MAKTABGAChA TA`LIM QAMROVI 40,5 FOIZGA YeTDI

125

 Matbuot va axborot kommunikasiyalari agentligida Maktabgacha ta`lim vazirligi muttasaddilari ishtirokida bo'lib o'tgan tadbirda “Maktabgacha ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiya”si asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma`lumot berildi. Unda maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shin, vazir o'rinbosarlari va boshqarma boshliqlari ishtirok etdi.

2019 yil 8 may kuni Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 4312-sonli qarori bilan “O'zbekiston Respublikasi maktabgacha ta`lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” va 2019 yil uchun “Yo'l xaritasi” tasdiqlangan edi. Ushbu hujjat respublika qamrovidan to viloyat, shahar, tuman darajasigacha tushib boruvchi maqsadli ko'rsatkichlarni, ushbu ko'rsatkichlarga erishish uchun zarur bo'lgan mablag'larning aniq hisob-kitoblarini aniqlash imkonini berdi. Masalan, hujjatda ko'rsatilganidek, 2030 yilga borib bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish hozirgi 40,5 foizdan 80,8 foizgacha ko'tarilishi rejalashtirilgan. MTV MTTlar quvvatini oshirib boradi va 2021 yilga borib ulardagi o'rinlar yangi MTTlar ochish, davlat – hususiy sherikchilik asosida hamda chekka hududlar uchun dolzarb bo'lgan maktabgacha ta`limning muqobil shakllari hisobiga 56,8 foizgacha o'sadi (2030 yilda esa 132,3 foiz).

– Maktabgacha ta`lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi har bir shahar va tuman kesimida  MTTlar soni va bolalarni maktabgacha ta`lim bilan qamrab olish bo'yicha aniq ko'rsatkichlarni belgilab bergan birinchi hujjatdir. Bu qadam bizning faoliyatimiz shaffofligi va ob`ektivligini ta`minlaydi. Chunki, ma`lum xulosalarni chiqarish uchun erishilgan va maqsadli ko'rsatkichlarni solishtirishning o'zi kifoya qiladi. MTTlar yetishmasligi muammosini hal etish bilan bir qatorda, yaqin yillarda pedogogik va boshqaruv kadrlariga ham e`tibor qaratiladi. Biz pedagoglar sonini oshirish, shuningdek, xodimlarni saralash, tayyorlash va malakasini oshirishga yangi yondoshuvlarni tatbiq etish bo'yicha ishlarni davom ettiramiz. MTV vakillari mas`ul xodimlar faoliyatini har daqiqada nazoratda tutish imkoniyatiga ega emaslar. Shuning uchun ham joylarda malakali, vijdonli insonlar ishlashi biz uchun muhim, deydi maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shin.

Ovqatlantirish masalalari og'riqliyo ki bir bolaga 3mln. so'm ajratilmoqda

Tadbirda aytilishicha, ayni paytda MTMlarida ovqatlanishni tashkil etish masalalari eng muhim, shu bilan birga korrupsion holatlar ko'p kuzatilayotgan masalalardan bo'lib qolmoqda. Autsorsing tizimiga o'tilishi, sohada mavjud vaziyatni yaxshilash, sifatli xizmat ko'rsatish bosqichiga ko'tarilishga turtki bo'lishi kutilmoqda. Biroq bu sohada ham bolalar taomnomasi bo'yicha ishlaydigan malakali mutaxassislarga katta ehtiyoj sezilmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz MTMlarida 13 ta firma autsorsing tizimida faoliyat ko'rsatmoqda. Mirzo Ulug'bek tumanida esa bolalar ovqatlanishini tashkil etish bo'yicha pilot loyihasi amalga oshirilmoqda. Bu loyiha butun respublikamizga namuna bo'la oladi.

Maktabgacha ta`lim vaziri Shodiyor Mamatqulovning ma`lumot berishicha, bir yil davomida bir bolaga davlat byudjeti va ota-onalar to'layotgan badal pullari hisobidan 3 mln. so'm miqdorida mablag' ajratiladi. Ammo joylarda ayrim rahbarlarning o'z mansab vakolatlarini suiiste`mol qilishlari, bosh oshpazlarning mas`uliyatsizliklari tufayli bu ko'rsatkich, ajratilayotganidan ko'ra kamroq bo'lib bolalar taomnomasidan joy olmoqda. Maktabgacha ta`lim vazirligi bunday holatlarga qarshi keskin kurashib, jurnalistlar va jamoatchilikni ham ta`magirliklarga qarshi birgalikda kurashishga chorladi.

Tarbiyachilarning ota-onalardan o'quv qurollari va ho'jalik mahsulotlari talab qilishi asosli(mi?)

    Matbuot anjumanida maktabgacha ta`lim vazirligi mas`ullari tarbiyachi va tarbiyachi yordamchilarining majburiy mehnatga jalb qilinishi masalasiga ham to'xtaldi. 

– Uzoq yillar davomida bu tizimga ko'ngildagidek e`tibor berilmaganini tan olish kerak. Xodimlarimiz hamisha obodonlashtirish, mavsumiy ishlarga jalb qilib kelingan. Ammo endi bunday bo'lmaydi – majburiy mehnatga yo'l qo'yilmaydi. Har qanday hasharlar vazirlik ruxsati bilan bo'lishi kerak. Har bir holat alohida o'rganiladi. Yaqinda sohamizga oid qabul qilinayotgan qonunda ham bu muammoga alohida to'xtalingan, – deb javob berdi Maktabgacha ta`lim vaziri Agreppina Shin.

“Yangi o'quv yili boshlanishi arafasida bog'cha opalar ota-onalarga o'quv qurollari va xo'jalik mahsulotlari ro'yxatini berishadi, bu qanchalik to'g'ri? Tizimda bu masalalarning huquqiy asoslari qanday hal etilgan”, degan savolga Sh.Mamatqulov endilikda me`yoriy hujjatlarda bog'chaga davlat tomonidan beriladigan va ota-ona olib kelishi mumkin bo'lgan narsalar o'rganib chiqilayotgani va kelgusida bu huquqiy hujjatlarda to'liq aks etishini ta`kidladi. Ammo hozirda har bir bog'cha uchun kerakli darajada ho'jalik mahsulotlari – sovun, kir yuvish kukuni va gigienik vositalar berilayotganligi sababli ota-onalar bunday mahsulotlarni olib borishiga hojat yo'q. O'z xohishlariga qarab o'quv qurollari olib borishi mumkin, dedi mas`ul.

Zebo NAMOZOVA,

ishonch.uz

Boshqa xabarlar