QURUVChILAR BAYRAMI NIShONLANDI

120

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 7 avgustdagi «O'zbekis­ton Respublikasi qurilish sohasi xodimlari kunini nishonlash to'g'risida»gi farmoniga muvofiq avgust oyining ikkinchi yakshanbasi soha xodimlari kuni etib belgilangan. Shu munosabat bilan poytaxtimizdagi «Navro'z» tantanalar saroyi­­da bayram tadbiri bo'lib o'tdi.

Tadbirga usta binokorlar, me`mor va loyihachilar, pudratchi tashkilotlar vakillari, mehnat faxriylari va sohaning fidoyi mutaxassislari taklif etildi.
Tantanali tadbirda O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari, transport vaziri O.Ramatov, Toshkent shahar hokimi J.Ortiqxo'jaev, qurilish vazirining birinchi o'rinbosari B.Zokirov mamlakatimiz qurilish sohasi xodimlarini tabrikladi.
Sohani rivojlantirishga qaratilgan sa`y-harakatlar tufayli bugun qurilish industriyasi milliy iqtisodiyotni modernizasiya va diversifikasiya qilish, aholi turmush farovonligini oshirishda muhim tarmoqlardan biriga aylangani qayd etildi.
Azaldan xalqimiz me`morchiligi nafaqat O'rta Osiyoda, balki butun ­dunyoda mashhur bo'lgan. Bu kasb bizga ajdodlardan meros. Bugun yurtimizga kelayotgan sayyohlar ota-bobolarimiz qurgan muhtasham qadamjolarni tomosha qilib hayratlanayotgani bejiz emas. So'nggi yillarda hududlar qiyofasini tubdan o'zgartirgan bino va inshootlar binokorlik borasidagi milliy an`analarimiz davom etayotgani, sohaga zamonaviy bilim va taj­ribalar keng tatbiq etilayotganidan dalolat beradi.

Amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijasida mustahkam huquqiy-me`yoriy, mod­­diy-texnik bazaga, kadrlar salohiyatiga ega bo'lgan mazkur ko'p tarmoqli soha taraqqiyotimiz lokomotivlaridan biriga aylandi.
Joriy yilda qurilish sohasida investisiya loyihalari bo'yicha moliyaviy manbalar hisobidan 3 mingga yaqin ob`ekt, jumladan, 447 maktabgacha ta`lim muassasasi, 506 umumta`lim maktabi, 12 musiqa va san`at maktabi, 8 olimpiya zaxiralari kolleji, 14 oliy ta`lim va 218 sog'liqni saqlash muassasasida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Ayniqsa, aholining kam ta`minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, yosh oilalar uchun qulaylik yaratish maqsadida arzon va shinam uy-joylar qurish dasturi amalga oshirilayotir. 2019 yil davomida 351 massivda 15 ming 10 ta arzon namunaviy uy-joy qurilishi rejalashtirilgan.
Bu borada uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga, alohida namuna ko'rsatayotgan yosh oilalarga, og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan ayollarga, mudofaa vazirligi va milliy gvardiya xizmatchilariga, ichki ishlar organlari xodimlariga imtiyozli tarzda berilayotgani ahamiyatlidir. Shu bilan birga qabul qilgan dasturlarga asosan mamlakatimizda qurilayotgan jami 399 ko'p qavatli uy-joy yil yakunigacha o'z egalariga topshiriladi.
– Qilayotgan mehnatingiz jamiyatga foyda keltirsa bundan oliy baxt bo'lmasa kerak, – dedi Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan «Sarmoya quruvchi servis» mas`uliyati cheklangan jamiyati rahbari Muzrob Toshev. – Viloyatimizda bunyod etilgan bino va inshootlar, avvalo, xalqimiz manfaati va farovon yashashi, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Faoliyatim davomida ko'p­lab bino-inshootlar qurilishida ishtirok etdim. Hozir o'sha hududlarda qad rostlagan binolarda yashayotgan oilalarni, o'ynab yurgan bolalarni ko'rsam zavqlanaman. Biz, quruvchilarga ko'rsatilayotgan shunday e`tibordan juda xursandmiz. Bu esa kelgusida yanada ko'proq g'ayrat bilan mehnat qilishga undaydi.
Tadbirda taniqli san`atkor ijrosidagi konsert dasturi barchaga ko'tarinki kayfiyat bag'ishladi.

Abdulaziz MUSAEV,
O'zA muxbiri

Boshqa xabarlar