Jahon sayyohlik bozori sari

37

Poytaxtimizda «Gastro vazaar – 2019» I xalqaro gastronomik festivali bosh­landi. Turizmni rivoj­lantirish davlat qo'mitasi va Toshkent shahar hokimligi tashkil etgan ushbu festivalda O'zbekistonning mashhur res­toranlari, qahvaxonalari, piseriyalari va tamaddixonalari vakillari ishtirok etmoqda.

– Gastronomik turizm jahon sayyohlik bozorining eng jadal va rivojlanayotgan turizm yo'nalishi sifatida tan olingan, – dey­di Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi matbuot xizmati bosh mutaxassisi Sherzod Sultonov. – BMTning Butunjahon sayyohlik tashkiloti ma`lumotlariga ko'ra, sayohatchilarning 79 foizi gastronomik tadbirlar taqvimi va mahalliy oshxonalarning xususiyatlarini o'rganib chiqqandan so'nggina sayohat rejalarini tuzadi. Tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, sayyohlar umumiy xarajatlarning taxminan 30 foizini ovqatlanishga sarflaydi. Keyingi yillarda O'zbekiston sayyohlar tomonidan nafaqat dam olish, tabiatdan bahramand bo'lish, diqqatga sazovor joylar, urf-odatlar va madaniyat bilan tanishish, balki yurtimizning mazali taomlaridan tatib ko'rish maqsadida eng ko'p tanlanayotgan mamlakatlardan biriga aylandi. 2016 yilning 1 dekabr sanasida «O'zbek palovi» YuNESKOning «Insoniyat nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ» ro'yxatiga kiritilishi hamda 2017 yilning 8 sentyabr kunida «O'zbegim» milliy qadriyatlar festivalida 8 tonnalik o'zbek palovining pishirilishi va uning Ginnes Rekordlar kitobiga kiritilishi ham millionlab odamlarning O'zbekis­tonga bo'lgan qiziqishining ortishiga sabab bo'lgan edi. Qolaversa, xorijiy mamlakatlarda o'zbek res­toranlarining soni oshib borayotgani ham o'zbek oshxonasining qanchalar shuhrat qozonayotganini ko'rsatib turibdi.
Festival doirasida turli tadbirlar, mahorat darslari, uchrashuvlar va turizm sohasidagi taqdimotlar hamda ko'ngilochar konsert dasturlari o'tkazilishi rejalashtirilgan.

Muqaddas RAZZOQOVA,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar