O'ZBEKISTON VA BELARUS PREZIDENTLARI TELEFON ORQALI MULOQOT QILDI

131

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2 avgust kuni Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr ­Lukashenko bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari ­Aleksandr Lukashenko va birodar Belarus xalqiga kuni kecha muvaffaqiyatli yakunlangan O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Belarus Respub­likasiga ilk rasmiy tashrifi davomida ko'rsatilgan mehmondo'stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Prezidentlar O'zbekiston – Belarus sammiti ko'p qirrali ikki tomonlama munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarib, ularni aniq amaliy mazmun bilan boyitganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.
Xususan, Minsk shahrida bo'lib o'tgan Hududlararo forum va O'zbekiston milliy sanoat ko'rgazmasining samarali natijalari, ularning yakunida 300 million dollarga yaqin qiymatdagi eksport-import shartnomalari va yetakchi korxonalar kooperasiyasi to'g'risidagi kelishuvlar imzolangani yuksak baholandi.
Davlat rahbarlari ilm-fan, ta`lim, madaniyat va san`at sohalarida faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligini qayd etdilar.
Tashrif doirasida tashkil etilgan O'zbekiston madaniyati kunlari hamda Belarus poytaxtida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy byustining ochilishi xalqlarimiz o'rtasida do'stlik va o'zaro anglashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi ta`kidlandi.
Muloqotda erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan hujjatlarni «yo'l xaritasi» asosida amalga oshirishga qaratilgan birinchi galdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, investisiyaviy va innovasion sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga alohida e`tibor qaratildi. Jumladan, Belarus korxonalarining ilg'or texnologiyalari va ilmiy tajribasi asosida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida qo'shma loyihalar va kooperasiya ­dasturlarini ilgari surish xususida so'z bordi.
Muloqot so'ngida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Belarus Respub­likasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoni o'zi uchun qulay fursatda mamlakatimizga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.
Davlat rahbarlari O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi keng ko'lamli hamkorlikni yanada rivojlantirish va do'stlik munosabatlarini ­mustahkamlash borasida intilishlari qat`iy ekanini ta`kidladilar.
O'zA

Boshqa xabarlar