Uyg'oq fikr, faol harakat va daxldorlik hissi

66

Hududlarda «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyihasi
yuzasidan jamoatchilik muhokamalari shunday ruhda o'tmoqda

Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasida tashkil etilgan tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi raisi, akademik Akmal Saidov, O'zKUF raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi vakillari, bandlik, savdo-sanoat palatasi, adliya boshqarmalari, «Nuroniy» jamg'armasining hududiy bo'limi mas`ullari, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Muhokama avvalida Baxtiyor Mahmadaliev shu yilning iyulida Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o'qishda ko'rib chiqilgan va deputatlar konseptual jihatdan ma`qullagan mazkur yangi qonun loyihasining ishlab chiqilib, ilgari surilishiga turtki bergan omillar xususida to'xtaldi.
Ta`kidlandiki, 1992 yilda qabul qilingan amaldagi qonun bugungi kun talab­lariga javob bermayapti. Diyorimizda demokratik jamiyat, fuqarolik jamiyati qurilayotgan ekan, qamrovi jihatidan respublikada eng katta jamoat tashkiloti bo'lmish kasaba uyushmalarining faoliyatini takomillashtirishni zamonning o'zi taqozo etmoqda. Yangi, mukammalroq qonunga ehtiyoj tug'ilganining asosiy sababi ham shunda.
O'z navbatida, Akmal Saidov amaldagi qonun o'z vaqtida nafaqat MDH, balki dunyo miqyosida eng ilg'or huquqiy hujjatlardan biri hisoblanishini, endilikda u tarixiy vazifasini o'tab bo'lganini qayd etdi.
Yurtimizda so'nggi uch yilda barcha jabhalarda ro'y berayotgan ulkan o'zgarish­lar, xususan, kasaba uyushmalari faolligi oshgani, qolaversa, Xalqaro mehnat tashkilotining 82-konvensiyasi ratifikasiya qilingani shunday ko'lamdor masalani oldimizga qo'ydi. Natijada Kons­titusiyamizning 82-moddasidan kelib chiqqan holda bu borada qonunchilik tashabbusi ilgari surildi. Qonun loyihasini ishlab chiqishda esa, avvalo, uning mukammalligi, sohaga doir barcha qonun­os­ti hujjatlariga mosligi va xorij tajribasini o'rganishga e`tibor qaratildi.
Qizg'in ruhda o'tgan muhokama chog'ida qator takliflar bildirildi.

Rayhon NOSIROVA,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining Buxoro viloyati bo'yicha mas`ul tashkilotchisi:

ISh BERUVChI HAM A`ZO BO'LIShI KERAK

– Mening e`tiborimni qonun loyihasining 16-moddasi tortdi. Kasaba uyushmalari, ularning tashkilotlari, organlari va birlashmalarini tuzish haqidagi bu moddada shunday yozilgan:
«Davlat hokimiyati va bosh­qaruvi organlarining, shuning­dek, ish beruvchilarning rahbarlari kasaba uyushmasini, ularning birlashmalarini tuzishga tashabbuskor bo'lishlari, shuningdek, kasaba uyushmalarining a`zosi bo'lishlari mumkin emas».
Axir, bu Bosh Qomusimizning «Kasaba tashkilotlariga a`zo bo'lish ixtiyoriydir» deya qayd etilgan 59-moddasiga zid emasmi? Fikrimcha, «ish beruvchilarning rahbarlari kasaba uyushmalarining a`zosi bo'lishlari mumkin emas» degan qoida amalga tatbiq qilinsa, ish beruvchilarimizning konstitusiyaviy huquqini cheklaydi.


Murodjon ARSLONOV,
Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi yuridik bo'limi mudiri
ISh BERUVChINING

MAJBURIYaTI KO'PAYSA…

– Qonun loyihasining 5- va 9-moddalarida mehnat bilan band fuqarolar, shuningdek, oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalarida ta`lim olayotgan, o'n besh va undan katta yoshdagi shaxslar hech qanday farqsiz hamda oldindan ruxsat olmay, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish, ustiga-ustak kasaba uyushmalariga ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan kirish huquqiga ega ekani belgilangan. Ammo aksar hollarda xodimlar ish beruvchilardan o'zlarining ushbu konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirishga, kasaba uyushmasini tuzish taklifi bilan chiqishga hayiqishadi. Xususan, hozirgi kunda ko'pgina korxona va tashkilotlarning xususiy sektor negizida tashkil qilinishi, xususiylashtirilishi bunday joylarda kasaba uyushmalarini tuzishni qiyinlashtirayotgani sir emas.
Shunday ekan, kasaba uyushmalari faoliyati uchun ish beruvchining sharoit yaratish bo'yicha majburiyatlarini yana bittaga ko'paytirish joiz deb bilaman. Buning uchun 57-moddaga quyidagicha o'zgartirish kiritish zarur: «Kasaba uyushmasi mavjud bo'lmagan tashkilotlarda uni tuzishga, bunday tuzilmalarning afzalliklarini targ'ib etishga, shu orqali kasaba uyushmalariga birlashishga qaratilgan tadbirlarni o'tkazish uchun tegishli mehnat jamoasining yarmidan ko'p a`zosini to'plab, yetarlicha sharoit yaratish. Ish beruvchi kasaba uyushmasi tashkiloti yoki birlashmasi tomonidan bu haqda xabar berilgan kundan e`tiboran bir hafta ichida shu bo'yicha chora-tadbirlar ko'rishi shart».

* * *

Abdusalom RAHMONOV,
Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmalari Respublika kengashi Buxoro viloyati bo'yicha mas`ul tashkilotchisi:

JAMOATChILIK XODIMI HAQI SOLIQQA TORTILMASA

– Taklif qilinayotgan qonun loyihasining 27-moddasida kasaba uyushmalari, ularning birlashmalari tegish­licha jamoat birlashmalari, nodav­lat notijorat tashkilotlari uchun belgilangan tartib hamda miqdorda byudjet va byudjetdan tashqari jamg'armalarga soliqlar, yig'imlar va boshqa majburiy to'lovlarni to'lashi qayd etilibdi.
Menimcha, bu moddaga kasaba uyushmasi tashkilotida jamoatchilik asosida ish yuritayotgan xodimlarga to'lanadigan haq soliqqa tortilmasligini ham kiritish joiz. Negaki, tegishli nizom talablariga binoan uyushmalar mablag'ini kasaba uyushmalari organlari xodimlar uchun belgilagan limit doirasida, ya`ni tashkilot tasarrufida qolgan oltmish-etmish foizlik mablag'ning 30-35 foizi miqdorida ma`muriy xo'jalik xarajatlariga, jumladan, ish haqiga ham ajritishi mumkin. Qolaversa, jamoatchilik asosida ishlayotgan xodimlarga eng kam oylik ish haqining ikki-uch baravari miqdorida qo'shimcha haq belgilasa ham bo'ladi. Shunday ekan, ayni shu haq uchun soliqdan ozod qilishni taklif qilaman.


Ilhom GABBAROV,
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi
Qorako'l tumani kengashi raisi:

24-MODDAGA ANIQLIK KERAK

– Fikrimcha, qonun loyihasidagi moddalardagi qoidalar o'ta aniq, batafsil ifoda topgani ma`qul. 24-moddani olaylik. Unda tashkilotda yuridik shaxs maqomisiz tashkil etilgan kasaba uyushmasi tashkiloti kasaba uyushmasining arizasi bo'yicha ish beruvchi tomonidan xizmat ko'rsatuvchi bank muassasasida ochiladigan maxsus hisobraqamiga ega bo'lishi mumkinligi zikr etilibdi. Mazkur bandga «kasaba uyushmasi organining qarori bo'yicha kasaba uyushmasi xizmatiga olingan yuqori turuvchi kasaba uyushmasi bilan kelishilgan holda xizmat ko'rsatuvchi bank muassasasida ochiladigan maxsus hisobraqamiga ega bo'lishi mumkin»ligi tarzida yanada aniqlik kiritilsa, nur ustiga nur bo'lardi. Yo'qsa, masalani umumiy tarzda yoritish turli anglashilmovchiliklarni keltirib chiqarishi mumkin.


Umida DAURBEKOVA,
Buxoro viloyati bandlik boshqarmasi
Davlat mehnat inspeksiyasi inspektori:

HAMKORLIKNI RIVOJLANTIRISh AKS ETSA…

– Mazkur muhokama jarayonida aytib o'tilgan mulohaza va takliflarning bari jo'yali. Menimcha, qonun loyihasida korxona, tashkilot va muassasalarda boshlang'ich kasaba uyushmalari faoliyatini takomillashtirish, jamoa shartnomalarini tuzishda mehnat organlari bilan hamkorlikni jonlantirish masalalari ham aks etsa, yaxshi bo'lardi.

Muhokama chog'ida qonun loyihasiga asosan «Kasaba uyushmalari kuni»ni yoki «Kasaba uyushmalari xodimlari kuni»ni belgilash, Oliy Majlisning Qonunchilik palatasida kasaba uyushmalarining doimiy ishlaydigan vakillari bo'lishini ta`minlash to'g'risida ham takliflar bildirildi. Bundan tashqari, tadbir asnosida Buxoro viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashining navbatdagi plenumi o'tkazilib, unda tashkiliy masala ko'rildi. Unda Muhammadqosim Olimov bir ovozdan
birlashma kengashi raisi etib saylandi.

Rustam IBROHIMOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar