Huquq va majburiyatlar aniq bo'lsin…

122

«Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonuni loyihasida kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsiplari bo'lgan fuqarolarning kasaba uyushmasiga birlashish huquqi va kasaba uyushmalarini tuzish, faoliyatini tashkil etish va tugatish, ularning asosiy huquq va kafolatlari, mulkiy huquqlari, mol-mulkini tasarruf etish bilan bog'liq normalari amaldagi qonunga nisbatan kengroq yoritilganini ta`kidlash joiz.

Qolaversa, kasaba uyushmalarining tuzilishi, maqomi, kasaba uyushmalarini qayta tashkil etish, davlat ro'yxatidan o'tkazish va hisobga qo'yish, ish beruvchi sifatida faoliyati, mulkchilik shaklidan qat`i nazar korxona, tashkilot, muassasa, davlat, nodav­lat, xorijiy va xalqaro nodavlat tashkilotlar bilan munosabatlari, ijtimoiy mehnat munosabatlarini tartibga solishda ishchi-xodimlar bilan ish beruvchilarning davlat manfaatlarini uyg'unlashtirishdagi ishtiroki, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdagi faoliyati bilan bog'liq yangi me`yorlar joriy qilingan. Ular kasaba uyushmalariga daxldor me`yoriy hujjatlarda oldin ham mavjud edi. Endilikda ushbu munosabatlarni qonun bilan tartibga solish orqali ular umummajburiy me`yorlarga aylantirilmoqda.
Qonun loyihasining 5- va 9-moddalarida mus­taqil mehnat qilish yoshiga yetmagan, o'n besh yoshdagi shaxslarning ham oldindan ruxsat olmay turib, ixtiyoriy ravishda kasaba uyushmalarini tuzish va ularning ustavlariga rioya etish sharti bilan kirishi belgilangan.
Fikrimcha yangi qonun loyi­hasining 6-moddasidagi kasaba uyushmalari faoliyatining asosiy prinsip­laridan hisoblangan «kamsitishga yo'l qo'ymaslik», degan jumla «kamsitishga va ta`qib etishga yo'l qo'ymaslik» deb to'ldirilsa, ayni muddao bo'lar edi.
Muhokama etilayotgan qonun ­loyihasining 10-moddasida kasaba uyushmalarining faoliyatiga aralashib, ularning huquqlarini cheklaydigan yoki ularni amalga oshirishda to'sqinlik qiladigan biron-bir hujjatni talab qilish taqiqlangan. Bu, o'z navbatida, kasaba uyushmalarining erkinligini yanada ishonchliroq ta`minlashga xizmat qiladi.

Ushbu loyihaning 16-moddasida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, ish beruvchilarning rahbarlari kasaba uyushmasini, ularning birlashmalarini tuzishga tashabbuskor bo'lishi, ular kasaba uyushmalarining a`zosi bo'lishi mumkin emasligi to'g'risidagi me`yor kiritilgan. Ularni kasaba uyushmalarining a`zolari bo'lishini man qilish emas, balki davlat hokimiyati va bashqaruvi organlari, ish beruvchilarning rahbarlari, shuning­dek, ularning vakillari kasaba uyushmalari organlarining (qo'mita, kengash, rayosat va hokazo) a`zolari bo'lishining taqiqlanishi maqsadga muvofiqdir. Chunki korxona rahbari hamda ish beruvchi vakillari hisob­langan boshqa mutasaddilar (rahbar o'rinbosarlari, bosh­qarma va bo'lim boshliqlari) ularni ushbu lavozimga tayinlagan (mehnat shartnomasini tuzgan) ish beruvchilari oldida xodim hisoblanadi. Shu o'rinda ta`kidlash joizki, amaliyotda korxona, tashkilot va muassasa rahbarlari lavozimida ishlagan xodimlarning mehnat huquqlari ham kasaba uyushmalari ko'magida himoya qilinmoqda va ular kasaba uyushmasiga a`zolik badallarini to'lab kelayotir.
Qonun loyihasining kasaba uyushmalarining mehnat va ijtimoiy rivojlanish sohasida qonunlar va boshqa me`yor-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish huquqini belgilovchi 30-moddasiga mehnat va aholini ijtimoiy himoya qilish sohasidagi me`yor-huquqiy hujjatlarni qabul qilishda, albatta, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi yoki tarmoq kasaba uyushmasi bilan kelishish shartligi to'g'risidagi me`yorni bosh­qaruv organlari tomonidan kiritishni taklif qilaman.
Ilgari amaliyotda byudjet tashkilotlarining smeta-shtat jadvallarini tuzishda qabul qilingan ayrim me`yoriy-huquqiy hujjatlar Mehnat kodeksi talablariga, ayniqsa, ish vaqti va mehnatga haq to'lash me`yorlariga mos kelmasligi sababli ayrim muammolar kelib chiqish holatlari uchrab turardi. Jumladan, qonun asosida mehnat munosabatlarini yuritgan ish beruvchilarning harakatlari mazkur me`yoriy-huquqiy hujjatlarni buzish va byudjet mablag'larini rastrata qilish sifatida baholanib, xodimlarning haqiqatda ishlagan vaqtiga va ishdan tashqari ishlagan davrlari uchun haq to'lanmay qolardi.
Ta`lim, sog'liqni saqlash sohalarida uzluksiz faoliyat ko'rsatadigan ish joylariga shtatlar soni o'quvchilar, bemorlar, o'rinlar soni bilan bog'liq tarzda belgilanadi. Xodimlar jadval bo'yicha, navbat bilan ishga jalb etiladi. Oqibatda xodimlar qonunda belgilangan vaqtdan bir yarim, ikki hissa ko'p ishlatilsa-da, amalda bir hissa maosh to'lanadi. Qonunda belgilangan me`yoriy yumush vaqti uchun bunday ish joylariga 4,2 va 4,6 shtat birliklari zarur bo'ladi. Barcha me`yoriy-huquqiy hujjatlar kasaba uyushmalari bilan kelishilgan holda qabul qilinsa, qonun ustuvorligi ta`minlanardi.
Qonun loyihasining 56-moddasida kasaba uyushmasi rahbari hisoblangan va ishlab chiqarishdagi faoliyatidan ozod etilmagan xodimlarga intizomiy jazo berish, ular bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish, shuning­dek, kasaba uyushmasi rahbarlik lavozimini egallagan xodimlar bilan vakolatlari tugaganidan keyin ikki yil davomida tegish­li kasaba uyushmasi birlashmasining roziligini olmay turib ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishga yo'l qo'yilmasligi belgilangan. Ushbu me`yorda kasaba uyushmasining qaysi (tuman, shahar, tarmoq, viloyat, respublika) birlashmasidan rozilik olinishi aniq belgilansa, maqsadga muvofiq bo'lar edi.
Ushbu moddada kasaba uyushmalarining vakillik organlariga saylangan xodimlarga tegishli ish (lavozim) berish imkoniyati bo'lmagan taqdirda ular qonunlar yoki jamoa shartnomalari, kelishuvlarida nazarda tutilgan imtiyozlardan foydalanishi to'g'risida me`yor belgilangan. Ammo imtiyozlar nimalardan iboratligi aniqlashtirilmagan. Menimcha, mazkur moddada kasaba uyushmalarining vakillik organlariga saylangan xodimlarga avvalgi ishini (lavozimini) berish imkoniyati bo'lmasa, unga teng keladigan ­boshqa (lavozim) bilan ta`minlash majburiyatini belgilash, ya`ni shu va boshqa turdosh korxona yoki bandlikka ko'maklashish markazi orqali ishga joylashtirish choralari ko'rilishi va ish bilan ta`minlangunga qadar xodimning oldingi lavozimi bo'yicha o'rtacha oylik ish haqi saqlab qolinishini belgilash lozim.
Amaliyotda asosiy ishdan ozod qilingan yoki chetlatilmagan bo'lsa-da, kasaba uyushmasi tarkibiga saylangan, rahbarlik lavozimini egallagan xodimlar tomonidan ish beruvchi manfaatlarini ko'zlagan holda o'z majburiyatini bajarmaslik yoki ishchi-xodimlar manfaatlariga zid harakatlar sodir qilish holatlari uchrab turadi. Bunday holatlar xodimlarning murojaatlarini o'rganishda mehnat nizolarini sudlarda ko'rishda yuzaga chiqadi. Kasaba uyushma majlislarini o'tkazmasdan ish beruvchi manfaatlariga xizmat qiluvchi hujjatlarni (bayonnoma, qaror) rasmiylashtirib berish, xodimning mehnat shartnomasi bekor qilinishi asossiz yoki noqonuniy ekanini bila turib, uni ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilishga rozilik berish, ish beruvchi nomidan xodimga nisbatan ayblov hujjatlarini rasmiylashtirish kabi harakatlar shular jumlasidan bo'lib, bunday kasaba uyushmasi faollariga nisbatan ta`sirli chora ko'rish mexanizmi yo'q. Qonun loyihasining 64-moddasida kasaba uyushmalari to'g'risidagi qonunchilikni buzishda aybdor bo'lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo'lishi ko'rsatilgan. Lekin o'sha tartib qaerda va qaysi qonunda belgilangani ko'rsatilmagan.
Bundan tashqari, amaliyotda, ish beruvchilar tomonidan kasaba uyushmalarining so'rov xatlari va taqdimnomalarini ko'rib chiqmaslik va zarur hujjatlar bilan axborotlarni taqdim qilishdan bosh tortish holatlari uchrab turadi. Bunday hollarda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Davlat mehnat huquqi inspeksiyasiga ish beruvchilarga ma`muriy chora ko'rish haqidagi qilingan murojaatlar javobsiz qoldirilmoqda. Bunga Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksda kasaba uyushmalari faoliyati bilan bog'liq qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilmagani sabab qilib ko'rsatilmoqda. Shunga ko'ra, mazkur qonun loyihasida kasaba uyushmalari to'g'risidagi qonun hujjatlarini, mehnat to'g'risidagi qonun hujjatlari hisoblanishini e`tirof etish yoki Ma`muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksga kasaba uyushmalari faoliyati bilan bog'liq qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik kiritilishi o'rinli bo'lar edi.
Qonun loyihasida kasaba uyushmasi a`zosining huquq va majburiyatlarini ham aniq belgilash zarurati bor. Chunki kasaba uyushmalari Ustavida belgilanishicha, a`zo kasaba uyushmasi yordamidan foydalanish, uning himoyasida bo'lish huquqlariga ega. Olti oy a`zolik badalini to'lamagan xodim a`zolikdan chiqarilgan hisoblanadi. Lekin kasaba uyushmalariga a`zoligidan qat`i nazar, ayrim ishchi-xodimlarning manfaatlari himoya qilinmoqda. A`zolik badalini to'lashdan bosh tortib to'xtatganiga qaramay korxona kasaba uyushmasi himoyasi va yordamidan foydalanayotganlar bor. Har qanday sub`ekt moliyaviy ta`minotsiz harakat qila olmaydi. Kasaba uyushmalarining moliyaviy ta`minot manbai esa a`zolik badallaridir.
Shu o'rinda alohida ta`kidlab o'tish joizki, ayrim davlat moliya­-nazorati organlari byudjet korxonalarida o'tkazilayotgan tekshiruvlarda xodimlarning a`zolik badallarini korxona buxgalteriyasi orqali ushlab qolishda har oy to'lagan a`zolik badali uchun yozma arizasini talab qilib, Mehnat kodeksining 164-moddasidagi «faqat xodimning yozma roziligi bilan ish haqidan ushlab qolinishi mumkin», degan me`yorga tayangan holda ish beruvchi va buxgalteriya xodimlariga muammolar tug'dirmoqda. Ba`zi korxonalarda esa a`zolik badalini buxgalteriya orqali ushlab qolish va o'tkazib berishdan bosh tortish holatlari ham uchrayotir. Shu bois kasaba uyushmasiga a`zolik ixtiyoriy, lekin badalini to'lash majburiyligi qonun bilan belgilab qo'yilsa, bu kabi muammolarga chek qo'yilgan bo'lar edi.

Po'lat TURSINOV,
Qoraqalpog'iston Respublikasi kasaba uyushma tashkilotlari bilashmasi yuridik bo'limi mudiri

Boshqa xabarlar