Ta`tildan yorqin xotiralar

182

Komila G'ofirjonova Andijon shahridagi 24-maktabning a`lochi o'quvchilaridan. Yaqinda «Energetik» bolalar sog'lomlashtirish oromgohida hordiq chiqarib qaytgan Komila yangi o'quv yiliga yuqori kayfiyat, shasht-u shijoat bilan taraddud ko'ryapti. Uning aytishicha, bu yilgi ta`til har qachongidan maroqli o'tdi, maktabda yanada yaxshi o'qishi uchun kuch berdi.

Viloyatdagi 14 ta bolalar oromgohida to'rtinchi ­navbatda 2 mingdan ziyod o'g'il-qizlar zavq-shavqqa to'lgan holda hordiq chiqardilar. O'quvchilarda kundalik reja-tadbir bolalik xotiralari bilan uyg'unlashib, bir umr yoddan chiqmaydigan taassurotlar qoldi.
Osiyo sirklari assosiasiyasi Andijonda gastrol safarida yurgan kunlari viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi faollari vaziyatdan unumli foydalandi. Sirk artistlari oromgohlarda hordiq chiqarayotgan bolalar huzuriga taklif etildi. Ularning rang-barang, hayratomuz tomoshalari kimga yoqmaydi deysiz?
Muhammad Yusuf nomidagi adabiyot maktabi o'quvchilarining dam oluvchilar davrasidagi adabiy chiqishlari navqiron avlod vakillarini she`riyatga yaxshi kitob­larga oshno etgan bo'lsa, Andijon shahrining Bog'ishamol dahasida ochilgan Hayvonot bog'iga uyushtirilgan sayohatlar unutilmas kechinmalarga boy bo'ldi.
– «Beshariq» oromgohida bosh yetakchi sifatida ishlab nafaqat ­tajriba orttirdim, balki o'zim ham ancha yoshargandek bo'ldim, – dey­di Shahrixon tumanidagi 51-maktab o'qituvchisi Po'latjon Boynazarov. – Mavsumda o'quvchilarning ko'nglini olishga, vaqtini foydali mashg'ulotlar bilan band qilishga harakat qildik. Viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tomonidan tashkil etilgan noan`anaviy tadbirlar esa bolalar tomonidan iliq kutib olindi.

Nurillo NO'`MONOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar