Namunaviy dastur asosida

22

Mamlakatimizda yoshlar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasi doirasida ish samaradorligini oshirib borish maqsadida tarbiyasi og'ir, jinoyatchilikka moyilligi bor, ichki ishlar organlarida profilaktik hisobda turgan, afv etilgan, Yoshlar ittifoqining kafilligi asosida sud zalidan qamoq bilan bog'liq bo'lmagan jazo turlarini tayinlash orqali ozod etilgan yoshlarni jamiyatga moslashtirishni ta`minlash borasida tegishli chora va tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog'iston Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda, ichki ishlar idoralarida hisobda turuvchi voyaga yetmaganlar uchun tarbiya va sport-sog'lomlashtirish oromgohi tashkil etildi. Ayni payt­­da Nukus shahrining so'lim go'shalaridan birida joylashgan «Jas ao' lad» bolalar dam olish markazida 50 nafar bola ham tarbiya olib, ham sog'lomlashtirilmoqda.
Ushbu maqsadda oxirgi navbatda hordiq chiqarayotgan bolalar uchun hamkor tashkilotlar bilan namunaviy kun tartibi ishlab chiqildi. Unda huquqiy savodxonlik, vatanparvarlik, kitobxonlik, yoshlarni san`at turlariga qiziqtirish, sog'lom ruhiyat, kompyuter savodxonligi va internetdan foydalanish madaniyati hamda bolalarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etish kabi tadbirlar ro'yxatga kiritildi. Barcha sharoitlar muhayyo etilgan markazda kutubxona, cho'milish havzasi, sport maydonchasi dam oluvchilar ixtiyorida.
– Bolalarni sog'lomlashtirish bilan bog'liq barcha ishlar mas`uliyati zimmamizda, – deydi tajribali shifokor El`mira Qaypnazarova. – Sa`y-harakatlarimiz tufayli mavsum davomida oromgohimizda bolalar sog'ligi bilan bog'liq muammo yuzaga chiqqani yo'q.
Oxirgi navbatda dam olayotgan bolajonlarni sog'lomlashtirish va taassurotlarga boy lahzalar bilan ko'ngillarini xushnud etish maqsadida yetakchilar, sport murabbiylari, to'garak rahbarlari ­dasturda belgilangan tadbirlarni vaqtida o'tkazmoqdalar. Qiziqarli uchrashuvlar, suhbatlar, psixologik testlar, amaliy mashg'ulotlar, interaktiv darslar, shuningdek, «Qilni qirq yorib», «Zakovat» kabi intellektual o'yinlar tashkil etilayotir. Tarbiyalanuvchilarimizning madaniy-ma`rifiy dasturlarimizdan olayotgan taassurotlari bir olam. Ayniqsa, zamonaviy raqs turlari bo'yicha o'tkaziladigan mahorat dars­lari barchaga manzur bo'lmoqda.

Musa AL`JANOV,
O'zbekiston Yoshlar ittifoqi Qoraqalpog'iston kengashi
bo'lim boshlig'i

Boshqa xabarlar