Hisobot emas, amaliy natija kerak

150

Joriy yilning birinchi yarmida Xorazm viloyatida 149 ta tashkilot kasaba uyushmalari xizmatiga jalb etilib, 1460 nafar xodim a`zolikka qabul qilindi. Bu haqda viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashining rayosat yig'ilishida ta`kidlab o'tildi.

Bugun har bir xodim – xoh u oliy ma`lumotli mutaxassis bo'lsin, xoh oddiy farrosh, mehnati qadrlanishini, zimmasidagi vazifani to'liq amalga oshirishi uchun yetarli sharoit bo'lishini xohlaydi. Bu davr talabi hamdir. Ushbu talabni qanoatlantirishda jamoa shartnomalarining ahamiyati katta. Ma`lumotlarga ko'ra, jamoa shartnomasi tadbirlarini bajarish uchun viloyat bo'yi­­cha o'rta hisobda har bir xodimga 2018 yil davomida sarflangan mablag' 1 mln. 943 ming 500 so'mni tashkil etdi. Joriy yilda bu ko'rsatkichlar yanada yuqori bo'lishi kutilmoqda.

Misollarga yuzlanadigan bo'lsak, jamoa shartnomalari orqali 197 ta korxonada 287 nafar pensiyaga chiqayotgan xodimlarga bir yo'la moddiy yordam va qimmatbaho sovg'alar berilib, ushbu maqsadlarga salkam 97 million so'm ajratilgan. 2 yoshdan 3 yoshgacha bola parvarishi uchun ta`tilda bo'lgan 171 nafar yosh onalarga 124 ta korxonada 31 mln. 553 ming so'mlik moddiy yordam ko'rsatilgan. 175 ta korxonada kam ta`minlangan, boquvchisini yo'qotgan 505 ta oila farzandlariga o'quv qurollari, darsliklar xarid qilish uchun 19 mln. so'm yo'naltirilgan.
Oliy o'quv yurtlarida tahsil olayotgan 61 nafar talabaning kontrakt pulini to'lashga korxonalar hisobidan 53 mln. 127 ming so'm, kasaba uyushma hisobidan 14 mln. 648 ming so'm, jami 67 mln. 775 ming so'm sarflangan. Uy-joy qurish va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan, uzoq muddat foydalaniladigan tovarlarni xarid qilish uchun 13 ta korxonada 13 nafar oilaga 23 mln. 550 ming so'mlik foizsiz ssuda berilgan.
Jamoa shartnomasida ko'makka ehtiyoji bor har bir xodim uchun yordam berish ko'zda tutilgani ahamiyatlidir. Biroq, hamma ish beruvchilar ham ushbu hujjat mohiyatini to'liq his qilyapti, deb bo'lmaydi. Aytaylik, xodimlarning ish haqlarini o'z vaqtida berishda sansolarlikka yo'l qo'yayotgan ish beruvchilar ham yo'q emas. «Urganch MSQFB» korxonasida o'tkazilgan monitoring jarayonida ishchi-xodimlarning ish haqidan bo'lgan qarzdorlik shu yilning 1 iyun holatiga 2 mlrd. 273 mln. so'mni tashkil qilishi aniqlanib, kasaba uyushmalarining sa`y-harakatlari natijasida bu ko'rsatkich bir oyda 995,6 mln. so'mga kamayishiga erishildi.
Mehnat muhofazasi doimiy diqqat-e`tibordagi masala bo'lib, yil davomida ushbu yo'nalishda 41 ming 430 ta chora-tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Hisobot davrida ularning 20 ming 715 tasi bajarilib, ushbu maqsadlar uchun 3 mlrd. 631 mln. so'mdan ortiq mablag' sarflangan. Albatta, bu boradagi ishlardan qanoatlanishga hali erta. Boisi 13 ta boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotlari faoliyati hamda korxona, tashkilot va muassasalarda ishlovchilarga sog'lom va xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilishi holati o'rganilganda, mehnatni muhofaza qilish bo'yicha 169 ta qonun, qoida va me`yorlarning buzilish holatlari aniqlangan. Ish beruvchilarga 13 ta taqdimnoma kiritilib, kasaba uyushmalar aralashuvi bilan 134 ta kamchilik bartaraf etildi.
A`zolarning mehnat huquqlari poymol bo'lishi, ayniqsa, achinarli holat. Joriy yilning 6 oyi davomida viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limida 117 ta ariza va shikoyatlar ko'rib chiqilgan. Korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari nomiga 27 ta taqdimnoma kiritilib, 53 nafar xodimning ishga tiklanishiga va 105.000.000 so'mdan ortiq pul mablag'lari undirilishiga erishildi. Shuningdek, sudga 17 ta da`vo arizasi kiritilib, 19 nafar fuqaro ishga tiklandi va oylik maoshlari undirib berildi.
Xodimlar va ularning oila a`zolari bo'sh vaqtlarini mazmunli o'tkazish, salomatliklarini mustahkamlash, sport tadbirlariga jalb qilish borasida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Hisobot davrida 1955 ta bosh­lang'ich tashkilotda «Ma`naviyat soatlari» o'tkazilib, ularda 162986 nafar ishchi-xodimlar ishtirok etdi. 14741 nafar kasaba uyushma a`zolari va oila a`zolarining Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi tarixiy shaharlarga sayohatlari uyushtirildi. 1944 ta korxona, tashkilot va muassasalarda sog'lomlashtirish mashqlari tashkil etilib, unga 126 ming nafardan ortiq xodimlarning jalb qilinishi ta`minlandi.
Bu yilgi yoz mavsumida kasaba uyushmalari mablag'lari ishtirokida faoliyat yuritayotgan 12 ta oromgohning ­1-2-navbatida 1470 o'rniga 2627 nafar bola dam oldirildi. Bu maqsadlar uchun ijtimoiy sug'urta byudjeti hisobidan 227556,0 ming so'm mablag' sarflandi. Xo'jalik va homiy tashkilotlar mablag'lari hisobiga 1216 nafar bolaga yo'llanmalar bepul tarzda ajratildi.
Bundan tashqari, 530 nafar ishchi-xizmatchilar hamda 115 nafar ishchi-xizmatchilarning oila a`zolariga imtiyozli yo'llanmalar berilib, sanator-kurortlarda sog'lomlashtirildi.
Rayosat yig'ilishida nodavlat sektori tizimidagi korxona, tashkilot, muassasalarda kasaba uyushma tashkilotlarini tuzish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlarning ahvoli, «Faol investisiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» dasturining ijrosi, 2019 yil yoz mavsumida bolalarni dam oldirish va sog'lomlantirish kabi muhim masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Muhabbat TO'RABOEVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar