Turizm to'g'risida

167

Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 16 aprelda qabul qilingan.

Senat tomonidan 2019 yil 21 iyunda ma`qullangan.

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi

Ushbu Qonunning maqsadi turizm sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

2-modda. Turizm to'g'risidagi qonun hujjatlari

O'zbekiston Respublikasining turizm to'g'risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O'zbekiston Respublikasining turizm to'g'risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo'lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo'llaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo'llaniladi:

gid (gid-tarjimon) – axborotga oid va tashkiliy xizmatlar ko'rsatish, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) turistik resurslar bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik ko'rgan, O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lgan jismoniy shaxs;

yo'riqchi-yo'l boshlovchi – turistik yo'nalishlarda turistlar va ekskursantlarga hamrohlik qilish hamda ularning xavfsizligini ta`minlash uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik ko'rgan, O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lgan jismoniy shaxs;

mustaqil turizm – turistlar tomonidan turoperatorlar va turagentlar ishtirokisiz mustaqil ravishda tashkil etiladigan sayohat;

turizm sohasining sub`ektlari – turistik xizmatlar majmuini yoki ularning bir qismini ko'rsatish, qo'shimcha turistik xizmatlarni (ishlarni) bajarish hamda turistlar va ekskursantlarga tovarlarni realizasiya qilish bo'yicha tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar;

tur – turistik xizmatlarning kamida ikkita turini o'z ichiga olgan turistik xizmatlar majmui bilan ta`minlangan, belgilangan yo'nalish bo'yicha aniq muddatlardagi sayohat;

turizm – jismoniy shaxsning vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bog'liq bo'lgan faoliyat bilan shug'ullanmagan holda doimiy yashash joyidan jo'nab ketishi (sayohat qilishi);

turist – vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) manbalardan daromad olish bilan bog'liq bo'lgan faoliyat bilan shug'ullanmagan holda vaqtincha bo'lish mamlakatiga (joyiga) yigirma to'rt soatdan ketma-ket o'n ikki oygacha bo'lgan davrga boruvchi yoki vaqtincha bo'lish mamlakatida (joyida) kamida bir kecha tunab qoluvchi jismoniy shaxs;

turistik vaucher – turistning tur tarkibiga kiruvchi xizmatlarga bo'lgan huquqini belgilovchi va ularning haqi to'langanligi faktini tasdiqlovchi hujjat;

turistik yo'nalish – sayohat vaqtida turist, ekskursant tashrif buyuradigan asosiy joylarning ro'yxati bo'yicha turistning, ekskursantning rejalashtirilgan harakatlanish yo'li;

turistik xizmatlar – joylashtirish, ovqatlantirish, transport, ekskursiya va maslahat xizmati ko'rsatish bo'yicha xizmatlar, shuningdek turist va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirishga qaratilgan xizmatlar;

ekskursant – vaqtincha bo'lish mamlakatida (joyida) tunab qolmasdan yigirma to'rt soatdan oshmaydigan davrda sayohat qiluvchi jismoniy shaxs;

ekskursiya yetakchisi – turistlar va ekskursantlarni muayyan turistik resurs bilan tanishtirish uchun kasbiy jihatdan tayyorgarlik ko'rgan, O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lgan jismoniy shaxs.

4-modda. Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari

Ushbu Qonunning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

turistlarning, ekskursantlarning va turizm sohasi sub`ektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlarini hamda xavfsizligini himoya qilish ustuvorligi;

turizmni barqaror rivojlantirish va buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasida tadbirkorlikni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash va raqobatni rivojlantirish;

turizm sohasida oshkoralik va ochiqlik.

5-modda. Turizmning shakllari va turlari

Xalqaro va ichki turizm turizmning shakllaridir.

Xalqaro turizm quyidagilarni o'z ichiga oladi:

kirish turizmi – O'zbekiston Respublikasida doimiy yashamaydigan shaxslarning O'zbekiston Respublikasi hududidagi sayohati;

chiqish turizmi – O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning boshqa mamlakatga sayohati.

Ichki turizm O'zbekiston Respublikasida doimiy yashovchi shaxslarning O'zbekiston Respublikasi hududidagi sayohatini o'z ichiga oladi.

Turizm tashkil etilayotgan turning o'ziga xosligi, mavzusi, davomiyligi, harakatlanish usullari va turning boshqa xususiyatlaridan kelib chiqqan holda madaniy-tarixiy, ziyorat, ekologik, ma`rifiy, etnografik, gastronomik, ishbilarmonlik, ijtimoiy, sport, tibbiy, yoshlar turizmi, agroturizm hamda turizmning boshqa turlariga bo'linishi mumkin.

2-bob. Turizm sohasini tartibga solish

6-modda. Turizm sohasidagi davlat siyosatining

asosiy yo'nalishlari

Turizm sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo'nalishlari quyidagilardan iborat:

mazkur sohani mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog'i sifatida rivojlantirish;

sayohatlarni amalga oshirish chog'ida fuqarolarning dam olish, erkin harakatlanishga bo'lgan huquqlarini va boshqa huquqlarini ta`minlash;

turistik resurslardan oqilona foydalanish va ularni saqlash;

normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;

ichki turizmni rivojlantirish, shu jumladan ijtimoiy turizmni rivojlantirish doirasida bolalar, yoshlar, keksalar, shuningdek nogironligi bo'lgan shaxslar va aholining kam ta`minlangan qatlamlari uchun turizm hamda ekskursiyalarni tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

turizm sohasiga investisiyalarni jalb qilish va investisiyalar kiritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

mazkur sohada davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish;

tadbirkorlik sub`ektlari uchun turistik xizmatlar bozorida teng imkoniyatlar yaratish;

turizm sohasining sub`ektlariga soliq va bojxona imtiyozlarini belgilash orqali rag'batlantirish;

turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini, ularning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari va mol-mulki himoya qilinishini ta`minlash;

ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish va rivojlantirish;

kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

xalqaro hamkorlikni rivojlantirish;

O'zbekiston Respublikasining turizm uchun jozibador mamlakat sifatidagi nufuzini oshirish;

turizm sohasi sub`ektlarini ular turistik bozorlarda milliy turistik mahsulotni targ'ib qilishida davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash;

ilg'or innovasion va axborot-kommunikasiya texnologiyalari joriy etilishini rag'batlantirish;

turistik zonalar va turistik klasterlarning rivojlantirilishini rag'batlantirish.

7-modda. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining turizm sohasidagi vakolatlari

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

turizm sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta`minlaydi;

turizm sohasida davlat dasturlari va boshqa dasturlar ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini ta`minlaydi;

turistik zonalar, turistik klasterlarni tashkil etish va ularda turizm sohasi sub`ektlari faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilaydi;

turistik faoliyatni lisenziyalash tartibini belgilaydi;

turizm sohasida xizmatlarni sertifikatlashtirish tartibini belgilaydi;

turistlar va ekskursantlarni sug'urta qilish, ularga tibbiy, huquqiy hamda boshqa turdagi yordam ko'rsatish tartibini belgilaydi;

vakolatli davlat organi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasining mablag'larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi;

turistik resurslardan, tabiiy va madaniy meros ob`ektlaridan oqilona foydalanilishini hamda ularning saqlanishini, shuningdek atrof tabiiy muhitning muhofaza qilinishini ta`minlash bo'yicha choralar ko'radi;

turistlar va ekskursantlar borishi taqiqlangan ob`ektlar hamda hududlarni belgilaydi;

turizm sohasiga investisiyalarni jalb qilish va turizmni rivojlantirish loyihalarini amalga oshirish bo'yicha idoralararo hamkorlikni muvofiqlashtiradi;

mehmonxona xizmatlarini (joylashtirish bo'yicha xizmatlarni), shuningdek turoperatorlar va turagentlar xizmatlarini ko'rsatish qoidalarini tasdiqlaydi;

turistlar va ekskursantlarning ayrim toifalariga imtiyozlar berish tartibini belgilaydi;

turizm sohasida kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tartibini belgilaydi;

turizm sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi va hukumatlararo shartnomalar tuzadi.

8-modda. Turizm sohasidagi vakolatli davlat organi

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi turizm sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

Vakolatli davlat organi:

turizm sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;

turizm sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

turizm sohasidagi davlat dasturlari, hududiy va boshqa dasturlar ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi hamda ularning amalga oshirilishini monitoring qiladi;

turizm sohasida viza rejimini takomillashtirish va soddalashtirishga doir takliflar ishlab chiqadi;

turizmning rivojlantirilishini muvofiqlashtiradi, yangi turistik yo'nalishlar tashkil etilishini ta`minlaydi, ularni pasportlashtirishdan o'tkazadi;

Turizm sohasidagi yagona reestrlarni yuritish tartibini belgilaydi;

turistik faoliyatni lisenziyalashni, turizm sohasidagi xizmatlarni sertifikatlashtirishni, turistik xizmatlar belgilangan talablar va standartlarga muvofiqligi ustidan nazoratni amalga oshiradi;

joylashtirish vositalari, tog' chang'i trassalari va plyajlar tasnifini belgilaydi;

turizm sohasi sub`ektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog'liq masalalarda uslubiy va maslahat yordami ko'rsatadi;

turizm sohasidagi milliy tanitish belgisidan foydalanish tartibini belgilaydi;

turizm sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etadi va ularni o'z vakolatlari doirasida qabul qiladi;

turistik xizmatlarni tashkil etish chog'ida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini ta`minlash hamda sog'lig'ini saqlash sohasida texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar ishlab chiqadi;

turistlar va ekskursantlarning O'zbekiston Respublikasi hududida joylashgan turistik resurslar hamda aloqa vositalaridan moneliksiz foydalanishini ta`minlashga, shuningdek tibbiy, huquqiy va boshqa turdagi yordam olishiga ko'maklashadi;

tabiiy va madaniy meros ob`ektlarini ommalashtirishni, turizm salohiyatini saqlash hamda rivojlantirishni tashkil etadi;

turistik xizmatlar bozorlarida marketing tadqiqotlarini amalga oshiradi;

turizm sohasini rivojlantirish uchun chet el investisiyalarini, shuningdek xalqaro moliya institutlari va boshqa tashkilotlarning kreditlari hamda grantlarini jalb etadi;

turistik xizmatlar ko'rsatish sifati va xavfsizligi standartlarining ishlab chiqilishini muvofiqlashtiradi;

turizm sohasini davlat tomonidan tartibga solishni maqbullashtirish va turistik xizmatlar bozorida raqobatni rivojlantirish, turizm sohasiga ilg'or innovasiyalar hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish bo'yicha takliflar ishlab chiqadi;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tegishli o'rinbosarlarining turizmni rivojlantirishga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;

xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi va xalqaro turistik tashkilotlarda O'zbekiston Respublikasining manfaatlarini ifodalaydi, shuningdek boshqa mamlakatlarning turistik hamda o'zga tashkilotlari bilan o'zaro munosabatlar o'rnatadi;

turizm sohasida ilmiy tadqiqotlar o'tkazilishiga ko'maklashadi;

turizm sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

O'zbekiston Respublikasining turizm sohasidagi xalqaro shartnomalari bajarilishini ta`minlaydi.

Vakolatli davlat organi akkreditasiya qilingan tashkilotlarni tashkil etishga haqli.

Turizm sohasidagi vakolatli davlat organining o'z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xo'jalik yurituvchi sub`ektlar tomonidan ijro etilishi uchun majburiydir.

9-modda. Vakolatli davlat organining hududiy

bo'linmalari

Vakolatli davlat organi Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida hududiy bo'linmalarga ega bo'ladi.

Vakolatli davlat organi hududiy bo'linmalarining rahbarlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, tegishli viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining taqdimnomasiga binoan vakolatli davlat organining rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi hamda lavozimidan ozod etiladi.

Qoraqalpog'iston Respublikasi byudjetining, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlarining mablag'lari vakolatli davlat organining hududiy bo'linmalarini moliyalashtirish manbalaridir. Vakolatli davlat organi hududiy bo'linmalarining xodimlarini qo'shimcha ravishda moddiy rag'batlantirish vakolatli davlat organi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi mablag'lari hisobidan amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organining hududiy bo'linmalari tegishli hududda quyidagi vazifalarni bajaradi:

tegishli hududda turistik salohiyatni oshirishga qaratilgan turizmni rivojlantirishning yaxlit konsepsiyasi amalga oshirilishini ta`minlash;

tegishli hududda turizm sohasidagi, tegishli hududning turistik sohasiga investisiyalarni jalb etishga doir hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini muvofiqlashtirish va ularning amalga oshirilishini monitoring qilish;

turistik resurslarni saqlash va rivojlantirish yuzasidan mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlik qilish;

tegishli hududda turistik faoliyat rivojlantirilishini ta`minlash, yangi turistik yo'nalishlarni tashkil etishga ko'maklashish;

turizm sohasi sub`ektlariga ularning faoliyatini tashkil etish bilan bog'liq masalalarda uslubiy va maslahat yordami ko'rsatish;

tegishli hududda harakatlanish vaqtida turistlar va ekskursantlarning turistik resurslarga moneliksiz kirishini ta`minlashga ko'maklashish;

turistik salohiyatni rivojlantirish, turizmni rivojlantirishga to'sqinlik qilayotgan g'ovlarni bartaraf etish, shuningdek turizm sohasida tadbirkorlik faoliyatini rag'batlantirish bo'yicha takliflar ishlab chiqish;

turistik bozorlarda tegishli hududning turistik salohiyati targ'ib qilinishini tashkil etish, tegishli hududning turistik jozibadorligini saqlab qolish;

tegishli hududda turizmni rivojlantirish to'g'risida axborotni to'plashni, tahlil qilishni amalga oshirish va uni vakolatli davlat organiga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga taqdim etish.

10-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining

turizm sohasidagi vakolatlari

Mahalliy davlat hokimiyati organlari:

tegishli hududda turizm sohasidagi davlat siyosatini hamda ushbu sohani muvofiqlashtirishni amalga oshiradi;

turizm sohasidagi davlat dasturlarini va hududiy dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

vakolatli davlat organi va (yoki) uning hududiy bo'linmasi bilan kelishuvga ko'ra turizm sohasidagi hududiy dasturlarni, shu jumladan qisqa muddatli hamda o'rta muddatli istiqbolda turizm sohasini rivojlantirish bo'yicha tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;

tegishli hududda turizm sohasini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;

turistlar va ekskursantlarning tegishli hududlarda joylashgan turistik resurslardan hamda aloqa vositalaridan moneliksiz foydalanishini, shuningdek ularning tibbiy, huquqiy va boshqa turdagi yordam olishini ta`minlaydi;

mavjud turistik salohiyatni tahlil qiladi va tegishli hududda turizmni rivojlantirish to'g'risidagi zarur ma`lumotlarni taqdim etadi;

tegishli hududda joylashgan turistik resurslarni muhofaza qilish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi va ularni joriy etadi;

tegishli hududda turistik industriya ob`ektlarini rejalashtirish va qurish, shuningdek yer uchastkalarini o'z vaqtida ajratish hamda ularning zarur muhandislik-kommunikasiya tarmoqlariga ulanishini ta`minlash bo'yicha faoliyatni muvofiqlashtiradi;

investorlarni qidirish va jalb etishni, shuningdek tegishli hududda investisiya loyihalarini amalga oshirishning barcha bosqichlarida ularga ko'maklashishni amalga oshiradi;

aholi bandligi va daromadlarini oshirish maqsadida turizm sohasida tadbirkorlikni rivojlantiradi va qo'llab-quvvatlaydi;

turistik axborot markazlarini tashkil etadi.

11-modda. Turizmni rivojlantirish bo'yicha

muvofiqlashtiruvchi kengash

Turizmni rivojlantirish bo'yicha muvofiqlashtiruvchi kengash (bundan buyon matnda Muvofiqlashtiruvchi kengash deb yuritiladi) turizmni barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalalari bo'yicha davlat organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining, turizm sohasi sub`ektlarining hamkorligini takomillashtirish maqsadida tuziladi.

Muvofiqlashtiruvchi kengash tarkibiga vakolatli davlat organi, manfaatdor davlat organlarining, shuningdek nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiradi.

Vakolatli davlat organi Muvofiqlashtiruvchi kengashning ishchi organidir.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

vakolatli davlat organi, vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralar rahbarlarining hisobotlarini muntazam ravishda eshitib borgan holda turizmni rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishining borishi ustidan tizimli nazoratni amalga oshirish, shuningdek ularning faoliyatini muvofiqlashtirish, mamlakatda turizm sohasini rivojlantirishga to'sqinlik qilayotgan masalalarni tezkor ko'rib chiqish va hal etish;

Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining hisobotlarini eshitib borgan holda turizm sohasidagi tasdiqlangan hududiy dasturlarning bajarilishini, tegishli hududning salohiyatidan foydalanish samaradorligini hamda joylarda mavjud byurokratik to'siqlarni bartaraf etishga qaratilgan ishlarning o'rganilishini tashkil etish;

turizm sohasidagi yirik investisiya loyihalarini amalga oshirish va qo'shimcha infratuzilmani rivojlantirish yuzasidan davlat yordamini olish uchun beriladigan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining, shuningdek boshqa tashabbuskorlarning (ariza beruvchilarning) takliflari hamda talabnomalarini har yili ko'rib chiqish;

O'zbekistonning turistik salohiyatini targ'ib qilishga va chet ellik turistlarni jalb etishga qaratilgan qo'shma tadbirlarni xorijda o'tkazish bo'yicha «yo'l xaritasini» har yili tasdiqlash;

turizm sohasidagi strategiyalar, konsepsiyalar, davlat dasturlari va boshqa dasturlarning vazirliklar, davlat qo'mitalari va idoralar, boshqa tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishining borishi yuzasidan monitoring o'tkazish, shuningdek ular bajarilishining borishi to'g'risidagi har choraklik axborotni O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasiga kiritish.

Muvofiqlashtiruvchi kengashning hududiy organlari Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari boshchiligidagi hudud darajasida Muvofiqlashtiruvchi kengash vazifalarini bajaruvchi turizmni rivojlantirish bo'yicha hududiy kengashlardan iboratdir.

12-modda. Byudjetdan tashqari Turizm sohasini

qo'llab-quvvatlash jamg'armasi

Turizm sohasining rivojlanishini moliyaviy jihatdan qo'shimcha ta`minlash maqsadida vakolatli davlat organi huzurida byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi tashkil etilishi mumkin.

Vakolatli davlat organi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizm sohasini qo'llab-quvvatlash jamg'armasi:

turistik yig'imlardan tushgan tushumlar, xalqaro moliya institutlarining, xorijiy donorlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning xayriyalari, Jamg'armaning vaqtincha bo'sh turgan mablag'larini depozitlarga joylashtirishdan olinadigan daromadlar bo'yicha tushumlar hamda qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi;

mablag'larni turizm sohasining va turistik industriyaning rivojlantirilishini qo'llab-quvvatlashga, turistik bozorlarda O'zbekiston Respublikasining turistik mahsulotlarini hamda turizm sohasidagi milliy tanitish belgisini targ'ib qilish uchun yo'naltiradi.

13-modda. Fuqarolar o'zini o'zi boshqarish organlarining va nodavlat notijorat tashkilotlarining turizm sohasi tadbirlaridagi ishtiroki

Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o'z vakolatlari doirasida:

turizm sohasidagi davlat dasturlarini, hududiy va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etadi;

madaniy meros ob`ektlarini targ'ib qilishda, turizm salohiyatini saqlash va rivojlantirishda ishtirok etadi;

turizm to'g'risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi;

turizm to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar kiritadi;

turizm sohasidagi davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.

3-bob. Turistik industriya

14-modda. Turistik industriya va turistik industriyadagi

xizmatlarning turlari

Joylashtirish vositalari, transport, umumiy ovqatlanish ob`ektlari va ko'ngilochar, ma`rifiy, ishbilarmonlik, davolash-sog'lomlashtirish, jismoniy tarbiya-sport hamda boshqa maqsadga mo'ljallangan ob`ektlar, turistik faoliyatni amalga oshiruvchi tashkilotlar, ekskursiya xizmatlarini ko'rsatuvchi tashkilotlar majmui, shuningdek ekskursiya yetakchilarining, gidlar (gid-tarjimonlar) hamda yo'riqchi-yo'l boshlovchilarning xizmatlari majmui turistik industriyadir.

Turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasiga muvofiq turistik industriyadagi xizmatlarning turlari quyidagilardan iboratdir:

turlarni taqdim etish bo'yicha xizmatlar;

yashash joylarini taqdim etish bo'yicha xizmatlar;

ovqatlantirish bo'yicha xizmatlar;

axborotga oid, reklama xizmatlari;

transport xizmatlari;

barcha turdagi transport uchun chiptalar hamda tadbirlarga va ko'ngilochar ob`ektlarga borish uchun chiptalar taqdim etish (band qilib qo'yish, sotish va yetkazib berish) bo'yicha xizmatlar.

Turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasida boshqa turistik xizmatlar ham nazarda tutilishi mumkin.

15-modda. Turistik industriya ob`ektlarini tasniflash

Turistik industriya ob`ektlarini tasniflash va ularga toifalar berish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi.

Joylashtirish vositalarini, tog' chang'isi trassalarini, plyajlarni o'z ichiga olgan turistik industriya ob`ektlarini tasniflash va ularga toifalar berish, shuningdek berilgan Toifalar reestrini yuritish vakolatli davlat organi huzuridagi akkreditasiya qilingan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Joylashtirish vositalari mehmonxonalar, turistik bazalar va majmualarni, dam olish uylari va zonalarini, pansionatlar, kempinglar, motellar, mehmon uylarini, o'tov va chodirli oromgohlar, sanatoriylarni hamda mehmonxona xizmatlari (joylashtirish bo'yicha xizmatlar) ko'rsatiladigan boshqa ob`ektlarni, shuningdek joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan yer usti transportini o'z ichiga oladi.

Toifa berilgan turistik industriya ob`ektining mulkdori va (yoki) egasi uning mazkur toifaga muvofiq bo'lishini ta`minlashi shart.

16-modda. Turistik axborot markazi

Jismoniy va yuridik shaxslarni turistik resurslar hamda turistik industriya ob`ektlari to'g'risida xabardor qilish, shuningdek turistik bozorlarda turistik mahsulotlarni targ'ib qilish bo'yicha faoliyatni amalga oshiruvchi markaz turistik axborot markazidir.

Turistik axborot markazlarining loyihalari hamda ularda realizasiya qilinadigan tovarlarning (ishlar va xizmatlarning) ro'yxati vakolatli davlat organi bilan kelishiladi.

Turistik axborot markazi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etilishi mumkin.

4-bob. Turistik zonalar va turistik klasterlar

17-modda. Turistik zonalar

Muayyan chegaralarga ega bo'lgan, bir yoki bir necha turistik resurslar (tabiiy, tarixiy, ijtimoiy-madaniy, davolash-sog'lomlashtirish ob`ektlari, shuningdek turistlar va ekskursantlarning ehtiyojlarini qanoatlantira oladigan boshqa ob`ektlar) joylashgan, kirish turizmini va ichki turizmni, turistik industriyani rivojlantirish, turistik resurslarni muhofaza qilish hamda ulardan oqilona foydalanish maqsadida tashkil etilgan hudud turistik zonadir.

Turistik zonalar davlat organlari hamda boshqa tashkilotlarning, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik va jismoniy shaxslarning taklifiga ko'ra tashkil etiladi.

Turistik zonalar respublika yoki mahalliy darajada tashkil etiladi. Respublika darajasidagi turistik zonalar O'zbekiston Respublikasi Prezidentining va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari asosida, mahalliy darajadagi turistik zonalar esa vakolatli davlat organi bilan kelishilgan holda Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining qarorlari asosida tashkil etiladi.

Turistik zonalarni aniqlashda ularda turistik resurslarning mavjudligi, shuningdek ushbu hududlarning turizm turlarini rivojlantirish uchun potensial imkoniyatlari inobatga olinadi.

Qurilayotgan turistik industriya ob`ektlarining mulkdorlari va (yoki) egalari turistik zonalarning hududlarida turistik resurslar barpo etilayotganda, shuningdek ulardan foydalanilayotganda ushbu ob`ektlarning mavjud mahalliy ijtimoiy-iqtisodiy, tarixiy, ilmiy, badiiy, madaniy muhitga yoki boshqa tashkiliy-maqsadli muhitga va infratuzilma muhitiga uyg'unlashuvini nazarda tutishi shart.

Turizm sohasi sub`ektlari turistik zonalar hududlarida o'z faoliyatini tashkil etishda va amalga oshirishda atrof tabiiy muhitga, madaniy meros ob`ektlariga hamda muhofaza etiladigan tabiiy hududlarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lishni ta`minlashi shart.

Turistik zonalarda amalga oshiriladigan turistik faoliyat va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa faoliyat turistik zonalarni tashkil etish maqsadlariga monelik qilmasligi kerak.

18-modda. Turistik zonalarning turlari

Turizmni kompleks rivojlantirish va turistik resurslarni lozim darajadagi holatda saqlash, tegishli hududning turistik salohiyatini oshirish, shuningdek ularni rivojlantirishga investisiyalar jalb qilinishini rag'batlantirish maqsadida turistik zonalarning quyidagi turlari tashkil etilishi mumkin:

erkin turistik zona;

kichik turistik zona;

maxsus turistik zona.

Erkin turistik zona erkin iqtisodiy zonaga tenglashtiriladi. Erkin turistik zonaga va erkin turistik zonaning ishtirokchilari sifatida ro'yxatga olingan tadbirkorlik sub`ektlariga nisbatan erkin iqtisodiy zonalar to'g'risidagi qonun hujjatlarining qoidalari, shu jumladan erkin iqtisodiy zonalar va ularning ishtirokchilari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar hamda preferensiyalar tatbiq etiladi.

Kichik turistik zona kichik sanoat zonasiga tenglashtiriladi. Kichik turistik zonalarga nisbatan kichik sanoat zonalari to'g'risidagi qonun hujjatlarining qoidalari tatbiq etiladi.

Maxsus turistik zona belgilangan maxsus hudud bo'lib, unda turistik resurslar va ushbu hududda muayyan turistik mahsulotni shakllantirish hisobidan turistlarga xizmat ko'rsatilishini ta`minlovchi turistik industriya ob`ektlari jamlanadi. Maxsus turistik zonani tashkil etishda ushbu zona ishtirokchilari uchun shartlar, imtiyozlar va preferensiyalar belgilanishi mumkin.

19-modda. Turistik klaster

Kompleks turistik xizmatlar hamda turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur bo'lgan boshqa qo'shimcha xizmatlar ko'rsatuvchi mustaqil tashkilotlar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar majmui turistik klasterdir.

Turistik klasterlar kompleks turistik xizmatlar ko'rsatish, turistik faoliyatning raqobatbardoshliligi va sifatini oshirish maqsadida turistik mahsulotni shakllantiradi, targ'ib etadi va realizasiya qiladi.

5-bob. Turizm sohasidagi faoliyatni amalga oshirish

shartlari

20-modda. Turistik faoliyatni lisenziyalash

Turoperatorlik va turagentlik faoliyati, shuningdek sayohatlar tashkil etishga doir boshqa faoliyat turistik faoliyatdir.

Turistik mahsulotni shakllantirish, targ'ib etish va realizasiya qilish yuzasidan yuridik shaxs tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati turoperatorlik faoliyatidir.

Turistik mahsulotni targ'ib etish va realizasiya qilish yuzasidan yuridik yoki jismoniy shaxs tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik faoliyati turagentlik faoliyatidir.

Turoperatorlar va turagentlar turistik faoliyatni vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan lisenziya asosida amalga oshiradi.

Turoperatorlar va turagentlarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun lisenziya amal qilish muddati cheklanmagan holda beriladi. Bunda ekskursiya xizmatlari ko'rsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkor bo'lgan jismoniy shaxslarga turistik faoliyatni amalga oshirish huquqi uchun lisenziya olish talab qilinmaydi.

Ekskursiya faoliyati yigirma to'rt soatdan oshmaydigan va joylashtirishga (tunab qolishga) doir xizmatlar ko'rsatishni nazarda tutmaydigan, madaniy meros ob`ektlari, diqqatga sazovor joylar va boshqa ob`ektlar bilan tanishtirish maqsadida oldindan tuzilgan yo'nalishlar bo'yicha ekskursiya yetakchisi hamrohligida ekskursiyalar tashkil etishga doir turistik faoliyatning elementidir.

Turoperatorlar va turagentlar faoliyatini amalga oshirishda lisenziya asosiy talablari va shartlari quyidagilardan iborat:

turistik mahsulot buyurtmachisi bilan turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasi tuzilganidan keyin turistik xizmatlar ko'rsatish;

har bir turistga va ekskursantga turistik sayohat vaqtida O'zbekiston Respublikasiga hamda chet davlatlarga kirish, ulardan chiqish va ularda bo'lishning o'ziga xos xususiyatlari to'g'risidagi axborotni yetkazish;

turistga va ekskursantga o'z ishi tartibi, joylashgan yeri (pochta manzili), lisenziyaning mavjudligi, turizmning muayyan turlarini yuritish uchun mas`ul bo'lgan mutaxassislar to'g'risidagi axborotni taqdim etish, shu jumladan mazkur axborotni o'z rasmiy veb-saytlariga joylashtirgan holda taqdim etish.

21-modda. Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish

Turoperator xizmati, joylashtirish vositalari, tog' chang'isi trassalari va plyajlar majburiy ravishda sertifikatlashtirilishi lozim.

Turoperator xizmatlarini, joylashtirish vositalari, tog' chang'isi trassalari va plyajlarni sertifikatlashtirish vakolatli davlat organi huzuridagi akkreditasiya qilingan sertifikatlashtirish bo'yicha tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.

Turistik xizmatlarni sertifikatlashtirish ularning texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi nuqtai nazaridan amalga oshiriladi hamda ushbu xizmatlarning xavfsizligi va sifatini ta`minlashga qaratiladi.

Vakolatli davlat organi Sertifikatlashtirilgan turistik xizmatlarning reestrini yuritadi.

22-modda. Turizm sohasida standartlashtirish

Turistlar va ekskursantlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini, shuningdek turistik industriya ob`ektlarini standartlashtirish amalga oshiriladi.

Vakolatli davlat organi turistik xizmatlar sohasidagi standartlashtirishga doir ishlarni tashkil etishni, muvofiqlashtirishni, ularning bajarilishini ta`minlashni amalga oshiradi.

23-modda. Gidlarning (gid-tarjimonlarning), ekskursiya

etakchilarining va yo'riqchi-yo'l boshlovchilarning

malakasini sertifikatlashtirish

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo'riqchi-yo'l boshlovchilar vakolatli davlat organi tomonidan beriladigan tegishli sertifikat olinganidan keyin yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar sifatida yoxud yuridik shaxslar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari asosida mustaqil ravishda xizmatlar ko'rsatishi mumkin.

24-modda. Turizm sohasidagi yagona reestrlar

Vakolatli davlat organi Turizm sohasidagi yagona reestrlarni shakllantiradi va yuritadi.

Turizm sohasidagi yagona reestrlar turoperatorlarga, turagentlarga, gidlarga (gid-tarjimonlarga), ekskursiya yetakchilariga va yo'riqchi-yo'l boshlovchilarga nisbatan, joylashtirish vositalariga, tog' chang'isi trassalariga va plyajlarga, shuningdek turistik yo'nalishlar va turistik ob`ektlarga nisbatan yuritiladi.

Turizm sohasidagi yagona reestrlar vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.

6-bob. Turistik mahsulotni shakllantirish, targ'ib etish

va realizasiya qilishning o'ziga xos xususiyatlari

25-modda. Turistik mahsulotni shakllantirish va targ'ib etish

Turistik mahsulot turistik bozor kon`yunkturasidan kelib chiqqan holda yoxud turistning yoki ekskursantning buyurtmasiga ko'ra turoperator tomonidan shakllantiriladigan, turistning va ekskursantning ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun zarur bo'lgan turistik xizmatlar majmuidir.

Turoperatorning turistik mahsulot jumlasiga kiruvchi alohida turistik xizmatlarni ko'rsatuvchi shaxslar bilan shartnomalar tuzishga va ularni ijro etishga doir faoliyati turistik mahsulotni shakllantirishdir.

Turistik mahsulotni realizasiya qilishga (reklama qilishga, ixtisoslashtirilgan ko'rgazmalar va yarmarkalarda ishtirok etishga, kataloglar, bukletlar nashr etishga va boshqalarga) qaratilgan chora-tadbirlar majmui turistik mahsulotni targ'ib etishdir.

Turoperator turistlar va ekskursantlarga turistik mahsulot jumlasiga kiruvchi turistik xizmatlar majmui yoki ularning bir qismi mustaqil ravishda yoki alohida turistik xizmatlar ko'rsatuvchi shaxslarni jalb etgan holda ko'rsatilishini ta`minlaydi.

Turoperator turga kiruvchi xizmatlarga bo'lgan huquqni alohida turistik xizmatlar ko'rsatuvchi shaxslar bilan yoki turga kiruvchi xizmatlarning barcha turlari ko'rsatilishini ta`minlovchi, turistlar va ekskursantlarni qabul qiluvchi turoperator bilan tuzilgan shartnomalar asosida oladi.

Turistning, ekskursantning yoki turistlar, ekskursantlar guruhi vakili bo'lgan shaxsning turistik mahsulotni shakllantirish uchun turoperatorga beradigan buyurtmasi dastlabki shartnoma xususiyatiga ega bo'lgan bitim tarzida rasmiylashtiriladi.

Kirish turizmi va ichki turizm sohalaridagi turistik mahsulotni shakllantirish faqat O'zbekiston Respublikasi rezidenti bo'lgan turoperatorlar tomonidan amalga oshiriladi.

Turistik mahsulotni shakllantirish chog'ida turoperator atrof tabiiy muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros ob`ektlariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo'lish ta`minlanishini nazarda tutishi shart.

Turistik mahsulotni targ'ib etish chog'ida turoperator va turagent turistik mahsulot to'g'risidagi axborotning ishonchliligi uchun javobgar bo'ladi.

Turagent turistik mahsulotni targ'ib etishni turoperator bilan tuzilgan shartnoma asosida amalga oshiradi.

Turistik mahsulotlarni kirish turizmi va ichki turizm hamda joylashtirish vositalari tarzida reklama qilish chog'ida turizm sohasida belgilangan milliy tanitish belgisidan foydalanish majburiydir.

26-modda. Turistik mahsulotni realizasiya qilish

Turistik mahsulotni realizasiya qilish turoperator va (yoki) turagent hamda turistik mahsulotning buyurtmachisi o'rtasida tuziladigan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Turist, ekskursant yoki turist yoxud ekskursant nomidan turistik mahsulotga buyurtma beruvchi boshqa shaxs turistik mahsulotning buyurtmachisidir.

Turagent va turoperator o'rtasidagi shartnomada quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

turistik mahsulotni turagent tomonidan realizasiya qilish shartlari;

turagentning turistik mahsulotni turoperator nomidan yohud o'z nomidan realizasiya qilishga doir huquq va majburiyatlari;

turagent tomonidan ikkilamchi agent shartnomalarini tuzish mumkinligini (mumkin emasligini) nazarda tutuvchi shartlar;

ularga turistik mahsulotning buyurtmachisi tomonidan turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasini ijro etish borasida e`tirozlar bildirilgan taqdirda, turoperator va turagentning hamkorligi tartibi;

turistik mahsulot to'g'risida axborot taqdim etmaganlik yoki noto'g'ri axborot taqdim etganlik uchun, turistik xizmatlar ko'rsatishga doir shartnoma bo'yicha majburiyatlarni bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun turistik mahsulotning buyurtmachisi oldida turoperatorning va turagentning javobgarligi, shuningdek taraflardan har birining javobgarligi.

Turoperator va (yoki) turagent va turistik mahsulotning buyurtmachisi o'rtasidagi shartnomada quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

turoperatorning va (yoki) turagentning nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), lisenziyasining yo'nalishi va raqami;

turistik mahsulotning buyurtmachisi to'g'risidagi, uning turistik mahsulotni realizasiya qilish uchun zarur bo'lgan hajm doirasidagi ma`lumotlar;

turistik mahsulotning qiymati va uni to'lash tartibi;

turoperatorning va (yoki) turagentning hamda turistik mahsulot buyurtmachisining huquqlari va majburiyatlari;

shartnomani o'zgartirish va bekor qilish shartlari;

turoperatorning va (yoki) turagentning va turistik mahsulot buyurtmachisining javobgarligi hamda nizolarni ko'rib chiqish tartibi.

Turoperator va (yoki) turagent va turistik mahsulot buyurtmachisi shartnomada turistik mahsulotdan foydalanish shartlarini, shu jumladan sayohatning dasturini, sayohatning yo'nalishi va shart-sharoitlarini, joylashtirish vositalari, yashash va ovqatlanish sharoitlari, turistni va ekskursantni vaqtincha bo'lish mamlakatida (joyida) tashish bo'yicha xizmatlar, ekskursiya yetakchisi, gid (gid-tarjimon), yo'riqchi-yo'l boshlovchi mavjudligi, shuningdek qo'shimcha xizmatlar to'g'risidagi ma`lumotlarni kelishib olishi mumkin.

Turoperator va (yoki) turagent hamda turistik mahsulotning buyurtmachisi o'rtasidagi shartnomada boshqa shartlar ham ko'rsatilishi mumkin.

Ekskursiya yetakchilari, gidlar (gid-tarjimonlar) va yo'riqchi-yo'l boshlovchilar shartnoma tuzmasdan ham o'z xizmatlarini ko'rsatishi mumkin.

27-modda. O'zbekistonning Milliy turistik brendi

O'zbekiston Respublikasining turizm sohasidagi tanitish belgisi va shiori O'zbekistonning Milliy turistik brendidir.

O'zbekiston Respublikasining turizm sohasidagi tanitish belgisining shakli, rangli tasviri hamda shiorning mazmuni vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadi.

O'zbekistonning Milliy turistik brendidan tovarlarni (ishlarni va xizmatlarni) targ'ib etishda foydalanilishi mumkin.

O'zbekistonning Milliy turistik brendining elementlaridan boshqa maqsadlarda foydalanishga yo'l qo'yilmaydi.

28-modda. Turistik xizmat ko'rsatish shartlari to'g'risidagi

axborotni taqdim etish

Turoperatorlar va turagentlar turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasini tuzish chog'ida turistga va ekskursantga quyidagi axborotni taqdim etishi shart:

kirish va chiqish hujjatlarini (vaqtincha bo'lish mamlakatiga (joyiga) kirish va undan chiqish uchun vizani) rasmiylashtirishga nisbatan qo'yiladigan asosiy talablar to'g'risidagi;

rioya etilishi turni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan tibbiy rasmiyatchiliklar, shu jumladan turistning va ekskursantning ularda muayyan kasalliklar, jismoniy holatining va yoshining o'ziga xos xususiyatlari mavjud bo'lgan taqdirda, turda ishtirok etishiga qarshi ko'rsatmalar to'g'risidagi;

bojxona, chegara qoidalari va boshqa qoidalar (sayohatni amalga oshirish uchun zarur bo'lgan hajmda) to'g'risidagi;

vaqtincha bo'lish mamlakatida (joyida) turistning (ekskursantning) hayoti xavfsizligiga va sog'lig'iga tahdid soluvchi favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan taqdirda yoki boshqa holatlarda, shuningdek turistning (ekskursantning) mol-mulkiga zarar yetishi xavfi yuzaga kelgan hollarda, turist (ekskursant) murojaat qilishi mumkin bo'lgan, vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) mavjud mahalliy davlat hokimiyati organlarining, O'zbekiston Respublikasi diplomatik va konsullik muassasalarining joylashgan yeri (pochta manzillari) va aloqa bog'lash uchun telefon raqamlari to'g'risidagi.

7-bob. Turoperatorlar va turagentlarning, turistlar va

ekskursantlarning, gidlar (gid-tarjimonlar),

ekskursiya yetakchilari va yo'riqchi-yo'l

boshlovchilarning huquq va majburiyatlari

29-modda. Turoperatorlar hamda turagentlarning

huquq va majburiyatlari

Turoperatorlar va turagentlar o'z vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:

turning davomiyligi va yo'nalishini, xizmat ko'rsatish shartlarini, transportda xizmat ko'rsatish turini, turistning, ekskursantning xavfsizligini hamda ularning mol-mulki muhofaza qilinishini ta`minlash choralarini turistning va ekskursantning roziligi hamda xohishiga ko'ra o'zgartirish;

turistning va ekskursantning roziligi bilan ularni tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin bu haqda xabardor etish sharti bilan turning shartlashilgan qiymatini ko'paytirish;

xizmatlar ko'rsatishning imkoni bo'lmaydigan fors-major holatlar yuzaga kelgan taqdirda, shuningdek guruh tuzish uchun zarur bo'lgan turistlar va ekskursantlarning talab qilinadigan soni yig'ilmagan taqdirda, turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasini bekor qilish, bu haqda turistlar va ekskursantlar tur boshlanishidan kamida yigirma kun oldin xabardor etilishi kerak;

turistlar, ekskursantlar yoki turizm sohasi sub`ektlari tomonidan yetkazilgan zararning o'rni qoplanishini va ma`naviy ziyon kompensasiya qilinishini talab qilish.

Turoperatorlar va turagentlar:

turistlar va ekskursantlarga turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasida shartlashilgan xizmatlar ko'rsatilishini ta`minlashi;

turistik xizmatlar ko'rsatilmagan yoki ular to'liq bo'lmagan hajmda ko'rsatilgan yoxud lozim darajada sifatli ko'rsatilmagan taqdirda turistlar va ekskursantlarga yetkazilgan zararning o'rnini qoplashi hamda ma`naviy ziyonni kompensasiya qilishi;

turistlar va ekskursantlarga turni tashkil etish, ularning huquq va majburiyatlari to'g'risida to'liq axborot taqdim etishi;

turistik resurslarning saqlanishiga ko'maklashishi;

turistlar va ekskursantlar vaqtincha borilgan mamlakatda (joyda) qonun hujjatlariga rioya etishi ustidan nazoratni amalga oshirishi shart.

30-modda. Turistlar hamda ekskursantlarning huquq va

majburiyatlari

Turistlar va ekskursantlar quyidagi huquqlarga ega:

turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasida nazarda tutilgan xizmatlardan foydalanish;

sayohat bilan bog'liq to'liq va ishonchli axborot olish, shu jumladan vaqtincha bo'lish mamlakatiga (joyiga) kirish va unda bo'lish qoidalari, mahalliy aholining urf-odatlari, diniy marosimlar, madaniy meros ob`ektlari, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va turizm sohasining ob`ektlari, atrof tabiiy muhitning holati to'g'risida axborot olish;

shaxsiy xavfsizligi hamda o'z huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ta`minlanishi, shuningdek o'z mol-mulkining but saqlanishi;

shoshilinch tibbiy yordam olish;

turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasi bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda moddiy zararning o'rni qoplanishi, shuningdek ma`naviy ziyonning kompensasiya qilinishi;

agar turning umumiy qiymati oshishi shartnomada shartlashilgan qiymatidan ortib ketsa, turistik xizmatlar ko'rsatishga doir shartnomani turoperatorlar va turagentlarga yetkazilgan moddiy zararning o'rnini qoplamagan holda bekor qilish.

Turistlar va ekskursantlar:

turda ishtirok etish uchun o'z sog'lig'i holatining va (yoki) yoshining xususiyatlariga bog'liq cheklovlar (qarshi ko'rsatmalar) to'g'risidagi, o'z doimiy yashash joyidan tashqariga chiqishi hamda vaqtincha bo'lish mamlakatiga (joyiga) kirishi uchun cheklovlar haqidagi ma`lumotlarni turoperatorning va (yoki) turagentning talabiga ko'ra taqdim etishi;

turistik xizmatlar ko'rsatish shartnomasi shartlariga va vaqtincha bo'lish mamlakatining (joyining) qonun hujjatlariga rioya etishi, uning siyosiy hamda ijtimoiy tuzilishini, mahalliy aholining an`analarini, urf-odatlarini, diniy e`tiqodini hurmat qilishi;

vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) atrof tabiiy muhitga, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va madaniy meros ob`ektlariga zarar yetkazmasligi;

vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) bojxona va chegara nazorati, shaxsiy xavfsizlik qoidalariga rioya etishi shart.

31-modda. Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari

hamda yo'riqchi-yo'l boshlovchilarning huquq va

majburiyatlari

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo'riqchi-yo'l boshlovchilar quyidagi huquqlarga ega:

tur vaqtida o'z majburiyatlarini bajarishi uchun turoperatordan, turagentdan yoki turistik mahsulot buyurtmachisidan zarur axborot bilan ta`minlanishini talab qilish;

o'z huquq va majburiyatlarini belgilovchi hujjatlar bilan (shartnoma mavjud bo'lganda) tanishib chiqish;

turistlar va ekskursantlar bilan mustaqil ravishda shartnomalar tuzish.

Gidlar (gid-tarjimonlar), ekskursiya yetakchilari va yo'riqchi-yo'l boshlovchilar:

tegishli ma`lumotga, malaka sertifikatiga ega bo'lishi va o'z vaqtida malaka oshirishdan o'tishi;

mamlakatning tarixi, madaniyati, etnografiyasi, iqtisodiyotini va boshqa sohalarini rasmiy yoki ishonchli manbalardan bilishi;

turistik yo'nalishni rejalashtirish va ekskursiyada hamrohlik qilish ko'nikmalariga ega bo'lishi;

o'z funksional vazifalarini bajarish chog'ida ismi va familiyasi yozilgan ko'krak nishonini (beyjikni) taqib yurishi;

xavfsizlikni ta`minlash choralarini bilishi va favqulodda vaziyatlarda amaliy harakat qilish, birinchi tibbiy yordam ko'rsatish ko'nikmalariga ega bo'lishi shart.

8-bob. Turizm sohasi sub`ektlarining birlashmalari

32-modda. Turizm sohasi sub`ektlarining birlashmasi

Turizm sohasi sub`ektlarining kasbiy faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish maqsadida tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkiloti turizm sohasi sub`ektlarining birlashmasidir.

Turizm sohasi sub`ektlarining birlashmasi O'zbekiston Respublikasi hududi doirasida faoliyatini amalga oshiruvchi turizm sohasi sub`ektlarining ixtiyoriy a`zoligi prinsipiga asoslanadi.

33-modda. Turoperatorlar va turagentlar birlashmasi

Turoperatorlar va turagentlar o'z tadbirkorlik faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish maqsadida birlashma tuzishi mumkin.

O'zbekiston Respublikasi hududida turoperatorlik va turagentlik faoliyatini amalga oshiruvchi yuridik hamda jismoniy shaxslarning ixtiyoriy a`zoligi prinsipiga asoslangan nodavlat notijorat tashkiloti turoperatorlar va turagentlar birlashmasidir.

Turoperatorlar va turagentlar birlashmasi yangi a`zolar kirishi uchun ochiqdir.

34-modda. Turoperatorlar va turagentlar birlashmalarining

huquqlari

Turoperatorlar va turagentlar birlashmalari quyidagi huquqlarga ega:

turizm sohasi sub`ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishi holatining tahlilini o'tkazish;

turizm to'g'risidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;

turizm sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda va muhokama qilishda ishtirok etish;

vakolatli davlat organi huzuridagi jamoatchilik kengashlari tarkibida ishtirok etish;

turizm sohasi sub`ektlarini qo'llab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish tizimini shakllantirishda ishtirok etish;

turizm to'g'risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirishga doir takliflar tayyorlash va kiritish, turizm sohasini yaxshilash bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish jarayonlariga boshqa tadbirkorlik sub`ektlarini jalb etish;

O'zbekistonning milliy turistik brendini va mahsulotlarni turistik bozorlarda targ'ib etishga, turizm sohasiga investisiyalarni, shu jumladan chet el investisiyalarini, shuningdek zamonaviy texnologiyalarni jalb etishga ko'maklashish.

9-bob. Xavfsiz turizmni ta`minlash

35-modda. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi

kafolatlari

O'zbekiston Respublikasi hududida turistlar va ekskursantlarning xavfsizligi davlat tomonidan kafolatlanadi.

Vakolatli davlat organi manfaatdor vazirliklar, davlat qo'mitalari, idoralar va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligini va himoya qilinishini, jamiyat va davlat manfaatlarini, turizmdan shaxslarning qonunga xilof migrasiyasi, ularning mehnatini ekspluatasiya qilish hamda ularni boshqacha tarzda ekspluatasiya qilish maqsadida foydalanishga qarshi kurashishni ta`minlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Xavfsizlikni ta`minlash chora-tadbirlari turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligi, ularning mol-mulki but saqlanishi, atrof tabiiy muhitga, jamiyatning moddiy hamda ma`naviy qadriyatlariga, davlat xavfsizligiga zarar yetkazilishining oldini olish ta`minlanishini nazarda tutadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlari barcha turistik yo'nalishlar bo'yicha turistlar va ekskursantlarning himoya qilinishini va xavfsizligini ta`minlash bo'yicha hududiy dasturlar ishlab chiqadi hamda ularning bajarilishini tashkil etadi.

Turizm sohasi sub`ektlari turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini ta`minlash, tabiiy ofatlar chog'ida, ular jarohatlanganda, kasallikka chalinganda hamda boshqa hollarda tibbiy va o'zga tarzda yordam ko'rsatish bo'yicha chora-tadbirlar ishlab chiqadi.

Vakolatli davlat organi turoperatorlarni, turagentlarni, turistlar va ekskursantlarni vaqtincha bo'lish mamlakatidagi (joyidagi) turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid to'g'risida xabardor qiladi, shuningdek xavfsizlikka nisbatan tahdid mavjud bo'lganligi sababli borib ko'rish uchun tavsiya etilmaydigan mamlakatlar (joylar) ro'yxatini ommaviy axborot vositalariga, shu jumladan o'zining rasmiy veb-saytiga joylashtiradi.

Muassislari (hammuassislari) davlat organlari bo'lgan ommaviy axborot vositalari vakolatli davlat organiga turistlar va ekskursantlarning xavfsizligiga nisbatan tahdid haqidagi axborotni e`lon qilish imkoniyatini darhol va bepul taqdim etadi.

Turistlar va ekskursantlar yuqumli kasalliklarning yuqori darajadagi xavfiga uchrashi mumkin bo'lgan vaqtincha bo'lish mamlakatiga (joyiga) sayohatni amalga oshirish boshlanguniga qadar xalqaro tibbiy talablarga muvofiq profilaktikadan o'tishi shart.

Turistlar va ekskursantlar guruhlarini kuzatib boruvchi shaxslar birinchi tibbiy yordam ko'rsatish uchun dasturiy asosda minimal tibbiy tayyorgarlikka, tibbiy buyumlarga hamda dori qutichasiga ega bo'lishi shart.

36-modda. Turoperatorlar va turagentlar tomonidan turistlar

va ekskursantlarning xavfsizligini ta`minlashga

doir chora-tadbirlar

Turoperatorlar turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini ta`minlash maqsadida:

mustaqil turizmni amalga oshiruvchi turistlar va ekskursantlar murojaat qilgan taqdirda, turistlar va ekskursantlarni yo'nalishning xususiyati hamda ularning o'z xatti-harakatiga bog'liq holda yuzaga kelishi mumkin bo'lgan xavf manbalari haqida xabardor qilishi, turistlar va ekskursantlarni jarohatlanish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish va ulardan himoyalanish usullari bilan tanishtirishi, shuningdek yo'nalishdagi xavfsizlik texnikasi bo'yicha turistlar va ekskursantlarga yo'l-yo'riq berishi;

falokatga uchragan turistlar va ekskursantlarga tezkor yordam ko'rsatishi;

tog', trek, chang'i, velosiped, motosikl, g'or turizmi (tabiiy yer osti yo'laklari – g'orlarga sayohatlar) va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish hamda amalga oshirishdagi xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi;

sayohat vaqtida turistlar, ekskursantlar bilan sodir bo'lgan favqulodda hodisalar to'g'risida, shuningdek sayohatdan qaytib kelmagan turistlar hamda ekskursantlar haqida vakolatli davlat organini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va manfaatdor shaxslarni darhol xabardor qilishi;

turistlar va ekskursantlarga sayohatlarning o'ziga xos xususiyatlari to'g'risida, shuningdek sayohat qilish chog'ida ular duch kelishi mumkin bo'lgan xavf-xatarlar haqida to'liq ma`lumotlar taqdim etishi hamda turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligini ta`minlashga qaratilgan ogohlantiruvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishi;

tog'li hududda tog', trek, chang'i, velosiped, motosikl va g'or turizmi hamda turizmning otda sayr qilish turlarini tashkil etish va amalga oshirishda yo'riqchi-yo'l boshlovchilar xizmatlaridan foydalanishi shart.

Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, beshinchi va oltinchi xatboshilarida ko'rsatib o'tilgan majburiyatlar turagentlarning ham zimmasiga yuklatiladi.

Sayohatlarni turistlar va ekskursantlar harakatlanishining faol shakllaridan foydalangan holda tashkil etishga ixtisoslashgan turoperatorlar turistlar hamda ekskursantlarning xavfsizligini ta`minlash, ekstremal vaziyatlarda ularga yordam ko'rsatish va ularni himoya qilish maqsadida qidiruv-qutqaruv xizmatlari, shoshilinch operativ xizmatlar hamda boshqa qutqaruv xizmatlari bilan xizmat ko'rsatilishi uchun shartnomalar tuzadi.

37-modda. Turistlar va ekskursantlarning xavfsizligini

ta`minlash bo'yicha ixtisoslashtirilgan,

qutqaruv va shoshilinch xizmatlar

O'zbekiston Respublikasi hududi doirasida falokatga uchragan turistlar va ekskursantlarga zarur yordam ko'rsatish ixtisoslashtirilgan xizmatlar tomonidan amalga oshiriladi.

Qidiruv-qutqaruv xizmatlari, shoshilinch operativ xizmatlar va boshqa qutqaruv xizmatlari mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek sog'liqni saqlash, aloqa, ichki ishlar organlari, davlat o'rmon xo'jaligi, gidrometeorologiya, fuqaro aviasiyasi, fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda faoliyat ko'rsatadi.

38-modda. Turizm sohasida sug'urta qilish

Turistlar va ekskursantlarni sug'urta qilish ixtiyoriydir, bundan ushbu moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno hamda turistlar va ekskursantlar tomonidan bunday faoliyatni olib borish huquqiga ega bo'lgan tegishli sug'urta tashkilotlari bilan tuziladigan shartnomalar asosida amalga oshiriladi.

Turoperatorlar va turagentlar turistik mahsulotning xususiyati hamda shakliga qarab turistlar va ekskursantlarda sug'urta polisi mavjud bo'lishi to'g'risida talab belgilash huquqiga ega.

Turoperatorlar o'zining fuqarolik javobgarligini sug'urta qilishi shart.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

39-modda. Turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik

Turizm sohasidagi xalqaro hamkorlik xalqaro huquqning umume`tirof etilgan prinsiplari va normalari, shuningdek O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hamda qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi.

40-modda. Nizolarni hal etish

Turizm sohasidagi nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

41-modda. Turizm to'g'risidagi qonun hujjatlarini

buzganlik uchun javobgarlik

Turizm to'g'risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'ladi.

42-modda. O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun

hujjatlarini o'z kuchini yo'qotgan deb topish

to'g'risida

Quyidagilar o'z kuchini yo'qotgan deb topilsin:

1) O'zbekiston Respublikasining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan «Turizm to'g'risida»gi 830–I-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 9, 227-modda);

2) O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1999 yil 20 avgustda qabul qilingan «Turizm to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi Qonunini amalga kiritish haqida»gi 831–I-sonli Qarori (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999 yil, № 9,
228-modda);
3) O'zbekiston Respublikasining 2006 yil 6 aprelda qabul qilingan «Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish tartib-taomillari soddalashtirilganligi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kirish to'g'risida»gi Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2006 yil, № 4, 157-modda)
7-moddasi;
4) O'zbekiston Respublikasining 2018 yil 18 aprelda qabul qilingan «O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish 
va qo'shimchalar kiritish to'g'risida»gi O'RQ–476-sonli Qonuni (O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2018 yil, № 4, 224-modda) 36-moddasi.

43-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini,

mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini

ta`minlash

Vakolatli davlat organi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o'rtasida tushuntirilishini ta`minlasin.

44-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga

muvofiqlashtirish

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo'lgan o'z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko'rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta`minlasin.

45-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

Ushbu Qonun rasmiy e`lon qilingan kundan e`tiboran uch oy o'tgach kuchga kiradi.

O'zbekiston Respublikasining

Prezidenti                                                                                                   Sh. Mirziyoev

 

O'zA
Boshqa xabarlar