Quvonchga yo'g'rilgan onlar

40

Xorazm viloyatida 2018 yil yozgi mavsumda jami 33 ta bolalar oromgohida 11500 nafarga yaqin bolalar dam oldirilgan bo'lsa, joriy yilda 36 ta oromgohda 15 000 nafarga yaqin o'g'il-qizning maroqli hordiq chiqarishiga erishildi. Muassasalarning barchasi stasionar sharoitda faoliyat olib borishi ta`minlandi.

Viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi oromgohlardagi sharoitlar, o'tkazilayotgan tadbirlar mazmun-mohiyati, sanitariya va gigiena qoidalariga rioya qilinishi, bolalarning to'g'ri ovqatlanishini tashkil qilish, tibbiyot, ichki ishlar, yong'in xavfsizligi xodimlarining doimiy ­navbatchiligi to'g'risidagi ma`lumotlarni muntazam monitoring qilib bordi. Bolalarning ta`tilni maroqli o'tkazishlariga erishish, ularning ­dunyoqarashlarini shakllantirish, iqtidorlarini ro'yobga chiqarish, sog'lom voyaga yetishlariga ko'maklashish hamda Prezidentimiz ilgari surgan beshta tashabbus ushbu maqsadlarimizni amalga oshirishda muhim dasturilamal bo'lib xizmat qildi.
Har bir oromgohda bolalar uchun tikuvchilik, to'quvchilik, duradgorlik, amaliy san`at, sport, raqs, musiqa, chet tillari va boshqa to'garaklar faoliyati yo'lga qo'yildi. Belgilangan reja asosida madaniy tadbirlar, sport musobaqalari, turli tanlovlar, ijodkorlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, diniy-ma`rifiy mavzularda suhbatlar tashkil qilindi.
Oromgohlarda kun ertalabki badantarbiya mashqlaridan boshlandi. Qolaversa, shaxmat-shashka, futbol, voleybol, basketbol, yugurish kabi sportning o'nlab turlari bo'yicha tashkil qilingan musobaqalar bolalarning jismoniy faolligini oshirishda muhim ahamiyatga ega bo'ldi.
Ichan qal`a, Jaloliddin Manguberdi, «Avesto» bog'-majmualari, shuningdek, tumanlardagi madaniyat va istirohat bog'lariga tashkil qilingan sayohatlar ham bolalarda olam-olam taassurot qoldirdi.
Dam oluvchilarning to'g'ri ovqatlanishiga alohida e`tibor qaratildi. Har bir mavsumda bolalar vitaminlarga boy taomlar bilan siylandi. Bir so'z bilan aytganda, oromgohdagi har bir kun fayzli, maroqli, taassurotlarga boy tarzda o'tdi.
Bundan tashqari, Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi «Sumcha» bolalar oromgohida 1250 nafar, Qashqadaryo viloyatidagi «Lochin» bolalar oromgohida 250 nafar bola bepul dam oldirilgani ham ota-onalarga, ham bolajonlarga quvonch bag'ishladi.

Alisher SALAEV,
Xorazm viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi madaniy-ma`rifiy va sport ishlari
bo'limi boshlig'i

Boshqa xabarlar