Osmoni yaqin yerlar

149

Sirli manzillar

Nurota tog' tizmasi Oloy – Turkis­ton tog' tizimining eng g'arbiy bo'lagi hisoblanib, Sangzor vodiysidagi Morguzar, Ilono'tti, Temurlang darasidan boshlanadi. Shimoliy Nurota tog'i Qoratov deb nomlanib, uning eng tik cho'qqisi – Zargarning balandligi 2165 metrga teng. Janubiy Nurota tog'ining Oqtov deb ataladigan tizmasidagi Taxtko'h cho'qqisi dengiz sathidan 2005 metr balandlikda bo'lib, har ikkala tog' tarkibida hali kashf etilmagan foydali qazilmalar, dorivor tabiiy o'simlik­lar juda ko'p.
Ushbu tog'larning Nurota – Qo'shrabot kengliklarida akademik Yahyo G'ulomov, Po'lat Zohidov, O.Restovsev singari mashhur arxeologlar qazishma ishlarini amalga oshirgan.
Bu hududda suvdan unumli foydalanish, hosildor yerlarni obod qilish azaldan asosiy masala bo'lib kelgan. Shu bois ko'plab joylarning nomi buloq yoki suv yo'li bilan bog'liq. Masalan, Qo'shrabotda Buloqboshi, Jombuloq, Sovuqbuloq, Axchobsoy, Duoba, Ko'kbuloq, Suvliq, Soykechar, Bosh koriz, Darasoy kabi nomlar mavjud. Ikki tog' kengliklarida rang ko'rsatkichlariga taalluqli Oqtov, Qoratov, Ko'ktepa, Qizilcha, Qoraqum, Oqtosh, Oqtepa, Qorabuloq singari toponimik va etnografik belgilarga ega joylar ham ko'p.

Obodlik nashidasi

Qo'shrabot tumanining Qo'rg'on qish­log'ida Qo'rg'on dostonchilik maktabining yirik namoyandasi Ergash Jumanbulbul o'g'li tug'ilib o'sgan. O'tgan asrning 1970 yillarida fidoyi pedagog Oydin Sindorov ulug' baxshining ijod namunalari va boshqa eksponatlarni jamlab, muzey holiga keltirgan. Bu muzey ta`mirtalab bo'lib qolgani sababli ayni paytda zamonaviy andazada yangidan barpo etilmoqda.
Qo'shrabotdagi yirik qishloqlardan biri bo'lgan Jo'shda bunyodkorlik va qurilish ishlari avjida. Bir qancha yangi savdo inshootlari aholiga xizmat ko'rsatmoqda. Jo'shdan Oqmachit qishlog'iga borish tarafda zamonaviy aholi turar joylari qad rostlayapti.
Qadimiy Axchobsoy daralari – tarixiy hudud. Bu kengliklarda ko'plab jang-u suronlar bo'lib o'tgan. Hozirda Jo'shdan Arg'oshqon, Urganji, Kerhovut, Bozorjoy, Oqtosh qishloqlariga asfalt yo'li o'tqazilyapti. Kelgusida fusunkor Oqtov va Qoratov xorijlik sayyohlarni Fozilmon ko'llariga chorlasa, ajab emas.
– Ushbu bunyodkorlik ishlari odamlarni nihoyatda quvontirmoqda, – dey­di Qo'shrabot tumanidagi Oqtosh qish­log'ida joylashgan 51-umumta`lim maktabi o'zbek tili va adabiyoti o'qituvchisi Jo'raboy Qoraev. – Qishloq ziyolilari bunday yangiliklarni uzoq yillar orziqib kutgan edi. Kelgusida qishloqlarimiz shahardan aslo qolishmaydigan bo'ladi.
Qo'shrabotlik faxriy o'qituvchi Ibrohim aka G'oyibnazarov ma`naviy-ma`rifiy mavzuda ko'plab maqolalar yozgan. Uning «Oydin tunlar qo'shig'i» nomli kitobida shunday satrlar bor:
Bunda uylar tutash qurilgan,
Bunda osmon juda ham yaqin…

Ma`naviy ehtiyoj

– Bu voqea hech esimdan chiqmaydi, – deb eslaydi keksa muallim Hamza Chinniev. – 1978 yili atoqli adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov boshchiligidagi bir guruh ziyolilar Jo'sh qishlog'iga kelishdi. Ular orasida Axchob qishlog'ida tug'ilib o'sgan adabiyotshunos Umrzoq O'ljaboev ham bor edi. Mehmonlar avval Jo'sh qish­log'ini tomosha qilishdi, keyin qish­loq kutubxonasiga kirishdi. Qarashsa, xarobgina kutubxona bo'm-bo'sh, bor kitoblar ham chang bosib yotibdi. Buni ko'rgan Ozod domla og'ir xo'rsinib, kitob­larning changlarini artishga tushdi. Bundan ta`sirlangan xo'jalik rahbari oradan ko'p o'tmay kutubxonani ta`mirlatib, obod go'shaga aylantirdi. Undan bir necha avlod ma`naviy oziq oldi. Afsuski, hozir u yo'q.
Ezgulikka qo'l urayotgan Samarqand viloyati va Qo'shrabot tumani hokimligi bu yerda kitob zaxirasiga boy kutubxona ham bunyod etsa, kitob ixlosmandlarining ma`naviy ehtiyoji qondirilar edi. O'ylaymizki, bu xayrli ish tez orada amalga oshadi.

O'ljaboy QARShIEV,
jurnalist

Boshqa xabarlar