«Jasliq»ning yopilishi – muhim tarixiy voqelik

133

Prezidentimizning 2019 yil 2 avgustdagi «Qoraqalpog'is­ton Respub­likasi Ichki ishlar vazirligining 19-son ixtisos­lashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasini tugatish to'g'risida»gi qaroriga asosan Jasliq qo'rg'onida joylashgan jazoni ijro etish koloniyasi tugatildi.

Xalqaro hamjamiyat ushbu qarorni O'zbekistonning kelgusi rivojlanishidagi muhim qadam sifatida e`tirof etmoqda. Bir qator siyosiy ekspertlar esa uni siyosiy jasorat, deb atadi. 
O'zbekiston Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanida qaror ijrosi hamda uning mazmun-mohiyati Ichki ishlar vazirligining mutasaddilari ishtirokida tahlil etildi.

Mahkumlar qaerga ko'chiriladi?

– Mazkur qarorga asosan ushbu koloniyada jazo muddatini o'tayotgan mahkumlar sud tomonidan belgilangan jazoni o'tash tartibiga rioya etgan holda sudlanguniga qadar yashagan manziliga yaqin joylashgan koloniyalarga ko'chiriladi, – dedi Ichki ishlar vaziri o'rinbosari Bahrombek Odilov. – Bu ularning oila a`zolari va yaqinlari mushkulini osonlashtirib, mablag'i va vaqtini tejash imkonini yaratadi. Chunki mazkur koloniya Nukus shahridan 300, Qo'ng'irot tumani markazidan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan bo'lib, fuqarolarga anchayin noqulayliklar yaratayotgan edi.
Hibsda kimlar bor?
1999 yilda Qo'ng'irot tumanining Jasliq qo'rg'onida qurilgan 19-son JIEKda og'ir va o'ta og'ir jinoyatlar sodir qilgan, uzoq muddat ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qilingan shaxslar saqlanib kelingan. 
Ichki ishlar vaziri o'rinbosari Bahrombek Odilovning aytishicha, «Jasliq» koloniyasi 1100 ta o'ringa mo'ljallangan bo'lib, bu yerda 395 nafar mahkum o'zlariga belgilangan jazo muddatini o'tab kelayotgan edi. Ularning 10 foizga yaqini diniy-ekstremistik oqimlarga aloqador jinoyat turlarini sodir etgan insonlardir. Endilikda Jasliq koloniyasi binosi Nukusda joylashgan 2-sonli tergov komissiyasi balansiga o'tkaziladi.

Qiynoqlar qo'llanilganmi?

Anjumanda jurnalistlar mutasaddilarga «Jasliq»da mahkumlarga qanday qiynoqlar qo'llanilgan?» degan savolni berishdi.
– O'zbekiston o'z oldiga fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini amalda ta`minlash, xususan, jazoni ijro etish tizimida ham bu xalqchil siyosatni amalga oshirish yo'lidan bormoqda, – deyildi savolga javoban. – Bugungi kunda hech qaysi jazoni ijro etish koloniyasida mahbuslar uchun qiynoqlar qo'lalanilishiga yo'l qo'yilmaydi. Jumladan, Jasliqda ham qiynoqlar qo'llanilmagan. Bu inson manfaatlarini oyoqosti qilish hisob­lanadi.

Nozirlar taqdiri nima bo'ladi?

«Jasliq» qamoqxonasida ishlayotgan ichki ishlar xodimlarining taqdiri ham jurnalistlarda savol uyg'otgani tabiiy.
Ma`lum qilinishicha, qoraqalpog'istonlik xodimlar o'zlari yashayotgan hududlarga ishga joylashtirilishi oldindan rejalashtirilgan bo'lib, qolganlar esa respublikamizning ­boshqa hududlarida o'z yo'nalishlarida ish bilan ta`minlanadi.

Jazoni o'tash joylarida ibodatga ruxsat etiladimi?

Mamlakatimizda mahbuslar­ning diniy e`tiqod erkinligi qay darajada ta`minlangani borasidagi savolga Ichki ishlar vazirligi Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bosh­qarma boshlig'i Jamshid Sultonov quyidagicha javob berdi:
– Koloniyalarda barcha mahbus­lar uchun bir xil, qat`iy kun tartibi joriy etilgan. Agar mahbus diniy amallarni bajarishni istasa va bu kun tartibiga xalaqit bermaydigan bo'lsa, bemolal amalga oshirishi mumkin.

«Jasliq» o'rnida muzey…

– Bu koloniyaning kelgusida muzey yoki boshqa biror ob`ektga aylantirilishi hozircha noma`lum, – dedi Bahrombek Odilov.


Anjumanda mamlakatimizda jazo muddatini o'tayotgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta`minlash, ularga nisbatan qiynoq va boshqa tazyiq o'tkazish bilan bog'liq salbiy holatlar sodir etilishining oldini olish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida ham ma`lumotlar berildi.

Zebo NAMOZOVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar