«PARTIYaMIZ HAR QANDAY KURAShGA ShAY HOLATDA»

99

Shu yilning dekabr oyida Parlament va mahalliy Kengashlarga saylovlar bo'lib o'tadi. Muhim siyo­siy tadbirga mamlakatimizdagi siyo­siy partiyalar qay darajada tayyorgarlik ko'rmoqda?
O'zbekiston «ADOLAT» sosial-demok­ratik partiyasi Siyosiy Kengashi raisi Narimon UMAROVni shu mavzuda suhbatga tortdik.

 

– Partiya o'z saylovoldi dasturlarida sog'liqni saqlash masalasiga alohida e`tibor qaratib keladi. O'sha va`dalar, ya`ni tibbiyot rivojiga hissa qo'shish faqat qog'ozda qolib ketmadimi?

Va`dalarga vafo xususida

– Sog'liqni saqlash tizimiga alohida ­e`tibor berilmoqda. Fraksiya tashabbusi bilan sohaga oid 2 ta qonun qabul qilindi. Deputatlar saylovchilar bilan uchrashuvlarda birlamchi tibbiyot muassasalaridagi holatni o'rganib, mutasaddi rahbarlarga so'rovlar va murojaatlar orqali ko'pgina muammolarni hal etishga erishdi. Shuningdek, o'tgan davr­­da ­dasturiy maqsadni amalga oshirish uchun fraksiya deputatlari ishtirokida tuzilgan ishchi guruh barcha viloyatlarda bo'lib, birlamchi tibbiyot muassasalaridagi ahvolni o'rgandi. Ulardagi muammolar tahlil etilib, har bir viloyat bo'yicha «Yo'l xaritalari» ishlab chiqildi va ular mahalliy Kengash sessiyalarida muhokama etilib, ijroga yo'naltirildi.
Fraksiya a`zolari partiya faollari bilan birgalikda joylarda Prezidentning 2017 yil 3 maydagi «Nukus-farm», «Zomin-farm», «Kosonsoy-farm», «Sirdaryo-farm», «Boysun-farm», «Bo'stonliq-farm» va «Parkent-farm» erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to'g'risida»gi farmoni ijrosini o'rgandilar. Natijada fraksiya tashabbusi bilan 2018 yil dekabr oyida Bosh vazir o'rinbosariga «Farmasevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirish va modernizasiya qilishning holati hamda amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida» Parlament so'rovi yuborildi.
Shuningdek, partiya tomonidan jamoatchilik nazorati tartibida bolalar o'rtasida stomatologik kasalliklar profilaktikasini tashkil etish, bolalarga ko'rsatilayotgan stomatologik xizmat sifatini yaxshilash maqsadida «Sog'lom turmush tarzi yo'lida birlashaylik!» loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Ishchi guruh 2018 yilning sentyabr-noyabr oylarida Andijon, Buxoro, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahridagi jami 1401 ta umumta`lim maktabidagi holatni o'rgandi. Natijada bolalar o'rtasida karies kasalligining tarqalishi 4-7 yoshdagi bolalarda 93 foiz, 8-12 yoshlilarda 86 foiz, 13-18 yoshdagi bolalarda esa 74 foizni tashkil etayotganligi aniqlandi. Bu muammo yechimi bo'yicha xalq deputatlari doimiy komissiyalariga 20 ta, sessiyalarga esa 5 ta masala kiritildi. Bu masala Parlamentda 2018 yilgi Hukumat hisobotiga takliflar sifatida ham kiritildi.

– Kelgusi yilda partiya o'zining 25 yilligini nishonlaydi. O'tgan vaqt ichida u o'z elektorati ishonchini qozona oldimi?

Elektorat e`tibori va ishonchi

– Partiyamiz tashkil etilgan ilk yillar ulg'ayish davri bo'lgan bo'lsa, hozir bemalol oyoqqa turib, har qanday kurashga shay holatga keldi.
O'tgan davr mobaynida partiyamiz tomonidan nafaqat elektoratimiz, balki mamlakat va jamiyatimiz rivojiga oid bir qator muhim tashabbusl­­ar ilgari surildi va amaliy natijalarga erishildi.
Bundan 15 yil ilgari, ya`ni 2004 yildagi saylovoldi dasturimizda davlat xizmatchilarining burch va mas`uliyati, vakolat doirasi, imtiyozlari aniq ko'rsatib berilgan qonun qabul qilinishiga erishish vazifasi belgilangan edi. Natija shuki, bugungi kunga kelib, «Davlat xizmati to'g'risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Innovasion iqtisodiyotni rivojlantirish ham dasturiy vazifalarimizdan biri edi. Natija shunday bo'ldiki, mamlakatimizda innovasiyani rivojlantirmasdan turib, iqtisodiyotni rivojlantirib bo'lmasligi e`tiborga olinib, Innovasion rivojlanish vazirligi tashkil etildi. Davlat byudjetidan innovasion ishlanmalar va startap loyihalarni ishlab chiqishga ajratilgan mablag'lar miqdori oshirildi.
Maqsad va vazifalarimizdan yana biri ish beruvchi tomonidan ishchi-xizmatchilarga tibbiy sug'urta kafolatlarini joriy etishga qaratilgan edi. Bu masala yechimi «2019-2025 yillarda O'zbekiston Respub­likasining sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish Konsepsiyasi»da qayd etilgan bo'lib, 2021 yildan tibbiy sug'urtani joriy etish boshlanadi.
Biz boshqaruvda oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillarini ta`minlash zarurligini ilgari surib, 2009 yilda «elektron hukumat»ni joriy etish bo'yi­­cha dastur ishlab chiqish hamda uni amalga oshirishni taklif etgandik. O'sha paytlarda «hukumat bitta bo'ladi, qanaqa elektron hukumat to'g'risida gapiryapsizlar», deb e`tirozlar bildirganlar ham bo'ldi. O'zingizga ma`lum, 2015 yil 9 dekabrda «Elektron hukumat to'g'risida»gi qonun imzolandi.
Partiya va deputatlarimizning uzoq vaqt mobaynida masalani qayta-qayta ko'tarish­lari sabab 2019 yilda «Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to'g'risida»gi qonun qabul qilindi.
2014 yildan buyon olib borilgan sa`y-harakatlarimiz natijasida «Inson organlari, to'qimalari va (yoki) hujayralarini transplantasiya qilish to'g'risida»gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, «Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash to'g'risida»gi qonun qabul qilindi.

– Yaqinda matbuotda «Jamoatchilik deputatlar faolligini qoniqarsiz baholadi…» sarlavhali maqola e`lon qilindi. Unda 445 kishi qatnashgan «Siz qaysi partiyani faol deb ayta olasiz?» nomli so'rovnomada O'zbekiston «Adolat» sosial-demokratik partiyasiga 3 foiz «ovoz berilgan». Siz buni qanday izohlaysiz?

So'rovnoma haqida savol

– Albatta, bu kabi so'rovnomalar biz uchun nihoyatda foydali. Ushbu so'rovnoma yoritilgan gazeta materiali bilan tanishib chiqdik. Afsus­ki, unda so'rovnoma kimlar o'rtasida, qachon, qaerda o'tkazilgani, ishtirokchilarning yoshi to'g'risida hech qanday ma`lumot berilmagan. Bundan tashqari so'rovnomalar ma`lum bir ma`noda jamiyatning biror qismi qarashlarini ifodalagan holda kim tomonidan, kimlar o'rtasida va qaerda, qachon o'tkazilganiga qarab natijalari ham o'zgarib turadi. Gapimning isboti sifatida shuni aytishim mumkinki, Markaziy Saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida (elections.uz) barcha partiyalar haqida ma`lumotlar joylangan. Ahamiyatlisi, o'quvchilarning eng ko'p qismi «Adolat» sosial-demokratik partiyasi va uning dasturi haqidagi sahifasiga tashrif buyurganini ko'rishimiz mumkin.
Bu kabi bir-biriga qarama-qarshi natijali so'rovnomalarni ko'plab uchratish mumkin. Shunday bo'lsa-da, yuqorida ta`kidlaganimdek, so'rovnomalar faoliyatimizda faqat va faqat ijobiy jihat uchun xizmat qiladi.

 

– Partiya dasturida belgilangan vazifalar ijrosi qay darajada ta`minlanmoqda?

Vazifalar ijrosi qoniqarlimi?

– Partiyamiz fraksiyasi o'zining asosiy vazifasi, ya`ni qonunchilik faoliyatini amalga oshirish bilan birga nazorat-tahlil faoliyatiga ham alohida e`tibor qaratib kelmoqda.
Xususan, 2018 yildagi o'rganishlar natijasida aholini toza ichimlik suvi bilan ta`minlash va undan oqilona foydalanish, aholini arzon va sifatli dori-darmon vositalari bilan ta`minlash, ijtimoiy dorixonalarni tashkil etish kabi muammolar ko'tarilgan edi. Aynan shu ikki masala fraksiya tashabbusi bilan Qonunchilik palatasida ilk bor tashkil etilgan «Hukumat soati» kun tartibiga kiritildi. Natijada 2018 yil 1 may kuni har ikkala masala yuzasidan tegish­li vazirliklarning axboroti eshitildi va ular bo'yicha qarorlar qabul qilinishiga erishildi.
Shuningdek, fraksiya tashabbusi bilan 2018 yil 12 may kuni «Umumiy o'rta ta`lim muassasalarida o'quvchilarning sog'lom ovqatlanishini tashkil etishning holati hamda uni amalga oshirish bo'yicha qabul qilinayotgan chora-tadbirlar to'g'risida»gi parlament so'rovi xalq ta`limi vaziriga yuborildi. Bu masala Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi yig'ilishida muhokama etilib, tegishli qaror qabul qilindi.
2019 yilning fevral – mart oylarida fraksiya a`zolari va partiya faollaridan iborat ishchi guruhlar joylardagi «Barkamol avlod» bolalar markazlarining faoliyatini o'rganishdi. Fraksiya tashabbusi bilan Bosh vazir o'rinbosariga «Barkamol avlod» bolalar markazlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida» Parlament so'rovi yuborildi. Natijada, bu sohada ham tizimli ishlar yo'lga qo'yilishi uchun Hukumat tomonidan qaror loyihasi tayyorlanishiga erishildi.

Kunduzgi chiroq o'chishidagi hissa

 

– Xabaringiz bor, yaqinda yo'l harakati qoidalariga kiritilgan yangi o'zgarish, ya`ni kunduzi mashina chiroqlarini yoqib yurish to'g'risidagi qoidaga jamoatchilik tomonidan ko'p ­fikr-munosabatlar bildirildi. Bu jarayonlarda «Adolat»chilarning ishtiroki qanday bo'ldi?

– Ushbu masalani ko'tarib chiqqan uch deputatning biri fraksiyamiz a`zosi Jamshid Pirmatov edi. Bemalol aytishim mumkinki, fraksiyamiz a`zolari turli masalalarda hamisha o'z pozisiyasiga ega va qat`iy fikrini bayon eta oladi. Buni o'tgan yili kuzatilgan Kattaqo'rg'on voqea­lari, haydovchilarni majburiy qayta tayyorlash, deputatlik so'rovlariga hukumat vakillarining e`tiborsizligi, o'quv darsliklaridagi xatolar kabi masalalarda ham kuzatish mumkin.
Tez tibbiy yordam mashinalari orqali fuqarolarga xizmat ko'rsatishda ayrim muammolar mavjud ekan. Ya`ni, «Tez yordam» haydovchilari tezlik o'lchagichlarga tushmaslik uchun tezlikni oshirmaydi. U tomonda esa inson hayoti – har daqiqa g'animat bo'lishi mumkin. Shu maqsadda bir qator deputatlarimiz «O'zbekiston Respublikasining Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 171-moddasiga qo'shimcha kiritish haqida»gi qonun ­loyihasini ishlab chiqish bo'yicha ish olib bormoqda.

 

5 yilda 42 ta qonun…

– Parlamentdagi deputatlar faoliyati, ularning tashabbuskorligi qay darajada, deb bilasiz?

– «Adolat» SDP fraksiyasi a`zolari o'tgan 5 yil davomida jami 42 ta qonun loyihasi bo'yicha tashab­bus bilan chiqdi va ularning barchasi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinishiga erishildi. Ular mavzu va mazmun jihatidan turlicha, ammo saylovoldi g'oyalarimizga mos.

Targ'ibotdan ko'ngil to'ladimi?

– Saylovlar arafasida targ'ibot-tashviqot ishlari avjiga chiqadi. Lekin bu jarayonda ayni vaqtda bor-yo'g'i 3000 ga yaqin nusxada chiqayotgan «Adolat» gazetasining ta`sir doirasi qanday bo'lar ekan?

– Gazetamiz adadi nisbatan olganda kamroq. Lekin moddiy-texnik baza, xodimlarning maoshi boshqa yetakchi nashrlardan qolishmaydi. Jurnalistlar maosh, bayram mukofotlari va qalam haqlarini hamisha o'z vaqtida olishadi. Men shu kungacha ulardan moddiy qiyinchilik bo'yicha biron-bir savol eshitmadim.
Qolaversa, 2019 yil nafaqat «Adolat» gazetasi, balki mamlakatimizdagi barcha bosma nashrlar uchun jiddiy sinov yili bo'ldi. Bosh­­qa partiyalarni bilmadim-ku, lekin 2019 yil boshidan buyon gazetaning bosmaxona xarajatlarini to'lab kelmoqdamiz.
Biz bugun ham gazetamiz obunasi uchun harakatdamiz va albatta, o'zimiz rejalashtirgan maqsadga erishamiz.
– Partiyaning veb-saytida partiya hayoti, faoliyati va tarixi haqida ma`lumotlar kam. Imloviy, uslubiy va texnik xatolar esa…
– Hozir uni takomillashtirmoqdamiz. Sayt test rejimida ishlamoqda. Ya`ni, u sinov jarayonida. Xato va kamchiliklar mavjud. Ular hozir tuzatilmoqda. Saytimiz bo'yicha taklif va tavsiyalar bo'lsa, bajonidil qabul qilishga tayyormiz. ­Keyingi oydan uning yangi ko'rinishdagi, to'g'rilangan, tuzatilgan versiyasini ishga tushiramiz.
Har hafta yakuni bo'yicha saytimizga kiruvchilar sonini nazorat qilib boramiz. Kiruvchilar soni va sahifalar ko'rilishi bo'yicha siyosiy partiyalar ichida 2-o'rindamiz.

– «Mana, saylovdan saylovgacha besh yil ham o'tdi hisob. Siz, shu davrdagi o'zingiz va partiya faoliyatidan qoniqasizmi?

Bahoni xalq beradi

– Darhaqiqat, joriy yil biz uchun g'alvirni suvdan ko'tarish yili hisob­lanadi. Albatta, o'tgan vaqt mobaynida rejalashtirgan qaysidir ishlarimizni bajardik, qaysidirlarini esa bajara olmadik. Tashabbuslarimiz xalqimiz uchun foydali bo'lgan paytda ko'nglimiz ko'tariladi. Ammo umumiy faoliyatimizdan qoniqmaymiz. Hali xalqning ishonchi, saylovchilar e`tirofiga erishish uchun ko'p harakat va mehnat qilishimiz zarur.

– Suhbat uchun rahmat!

 

Suhbatdosh:
Alijon ABDURAHMONOV,

«Ishonch»

 

 

 

 

Boshqa xabarlar