Mehr-oqibat va baraka ayyomi

38

Shu yilning 11 avgust kuni yurtdoshlarimiz Qurbon hayitini keng nishonlaydi.

Prezidentimizning «Qurbon hayitini nishonlash to'g'risida»gi qaroriga asosan ulug' bayramga qizg'in hozirlik ko'rilmoqda. Ushbu bayram boshqalaridan qay jihati bilan afzal va uning mohiyati, ma`naviyatimizdagi o'rni qanday?

Qurbonlik – moliyaviy ibodat

Bu bayramning muhim va alohida ajralib turadigan jihatlaridan biri – qurbonlik qilishdir.
Bunda moddiy imkoniyati yetarli bo'lgan mo'min-musulmon bir yilda bir marotaba biror jonliq so'yib, qurbonlik qiladi. Bu ibodat ayni shu kunlarda amalga oshiriladi.
Qurbonlik qilinadigan hayvon nuqsonsiz bo'lishi kerak. Ya`ni, qurbonlikka tanlangan hayvonning ko'zi ko'r, cho'loq, o'ta qari yoki kasal bo'lmasligi zarur.
Manbalarda yozilishicha, bir yoshdan oshgan qo'y, qo'chqor, echki, serka bir oila uchun, ikki yoshdan oshgan ho'kiz, sigir uch oila uchun, besh yoshdan oshgan tuya yetti oila hisobidan qurbonlik qilinishi mumkin. Jonliqning go'shtlari, avvalo, kambag'al va nochorlarga, qo'shni va qarindosh­larga taqsimlanadi.
Qurbonlik barcha mo'min-musulmonga buyurilgan. Ba`zilar har oiladan bir kishi bitta jonliqni qurbon qilsa yetarli, degan fikrni bildirishadi. Bu noto'g'ri. Barcha namozni, ro'zani o'zi uchun tutganidek, moddiy imkoniyati bor inson qurbonlikni ham o'zi qilishi kerak.

Ham tan, ham mol imtihoni

Islom dinining muhim besh amallaridan biri hisoblanadigan haj ham ayni shu bayram arafasida amalga oshiriladi.
Bu haqda so'z yuritilganda, yurtdoshlarimiz uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini alohida ta`kidlash joiz. Xususan, bir necha yildirki, Haj va Umra tadbirlarining tashkiliy ishlari Prezidentimizning tavsiya­lari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, Haj va Umra tadbirlarini tashkil etish, o'tkazish masalalari bo'yicha Jamoatchilik kengashi qaror va takliflari asosida yuqori saviyada tashkil etilmoqda.
2016 yilda 5 ming nafar ziyoratchi Haj safariga borgan bo'lsa, 2017 yildan buyon ularning soni 2 ming nafarga ko'payib, umumiy ko'rsatkich 7 mingga yetdi. Bu yil esa 7200 nafar yurtdoshimiz Haj ibodatini ado etmoqda.

Din ishlari bo'yicha qo'mita raisi o'rinbosari Nuriymon Abulhasanning bildirishicha, o'tgan yillardan farqli ravishda bu yil hojilarimiz safar oldidan, Vatanda bo'lib turgan paytlaridayoq ulug' safarga munosib bo'lish maqsadida ijtimoiy ko'makka muhtoj shaxslar, kam ta`minlangan oilalar va aholi uchun xayriya yordami sifatida o'z tashabbuslari bilan 9 milliard so'mdan ziyod moddiy yordam ko'rsatdi.
Bu yilgi ziyoratchilarga yuqori darajada xizmat ko'rsatishni ta`minlash, Haj ibodati bilan bog'liq amallarni tartibli ado etishni yo'lga qo'yish maqsadida guruh rahbarlari va ziyoratchilar uchun safaroldi o'quvlari tashkil etildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan Haj mavsumi uchun sarf-xarajatlar smetasi bo'yicha har bir ziyoratchidan olinadigan mablag' yana arzonlashtirildi.

Hojilar qurbonlik qiladimi?

Qayd etilishicha, Haj safarini ado etayotganlar ham ibodatlari vaqtida jonliq so'yishi vojibdir.
Ammo har bir hojining o'zi borib jonliq so'yishga imkoni yo'q. Shuning uchun Haj amalini ado etayotgan yurtdosh­larimiz ro'yxatga olinib, ismlari arab tiliga o'girilgan. Ushbu ro'yxat jonliqlarni qurbonlik qiladigan tashkilotlarga berilgan. Ular har bir yurtdoshimiz ismini o'qib, ularning nomidan jonliq so'yadi. Bu bilan bog'liq xarajatlar hojilarimizning muborak safar uchun to'lovida inobatga olingan.

Ezguliklar bayrami

Bayram kunlari mamlakatimizning turli hududlarida sayillar bo'lib o'tadi. Odamlar bir-biriga mehr-muruvvat ko'rsatib, qavm-u qarindoshlar holidan xabar olib, yetim-esirlar, beva-bechoralarga xayr-u ehson qilishadi. Uzoq vaqt ko'rishmagan do'st-u yoronlar uchrashib, bir-birlarini ayyom bilan qutlashadi.
Bu bayram qarindoshlik, qo'ni-qo'shnilik, quda-andalik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Hayitingiz muborak bo'lsin!
Ezgu amallaringiz qabul bo'lsin!

Zebo NAMOZOVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar