Tajribalar tahlil qilindi

108

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasida «Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashishda fuqarolik jamiyati ­institutlarining o'rni: O'zbekis­ton kasaba uyushmalari tajribasi» mavzusida seminar bo'lib o'tdi.

Kasaba uyushmalari Federasiyasi, tarmoq kasaba uyushmalari Respub­lika kengashlari va hududiy birlashmalar mutasaddilari, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov ishtirokida o'tgan seminarda Prezidentimizning joriy yil 31 iyuldagi «Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi farmoni mazmun-mohiyati, uning ijrosini ta`minlash hamda majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashishda kasaba uyushmalarining amaliy tajribasi tahlil qilindi.
Davlat va fuqarolarning o'zini o'zi bosh­qarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligi, yaqin hamkorligi va hamjihat ishlashini ta`minlash, ularning odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashishdagi faoliyatini muvofiqlashtirish kasaba uyushmalarining bu borada amalga oshirayotgan tizimli ishlari misolida o'rganildi.
Seminarda ta`kidlandiki, bugungi kunda odam savdosi va majburiy mehnatdan jabrlanganlarning vatanga qaytishi hamda reabilitasiya qilinishiga davlatimiz beg'araz yordam ko'rsatmoqda. Shu maqsadda tuzilgan Res­publika reabilitasiya markazi ularga psixologik, yuridik va tibbiy jihatdan ko'maklashayotir.
Qolaversa, farmonga muvofiq, odam savdosiga qarshi kurashish bo'yicha res­publika idoralararo komissiyasi, Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etilgani bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishi alohida e`tirof etildi.
Seminarda YeXHT texnik ko'magida nashr etilgan «Odam savdosi jabrdiydalarini kelib chiqish mamlakatiga qaytarish jarayonida inson huquqlariga amal qilish bo'yicha ­Dasturilamal prinsiplar» nomli to'plamning taqdimoti bo'lib o'tdi. Qayd etilishicha, ushbu qo'llanmaning birinchi qismida sanab o'tilgan yetti prinsip YeXHT mintaqasida qo'llanadigan xalqaro me`yorlar asosida tuzilgan bo'lib, to'plamda har birining o'rni va ahamiyati aniq bayon etilgan. Qo'llanmada davlat organlarida fuqarolik jamiyati institutlariga odam savdosi hamda majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasiga doir tegishli tavsiyalar berilgan.
To'plamning ikkinchi qismida ushbu prinsiplar uchun asos bo'lgan xalqaro huquqiy me`yorlar haqida atroflicha tushunchalar mujassamlashgan. Qo'llanma odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilishni yaxshilashga ko'maklashishga da`vat etadi. Shu bois, ushbu nashr davlat tashkilotlari va fuqarolik jamiyati institutlari uchun muhim manba hisoblanadi.

A`zamjon ABULFAYZOV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar