POYTAXTDA ILK BOR QUR`ON QO'LYoZMALARI NAMOYIShI

142

«O'zbekiston – buyuk yo'llar va tamaddunlar chorrahasi: imperiyalar, dinlar, madaniyatlar» madaniy meros haftaligi qatnashchilari Islom svilizasiyasi markaziga tashrif buyuradilar. Shu jumladan, O'zbekiston Musulmonlari idorasiga tashrif davomida dunyodagi ilk Qur`on qo'lyozmalari – Usmon Qur`oni, Katta Langar Qur`oni nusxalarini ko'rishga muvaffaq bo'ladilar…

Usmon Qur`oni buzoq terisiga bitilgan bo'lib, muqaddas kitobning ilk qo'lyozmasi sanaladi. Barcha musulmon olami vakillari uchun tabarruk bo'lgan mazkur muqaddas kitobni ko'rish uchun har yili Toshkentga dunyoning turli mamlakatlaridan minglab taqvodorlar hamda sayyohlar tashrif buyurmoqda.

 Mashhur Katta Langar Qur`oni ham islom dini va barcha musulmonlar uchun katta olamshumul ahamiyat kasb etadi. Bu qadimiy kitob butun insoniyatning merosi hisoblanuvchi madaniy va tarixiy boyliklar qatoriga kiritilgan.

 Ekspertlarning fikricha, Katta Langar Qur`oni qo'lyozmasining umumiy hajmi 206 sahifa bo'lib, bugungi kungacha undan deyarli yarmi – 97 ta sahifasi saqlanib qolgan. Qur`on sahifalarining 81 varag'i Rossiyaga borib qolgan va Qo'lyozmalar institutida (RAN) saqlanadi. So'nggi tadqiqotlar shuni ko'rsatdiki, qo'lyozmaning 16 varag'i O'zbekistonda saqlanmoqda. Ayni vaqtda bu nodir qo'lyozmaning deyarli yarmining taqdiri noma`lumligicha qolmoqda.

   Shu munosabat bilan O'zEOAVMA «Sevimli TV» telekanali hamda VVS o'zbek xizmati bilan hamkorlikda afsonaviy Qur`onning yo'qolgan sahifalarini izlab topishga qaratilgan loyihani amalga oshirmoqda. Bu borada “Katta Langar Qur`oni: afsona va haqiqatlar” mavzusida davomli hujjatli filmlar seriali ham tasvirga olindi. Uning tasvirga olish ishlari Toshkent, Buxoro, Samarqand, Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanidagi Katta Langar qishlog'ida hamda Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida olib borildi. Film lavhalari Qur`on sahifalarining asosiy qismi qanday qilib Sankt-Peterburgga borib qolganini aniqlashtiruvchi tarixiy lahzalarni ochib beradi. Shu jumladan, bu hujjatli filmda Arablar qishlog'ida yashovchi oqsoqollar va mahalliy aholi xotiralari, Katta Langar Qur`oni bilan bog'liq afsona va haqiqatlar hikoya qilinadi.

Loyiha doirasida 30 ta 15 daqiqalik film tasvirga olingan. Joriy yil Ramazon oyida «Sevimli TV» telekanalida va “Bi-Bi-Si” o'zbek xizmati veb-saytlarida tomoshabinlar e`tiboriga havola qilindi. Ayni shu filmning umumlashtirilgan talqini ham madaniy meros haftaligi ishtirokchilarga namoyish etiladi.

Madaniy meros haftaligining yana bir yorqin lahzasi

 Samarqand shahrida YuNESKO shafeligida “Moddiy va nomoddiy madaniy merosni asrash: dolzarb muammolar va ularni hal etish  strategiyasi” deb nomlangan xalqaro konferensiya arafasida bo'lib o'tadigan  “O'zbekiston – buyuk yo'llar va sivilizasiyalar chorrahasida: imperiya, din, madaniyat”  deb nomlangan  madaniy meros  haftaligining ahamiyatli va yorqin tadbirlaridan biri – bu ishtirokchilarning Toshkentda barpo etilayotgan Islom sivilizasiyasi markaziga tashrifi bo'ladi, deb bemalol ayta olamiz.

40 dan ziyod davlatdan tashrif buyurgan madaniy meros haftaligi ishtirokchilari va ular qatorida dunyoga mashhur olimlar tomonidan tomosha qilish maqsadida hali qurilishi bitmagan ob`ektning tanlanishi bejiz emas.

Prezidentimizning 2017 yil 23 iyundagi “O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida O'zbekistondagi islom sivilizasiyasi markazini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida” qarori talabidan kelib chiqib poytaxtimizda qurilayotgan mazkur markaz ulug' ajdodlarimiz tomonidan yaratilgan va bugungi kunda butun ma`rifatli dunyoni hayratga solib kelayotgan ilmiy meros faqat bir millat yoki xalqning emas, balki butun insoniyatning ma`naviy mulki bo'lib, bu bebaho boylik yangi va yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, eng muhimi, yangi kashfiyotlar uchun mustahkam zamin bo'lib xizmat qilishi shubhasizdir.

Ajoyib markaz O'zbekistonning yuzi hisoblanadi. Shu sababli uni qurish jarayonida foydalaniladigan materiallarga  alohida e`tibor qaratilmoqda. Qurilish odatiy andaza va  loyihalardan voz kechgan holda, yangi shakllar va yangi dizayn asosida olib borilayotgani bilan ajralib turadi.

Islom sivilizasiyasi markazi o'z mohiyatiga ko'ra Markaziy Osiyoda yagona hisoblanadi. Markazning yangi binosi va ilmiy majmuaning qurilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning topshirig'iga binoan 2017 yil dekabr oyida boshlandi.

Markaz oldiga qo'yilgan vazifalardan kelib chiqib, uning tarkibida akademiya, Islom san`ati muzeyi, mamlakatimizda va xorijda saqlanayotgan qadimgi noyob qo'lyozmalar, litografik kitoblar, buyuk allomalar va din arboblari qoldirgan tarixiy hujjatlar, shuningdek, ushbu yo'nalishdagi zamonaviy ilmiy tadqiqotlar bilan boyitiladigan fond bo'lishi nazarda tutilgan.

Zebo NAMOZOVA,

Ishonch

Boshqa xabarlar