barcha universitetlar mustaqil. Ular o'zini o'zi boshqaradi. Oliy ta`lim bir tizimga birlashgan. Deylik, bir universitetga turli fakultetlar, ilmiy institutlar qaraydi. Bundan tashqari, magistratura va doktorantura ishlari bilan shug'ullanuvchi institutlar ham bir universitetga bog'langan.
Turkiyada universitetlar shahar tashqarisida joylashgan. Talaba shahar ichiga kirishga ehtiyoj sezmaydi. Hamma sharoit o'sha universitetning o'zida mavjud. Dunyoning barcha davlatlaridan yoshlar kelib o'qishadi. O'zbekiston yoshlariga ham Turkiyada o'qishlariga imkoniyat yaratishimiz kerak.

– Yaqinda Toshkentda kasaba uyushma yoshlarining «TEMP – 2019» xalqaro forumi bo'lib o'tdi. Unda dunyoning 20 davlatidan, xususan, Turkiyadan ham vakillar ishtirok etdi. Ushbu forumda mazkur tadbirni kelgusi yilda Turkiyada o'tkazish taklifi ham bildirildi. Shu o'rinda mamlakatingizda kasaba uyushmalarining o'rni haqida so'zlab bersangiz.

– Kasaba uyushmasi Turkiyada «Sendika» deb ataladi. Ya`ni bu nom G'arb davlatlaridagi «sindikat» so'zidan olingan. Kasaba uyushmasi demokratiya jihatidan juda muhim tashkilot hisoblanadi. Chunki ishchi va xodimlar, ularning haq-huquqlari muhofazasi demokratiya nuqtai nazaridan katta ahamiyat kasb etadi. Qaysi davlatda kasaba uyushmasi kuchli bo'lsa, o'sha davlatda demokratiya ham kuchli bo'ladi. Ishchi va ishbilarmon o'rtasida kelishmovchilik, muammo bo'lmaydi.
Turkiyada kasaba uyushmalari maslahat stoliga o'tiradi. Bir tomonda davlat, bir tomonda kasaba uyushmalari har yili maoshlar, xodimlar haq-huquqlari bo'yicha munozara qiladi. Ularda doimo xalq manfaati ustuvor bo'ladi.

– O'zbekistonda diplomatik faoliyatingizni bosh­laganingizdan buyon ikki davlat o'rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun nima ishlar qildingiz?

– Kommunikasiya hamda matbuot sohasida O'zbekiston va Turkiya aloqalarini yaxshilash bosh maqsadim. Men o'zbekis­tonlik matbuot xodimlari bilan yaxshi aloqalar o'rnatdim. Ko'plab jurnalistlar va ziyolilar bilan do'stlashdim. Ular bilan birgalikda materiallar tayyorlayapmiz. Turkiya va O'zbekiston imkoniyatlarini yorityapmiz, ikki qardosh xalqni bir-biriga tanityapmiz.
Hamkorlikning istiqbollari yanada oydin bo'lishiga ishonchim komil.

Suhbatdosh:
Anvar Qulmurodov,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar