Ijtimoiy sheriklikning muhim asosi

39

Mehnat kodeksi va bosh­­qa qonunlarda xodimlar uchun imtiyoz hamda kafolatlarning eng kam miqdori belgilab qo'yilgan. Ushbu hujjatlar majburiy hisoblanadi va tashkiliy-huquqiy strukturasidan, mulk shaklidan qat`i nazar, barcha korxona, tashkilotlarda ijro etilishi lozim. Jamoa shartnomalari orqali ushbu imtiyoz va kafolatlarning yuqori darajasi belgilanishi mumkin.

Ijtimoiy sheriklik tamoyilini amalga oshirish mexanizmi jamoa kelishuv va shartnomalari, qo'shma qarorlar, lokal hujjatlar, kasaba uyushmalari bilan kelishib qabul qilingan boshqa hujjatlar tushunchasi bilan chambarchas bog'liqdir.
Jamoa shartnomasi korxona, tashkilot va muassasalarda ish beruvchi bilan xodimlar o'rtasidagi mehnatga, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbga oid munosabatlarni tartibga soladi. Mazkur hujjat «O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasiga birlashgan kasaba uyushmalarining fuqarolik jamiyatini shakllantirish ­sharoitidagi Harakat das­turi»da belgilab berilgan kasaba uyushmalarining o'z a`zolarini himoya qilish vazifasini amalga oshirishda asosiy vosita hisob­lanadi.
Mehnat kodeksining 177-moddasiga asosan «Ish beruvchi xodimlar mehnatini tashkil qilish, qonunlar va boshqa normativ hujjatlarda, mehnat shartnomasida nazarda tutilgan mehnat sharoitlarini yaratib berishi, mehnat va ishlab chiqarish intizomini ta`minlashi, mehnat muhofazasi qoidalariga rioya etishi, xodimlarning ehtiyoj va talablariga e`tibor bilan qarashi, ularning mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilab borishi uchun jamoa shartnomalarini tuzish shartligi» belgilab qo'yilgan.
Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi mas`ul xodimlarining amaliy yordami asosida tizimdagi boshlang'ich tashkilotlar, kichik biznes sub`ekt­lari, korxonalarda xodimlar sonidan qat`i nazar, yuridik shaxs maqomiga ega bo'lgan korxona va tashkilotlarda jamoa shartnomalari tuzilib, ularga davr talabidan kelib chiqqan holda qo'shimcha va o'zgartirishlar kiritilmoqda.
Har bir korxona, tashkilot va muassasada qabul qilinadigan jamoa shartnomalari muhim ahamiyatga ega. Bunda korxonaning imkoniyatlariga mos ravishda ish beruvchi tomonidan ishlovchilarning ish sharoitini yaxshilash, mehnatni muhofaza qilish, madaniy-ma`rifiy va bosh­­qa masalalar bo'yicha majburiyatlar belgilangan bo'lib, ularni ijobiy hal qilish nafaqat ish beruvchiga, balki kasaba uyushma qo'mitasi ­raisi va uning a`zolariga ham katta vazifalar yuklaydi.
Ijtimoiy himoya choralari sifatida jamoa shartnomalariga quyidagi tadbirlar kiritilmoqda: faxriylar, nogironlar, ko'p bolali onalar, farzandlari 3 yoshga to'lgunga qadar bo'lgan onalarga moddiy yordam ko'rsatish, korxonalar hisobidan xodimlar hamda ularning oila ­a`zolarini dam oldirish va sog'lomlashtirish, ishlovchi ayollarga beriladigan tug'ishgacha va tug'ishdan keyingi haq to'lanadigan ta`tillar kunini uzaytirish, bolali ayollarning ish vaqtini qisqartirish, kam ta`minlangan oilalar farzandlari uchun o'quv qurollari xarid qilish, baxtsiz hodisa bilan bog'liq bir martalik nafaqalar miqdorini oshirish va bosh­qalar.
Masalan, tarmoq tasarrufidagi «Muborak Mebel» xususiy korxonasidagi 90 nafar xodimning ijtimoiy-iqtisodiy va mehnatga oid huquqlarini himoya qilish maqsadida 2019-2020 yillar uchun jamoa shartnomasi ishlab chiqilgan bo'lib, u Respublika kengashida ekspertizadan o'tkazilgan va qabul qilingan.
Mazkur korxona zamonaviy dizayn va sifat talablariga javob beradigan import o'rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarib, mamlakatimiz iqtisodining rivojlanishiga o'z hissasini qo'shib kelmoqda. Korxonada ishchi-xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat sohasidagi huquqlari ish beruvchi hamda kasaba uyushma qo'mitasi ijtimoiy sherik­ligida mustahkam himoya­­ga olingan. Xususan, jamoa shartnomasida xodimlar daromadlarini oshirish, ularga qo'shimcha mehnat ta`tillari berish, ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, mehnat muhofazasi, moddiy va ma`naviy yordam ko'rsatish, salomatlik­larini mustahkamlash masalalari o'rin olgan. Ushbu muhim hujjatda mehnat muhofazasiga alohida e`tibor qaratilgani bois korxonada ishlab chiqarishdagi jarohatlanish holatlari va kasb kasallik­larining oldini olish masalasi eng ustuvor vazifalardan biriga aylangan.
Ish o'rinlarini shahodatdan o'tkazish xulosasiga binoan xodimlarning mehnat ta`tillariga 3 ish kunidan 7 ish kunigacha ish haqi to'lanadigan qo'shimcha ta`tillar berilishi joriy qilingan. Xodimlar ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan qonun hujjatlari talablariga muvofiq holda sug'urta qilingan.
Jamoa shartnomasida oliy o'quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari bandligini ta`minlash masalasiga ham alohida e`tibor qaratilgan. Korxonada mehnat qilayotgan 39 nafar yosh mutaxassis ­tajribali ustozlarga biriktirilgan.
Pirovardida yana shuni alohida ta`kidlash joizki, tashkilot va muassasalarda jamoa shartnomasi tuzilmagan bo'lsa, kasaba uyushma organi orqali xodimlarning manfaatini himoya qilish cheklanadi. Mehnat kodeksining 35-moddasida ko'rsatilganidek, jamoa shartnomasi nafaqat tashkilotda, balki uning yuridik maqomga ega bo'lgan filiallarida ham tuzilishi mumkin.

Rustam MIRXO'JAEV,
Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko'rsatish tashkilotlari xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining ijtimoiy himoya masalasi bo'yicha bosh mutaxassisi

Boshqa xabarlar