Mirakida shunday go'sha bor…

54

Shahrisabz tumanidagi «Miraki» sanatoriysida soya-salqin, osmonga o'rlagan daraxtlar tagiga qo'yilgan o'tirg'ichlarda otaxon-u onaxonlar yuzidan nur yog'ilib, gulgun suhbatlashib, hordiq chiqarayotir.

Qabulxona tomon yursangiz, hujjat ko'targan kishilar ma`mur bilan qaysi xonaga joylashish haqida muloqot qilayotgani ustidan chiqasiz. Muolaja xonalari oldida ham g'uj-g'uj odam.
– Hozir yoz mavsumi emasmi, hamma salqin go'shalarga oshiqadi, – deydi «Miraki sanatoriysi» MChJ direktori o'rinbosari Abduqayum Malikov. – Qolaversa, so'nggi yillarda turizmga berilayotgan e`tibor sabab sanatoriyda ham qator yangi xizmat turlari ochildi.
Abduqayum akaning bu so'zlaridan so'ng bilib oldikki, sanatoriyda dam olish bilan birga dunyoqarash ham o'zgarar ekan. Ya`ni sayohat vositasida.
Xususan, «Ziyorat qilish» xizmati orqali dam oluvchilar Mingchinor, Hazrati Bashir, Chinor, «Oq suv» ziyoratgohi, Hoja ilimkon xonaqosi, Oqsaroy ­majmuasi, So'qor ota va boshqa ziyoratgohlarga olib borilyapti.
Ekologik dam olishda Qoradaryo darasi, Sayat sharsharasi, Munavvar vodiysi, G'ilon ­qishlog'i, Alvastiko'l tabiiy geografik ob`ekti, Mingchinor sharsharasi kabi so'lim tabiat manzaralaridan bahramand bo'lish mumkin.
Sport yo'nalishida dam oluvchilar uchun har xil musobaqalar uyushtirilmoqda.
«Ishbilarmonlik» yo'nalishida za`faron, anor yetishtirish, quyonchilik, parrandachilik, chorvachilikda ilg'or yutuqlarni qo'lga kiritayotgan fermer xo'jaliklari faoliyati bilan yaqindan tanishadilar.
Eng asosiysi, u dam oluvchilar «Kardiologiya», «Nev­rologiya», «Ozonoterapiya», «Fizioterapiya», «Klinik laboratoriya» xizmatlaridan foydalanib, yurak-ishemik kasaliklari, qon bosimining oshishi va tushishi, yurak ritmining buzilishi, mig­ren, radikulit, revmatizm, ­gastrit, osteoxondroz, qandli diabet, sistit va boshqa kasalliklarga qarshi muolaja olishadi. 13 xil tekshiruv, 35 xil muolaja turlari bor. Tibbiy asbob-uskunalar zamonaviy.
Keyingi yillarda sanatoriyda barcha qulayliklarga ega «Kemping» oilaviy kottejlari qurildi, yotoqxonalar rekonstruksiya qilindi. 350 kishiga mo'ljallangan oshxona, 200 kishilik klub (3D kino zali), basseyn, billiard, kutubxona, fitobar va sport zali ishlab turibdi…
Shu tariqa Mirakiga tashrif buyurganlar dam olish bilan birga qutlug' maskanlarni ko'rish, ziyorat qilish, eng muhimi, bilim va malakasini oshirish imkoniga ega bo'lmoqda.

Akmal ABDIEV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar