Minnatdorligimizning cheki yo'q

25

Shu yilning iyulida nabiram Zarinaxon Buxoro tumanidagi ­«Bunyodkor» bolalar oromgohida dam olib qaytdi. Taassurotlari bir olam.

Shodligi ichiga sig'may, u yerda nimalar qilgani, nimalarni o'rgangani, oromgohda orttirgan o'rtoqlari bilan qanday o'yinlar o'ynagani haqida biyron-biyron so'zlab berdi. Buxoro shahridagi 42-maktabda o'qiydigan, sentyabrdan 2-sinfga boradigan jajjigina nabiramning gaplarini eshitib, qaramog'ida shu qizalog'-u nogiron o'g'li bo'lgan, ellik beshni qoralagan mendek kishining ham qalbi faxr-iftixorga to'ladi.
Hammasini bir boshdan aytib bersam. Uchalamiz «Navoiy» mahallasida yashaymiz. O'zim qorovulman. Ehtiyoj­mand oila bo'lganimiz uchun mahalla-ko'y, tevarak-atrofdagi turli saxovatpesha tashkilotlar bizga tez-tez ko'mak berib turishibdi. Shu bois, bir kuni xayolimga «Mana, nabiraginam yozgi ta`tilga chiqdi. Uni bironta oromgohga yuborsammikin… Qani, kasaba uyushmasidan yordam so'ray-chi…» degan fikr keldi. Shunday o'y bilan viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasiga bordim. Niyatimni aytuvdim, bu masalani tezda hal qilib berishdi. Mutasaddilar «Emil parranda klaster» ­MChJga qarashli oromgohga bepul yo'llanma olishga ko'maklashishdi.
Nabiram u yerda o'n ikki kun bo'ldi. Sog'inganimdan ko'rgani ikki-uch marta borib keldim. Oromgohdagi ­sharoitlar ham ayni bolalarbop ekan. Yangi, ko'rkam suv havzasi, sport maydonchalari, mo'`jazgina hayvonot bog'i, kutubxona, maskanni o'ragan quyuq daraxt­zorni aytmaysizmi! Kunora oqshom chog'i bu yerda musiqiy dastur bo'lib, bolajonlar o'yin-kulgi qilishar ekan. Zarinaning aytishicha, qo'g'irchoq teatri uch-to'rt marta tomosha qo'yibdi. Yetakchi opalari ularga ertaklar o'qib berishibdi, rasmlar chizdirishibdi, she`rlar, turli ­o'yinlar o'rgatishibdi.
O'zim oromgohning ikkinchi mavsumi ochilish va yopilish marosimlarida qatnashdim. Bu tadbirlarda Zarina turli yoshdagi o'rtoqlari bilan gulxan atrofida aylanib, birgalikda qo'shiq kuyladi. Bola emasmi, oromgohdan qaytganidan keyin gohida yana o'sha yoqqa yuboring, deb hol-jonimga qo'ymaydi.
Bularni aytishimdan maqsad, avvalo, shukrona qeltirish. Shunday yurtda yashayotganimiz uchun, diyorimizda hech kim e`tibordan, g'amxo'rlikdan chetda emasligi uchun. Shunday ekan, biz kabi kam ta`minlagan oilalarning farzand­lariga to'la-to'kis sharoitlar muhayyo ekanidan har qancha minnatdor bo'lsak, arziydi.

Aziz SAIDOV

Boshqa xabarlar