«UChAR» OLIBSOTARLAR «BEMINNAT YoRDAM» QILOLMAYaPTI(MI?)

30

 

Yurtimizda bo'layotgan bunyodkorliklar va kundan-kunga go'zallashib borayotgan shaharu qishloqlar kishi ko'zini quvontiradi. Bir-biridan chiroyli imoratlar ko'tarayotgan, o'zi yashayotgan mahallasini obod qilayotgan aholining turmush sharoiti ham yaxshilanib borayotgani mamlakatimiz farovonligining amaliy natijasidir. Ammo Surxondaryo viloyati Denov tumani Farg'ona qishloq fuqarolar yig'inida yashovchi aholining sifatli va hamyonbop qurilish mollari, sement mahsuloti masalasida muammolari bor. Jurnalist Sa`dullo Tursunovning maqolasida ana shu jihat ochiqlangan.

Maqolani to'liq quyida o'qing.

 

«DO'KON SEMENT SOTISh UChUNMI YoKI…»

 

XALQIMIZ – DOIM EZGU NIYaT BILAN YaShAYDI. UY QURSAM, FARZANDLARIMGA TO'Y QILSAM, DEYDI. ZERO, BUNYoDKORLIK, YaRATUVChANLIK QON-QONIMIZGA SINGIB KETGAN

Bugun yurtimizning qay go'shasiga bormang, ijobiy o'zgarishlar, yangilanishlarga guvoh bo'lasiz. Go'yo O'zbekiston ulkan qurilish maydoniga aylangan.

Albatta, bunyodkorlik sohasidagi bunday «jonlanish» aholining sifatli qurilish mollari, xususan, sement mahsulotiga bo'lgan talabini orttirib, ishlab chiqarishni yanada jadallashtirishni taqozo etadi. Ayniqsa, yurtdoshlarimiz yozning yog'ingarchiliksiz o'tadigan issiq kunlaridan unumli foydalanib, boshlagan imoratini tezroq bitirish harakatida bo'ladi. Ammo uyning poydevorini ko'tarish uchun sifatli va hamyonbop sement mahsuloti bo'lmasa-chi?!

500 kg. dan ortiq sement berilmaydi

— «Olmaliq TMK» AJ Sherobod sement zavodiga qarashli Denov 8-sonli ko'chma savdo do'koni odamlarga 500 kilodan ortiq sement bermaydi, — deydi Surxondaryo viloyati Denov tumani Farg'ona qishloq fuqarolar yig'inida yashovchi bir guruh aholi vakillari. — Ayni ish qizigan vaqtda sement olamiz desak, do'kon yopiq bo'ladi. Ochilgan paytda ham sotuvchilar har bir xaridordan pasport nusxasi talab qilishadi. O'rnatilgan bu tartib qurilish mavsumida bizga turli noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Nahotki, bu masalaga ijobiy yechim topishning imkoni yo'q?!

Ta`kidlash lozimki, Sherobod sement zavodi Prezidentimizning 2016 yil 10 oktyabrdagi «Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida sement zavodi qurilishi investisiya loyihasini amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarori asosida foydalanishga topshirilgan bo'lib, ushbu yirik loyihaga 212,8 million AQSh dollari miqdorida investisiya mablag'i yo'naltirilgan. Zavodning texnologik qismi esa Turkiyaning dunyoga mashhur «Dal teknik makina tigaret ve sanayi a.s.» firmasi tomonidan amalga oshirilgan. Ayni paytda bu yerda yiliga 1 million 500 ming tonna yuqori sifatli sement ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi.

«Odatda «uchar» olibsotarlar norozi bo'ladi»

Biroq masala shuki, bugun aholi Sherobod sement zavodiga qarashli ko'chma savdo do'konlari faoliyatidan qoniqayotgani yo'q. Xo'sh, nega bunday bo'lmoqda? Biz murojaatni o'rganish maqsadida mutasaddilarning fikrlari bilan qiziqdik.

— Bugungi kunda Surxondaryo viloyatida «Olmaliq» AJ Sherobod sement zavodiga qarashli 12 ta ko'chma savdo do'koni faoliyat yuritmoqda, — deydi Olmaliq tog'-kon metallurgiya kombinati sement ishlab chiqarish bo'yicha texnik bo'limi boshlig'i o'rinbosari Ilyosxon Husanxonov. — Ushbu savdo do'konlarini tashkil etishdan ko'zlangan eng asosiy maqsad — aholiga sifatli va hamyonbop qurilish mahsuloti yetkazib berishdan iborat. Darhaqiqat, hozirgi kunda do'konlarimizda fuqarolarga 500 kilogacha sement berilmoqda. Qolaversa, pasport nusxasi talab etilayotgani ham bor gap. Ammo bundan muammo yasamaslik lozim. Chunki «uchar» olibsotarlarning «beminnat yordami» tufayli ko'pincha oddiy aholiga arzon sement yetmay qoladi. O'zingiz o'ylang, agar fuqaroga kunda 500 kg. sement berilsa, odatda bir kunda ushbu qurilish materialini to'liq ishlatolmaydi. Ertasi kuni kelsa, yana beriladi, bunda hech qanday muammo yo'q. O'rganishlarimizdan shu narsa ma`lum bo'lmoqdaki, o'rnatilgan bu tartib-qoidadan aksariyat hollarda yuqorida tilga olingan olibsotarlar norozi bo'lmoqda.

10 dan ziyod yangi sement zavodi ishga tushadi

Ta`kidlash kerakki, iqtisodiyotimizning yetakchi sohalaridan biri bo'lgan qurilish materiallari sanoatida ham keyingi yillarda ko'plab istiqbolli loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Jumladan, hududlarda qator yirik korxona va zavodlar ishga tushishi natijasida aholining qurilish mollariga bo'lgan talabi qondirilib, import o'rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hamda odamlar bandligini ta`minlash imkoni yaratildi.

— Joriy yil «O'zqurilishmateriallari» uyushmasiga qarashli sement zavodlari tomonidan 8 million 179 ming tonna sifatli sement mahsuloti ishlab chiqarish maqsad qilingan, — deydi «O'zqurilishmateriallari» uyushmasi ishlab chiqarish va mavjud quvvatlardan samarali foydalanishni tashkil etish boshqarmasi boshlig'i Botir Xojabekov. — Shuningdek, «Olmaliq TMK» AJ tarkibidagi Sherobod va Jizzax sement zavodlari 1 million 986 ming tonna hamda kichik ishlab chiqarish korxonalari tomonidan 819 ming tonna mahsulot tayyorlash ko'zda tutilgan. O'zbekiston Respublikasi tovar xomashyo birjasi tomonidan esa 7 million 538 ming tonna sement sotilishi belgilangan. Ayni kunga kelib, 7 oylik rejadagi mahsulot ortig'i bilan ishlab chiqarilib, joylarga yetkazib berilmoqda. Quvonarlisi, aholining ushbu mahsulotga bo'lgan talabini to'liq qondirish maqsadida joriy yil Qoraqalpog'iston Respublikasi, Farg'ona, Namangan, Surxondaryo hamda Samarqand viloyatlarida ishlab chiqarish quvvati 3,5 million tonnadan ziyod 10 dan ziyod yangi sement zavodlari ishga tushadi. Natijada chetdan sement mahsuloti import qilishga deyarli hojat qolmaydi.

Xulosa qilib aytganda, bugun yurtimizda bo'layotgan bunyodkorliklarni va kundan-kunga go'zallashib borayotgan shaharu qishloqlarni ko'rib, kishining ko'zi quvonadi, dili yayraydi. Qolaversa, yurtdoshlarimiz ro'zg'ordan orttirib, bir-biridan chiroyli imoratlar ko'tarayotgani, o'zi yashayotgan mahallasini obod qilayotgani aholining turmush sharoiti tobora yaxshilanib borayotganidan dalolat beradi. Eng muhimi, barchamiz bu ezgu ishlarni davom ettirishimiz hamda yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qo'shishimiz lozim.

Sa`dullo TURSUNOV,

«Mahalla»

2019 yil 25 iyul-1 avgust, 33-son

“Mahalla” gazetasi

 

 

Boshqa xabarlar