QONUN LOYIHASI MUHOKAMADA

160

Har bir taklif chuqur o'rganilmoqda

Joriy yilning iyul oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyihasi birinchi o'qishda ko'rib chiqilib, deputatlar konseptual jihatdan ma`qullagan va Qonunchilik palatasining qaroriga muvofiq qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasidan o'tkazish belgilangan edi.

Qonun loyihasini maromiga yetkazishda aholining munosabatini o'rganish, fikr-mulohazalari va takliflarini olish, ya`ni qonun ijodkorligi faoliyatiga fuqarolarimizni keng jalb qilish maqsadida qonun loyihasining matni Qonunchilik palatasining veb-sayti – «parliament.gov.uz»ga joylashtirildi, shuningdek, Kasaba uyushmalari Federasiyasining rasmiy nashri – «Ishonch» va «Ishonch-Doverie» gazetalarida chop etildi. Shundan so'ng, qonun loyihasi yuzasidan ko'plab takliflar kelib tushayotgani inobatga olinib, mamlakatimizning barcha hududlarida qonun loyihasining muhokamalarini o'tkazish bo'yi­­cha tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Namangan viloyatida tashkil etilgan jamoatchilik muhokamasi chog'ida hukm surgan faollik har ikki taraf – qonun ijodkorlari va kasaba uyushmasi yetakchilari uchun ham muhim ahamiyat kasb etdi.
Muhokama yig'ilishida Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining raisi, akademik Akmal Saidov, O'zKUF raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev, viloyat hokimi o'rinbosari Faxriddin Matkarimov, qonunchilik palatasi deputatlari, kasaba uyushma faollari, OAV vakillari qatnashdi.
– Qonun loyihasining jamoatchilik muhokamalarini tashkil etish qonun ijodkorligidagi ijobiy qadamlardandir, – deya ta`kidladi F.Matkarimov. – Avvallari, qonun qabul qilingach, targ'ibot ishlari amalga oshirilgan. Endi esa loyiha jamoatchilikka taqdim etilib, fikrlar, takliflar jamlanmoqda. Qonun ­loyihasi shu tarzda pishitib borilmoqda. Bu nafaqat qonun ijodkorlari ish sifatining oshishi bilan bog'liq jarayon, balki qonunni amaliyotga qo'llashdan manfaatdor tarafning huquq va majburiyatlarini belgilashda lo'nda, aniq asos­larni shakllantirish jarayoni hamdir.
– Bugun taraqqiyot shiddati tezlashdi, zamon, imkoniyat va mehnat sharoitlari tubdan o'zgarib bormoqda, – dedi O'zKUF rai­­si o'rinbosari B.Mahmadaliev. – Mehnat sharoiti va mehnat munosabatlarining yangicha tamoyillar asosida tashkil qilinayotgani esa o'z-o'zidan xodimlar manfaatini himoya etishda yangicha uslublarga tayanishimizni taqozo etmoqda. Amaldagi «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatining kafolatlari to'g'risida»gi qonun qabul qilingan davrdan (1992 yildan) beri ko'p narsalar o'zgardi. Raqamli iqtisodiyot va ishga haq to'lashning zamonaviy shakllari paydo bo'lgan bugungi kunda mazkur qonun imkoniyatlari cheklanib qoldi. Hayotiy zarurat yangi qonunga ehtiyojimiz borligini ko'rsatib berdi. Bugun joylarda yangi qonun loyihasi yuzasidan ko'p­lab fikr-mulohazalar bildirilmoqda, hududlardan kasaba uyushmasining faoliyatiga befarq bo'lmagan fuqarolarimizdan ko'plab takliflar berilmoqda. Demakki, tashkilotimizning bundan keyingi faoliyatida huquqiy dastak, yanada rivojlanishimiz uchun asos bo'luvchi hujjat taqdiriga daxldorlik hissi ortgandan ortib bormoqda. Oramizda shunday safdoshlarimiz qancha ko'p bo'lsa, a`zolar manfaatini ifoda etish, ularning huquqlarini ta`minlashda birdamligimiz ham yaqqolroq namoyon bo'lib boraveradi. Bugungi muhokama ham mana shu maqsadga xizmat qiladi.
Muhokamalar avvalida so'z olgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi ­boshqarish organlari qo'mitasining raisi, akademik Akmal Saidov, Qonunchilik palatasi deputati Abdullajon Hamroqulov, qonun loyihasini ishlab chiqish jarayoni, maqsad, zarurat va undagi yangiliklar haqida keng tushuncha berdilar.
– Mazkur qonunni ishlab chiqish jarayonida amaldagi qonunchilik va qo'llash amaliyoti chuqur tahlil etildi, – dedi A.Saidov. – Kasaba uyushmalari bilan ishlashda qanday muammolar bor, to'sqinliklar qaerda – ayni shu masalalarni o'rganishga e`tibor qaratildi. Loyiha ijodkorlari sifatida kasaba uyushma faollaridan bir narsani e`tibordan chetda qoldirmasliklarini so'rardik. Bundan keyin mazkur qonun bilan kasaba uyushmalari o'z a`zolarining manfaatini ifoda etuvchi tashkilot sifatida ijtimoiy sheriklari, xalqaro termin bilan ifoda etganda, tripartizm vakillari bilan xodim manfaati yuzasidan sudlargacha borishi mumkin. Shuning uchun ham mazkur qonun aniq, lo'nda, tushunarli bo'lishi lozim. U faoliyatingizni to'liq va izchil amalga oshirishingizda, yetarli, zarur huquqiy makon, asos bo'lib xizmat qilishi kerak. Biz sizga shuni yaratib berish uchun izlanmoqdamiz, joylarga chiqib bevosita a`zolar bilan ishlovchi boshlang'ichlar, turli darajadagi hududiy kengashlar vakillarining takliflariga quloq tutmoqdamiz.
E`tibor qilinsa, qonunimizda ikkita huquq nazarda tutilgan: ham moddiy huquq (sizlarning huquqingiz) bor, ham konsessual huquq (qo'llash amaliyoti). Biz mana shu ikki jihatni qamrab olishga harakat qildik. Ayrim shunday qonunlar borki, unda moddiy huquq nazarda tutiladi, biroq hayotga tatbiq etish amaliyoti yo'q. Va yoki aksincha. Biz mana shu kamchilikka yo'l qo'ymaslikka harakat qildik. Buning uchun yetarlicha tajribalar jamlandi: bunda, avvalambor, o'zimizdagi milliy-huquqiy qonunchilik va amaliyotga asoslandik. Ikkinchidan, xorijiy taj­riba. G'arb, Sharq, MDHning bu boradagi tajribalarini kuzatdik, kerakli jihatlarini o'zimizga oldik. Uchinchidan, xalqaro standart. Bunda XMTning konvensiyalari bilan cheklanib qolmadik. BMTning qator paktlari, universal xalqaro shartnomalariga tayandik. Shundan so'ng deputatlar muhokamasiga ­qo'yildi. Muhokamaga kiritilgunga qadar to'rtta hujjat tayyorladik. Birinchisi, qonun loyihasi, ikkinchisi, loyihaning konsepsiyasi yoki tushuntirish xati deyiladi. Uchinchisi, xorijiy tajriba, to'rtinchisi, xalqaro standartlarga qay darajada muvofiqligini asoslovchi hujjatlar taqdim etildi. Bunda O'zbekis­tonning o'zi qo'shilgan xalqaro hujjatlarga, ratifikasiya qilingan Konvensiyalarga muvofiqligiga tayanib ish tutildi.
Bugungi muhokamadan ko'p narsa kutmoqdamiz. To'g'ri, berilayotgan takliflar yuz foiz qabul qilinmasligi mumkin, ammo ishchi guruhimiz bilan har bir taklif chuqur o'rganib chiqilishi, lozim topilganlari hujjatda aks etishiga va`da beramiz. Ishchi guruh faqatgina deputatlardan iborat emas, unda Kasaba uyushmalari tashkilotlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Savdo-sanoat palatasi vakillari ham jarayonda to'laqonli ishtirok etishadi.
Qonun loyihasi amaliyotchilar, ya`ni kasaba uyushma faollari tomonidan bir qancha taklif, o'zgartirish va qo'shimchalar uzoq vaqt mobaynida pishitib borildi, muhokama chog'ida o'rtaga tashlanib, qonun ijodkorlarining munosabatlari e`tiborga olindi. Fikrlarning ayrimlari qaytadan ko'rib chiqish uchun qayd etilgan bo'lsa, ayrimlariga huquqiy prinsiplar nuqtai nazaridan asoslovchi javoblar berildi.
– Yangi qonun loyihasi soha faollarida yangi-yangi rejalarni, tashabbuskorlikni namoyon etmoqda, – dedi Sog'liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Res­publika kengashi raisi Farhod Xanapiyaev. – Yillar davomida bizga xalal berib kelgan to'siqlardan xoli muhim hujjatni yaratish jarayonida ishtirok etmoqdamiz. Bu esa, bevosita amaliyotchi sifatida qator takliflarni paydo qilayotir. Xususan, 13-moddaga «Kasaba uyushmalari faoliyati bo'yicha o'z a`zolarining oldida hisobdordir. Uning a`zolari kasaba uyushmalarining asosiy faoliyat yo'nalishlari, kasaba uyushma mablag'larining sarflanishi bo'yicha ma`lumot olish, faoliyatni yaxshilash yuzasidan tegishli takliflar kiritish xuquqiga egadirlar», degan qo'shimchani taklif etamiz. Chunki qonunda kasaba uyushmalari faoliyatida ochiqlik deb nomlanmoqda, lekin unda kasaba uyushmalarining a`zolari oldidagi hisobdorligi ko'rsatilmayapti. Qolaversa, a`zolarning kasaba uyushma mablag'larining sarflanishi bo'yi­­cha ma`lumot olish, faoliyatni yaxshilash yuzasidan tegishli takliflar kiritish huquqiga egaligi qonuniylashtirilmoqda.
16-moddaning 6-xatboshisida «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining, shuningdek, ish beruvchilarning rahbarlari kasaba uyushmasini, ularning birlashmalarini tuzishga tashabbuskor bo'lishlari, shuningdek, kasaba uyushmalarining a`zosi bo'lishlari mumkin emas», deyilgan. Biz esa mazkur xatboshining oxiri «kasaba uyushmalari organlarining rahbari bo'lish­lari mumkin emas» deb o'zgartirishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.
56-moddasi 4-xatboshidan keyin «Ularning bu vaqt oralig'idagi mutaxassislik bo'yicha ish staji va malaka toifasi uzluksiz davom etgan hisob­lanadi» tarzidagi yangi xatboshi kiritishni maqbul hisoblaymiz. Chunki amaliyotda asosiy ishidan ozod etilgan boshlang'ich tashkilotlarning mutaxassisligi va malaka toifasida uzilish paydo bo'lmoqda. Bu band asosiy ishdan ozod etilgan boshlang'ich tashkilotlar soni ko'payishiga hissa qo'shgan bo'lardi.
– Biz jamoatchilik muhokamasiga tayyorlanish chog'ida tarmog'imizdagi har bir yetakchi bilan suhbatlashdik, takliflarini jamlashga harakat qildik, – deydi ASM xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyatdagi mas`ul tashkilotchisi Ikromxon Sharafiddinov. – «Kengashli to'y tarqamas», deyishadi. Istardikki, takliflarimiz qonun normalariga moslashtirilib, amaliyotga joriy etilsa… Bugungi amaliyot shuni ko'rsatmoqdaki, aksariyat xususiy sektor vakillari xodimlar manfaatini ifoda etuvchi kasaba uyushmalarini tuzishni xohlamaydi. Nafaqat xorijiy sheriklar, hatto mahalliy tadbirkorlar ham mazkur jamoat tashkilotini ortiqcha «boshog'riq» hisoblaydi. Nari borsa 600-700 ming so'mlik oylik berib, 14-15 soatlab ishlatuvchi tadbirkorlar anchagina. Aynan shular kasaba uyushmasi tuzilsa, kamchiliklari yuzaga chiqishidan cho'chishadi.
11-moddaga «Kasaba uyushmalari tarmoq tashkilotlari hududiy birlashmalarga ixtiyoriy asosda a`zo bo'ladilar va hamkorlik shartnomasi asosida faoliyat yuritadilar», degan qo'shimcha kiritishni taklif etamiz. Sababi, amaliyotda ayrim tarmoqlar (birlashgan qo'mita)larning teng huquqligi mexanizmi ta`minlanmayotgan holatlarga duch kelinmoqda.
35-moddaga «Tegishli davlat organlari yoki ish beruvchilar kasaba uyushmalariga qonunchilikda belgilangan tartibda axborotlarni bermagan taqdirda yoki ularni muhokama qilishdan bosh tortgan taqdirda belgilangan tartibda javobgar bo'ladilar» tarzida qo'shimcha kiritishni, shuning­dek, mazkur moddaning 3-xatboshisidagi «imkon darajasida qisqa muddat» iborasini aniq raqam bilan almashtirishni taklif qilamiz. Chunki ayrim tashkilotlar kasaba uyushmasining so'rovini e`tiborsiz qoldirishlariga, tegishli muddatlarda javob qaytarmasligiga ko'p bora duch kelmoqdamiz. Aniq muddat va javobgarlik masalasi bu muammoga yechim bo'lar edi.
Kasaba uyushmalari ins­peksiyalari xodimlariga korxona, tashkilotlarda aniqlangan noqonuniy buyruq, qaror va farmoyishlarni bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish bo'yicha protest kiritish va bajarilishi majburiy bo'lgan yozma ko'rsatmalar berish, aniq ta`sir choralari qo'llash vakolatlari berilishi masalasini hal etishni ham taklif qilamiz. Shunda kamchiliklarni o'z o'rnida bartaraf etish mexanizmi yuzaga keladi.
Muhokamalar chog'ida ishtirokchilar bir qator takliflarni o'rtaga tashlashdi. Ularning yozma jamlanmasi loyihani yanada mukammallashtirishda foydalanish uchun Qonunchilik palatasi deputatlariga taqdim etildi. Ta`kidlandiki, huquqiy va siyosiy savodxonlik ifodasi bo'lgan takliflarni qabul qilish jarayoni davom etadi.

Dildora RAHMONOVA,
«ISHONCH»

Daxldorlik hissi bilan

Tadbirlar rejasiga muvofiq, Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasida qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi bo'lib o'tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik ­institutlar, nodav­lat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasining raisi, akademik Akmal Saidov, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev, Qonunchilik palatasi deputatlari, kasaba uyushmalari tashkilotlari, davlat tashkilotlari, olimlar, mutaxassislar, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Dastavval, jamoatchilik muhokamasida ishtirokchilarga qonun loyihasini ishlab chiqish zarurati va loyihadagi yangiliklar to'g'risida ma`lumot berildi. So'ngra qonun loyihasining maqsadi, amal qilish sohasi, loyihadagi asosiy tushunchalar, kasaba uyushmalarining huquqlari, jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklikni amalga oshirishning o'ziga xosligi, kasaba uyushmalarining vakolatlari kengaytirilgani, bunda xorijiy tajriba ham o'rganilib, uning milliy qonunchiligimiz bilan uyg'un, ilg'or jihatlariga e`tibor berilgani qayd etib o'tildi.
– «Kasaba uyushmalari, ularning huquqlari va faoliyatlarining kafolatlari to'g'risida»gi qonun 1992 yil 2 iyulda qabul qilingan bo'lib, o'tgan davr mobaynida qonunga ayrim o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan. Shu sababli, mazkur qonunni zamon talablari asosida takomillashtirish zarurati yuzaga keldi hamda «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qayd etish lozimki, qonun loyihalarining jamoatchilik tomonidan muhokama qilinishi – aholining siyosiy va huquqiy savodxonligini yuksaltirishga, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan xabardorlik darajasi oshishiga, fuqarolarning amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligi kuchayishiga xizmat qiladi, – dedi Akmal Saidov. – Amaldagi qonun kasaba uyushmalarining huquq va manfaatlarini to'liq himoya qila olmayotgani, ular faoliyatining shaffof mexanizmlari va kafolatlarini ta`minlamayotgani yaqqol ko'zga tashlanayotgan edi. Bundan tashqari, kasaba uyushmalari tomonidan jamoatchilik nazoratining samarali mexanizmlari, uni amalga oshirishning tamoyillari, shakllari va usullari qonunchilik bilan mustahkamlanmagan edi. Qabul qilanayotgan qonun loyihasida bu kabi jihatlarga e`tibor qaratilgan. «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyihasini ishlab chiqishda Germaniya, Ispaniya, Rossiya, Qozog'iston, Ozarboyjon, Moldova, Qirg'iziston, Latviya, Armaniston kabi xorijiy davlatlarning qonunchiligi va Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalari talablari e`tiborga olingan. Jumladan, XMTning 87-, 98-, 135-, 154-, 111-, 144-sonli konvensiyalari normalari va tavsiyalari mazkur qonun loyihasida implementasiya qilingan. Qolaversa, qonun loyihasining jamoatchilik o'rtasida muhokama qilinishi, aholining siyosiy va huquqiy savodxonligini yuksaltirishga, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardan xabardorlik darajasini oshirishga, fuqarolarning amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamada qonun loyihasiga bir qancha fikr va takliflar bildirildi.

Gulbahor Saidg'anieva,
Farg'ona viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari:

– Qonun loyi­hasining joylarda, xalq ichida muhokama qilinishi, taj­ribadan ma`lumki, yaxshi samara beradi. Qolaversa, loyiha ancha mukammal ishlanganini ta`kidlashni istardim. Loyiha bo'yicha fikr-mulohazalarga kelsak, 47-modda jamoatchilik monitoringi deb ataladi. Xo'sh, bu monitoring kengashlar yoki barcha kasaba uyushmalari a`zolari tomonidan o'tkaziladimi? Agar davlat organlari, mansabdor shaxslar, ish beruvchi faoliyatini monitoring qilishni a`zolar o'tkazsa, a`zolikning ixtiyoriyligini hisobga olsak, bu qanchalik real bo'ladi? Bu masalaga aniqlik kiritish kerak. Bundan tashqari, qonun loyihasida «monitoring axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalangan holda ham o'tkazilishi mumkin» deyilgan. Bunda internetdan foydalanishni ham nazarda tutadigan bo'lsak, unda auditoriya qamrovi qanday bo'ladi? Bu jihatlarga ham oydinlik kiritish zarurati bor.

Gulnora Yusupova,
«DAEWOO TEXTILE» MChJ
kasaba uyushmasi qo'mitasi raisi:

– «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyihasini diqqat bilan o'qib chiqdim. Haqiqatan ham mazkur qonunda kasaba uyushmalariga ko'plab vakolatlar berilmoqda. Ular kelgusida kasaba uyushmalari nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishi shubhasiz. Muhokama qilinayotgan «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyi­hasining 9-bobi – «Mehnat sohasida ijtimoiy sheriklikni amalga oshirishda kasaba uyushmalarining ishtiroki» talabga javob beradi. Chunki chet ellik investorlar bilan aynan ijtimoiy sheriklik tamoyillari asosida ishlaymiz. Ushbu ijtimoiy sheriklik, birinchidan ishchi-xodimlar manfaatiga, ikkinchidan, korxonaning, ishlab chiqarish quvvatini hamda mahsulot sifatini oshirish, korxonaning dunyo to'qimachilik bozoridagi salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Taklifim shundan iboratki, yurtimizda ko'plab soha xodimlarining kasb bayrami bor. Kasaba uyushmalari xodimlarining esa bunday bayrami yo'q. Jamoamizdagi to'rt ming nafar ishchi-xodimlarning fikri ham shunday: maxsus sana – «Kasaba uyushmalari kuni» belgilansa, maqsadga muvofiq bo'lar edi. Chunki bunga yurt taraqqiyoti yo'lida fidoyi­lik bilan mehnat qilayotgan insonlar munosib.

Orzigul Qozixonova,
Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi yuridik
bo'limi mudiri

– Qonun loyi­hasining 46-moddasida «Jamoatchilik eshituvi» normasi o'z aksini topgan bo'lib, unga ko'ra davlat organlari, ularning mansabdor shaxs­lari, ish beruvchilar va ularning birlashmalari faoliyatiga taalluqli, jamoat ahamiyatga molik bo'lgan yoxud xodimlar yoki umuman korxonaning huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxldor masalalarni muhokama qilish uchun tashkil etiladigan yig'ilish jamoatchilik eshituvi ekani belgilangan. Lekin ushbu moddada uning muddati ko'rsatilmagan. Taklifim – qonunda jamoatchilik eshituvi muddati belgilanishi maqsadga muvofiq.

Muqaddas Abdullaeva,
Iste`mol tovarlari ishlab chiqarish,
savdo va xizmat ko'rsatish xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyatdagi mas`ul tashkilotchisi

– Yangi qonun loyihasining 9-moddasida kasaba uyushmalarida ishtirok etishning ixtiyoriyligi nazarda tutilgan bo'lib, unga ko'ra fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqini amalga oshirishga to'sqinlik qilishga, shuning­dek, ularni kasaba uyushmalariga a`zolikka kirishga majburlashga yo'l qo'yilmasligi nazarda tutilgan.
Hozirda amaliyotda deyarli 90 foiz ish beruvchilar kasaba uyushmasiga o'z xodimlarini a`zo qilishni xohlashmaydi. Bu esa mehnat qonunchiligi talablarining buzilishiga olib kelmoqda. Menimcha, ushbu moddaga fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini himoya qilish maqsadida «xodimlar kasaba uyushmalariga ixtiyoriylik asosida a`zolikka kirib, birlashish huquqini amalga oshirishda ish beruvchilar tomonidan to'sqinlik qilishga yo'l qo'yilmaydi», degan so'zlar kiritilishi lozim.
Shunda kasaba uyushmasiga ishchi-xodimlarni a`zo qilmaslikka, ish beruvchilarning tazyiq o'tkazishlarini cheklashga hamda bu bilan ularga bir xil sharoit yaratish va ularni himoya qilish sharoiti yaratiladi.

Farhod O'rinboev,
Agrosanoat majmui xodimlari
kasaba uyushmasi Respublika kengashining viloyatdagi mas`ul tashkilotchisi

– Yangi qonun loyihasining 27-moddasida kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari tegishlicha jamoat birlashmalari va nodavlat notijorat tashkilotlari uchun belgilangan tartib hamda miqdorda byudjet va byudjetdan tashqari jamg'armalarga soliqlar, yig'imlar kabi majburiy to'lovlarni to'lash nazarda tutilgan.
Lekin qonun loyihasining 16-moddasida yuridik shaxs maqomisiz tuzilgan kasaba uyushmasi ham faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.
Biroq yuridik shaxs maqomisiz tuzilgan kasaba uyushmasining soliq to'lash yoki to'lamaslik masalasi aniq belgilanmagan. Shu bois ushbu masalaga e`tibor qaratish lozim.
Avazxon To'raxo'jaev,
Farg'ona viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi
yuridik bo'lim yuristkonsulti

– Loyihaning 4-moddasida kasaba uyushmasining organi – kasaba uyushmasi, kasaba uyushmalari birlashmasining ustaviga muvofiq, xodimlarning manfaatlarini himoya qilishni ta`minlash va ifoda etish, tegishli ustavlarda nazarda tutilgan maqsad va vazifalarni amalga oshirish uchun tashkil etilgan kollegial organligi nazarda tutilgan.
Shu sababli 6-moddaga kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplariga kollegiallik prinsipini (so'zini) kiritishni taklif qilaman.
Yangi qonun loyihasining 56-, 51-moddasida kasaba uyushmasi organlari xodimlarini kafolatlari hamda kasaba uyushmasi inspeksiyaning huquq va majburiyatlari belgilangan bo'lib, mehnat qonunchiligi ­bo'yicha aniqlangan holatlar yuzasidan taqdimnoma kiritish vakolati berilgan.
Lekin hozirda qonunchiligimizda kasaba uyushmasi xodimlarini ish beruvchilardan himoya qilish yoki ularning ish faoliyatini bajarishda tazyiq o'tkazilgani va ularning ish faoliyatiga aralashgani ­bo'yicha hech qanday ma`muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilmagan.
O'zbekiston Respublikasi MJtKga kasaba uyushmasiga a`zolik qilish, kasaba uyushmasi xodimlarini ish beruvchilardan himoya qilish yoki ish faoliyatini amalga oshirishda ish beruvchi tomonidan tazyiq o'tkazilgani, ularning ish faoliyatiga aralashgani yuzasidan javobgarlikka tortish masalasini kiritib, ma`muriy javobgarlikka tortish vakolatini kasaba uyushmasiga berish yoki ushbu masala yuzasidan tegish­li hujjatlarni rasmiylashtirib, sud­­ga murojaat qilish huquqini belgilash lozim.

Qizg'in savol-javoblar, fikr-mulohazalarga boy ruhda o'tgan muhokamada «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi Qonun ­loyihasining ayrim bandlari yuzasidan ishtirokchilardan aniq takliflar olindi.

«ISHONCH» muxbiri Jamshid Ergashev yozib oldi.

Boshqa xabarlar