Yashnayotgan Sharg'un

48

KO'MIRChILAR ShAHARChASI

Surxondaryodagi Sharg'un shaharchasi xususida gap borganda ko'pchilikning ko'z o'ngida ko'mir konlari gavdalanadi. O'tgan asrda bu yerda ko'mir koni ochilib, 55 ta ko'pqavatli uy, ko'plab xizmat ko'rsatish ob`ektlari, ma`muriy binolar, maktab va bog'chalar barpo etildi. Ko'mirchilar shaharchasida chetdan jalb qilingan mutaxassislar bilan ishlash jarayonida mahalliy aholi orasida ham shaxtyorlar avlodi yetishib chiqdi. Ammo asr oxirida Sharg'un shaharchasi biroz e`tibordan chetda qoldi. Konlarda ish susaydi. Ta`minotdagi uzilishlar hamda ko'mirga xaridorning kamaygani sababli ish o'rinlari qisqarib, malakali mutaxassislar shaharchani tark etdi.
«Sharg'un ko'mir» AJ keyingi yillarda turfa tashkilotlar tasarrufiga o'tdi, biroq mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshmadi. Bu orada ko'p qavatli uy-joylar ta`mirlanmadi, suv ta`minoti izdan chiqdi. Uy-joylar va konga xizmat ko'rsatuvchi imoratlarning bir qismi xususiylashtirildi, qolganidan boshqa maqsadlarda foydalanildi. Bir so'z bilan ayt­ganda, hamma havas qiladigan Sharg'un shaharchasi ilgarigi fayzini yo'qotdi.

KONNING IKKINChI BAHORI

Prezidentimiz Surxondaryo viloyatiga tashrifi chog'ida Sharg'un ko'mir konini qayta tiklash va shaharchani obod go'shaga aylantirish bo'yicha bir qator vazifalar belgilab berdi. Avvalo Sharg'un konida 39993 ming tonna ko'mir zaxirasi borligi aniqlandi. Ayni paytda bu yerda «O'zbekiston temir yillari» AJ hamda Xitoyning «Eksimbanki» ajratgan mablag' hisobiga keng ko'lamli qayta tiklash ishlari bajarilmoqda. Ular yakuniga yetgach, konda yiliga 900 ming tonna ko'mir qazib olish yo'lga ­qo'yiladi. Shuning hisobdan 600 ta yangi ish o'rni yaratiladi. Bundan tashqari, 150 nafar kishiga mo'ljallangan ish o'rnini ochish evaziga 2019-2020 yillarda yiliga 500 ming tonna briket ishlab chiqarish tashkil etiladi. Bu yerda yiliga 200 ming tonna ko'mir briketini saralab, qoplarga joylashtirish imkoniyatiga ega asbob-uskunalar o'rnatish rejalashtirilgan. Konda yiliga 300 ming tonna faollashtirilgan ko'mir ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yi­lish arafasida. «UZ CARBON CHEMICALS» MChJ 1,7 million AQSh dollari miqdoridagi ­mablag' sarflab, 60 nafar kishini ish bilan ta`minlashni maqsad qilgan.
Mutaxassislarning e`tirof etishicha, pishiq g'isht ishlab chiqarish uchun Sharg'un atrofida 23,882 million kub metrlik tabiiy xomashyo zaxirasi bor. Shu bois, 2019-2020 yillarda xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar ­mablag'ini jalb etish orqali yiliga 100 million dona pishiq g'isht ishlab chiqarish rejalashtirilayapti.
Sharg'un konida 5, 128 million tonna ohaktosh zaxirasi ham mavjud. Bu yer osti boyligidan unumli foydalanish maqsadida 2019-2020 yillarda yiliga 100 ming tonna ohak ishlab chiqarish mo'ljallanmoqda. Ko'mir koniga tutash tepaliklarda 17,148 million tonna gips va angidrit zaxirasi borligi ham aniqlangan. Bu esa yiliga 50 ming tonna qurilish gipsi ishlab chiqarish imkonini beradi.
Bundan o'n-o'n besh yil muqaddam sariosiyolik dehqonlar g'alla va paxta yetishtiriladigan maydonlariga fosforit o'g'itini solib, mo'l hosil yetishtirishganda boshqa tumanlarning dehqonlari havas qilish bilan birga Sariosiyo tog'larida fosforit konlari borligiga shubha bilan qarashgan edi. Bugungi kunga kelib Sharg'un atrofida 9,2 million tonna fosforit zaxirasi mavjudligi ma`lum bo'ldi. Tez orada bu yerda «FOSFORITE CHEMIKAL» MChJning 6 million AQSh dollarli mablag'i hisobidan 30 nafar kishini ish bilan ta`minlaydigan korxona ochilib, yiliga 80 ming tonna fosforit mineral o'g'itini ishlab chiqariladi.
Bu hali hammasi emas. Mutaxassislar ko'mir konlariga tutash joylarda 357,5 tonnadan ziyod kumush xomashyosi zaxirasini aniqlashgan. Endi bu tabiiy boylikni qazib olib, xalq xo'jaligini rivojlantirishda foydalanish zarur. Sharg'un shaharchasi yonidagi bo'sh joylarga yangi korxona barpo etilib, yiliga 10 tonna kumush xomashyosini qazib olish loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari ko'rilayotir. Shu tariqa Sharg'un o'zining ikkinchi yasharish davriga qadam qo'yilayotir.

OSTONADAN BOShLANGAN BUNYoDKORLIK

Albatta, yer osti boyliklarini qazib olish, ulardan xalq xo'jaligiga zarur mahsulotlar ishlab chiqarish muhim ahamiyatga ega. Ammo ishchi-xizmatchilarga ish unumining yuqori bo'lishi uchun birinchi galda qulayliklar yaratish zarur. Shu maqsadda Sharg'un shaharchasida «Obod mahalla» dasturiga muvofiq keng ko'lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda. Barcha ko'p qavatli uylar mukammal ta`mirlanib, tom qismi zamonaviy tunuka va shiferlar bilan yopilayapti.
Nasos va quvurlarning eskirgani natijasida yuqori qavatdagi xonadonlarga suv chiqmay qolganiga ko'p vaqt bo'lgan edi. Kanalizasiya tarmoqlari yaroqsiz ahvolga kelgan, yerto'lalarga oqava suvlar tushib, hamma yoqni chivin va pashsha bosib yotardi. Hozirda ko'p qavatli uylarning suv va kanalizasiya tarmoqlari butunlay yangilanmoqda. Buning uchun shahar hududida 16,6 kilometr uzunlikdagi kanalizasiya quvurlari tortilayapti. 11,7 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi quvurlarini o'rnatilmoqda. Ko'p qavatli uylarni uzluksiz suv bilan ta`minlash maqsadida yangi suv yig'ish va saqlash ombori qurilmoqda. Xonadonlarni elektr quvvati bilan ta`minlashni yanada yaxshilash maqsadida eski yog'och simyog'ochlar temir-beton ustunlar bilan almashtirilayotir. 30 ta oilaga mo'ljallab qurilayotgan yangi uylar va yangi bozor ham shaharcha qiyofasiga o'zgacha manzara qo'shishi shubhasiz.
Sharg'unda yashaydigan aholi farzandlari sport bilan muntazam shug'ullanishi uchun «Shaxtyorlar» o'yingohi qayta qurilib, uning bazasida yangi BO'SM ishga tushdi. Ayni paytda bu yerda tashkil qilingan to'garaklarda yoshlar futbol, boks, stol tennisi, voleybol, basketbol, gimnastika bilan shug'ullanishayapti.
150 o'rinli kasalxona zamonaviy tibbiyot asbob-anjomlari bilan jihozlanib, tajribali kadrlar bilan ta`minlanmoqda. Endilikda shaharchada 80 o'rinli perinatal markaz ham faoliyat yuritadi. Shaxtyorlarga tibbiy xizmat ko'rsatadigan poliklinika va xususiy klinika, diagnos­tika markazlari ham qurilmoqdaki, tez orada sharg'unliklarning boshqa joylardagi tibbiyot muassasalariga borishiga hojat qolmaydi.

TARAQQIYoT ASOSI

Aholining madaniy dam olishi, kitob o'qishi uchun shaharchada 250 o'rinli madaniyat va dam olish markazi qurilayotgani, yangi kutubxonalarning tashkil etilayotgani esa xayrli ishlarning ko'lamini yanada kengaytirmoqda. Sharg'undagi 1176 nafar o'quvchiga mo'ljallangan 5-umumta`lim maktab binosi sifatsiz va chala qurilgan edi. «Obod mahalla» dasturi doirasida ushbu maktabni mukammal ta`mirlash uchun 8 milliard so'mlik qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytda maktabda ta`mirlash ishlari qizg'in sur`atda.
Shaharchadagi 60-umumta`lim maktab binosi ham mukammal ta`mirlanmoqda. Kelajakda maktab hududida zamonaviy sport zal va qo'shimcha sinfxonalar quriladi. Sharg'unda maktabgacha ta`lim muassasalarini mukammal ta`mirlash va yangilarini qurishga ham alohida e`tibor berilayotir. Chunki taraqqiyot asosini ilm va ma`rifat belgilashini bu yerdagilar juda yaxshi biladi.

Rustam DAVLATOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar