Gazeta qachon «tug'ilgan?»

38

Hozirgi jamiyat hayotida muhim o'rin tutuvchi gazetaning tarixini bilasizmi? Biz deyarli har kuni ishlatadigan «gazeta» so'zining asl ma`nosini-chi? Bu so'z qachon va qanday tarzda tilimizga kirib kelgan?

Tarixiy manbalarda qayd etilishicha, gazetaning ilk ko'rinishi antik davrdagi qadimgi Rimda paydo bo'lgan. Shahar va dunyoda ro'yo bergan voqealar yupqalashtirilgan yog'och taxtalarga bir nechta nusxada o'yib yozilib, gavjum joylarga osib qo'yilgan. Siyosatchilar hamda mashhur kishilarga esa shaxsan yetkazib berilgan. «Rim xalqi haqida kunlik voqealar» deb nomlangan bunday ma`lumotlar taxtasi davlat tepasiga Yuliy Sezar kelganidan keyin yanada rivoj topgan. Undan keyingi yuz yilliklar davomida yangiliklar nashrining shakl-shamoyili to 1450 yilda Germaniyada Iogann Guttenberg bosma dastgohni ixtiro qilguniga qadar deyarli o'zgarmagan.
Gazetalar 17-asrning dastlabki yillaridan boshlab zamonaviy ko'rinishga ega bo'lgan, biroq ular hozirgidek «gazeta» nomi bilan atalmagan. 631 yil 30 may kuni Fransiya­­da «La Gazette» nomli gazeta chop etila bosh­langan. Aynan shu paytdan keyin «gazeta» so'zi ko'plab Yevropa tillariga vaqtli yangilik­larning bosma matbuot nashrini anglatuvchi atama sifatida kirib keldi. «Gazeta» esa o'sha davrdagi italyan mayda pul birligi bo'lgan «gazetta» («gazeta») bilan bog'liq. XVI asrdayoq o'ziga to'q odamlar jamiyatga oid xabarlar yozilgan kunlik qo'lyozma varaqalarni (saroy hayotiga oid voqealar, savdo yangilik­lari, boshqa qo'shni shahar haqidagi ma`lumotlar) o'qish uchun bir gazeta, ya`ni eng kichik italyan tangasini to'lagan. Tanga nomi esa unda tasvirlangan hakka qush (italyancha «gazza») nomidan olingan.
Mutaxassislarning e`tirof etishicha, «La gazette» hozirgi bosma OAV an`analari va standartlariga mos keladigan dastlabki gazeta hisoblanadi. Ushbu nashrga fransuz zodagoni Teofast Renodo asos solgan. U gazeta uchun o'sha davrdagi Fransiya qiroli Lyudovik XIIIdan mamlakat hududida axborot tarqatish huquqini beruvchi maxsus patentni ham qo'lga kiritgan. «La gazette» Fransiya ijtimoiy-siyosiy hayotida katta ahamiyatga ega bo'lgan. Qirolning o'zi ham bu nashr uchun mamlakat xalqaro va ichki siyosati bilan bog'liq muhim voqealarga bag'ish­langan maxsus xabarlar yozgan. «La gazette» Renodo muharrirligi davrida bosma usulda mingdan ortiq nusxada chop etilgan. Odatdagi gazeta qiyofasini shakllantirishda Renodoning «La gazette»da pul to'lanadigan xususiy e`lonlar, ya`ni reklamani alohida ilovada bosib chiqarishni yo'lga qo'ygani ham muhim ahamiyatga ega bo'lgan.
«Gazeta» rus tili orqali o'zbek tiliga kirib kelgan bo'lib, hozirda bu so'z jurnalistika atamasi sifatida bir necha tillarda, jumladan, alban, belorus, vetnam, gruzin, malta, normand, ozarboyjon, osetin, polyak, suaxili (sharqiy Afrika), tatar, tojik, turk, turkman, ukrain, qirg'iz, qozoq va boshqa tillarda keng qo'llaniladi. Eng qizig'i shundaki, gazeta boshqa tillarda turlicha ataladi: inglizchada «newspaper», fransuzchada «journal», ispanchada «periodico», arab tilida «jarida» yoki «as-sahifa», xitoy tilida «bao», nemischada «Zeitung» va hokazo. Yana bir gap. Bugungi kunda «gazette» so'zi roman-german oilasiga mansub tillarda gazeta, ya`ni davriy vaqtli matbuot ma`nosida ishlatilmaydi. U rasmiy tashkilotlar nashri va hukumatga tegishli byulleten ma`nosida iste`foda qilinadi. Biroq «gazette» so'zi Fransiya, Germaniya, AQSh, Angliya, Ispaniya kabi davlatlarda chop etiladigan ba`zi gazetalarning nomlarida haligacha uchraydi.
Ko'rinib turibdiki, nafaqat gazeta, balki ushbu so'zning tarixi ham qadimga borib taqaladi. Shunday ekan, «gazeta umrini o'tab bo'ldi» degan gap-so'zlarda na ma`no, na mantiq bor…

Zilola ALLAMURODOVA,
o'qituvchi

Boshqa xabarlar