«Ulug' uchinchi daryo…»

181

yoki Otajon Xudoyshukurov merosi munosib e`zozdami?

 

Sahna sari qo'yilgan qadam

1944 yil 4 oktyabrda To'rtko'l shahrida tavallud top­gan Otajon bolaligidan san`atga mehr qo'ygan edi. Dastlab maktab, keyinchalik tuman miqyosidagi tadbirlarda qatnashgan iqtidor sohibi o'quvchi-ijrochilarning respublika ko'rik-tanlovida g'oliblikni qo'lga kiritadi. Shundan so'ng tog'asi Yo'ldosh Olloshukurov uni Komiljon Otaniyozov oldiga olib boradi. Ustoz duosini olgan Otajon Xudoyshukurov 1960 yili Toshkent shahridagi musiqa bilim yurtiga o'qishga kiradi. Bilim yurtida bir yil tahsil olgandan so'ng To'rtko'l shahriga qaytib keladi. 1963 yili Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat filarmoniyasida ish boshlaydi.

 

Tegmagan «tosh»lar

Har bir insonning o'ziga xos xulq-atvori bo'ladi. Otajon juda ishonuvchan, soddadil, oqko'ngil va mehri daryo inson bo'lgan. Hech qachon birovga hasad qilmagan hofiz dilidagini baralla ayta olgan. Aytishlaricha, o'tgan asrning 70 yillarida Qoraqalpog'iston Madaniyat vazirligiga sohadan ancha yiroq bir inson rahbarlikka tayinlanadi. Ishni mehnat haqidan boshlashni ma`qul ko'rgan vazir bilan xodimlar o'rtasida nosog'lom muhit paydo bo'ladi. Rahbarning taklifiga binoan ansambldagi nay­chining nayi, rubobchining rubobi, doirakashning doirasi do'konda necha so'm tursa, oylik ish haqi shuncha bo'lishi kerak, degan qarorga kelinadi. Shunda Otajon «Agar men torni Bokudan olib kelsam (o'sha davrda tor do'konlarda sotilmagan) narxi ming so'mdan oshib ketadi. Menga shuncha oylik bera olasizmi?» deydi. Darg'azab bo'lgan vazir Otajonni ishdan bo'shatadi. Bu voqea o'sha paytdagi partiya qo'mitasining birinchi kotibi Qallibek Kamolovning qulog'iga yetib boradi. U Otajonni ishiga qayta tiklaydi.
Shundan keyin Otajon Xudoyshukurov Jayhun bo'ylarida to'lib-toshib kuylay boshlaydi. «Qayda yursam sog'intirar, ona yurtim tomonlari. Xayolimda sahar-sahar esar Jayhun shamollari» deya kuylagan hofiz sohir so'zlardan kuch oldi, ilhomlandi va san`at osmonida charaqlagan yulduz bo'lib porladi. O'zi badiiy rahbarlik qilgan ansamblga «Amu to'lqini» deya nom bergani ham bejiz emas. Chunki Amudaryo uncha-muncha toshlarni pisand etmaydi-da!
«Paxtakor»ning jonkuyar ishqibozi
Orolbo'yida azaldan to'ylar katta davra(qo'r)larda o'tkazilgan. Davraga doira shaklida sholi somon to'shalib, o'rtaga olov yoqilgan va xalq qo'chqor, xo'roz urushtirish, kurash musobaqalarini tomosha qilib, san`atkorlarning qo'shiqlarini jon qulog'i bilan tinglagan. Shunday davralarda hofiz sozini g'ilofiga solib, kurashga ham tushgan. Shu bois Otajon Xudoyshukurov el orasida nafaqat xushovoz xonanda, balki «polvon» laqabini ham olgan. Bundan tashqari, futbolga juda ishqiboz bo'lgan. Sevimli futbolchimiz Birodar Abduraimov bilan qalin do'st tutingan. «Paxtakor» komandasi moliyaviy jihatdan qiynalib qolganda ko'maklashgan.

Ovozida sehri bor hofiz

«Umrimda qo'limga tanbur olib, ikki satr kuylay olmadim. Lekin ko'ngil qurg'ur qo'shiq shaydosi. Ishq-muhabbat haqida bo'lsa, ezilib eshitamiz. Ayniqsa, Otajondek qo'shiqchilar kuylab tursa! Shunday ovoz sohibini sevmay, u bilan faxrlanmay bo'lardimi?!», – deya iftixor bilan ta`kidlagan edi atoqli yozuvchimiz Said Ahmad.
«1967 yilning qishida qattiq betob bo'lib qoldim. Ahvol shu darajaga yetdiki, qarindosh-urug'larga rozi-rizolik aytishdan ham uyalmadim. Shunda Otajon uyimda uch kun xolis qo'shiq aytdi. Avval boshimni ko'tardim. Keyin o'rnimdan turdim. Xullas, necha shifokor, necha tabib davolay olmagan Marks og'angizni Otajon hofiz musiqa va qo'shiq bilan hayotga qaytardi!», deb eslagan edi Xorazm viloyatining g'ururiga aylangan oqsoqollardan biri Marks Jumaniyozov.

Sirli aks-sado
Gohi men Sirdaryo sayliga borsam,
Ko'nglimga keladi qiziq bir tuyg'u:
Go'yo shu yaqin bir joydan o'tganday
Sirdaryodan ko'ra kattaroq bir suv!
Shu holga tushaman Xorazmda ham,
Buyuk Amudaryo bo'yida turib.
Go'yo Jayhundan ham bahaybat nahr
Yaqingina joyda oqar o'kirib.
Bu nima? Ko'rinmas qanday oqim bu?
Erdanmi, ko'kdanmi kelar bu sado?!
Nahot tuprog'imda ko'zga tashlanmay
Oqib yotar ulug' uchinchi daryo?!
Shoir Omon Matjon yozgan ushbu satrlar el ardog'idagi san`atkorga berilgan yuksak ta`rif edi. «Segoh», «Dugoh», «Suvora», «Feruz» uslubida aytiladigan murakkab mumtoz qo'shiqlarni baland pardalarda yurakdan kuylagan buyuk hofiz san`at sohasida qirq yilga yaqin xizmat qildi. Uning uch yuzdan ziyod qo'shig'i va mingdan ortiq ijro etgan ashulalari bugun xalqimizning bebaho madaniy merosiga aylandi. Shu ma`noda u hamon el xizmatida. Jarangdor qo'shiqlari bilan har kuni muxlislari xonadonlariga kirib boradi. Umrboqiy qo'shiqlari tufayli hofiz hamisha barhayot.

Ammo…

1999 yili Ellikqal`a tumanida O'zbekiston, Turk­maniston, Qoraqalpog'iston va Tatariston xalq artisti, Davlat mukofoti sovrindori Otajon Xudoyshukurov nomidagi jamg'arma tashkil etilgan edi. Madaniyat vazirligi, tuman hokimligi, Otajon Xudoyshukurov nomidagi jamg'arma hamkor tashkilotlar bilan har ikki yilda yosh xonandalar o'rtasida «Nafosat bo'stonim manim» ko'rik-festivali va «Aqchako'l ilhomlari» deb ataluvchi adabiyot va san`at bayramini o'tkazib kelayotgan edi. Ushbu tadbirlar tufayli birgina san`at sohasida xalq hofizi Soyibjon Niyozov, xalq artistlari aka-uka G'ofur va G'ulom Eshjonov, Og'abek Sobirov, Ravshanbek Matyoqubov kabi iste`dodli yoshlar kashf etildi. Lekin oxirgi besh yilda noma`lum sabablarga ko'ra mazkur tadbirlar tashkil etilmayapti. Ushbu an`ana nega aro yo'lda qoldi? Bu madaniyat va san`atga bepisandlik emasmi? Yosh iste`dodlarni kashf etishga xizmat qilayotgan bu tadbirlar aslida an`anaviy tus olishi kerak emasmi? Yoki yosh iqtidor egalari yo'qmi? Bu haqda mutasaddilarning fikri qanday? Afsuski, hozircha bu savollarga javob yo'q.
– Ustoz Otajon Xudoyshukurov xotirasiga «Nafosat bo'stonim manim» nomli yosh xonandalar ko'rik-tanlovini o'tkazishni rejalashtirmoqdamiz, – deydi jamg'arma raisi Ibodulla Sa`dullaev. – Xayrli ishlarimizni davom ettirib, hofizning ushalmagan orzularini ro'yobga chiqarish yo'lida izlanmoqdamiz.
Ayni chog'da To'rtko'l tumani madaniyat saroyida ta`mirlash ishlari bosh­lab yuborilgan. Shu yilning oktyabr oyida hofiz tavalludining 75 yilligi nishonlanadi. Quruvchilarning aytishicha, o'sha sanaga qadar ta`mirlash ishlari yakunlanadi.
Shu o'rinda yana bir mulohaza. Gap shundaki, hofiz istiqomat qilgan xonadonda bir xonadan iborat uy-muzey tashkil etilgan. Yuzlab bebaho eksponatlarga albatta u torlik qiladi. Shu bois barcha buyum va ma`lumotlar bilan tanishish mushkul. Agar uy-muzeyga yangi bino qurilsa, zarur sharoit yaratilsa, ayni muddao bo'lardi. To'rtko'l tumani hokimligi, Otajon Xudoyshukurov nomidagi jamg'arma va saxovatpesha tadbirkorlar ushbu ezgu ishga bosh qo'shsa, hofiz nomidagi uy-muzeyiga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijlik sayyohlar ham bajonidil tashrif buyurishi aniq. Bundan tashqari, Ellikqal`a tumanidagi Otajon Xudoyshukurov nomidagi san`at va pedogogika kolleji hozirda ixtisos­lashtirilgan maxsus maktab­­ga aylantirilgan. Ushbu maktabga mashhur hofiz nomi qaytarib berilsa, xayrli ish bo'lar edi.
Otajon Xudoyshukurovning ijodiy merosi xalqimiz madaniy xazinasining muhim bo'lagidir. Uni asrab-avaylash, yosh avlodga targ'ib-tashviq etish ham qarz, ham farzdir. Binobarin, Otajon Xudoyshukurov qoldirgan bebaho meros mangulikka daxldor. Uning 75 yillik yubileyini munosib tarzda o'tkazish esa hofiz xotirasi oldidagi insoniy burchimizdir.

Ortiqboy MAMUTOV,

«Ishonch»

 

Boshqa xabarlar